UJK · 71-modda

71-modda. Fuqarolarga boshqa obod turar joy bergan holda koʻchirish

Fuqarolarga boshqa obod turar joy bergan holda ular munitsipal, idoraviy uy-joy fondi va aniq maqsadli kommunal uy-joy fondining uylaridagi turar joylardan quyidagi hollarda koʻchiriladi:

agar turar joy joylashgan uy buzilishi kerak boʻlsa;

turar joy belgilangan tartibda avariya holatida yoki yashash uchun yaroqsiz deb topilgan boʻlsa;

turar joy yashash uchun moʻljallanmagan joyga oʻtkazilayotgan boʻlsa.

Turar joylar joylashgan munitsipal, idoraviy uy-joy fondi va aniq maqsadli kommunal uy-joy fondining uyi davlat yoki jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkasi ajratilishi munosabati bilan buzilishi kerak boʻlsa yoxud turar joy yashash uchun moʻljallanmagan joyga oʻtkazilishi lozim boʻlsa, ushbu turar joydan koʻchirilayotgan fuqarolarga boshqa obod turar joy beriladi va bu turar joy yer uchastkasi ajratilayotgan yoki yashash uchun moʻljallanmagan joyga oʻtkazilishi lozim boʻlgan turar joy berilayotgan korxona, muassasa, tashkilotlar tomonidan beriladi.

Agar turar joy avariya holatida yoki yashash uchun yaroqsiz deb topilgan boʻlsa, ushbu turar joydan koʻchirilayotgan fuqarolarga mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organi qonunchilikda belgilangan tartibda boshqa obod turar joy beradi.

Koʻchirilishi munosabati bilan fuqarolarga berilayotgan boshqa obod turar joy ushbu Kodeksning 9-moddasida belgilangan turar joylarga nisbatan qoʻyiladigan talablarga javob berishi, shu aholi punkti chegarasi doirasida boʻlishi va maydoni ilgari egallab turilgan maydondan kichik boʻlmasligi kerak.

Agar ijaraga oluvchi alohida kvartirani yoki bittadan ortiq xonani egallab turgan boʻlsa, unga tegishligicha alohida kvartira yoxud xuddi shuncha xonali turar joy berilishi lozim.

Agar ijaraga oluvchi ortiqcha uy-joy maydoniga ega boʻlgan boʻlsa, turar joy bir kishi hisobiga uy-joy maydonining belgilangan ijtimoiy normasidan kam boʻlmagan hajmda, qoʻshimcha uy-joy maydoni olish huquqiga ega boʻlgan va amalda undan foydalanib kelgan ijaraga oluvchiga yoki uning oila aʼzolariga – qoʻshimcha uy-joy maydoni normasi hisobga olingan holda beriladi.

Koʻchirilayotgan shaxsga berilayotgan turar joy ijaraga oluvchini koʻchirish toʻgʻrisidagi sud qarorida, maʼmuriy tartibda koʻchirilayotganda esa, prokuror qarorida koʻrsatilgan boʻlishi shart.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.