Quyidagilarning mulkida boʻlgan mol-mulk soliq solishdan ozod etiladi:
1) “Oʻzbekiston Qahramoni”, Sovet Ittifoqi Qahramoni, Mehnat Qahramoni unvonlariga sazovor boʻlgan, uchala darajadagi Shuhrat ordeni bilan taqdirlangan fuqarolarning.
Mazkur imtiyoz tegishincha “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni berilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma, Sovet Ittifoqi Qahramoni, Mehnat Qahramoni daftarchalari, orden daftarchasi yoki mudofaa ishlari boʻyicha boʻlimning maʼlumotnomasi asosida beriladi;
2) urush nogironlari va qatnashchilari, shuningdek doirasi qonunchilik bilan belgilanadigan, ularga tenglashtirilgan shaxslar.
Ushbu imtiyoz urush nogironining (qatnashchisining) tegishli guvohnomasi yoki mudofaa ishlari boʻyicha boʻlimning yoxud boshqa vakolatli organning maʼlumotnomasi asosida, nogironligi boʻlgan boshqa shaxslarga (qatnashchilarga) nogironligi boʻlgan shaxsning (qatnashchining) imtiyozlarga boʻlgan huquqi toʻgʻrisidagi guvohnomasi asosida beriladi.
3) sobiq SSSRni, Oʻzbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumini himoya qilish yoxud harbiy xizmatning yoki ichki ishlar organlaridagi va Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasidagi xizmatning boshqa majburiyatlarini bajarish chogʻida yaralanganligi, kontuziya yoki mayib boʻlganligi oqibatida yoxud frontda boʻlish bilan bogʻliq kasallik tufayli halok boʻlgan harbiy xizmatchilarning hamda ichki ishlar organlari va Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi xodimlarining ota-onalari hamda beva xotinlari (beva erlari).
Ushbu imtiyoz “Halok boʻlgan askarning beva xotini (beva eri, onasi, otasi)” yoki “Ichki ishlar organlari halok boʻlgan xodimining beva xotini (beva eri, onasi, otasi)”, “Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi halok boʻlgan xodimining beva xotini (beva eri, onasi, otasi)” shtampi qoʻyilgan yoxud pensiya guvohnomasini bergan muassasa rahbarining imzosi va ushbu muassasa muhri bilan tasdiqlangan tegishli yozuvli pensiya guvohnomasi asosida beriladi.
Agar mazkur shaxslar pensioner boʻlmasa, soliq imtiyozi ularga sobiq SSSR Mudofaa vazirligi, Davlat xavfsizlik qoʻmitasi yoki Ichki ishlar vazirligining, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat xavfsizlik xizmati, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining tegishli organlari va harbiy xizmat nazarda tutilgan boshqa idoralar tomonidan berilgan harbiy xizmatchining yoki ichki ishlar organlari va Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi xodimining halok boʻlganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma asosida beriladi.
Tegishincha sobiq SSSRni, Oʻzbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumini himoya qilish yoki harbiy xizmatning yoxud ichki ishlar organlaridagi va Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasidagi xizmatning boshqa majburiyatlarini bajarish chogʻida yoxud frontda boʻlish bilan bogʻliq kasallik tufayli halok boʻlgan harbiy xizmatchilarning yoki ichki ishlar organlari va Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi xodimlarining beva xotinlariga (beva erlariga) soliq imtiyozi faqat ular yangi nikohdan oʻtmagan taqdirda beriladi.
5) yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar. Mazkur imtiyoz yetim bolalarga va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga davlat tomonidan ajratiladigan uy-joy uchun ular yigirma uch yoshga toʻlguniga qadar amal qiladi.
Quyidagi jismoniy shaxslarning mulkida boʻlgan mol-mulk oltmish kvadrat metr doirasida soliq solishdan ozod qilinadi:
1) oʻn nafar va undan ortiq bolalari bor ota-onalaridan birining. Mazkur imtiyoz fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organining bolalar borligini tasdiqlovchi maʼlumotnomasi asosida beriladi;
2) pensionerlarning. Mazkur imtiyoz pensiya guvohnomasi asosida beriladi;
3) I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslarning. Mazkur imtiyoz pensiya guvohnomasi yoki tibbiy-mehnat ekspert komissiyasining maʼlumotnomasi asosida beriladi;
Uy-joy fondining koʻchmas mulk obyektlarida umumiy quvvati 100 kVtgacha boʻlgan qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanuvchi shaxslar uchun soliq summasi qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari oʻrnatilgan oydan eʼtiboran uch yil davomida, quyosh panellari quvvatidan 25 foizdan kam boʻlmagan quvvatga ega elektr energiyasini toʻplash tizimi mavjud boʻlgan quyosh panellari oʻrnatilganda esa mazkur panellar foydalanishga topshirilgan oydan eʼtiboran oʻn yil davomida bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan oshmaydigan summaga kamaytiriladi. Ushbu imtiyoz energiya taʼminoti tashkiloti tomonidan jismoniy shaxsning qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishi toʻgʻrisida berilgan maʼlumotnomaga asosan uy-joy fondining bitta koʻchmas mulk obyektiga nisbatan faqat bir marotaba taqdim etiladi va jismoniy shaxs tomonidan umumiy quvvati 1 kVtdan ortiq boʻlgan qayta tiklanuvchi energiya qurilmalari oʻrnatilgan taqdirda qoʻllaniladi.
Ushbu moddada koʻrsatib oʻtilgan soliq imtiyozlariga ega boʻlgan shaxslar soliq imtiyozini olishga boʻlgan huquqini tasdiqlovchi hujjatlarni soliq solish obyekti joylashgan yerdagi soliq organlariga mustaqil ravishda taqdim etadi.
Ushbu moddada belgilangan soliq imtiyozlari mulkdorning tanloviga koʻra faqat bitta yashash uchun moʻljallangan koʻchmas mulk obyektiga tatbiq etiladi, bundan ushbu moddaning uchinchi qismida koʻrsatilgan shaxslar mustasno.