SHK · 22-modda

22-modda. Tumanlar (shaharlar) ijro etuvchi hokimiyat organlarining shaharsozlik faoliyati sohasidagi vakolatlari

Tumanlar (shaharlar) ijro etuvchi hokimiyat organlari:

shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi, shuningdek shaharsozlik faoliyati obyektlarining but saqlanishini taʼminlaydi;

shaharlar hududlarining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish koʻrsatkichlari va istiqboldagi urbanizatsiya jarayonlari asosida aholini oqilona joylashtirish, muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish masalalarini hal qiladi;

mahalliy ahamiyatga molik obyektlarni qurishga doir shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish boʻyicha buyurtmachi vazifalarini bajaradi va bu obyektlarning moliyalashtirilishini taʼminlaydi;

oʻz hududidagi shaharsozlik faoliyatini, agar bu faoliyat shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablariga mos kelmasa, cheklaydi, toʻxtatib turadi yoki taqiqlaydi. Tadbirkorlik subyektlarining shaharsozlik faoliyatini cheklash, toʻxtatib turish va taqiqlash sud tartibida amalga oshiriladi, bundan favqulodda vaziyatlar, epidemiyalar hamda aholining hayoti va sogʻligʻi uchun boshqa real tahdid yuzaga kelishining oldini olish bilan bogʻliq holda faoliyatni oʻn ish kunidan koʻp boʻlmagan muddatga cheklash, toʻxtatib turish hollari mustasno;

oʻzboshimchalik bilan qurilgan imoratlarni buzib tashlash toʻgʻrisida sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qiladi;

tumanlarni (tumanlar guruhlarini) rejalashtirish loyihalarini, aholi punktlarining bosh rejalarini, batafsil rejalashtirish loyihalarini, qurish loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etadi hamda ularning amalga oshirilishini tashkil etadi;

aholi punktlarini qurish qoidalari loyihalarini tasdiqlash uchun tegishli hokimiyat vakillik organlariga kiritadi;

reklama va axborot obyektlari (konstruksiyalari) masalalariga doir shaharsozlik faoliyatini nazorat qiladi hamda rejalashtiradi, shu jumladan reklama va axborot obyektlari (konstruksiyalari) qurilishi uchun ajratiladigan yer uchastkalari roʻyxatini shakllantiradi, ularni pasportlashtirishni amalga oshiradi;

shaharsozlik faoliyati obyektlarining texnik holati inventarizatsiyadan oʻtkazilishini tashkil etadi;

shaharsozlik faoliyati sohasida qabul qilinayotgan qarorlar toʻgʻrisida ommaviy axborot vositalari va Internet tarmogʻidagi oʻzining rasmiy veb-saytlari orqali aholini muntazam ravishda xabardor qiladi.

Ushbu modda birinchi qismining sakkizinchi xatboshisi qoidalari shaharlar tarkibiga kiruvchi tumanlarning vakillik hokimiyati organlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Tumanlar (shaharlar) vakillik hokimiyati organlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.