SK · 414-modda

414-modda. Soliq imtiyozlari

Soliq hisoblab chiqarilayotganda soliq bazasi quyidagilarning oʻrtacha yillik qoldiq qiymatiga (oʻrtacha yillik qiymatiga) kamaytiriladi:

1) madaniyat va sanʼat, taʼlim, sogʻliqni saqlash (bundan turistik zonalarda joylashgan sanatoriy-kurort obyektlari mustasno), jismoniy tarbiya va sport, ijtimoiy taʼminot obyektlarining;

2) qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish va saqlash uchun, shuningdek ipak qurti yetishtirish uchun foydalaniladigan qishloq xoʻjaligi korxonalari balansida boʻlgan mol-mulkning;

3) yangi neft va gaz quduqlarining — ular foydalanishga topshirilgan oydan boshlab ikki yil muddatga;

4) roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan tasdiqlanadigan yuqori texnologiyali ishlab chiqarishga asoslangan mahsulotlarni ishlab chiqarishni joriy etgan soliq toʻlovchilar obyektlarining yuqori texnologiyali ishlab chiqarish uskunalari egallagan qismi boʻyicha — ushbu uskunalar foydalanishga qabul qilingan sanadan eʼtiboran uch yil muddatga.

Ushbu modda birinchi qismining 3-bandida nazarda tutilgan yangi neft va gaz quduqlariga nisbatan soliq imtiyozlarining amal qilish muddati tugagandan keyin uch yil davomida belgilangan soliq stavkasining 50 foizga kamaytirilgan soliq stavkasi qoʻllaniladi.

Quyidagilar soliqdan ozod qilinadi:

1) yagona ishtirokchilari nogironligi boʻlgan shaxslarning jamoat birlashmalari boʻlgan va xodimlarining umumiy sonida nogironligi boʻlgan shaxslar kamida 50 foizni tashkil etadigan hamda nogironligi boʻlgan shaxslarning mehnatiga haq toʻlash fondi mehnatga haq toʻlash umumiy fondining kamida 50 foizini tashkil etadigan yuridik shaxslar;

2) umumiy quvvati quyidagicha boʻlgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari:

100 kVtgacha boʻlgan — qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari foydalanishga topshirilgan oydan eʼtiboran uch yil muddatga, quyosh panellarining quvvatiga nisbatan 25 foizdan kam boʻlmagan quvvatga ega elektr energiyasini toʻplash tizimi bilan quyosh panellari oʻrnatilganda esa — ushbu panellar foydalanishga topshirilgan oydan eʼtiboran oʻn yil muddatga;

100 kVt va undan ortiq boʻlgan — ular foydalanishga topshirilgan oydan eʼtiboran oʻn yil muddatga;

3) qishloq joylarda joylashgan (bundan shaharlar va tumanlarning markazlari mustasno) antenna-machta metall konstruksiyalari, shu jumladan ularga oʻrnatilgan hamda ularning ajralmas qismi boʻlgan konstruksiyalar;

Yangi qurilgan koʻp qavatli ishlab chiqarish binolari boʻyicha (bundan respublika shaharlarida, shuningdek Toshkent viloyatining Zangiota, Qibray va Toshkent tumanlarida joylashgan binolar mustasno) soliq toʻlovchilar hisoblangan soliq summasini uch qavatli binoga nisbatan — 0,9, toʻrt qavatli binoga — 0,8, besh qavatli binoga — 0,7, olti qavatli binoga — 0,6, yetti va undan yuqori qavatli binoga — 0,5 pasaytiruvchi koeffitsiyent qoʻllanilgan holda, ushbu binolar foydalanishga topshirilgan oydan eʼtiboran uch yildan koʻp boʻlmagan muddatda toʻlaydi. Bunda ushbu qismda belgilangan pasaytiruvchi koeffitsiyent:

mahsulot ishlab chiqarish boʻyicha faoliyatni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan yordamchi xonalarni, xususan, ofis uchun va oʻzi ishlab chiqargan mahsulotlarni realizatsiya qilish uchun xonalarni, tegishli kasbni egallash uchun tashkil etilgan oʻquv-ishlab chiqarish xonalarini hisobga olgan holda, agar ularning maydoni yangi qurilgan koʻp qavatli ishlab chiqarish binosi umumiy maydonining 20 foizidan oshmasa;

agar binodan bir nechta xoʻjalik yurituvchi subyekt ishlab chiqarish maqsadlarida birgalikda foydalanayotgan boʻlsa, binoning har bir mulkdori tomonidan qoʻllaniladi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.