SK · 171-modda

171-modda. Soliq monitoringini oʻtkazish toʻgʻrisidagi qaror

Soliq monitoringini oʻtkazish toʻgʻrisidagi ariza soliq monitoringi oʻtkaziladigan davrdan oldingi yilning 1-iyulidan kechiktirmay hisobga olish joyidagi soliq organiga yuridik shaxs tomonidan taqdim etiladi.

Soliq monitoringini oʻtkazish toʻgʻrisidagi arizaning shaklini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi tasdiqlaydi.

Soliq monitoringini oʻtkazish toʻgʻrisidagi ariza bilan birga quyidagilar taqdim etiladi:

1) belgilangan shakl boʻyicha axborotga doir hamkorlik reglamenti;

2) soliq monitoringini oʻtkazish toʻgʻrisida ariza taqdim etgan yuridik shaxsda bevosita va (yoki) bilvosita ishtirok etadigan hamda bunday ishtirok ulushi 25 foizni tashkil etadigan jismoniy va yuridik shaxslar toʻgʻrisidagi axborot;

3) soliq solish maqsadi uchun amaldagi hisob siyosati.

Soliq monitoringini oʻtkazish toʻgʻrisida ariza taqdim etgan yuridik shaxs soliq organi tomonidan soliq monitoringini oʻtkazish yoki uni oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilinguniga qadar chaqirib olish haqidagi yozma ariza asosida uni chaqirib olishi mumkin.

Soliq monitoringini oʻtkazish toʻgʻrisidagi ariza chaqirib olingan taqdirda berilgan deb hisoblanmaydi.

Soliq monitoringini oʻtkazish toʻgʻrisidagi arizani va ushbu moddaning uchinchi qismiga muvofiq yuridik shaxs tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni (axborotni) koʻrib chiqish natijalari boʻyicha soliq organining rahbari (rahbar oʻrinbosari) ariza berilgan yilning 1-noyabriga qadar quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:

1) soliq monitoringini oʻtkazish toʻgʻrisidagi qarorni;

2) soliq monitoringini oʻtkazishni rad etish haqidagi qarorni.

Soliq monitoringini oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror asoslantirilgan boʻlishi kerak.

Soliq monitoringini oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilish uchun quyidagilar asosdir:

1) ushbu moddaning uchinchi qismiga muvofiq hujjatlarni (axborotni) taqdim etmaslik yoki toʻliq hajmda taqdim etmaslik;

2) ushbu Kodeksning 169-moddasi beshinchi qismida nazarda tutilgan shartlarga rioya etmaslik;

3) axborotga doir hamkorlik reglamentining belgilangan shakl va talablarga nomuvofiqligi.

Soliq monitoringini oʻtkazish toʻgʻrisidagi qaror (soliq monitoringini oʻtkazishni rad etish haqidagi qaror) qabul qilingan kundan eʼtiboran besh kun ichida arizachiga yuboriladi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.