Aylanmadan olinadigan soliqni toʻlovchilar (bundan buyon ushbu boʻlimda soliq toʻlovchilar deb yuritiladi) deb quyidagilar eʼtirof etiladi:
1) soliq davrida jami daromadi bir milliard soʻmdan oshmagan Oʻzbekiston Respublikasi yuridik shaxslari (bundan buyon ushbu boʻlimda yuridik shaxslar deb yuritiladi);
2) soliq davrida tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromadi bir milliard soʻmdan oshmagan yakka tartibdagi tadbirkorlar va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar.
Aylanmadan olinadigan soliq quyidagilarga nisbatan tatbiq etilmaydi:
1) Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib kirishni (importni) amalga oshiruvchi yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarga va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarga;
2) aksiz soligʻi toʻlanadigan tovarlarni (xizmatlarni) ishlab chiqaruvchi va foydali qazilmalarni kavlab olishni amalga oshiruvchi yuridik shaxslarga;
3) yuridik shaxslar — qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilariga, basharti ularda yigirma besh gektar va undan ortiq sugʻoriladigan qishloq xoʻjaligi ekin maydoni mavjud boʻlsa;
4) benzin, dizel yoqilgʻisi va gazni realizatsiya qilishni amalga oshiruvchi yuridik shaxslarga;
5) lotoreyalarni tashkil etish boʻyicha faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik shaxslarga;
6) oddiy shirkat ishlarini yuritish oʻz zimmasiga yuklatilgan ishonchli shaxsga — oddiy shirkat shartnomasi doirasida amalga oshirilayotgan faoliyat boʻyicha, bundan islomiy moliya operatsiyalari boʻyicha banklar va mikromoliya tashkilotlari bilan tuzilgan oddiy shirkat shartnomasi doirasida amalga oshirilayotgan faoliyat mustasno;
7) boʻsh turgan binolar, yashash uchun moʻljallanmagan inshootlar va qurilishi tugallanmagan obyektlar, shuningdek foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlarining mulkdori boʻlgan yuridik shaxslarga, ulardan samarasiz foydalanilayotganligi boʻyicha qonunda belgilangan tartibda xulosa kiritilganda;
8) markazlashtirilgan moliyalashtirish manbalari hisobidan obyektlarni (joriy va kapital taʼmirlash bundan mustasno) qurishni bajaruvchi yuridik shaxslarga;
9) alkogol mahsulotlari, shu jumladan pivoni chakana sotish boʻyicha turgʻun savdo shoxobchalariga;
10) bozorlarga va savdo komplekslariga;
11) soliq maslahatchilarining tashkilotlariga;
12) auditorlik tashkilotlariga;
13) notijorat tashkilotlariga, shu jumladan budjet tashkilotlariga;
14) dori vositalari, tibbiy buyumlar savdosi bilan shugʻullanuvchi korxonalarga va (yoki) tibbiy xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlarga;
15) zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish va (yoki) ularni sotish faoliyati bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlariga.