Soliq monitoringi soliq organining vakolatli mansabdor shaxslari tomonidan oʻz xizmat majburiyatlariga muvofiq soliq organi joylashgan yer boʻyicha oʻtkaziladi.
Agar soliq monitoringini oʻtkazish chogʻida taqdim etilgan hujjatlardagi maʼlumotlar oʻrtasida ziddiyatlar yoki yuridik shaxs tomonidan taqdim etilgan hamda soliq organida mavjud boʻlgan maʼlumotlar oʻrtasida nomuvofiqliklar aniqlansa, soliq organi bu haqda zarur tushuntirishlar berish yoki tegishli tuzatishlar kiritish talabi bilan yuridik shaxsga xabar qiladi. Bunday tushuntirishlar yuridik shaxs tomonidan talabnoma olingan kundan eʼtiboran besh kun ichida taqdim etiladi, tuzatishlar esa oʻn kun davomida kiritiladi.
Agar taqdim etilgan tushuntirishlar koʻrib chiqilganidan keyin yoki ular mavjud boʻlmagan taqdirda soliq organi soliqlar yoki yigʻimlar notoʻgʻri hisoblab chiqarilganligi (ushlab qolinganligi), toʻliq yoki oʻz vaqtida toʻlanmaganligi (oʻtkazilmaganligi) toʻgʻrisida dalolat beruvchi faktni aniqlasa, soliq organi ushbu Kodeksning 174-moddasida nazarda tutilgan tartibda asoslantirilgan fikrini tuzishi shart.
Soliq monitoringi oʻtkazilayotganda soliq organi soliqlar va yigʻimlar toʻgʻri hisoblab chiqarilganligi (ushlab qolinganligi), toʻliq va oʻz vaqtida toʻlanganligi (oʻtkazilganligi) bilan bogʻliq boʻlgan zarur hujjatlarni (axborotni), tushuntirishlarni yuridik shaxsdan talab qilib olishga haqlidir.
Talab qilinadigan hujjatlar (axborot) va tushuntirishlar soliq organiga shaxsan yoki vakil orqali taqdim etilishi, pochta orqali buyurtma xat bilan yuborilishi, telekommunikatsiya aloqa kanallari orqali, soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali elektron shaklda topshirilishi yoki axborotga doir hamkorlik reglamentida nazarda tutilgan tartibda berilishi mumkin.
Hujjatlarni qogʻoz shaklida taqdim etish yuridik shaxs tomonidan tasdiqlangan koʻchirma nusxalar shaklida amalga oshiriladi. Agar qonunchilikda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, soliq organiga (mansabdor shaxsga) taqdim etiladigan hujjatlarning koʻchirma nusxalarini notarial tarzda tasdiqlashni talab qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Soliq organining talabiga koʻra telekommunikatsiya aloqa kanallari orqali elektron shaklda hujjatlar taqdim etish toʻgʻrisidagi talabnomani yuborish va hujjatlarni taqdim etish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Soliq monitoringini oʻtkazishda ushbu moddaning toʻrtinchi qismiga muvofiq talab qilingan hujjatlar (axborot) va tushuntirishlar yuridik shaxs tomonidan tegishli talabnoma olingan kundan eʼtiboran besh kun ichida taqdim etiladi.
Agar talabnomani belgilangan muddatda ijro etish imkoni boʻlmasa, yuridik shaxs talabnoma olingan kundan keyingi kun davomida soliq organining soliq monitoringini oʻtkazuvchi mansabdor shaxslarini uni ijro etish imkoni yoʻqligi toʻgʻrisida sabablarini hamda u talab etilayotgan hujjatlarni (axborotni) va tushuntirishlarni qaysi muddatlar ichida taqdim etishi mumkin boʻlsa, oʻsha muddatlarni koʻrsatgan holda yozma ravishda xabardor qiladi. Soliq organining rahbari (rahbar oʻrinbosari) mazkur bildirishnoma asosida u olingan kundan eʼtiboran ikki kun ichida hujjatlarni (axborotni) va tushuntirishlarni taqdim etish muddatlarini uzaytirishga yoki muddatlarni uzaytirishni rad etishga haqli boʻlib, bu haqda alohida qaror chiqariladi.
Soliq monitoringini oʻtkazish davomida soliq organi yuridik shaxs tomonidan ilgari soliq organiga tasdiqlangan koʻchirma nusxalar koʻrinishida taqdim etilgan hujjatlarni talab qilishga haqli emas.