YK · 9-modda

9-modda. Yerlarni toifalarga boʻlish va bir toifadan boshqasiga oʻtkazish

Yerlar asosiy foydalanish maqsadiga qarab yer fondi toifalariga boʻlinadi.

Yerlardan asosiy foydalanish maqsadi — yerlardan yer-kadastr hujjatlarida aks ettiriladigan aniq maqsadlarni koʻzlab foydalanishning qonunchilikda belgilangan tartibi va shartlaridir.

Yerlardan asosiy foydalanish maqsadi yer uchastkalaridan ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turlarini belgilash yoʻli bilan aniqlashtiriladi.

Yer uchastkalarining huquqiy rejimi ularning yer fondining muayyan toifasiga mansubligidan va ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turidan kelib chiqqan holda belgilanadi.

Yerlarni yer fondining bir toifasidan boshqasiga oʻtkazish yerlardan asosiy foydalanish maqsadi oʻzgargan taqdirda amalga oshiriladi.

Yerlarni yer fondi toifalariga boʻlish va bir toifadan boshqasiga oʻtkazish viloyatlar hamda Toshkent shahar hokimlari tomonidan amalga oshiriladi, bundan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarni yer fondining boshqa toifasiga oʻtkazish mustasno.

Sugʻorilmaydigan yerlarni qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar toifasidan yer fondining boshqa toifasiga oʻtkazish ushbu modda oltinchi qismining talablarini inobatga olgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan amalga oshiriladi, sugʻoriladigan yerlarni qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar toifasidan yer fondining boshqa toifasiga yoki sugʻorilmaydigan yerlarga oʻtkazish esa ushbu Kodeksning 44-1-moddasida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Xalqaro ahamiyatga molik avtomobil yoʻllari boʻyida zamonaviy xizmat koʻrsatish majmualarini va servis obyektlarini, jumladan joylashtirish vositalarini, savdo-koʻngilochar markazlarini master-reja asosida joylashtirish boʻyicha boʻsh turgan yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarish toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori asosida qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining qarori Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilgan holda yer toifasini boshqa toifaga oʻzgartirish uchun asos boʻladi.

Egalikda, foydalanishda yoki ijarada boʻlgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarni yer fondining boshqa toifasiga oʻtkazish mazkur yer uchastkalariga boʻlgan huquqlar ushbu Kodeksning 36-moddasida belgilangan tartibda bekor qilinganidan keyin va ular takroran berilguniga (realizatsiya qilinguniga) qadar amalga oshiriladi, bundan oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlar qonunda belgilangan tartibda eʼtirof etilgan yerlarni yer fondining boshqa toifasiga oʻtkazish hollari mustasno.

Yer fondining toifasi yer uchastkalarini berish (realizatsiya qilish) toʻgʻrisidagi hujjatlarda, yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarning boshqa shaxsga oʻtishini belgilovchi hujjatlarda hamda davlat yer kadastri hujjatlarida, shuningdek Koʻchmas mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarning davlat reyestridan elektron koʻchirmalarda koʻrsatiladi.

Yerlarni bir toifadan boshqasiga oʻtkazishning belgilangan tartibini buzish bunday oʻtkazish faktlarini gʻayriqonuniy deb va ular asosida tuzilgan yer uchastkalariga doir bitimlarni haqiqiy emas deb topishga, shuningdek yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatiga olishni rad etishga asos boʻladi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.