Ushbu Kodeksning 461-moddasi birinchi qismi 1-bandida koʻrsatilgan soliq toʻlovchilar qoʻshilgan qiymat soligʻi va foyda soligʻini toʻlash oʻrniga aylanmadan olinadigan soliq (bundan buyon ushbu boʻlimda soliq deb yuritiladi) toʻlashni nazarda tutadigan maxsus soliq rejimini tanlashga haqli.
Ushbu Kodeksning 461-moddasi birinchi qismi 1-bandida koʻrsatilgan soliq toʻlovchilar aylanmadan olinadigan soliq toʻlashga navbatdagi soliq davridan boshlab oʻtishga haqli. Aylanmadan olinadigan soliqni toʻlashga oʻtish uchun soliq toʻlovchilar aylanmadan olinadigan soliqni toʻlashga oʻtishi toʻgʻrisida soliq hisobida turgan joyidagi soliq organini Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasi tomonidan belgilangan shaklda, biroq aylanmadan olinadigan soliqni toʻlashga oʻtilayotgan navbatdagi soliq davri boshlanishiga qadar oʻn kundan kechiktirmay xabardor qiladi.
Ushbu Kodeks 461-moddasi birinchi qismining 2-bandida koʻrsatilgan yakka tartibdagi tadbirkorlar va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar aylanmadan olinadigan soliqni toʻlash oʻrniga qoʻshilgan qiymat soligʻini va foyda soligʻini toʻlashga oʻtishga haqli.
Yangi tashkil etilgan yuridik shaxslar davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan eʼtiboran tadbirkorlik faoliyati subyektini davlat roʻyxatidan oʻtkazish chogʻida tanlangan soliq solish tartibini koʻrsatish orqali aylanmadan olinadigan soliqni toʻlash tartibini tanlash huquqiga ega.
Yuridik shaxslar aylanmadan olinadigan soliqni qoʻllashni ushbu Kodeksning 237-moddasiga muvofiq qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlovchi sifatida roʻyxatdan oʻtish uchun va bir vaqtning oʻzida aylanmadan olinadigan soliqni toʻlashni rad etishga doir ariza berilgan oydan keyingi oyning 1-sanasidan boshlab ixtiyoriy ravishda rad etishga haqli.
Qoʻshilgan qiymat soligʻini va foyda soligʻini toʻlashga ixtiyoriy ravishda oʻtgan soliq toʻlovchilar, basharti joriy soliq davri yakunlari boʻyicha tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olgan jami daromadlari bir milliard soʻmdan oshmagan boʻlsa, aylanmadan olinadigan soliqni toʻlashga kamida oʻn ikki oydan keyin qayta oʻtishga haqli.
Soliq davri davomida jami daromadi bir milliard soʻmdan oshgan soliq toʻlovchilar, shu jumladan yangi tashkil etilgan yuridik shaxslar va yangi roʻyxatdan oʻtgan yakka tartibdagi tadbirkorlar, oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar jami daromadi koʻrsatilgan miqdorga yetgan kundan eʼtiboran qoʻshilgan qiymat soligʻini va foyda soligʻini toʻlashga oʻtadi.
Agar yangi tashkil etilgan yuridik shaxsning jami daromad summasi, yangi roʻyxatdan oʻtgan yakka tartibdagi tadbirkorda yoki oʻzini oʻzi band qilgan shaxsda tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromad summasi bir milliard soʻm uch yuz oltmish beshga boʻlingan va soliq toʻlovchi roʻyxatdan oʻtgan sanadan to kalendar yil tugaguniga qadar boʻlgan kunlar soniga koʻpaytirilgandagi summadan oshsa, u holda bunday shaxslar roʻyxatdan oʻtilgan yildan keyingi yildan eʼtiboran qoʻshilgan qiymat soligʻini va foyda soligʻini toʻlashga oʻtadi.
Vositachilik, topshiriq shartnomasi va vositachilik xizmatlari koʻrsatishga oid boshqa shartnomalar boʻyicha vositachilik xizmatlari koʻrsatuvchi soliq toʻlovchilar, shu jumladan telekommunikatsiyalar operatorlari va (yoki) provayderlariga vositachilik xizmatlarini koʻrsatuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromadni realizatsiya qilish boʻyicha umumiy aylanmadan (bitim summalaridan) kelib chiqqan holda aniqlaydi.
Boʻsh turgan binolar, yashash uchun moʻljallanmagan inshootlar va qurilishi tugallanmagan obyektlar, shuningdek foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlarining mulkdori boʻlgan yuridik shaxslar, ularni samarasiz foydalanayotganligi boʻyicha xulosa chiqarilgan oydan keyingi oyning sanasidan eʼtiboran qoʻshilgan qiymat soligʻini va foyda soligʻini toʻlashga oʻtadi.
Qurilishi tugallanmagan obyektlar va foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlarining mulkdorlari boʻlgan yuridik shaxslar, investitsion loyihaning amalga oshirilmaganligi toʻgʻrisida xulosa berishga vakolati boʻlgan vakolatli organning xulosasi chiqarilgan sanadan eʼtiboran qoʻshilgan qiymat soligʻini va foyda soligʻini toʻlashga oʻtadi.
Moliyalashtirishning markazlashtirilgan manbalari hisobidan obyektlar qurilishini (bundan joriy va kapital taʼmirlash mustasno) bajaruvchi yuridik shaxslar bunday qurilishga doir shartnoma tuzilgan sanadan eʼtiboran qoʻshilgan qiymat soligʻi va foyda soligʻini toʻlashga oʻtadi.
Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib kirishni (importni) amalga oshiruvchi yuridik shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar qaysi sana oldinroq kelishiga qarab import shartnomasi tuzilgan yoki tovarlar olib kirilgan (import qilingan) sanadan boshlab qoʻshilgan qiymat soligʻini hamda foyda soligʻini toʻlashga oʻtadi.
Ushbu Kodeks 461-moddasi ikkinchi qismining 2, 4, 5, 9 va 11-bandlarida nazarda tutilgan shaxslar tegishli ruxsatnomalarni (litsenziyalarni) olgan yoki oʻz faoliyatini boshlaganligi toʻgʻrisida vakolatli organni xabardor qilgan sanadan boshlab qoʻshilgan qiymat soligʻini hamda foyda soligʻini toʻlashga oʻtadi.
Qishloq xoʻjaligi tovarlarini ishlab chiqaruvchi yuridik shaxslarda yigirma besh gektar va undan ortiq sugʻoriladigan qishloq xoʻjaligi ekinlari mavjud boʻlgan taqdirda, ular koʻrsatilgan yer uchastkasiga boʻlgan huquqni yoki ushbu yer uchastkasining maydoni oʻzgarganligini tasdiqlovchi hujjatlar rasmiylashtirilgan sanadan boshlab qoʻshilgan qiymat soligʻini va foyda soligʻini toʻlashga oʻtadi.
Oddiy shirkat ishlarini yuritish oʻz zimmasiga yuklatilgan ishonchli shaxs boʻlgan oddiy shirkat ishtirokchisi oddiy shirkat shartnomasi doirasida amalga oshirilayotgan faoliyat boʻyicha oddiy sheriklik shartnomasi tuzilgan sanadan boshlab qoʻshilgan qiymat soligʻini va foyda soligʻini toʻlashga oʻtadi.
Bozorlar va savdo komplekslari, notijorat tashkilotlari davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan sanadan eʼtiboran, budjet tashkilotlari esa tashkil topgan sanadan eʼtiboran qoʻshilgan qiymat soligʻini va foyda soligʻini toʻlashga oʻtadi.
Auditorlik tashkilotlari auditorlik xizmatlari koʻrsatish uchun shartnoma tuzilgan sanadan boshlab qoʻshilgan qiymat soligʻini hamda foyda soligʻini toʻlashga oʻtadi.
Soliqni toʻlash soliq toʻlovchini quyidagilardan ozod etmaydi:
ushbu Kodeks bilan uning zimmasiga yuklatilgan soliq agentining majburiyatlarini bajarishdan;
agar ushbu Kodeksda boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa, hisobvaraq-faktura taqdim etish, xaridlarni hisobga olish kitobini va sotishlarni hisobga olish kitobini yuritish majburiyatidan.
Oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar soliq davrida tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan jami daromadi bir milliard soʻmdan oshgan yoki qoʻshilgan qiymat soligʻini va foyda soligʻini toʻlashga ixtiyoriy tartibda oʻtganidan eʼtiboran soliqlarni (bundan ijtimoiy soliq mustasno) ushbu Kodeksga muvofiq yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun belgilangan tartibda toʻlaydi.