PQ-775-son Qaror · 11.01.2008

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat-tijorat Xalq bankining kapitallashuv darajasini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-775
  • Qabul qilingan sana:11.01.2008
  • Kuchga kirgan sana:11.01.2008
  • Rasmiy nashr:СЗ РУ 3-4

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Bank tizimini yanada rivojlantirish va boʻsh pul mablagʻlarini bank aylanmasiga jalb etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2007-yil 7-noyabrdagi PQ-726-son qarorining ijrosini taʼminlash, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat-tijorat Xalq bankining kapitallashuv darajasini, raqobatbardoshligi va moliyaviy barqarorligini yanada oshirish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Markaziy banki va Davlat-tijorat Xalq bankining Xalq banki nizom jamgʻarmasini ilovaga* muvofiq jadval boʻyicha 2010-yilning 1-yanvariga qadar qoʻshimcha omonatlarni qoʻyish hisobiga 100,0 mlrd. soʻmga yetkazish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

* Ilova rus tilidagi matnda berilgan.

2. Belgilansinki, qoʻshimcha omonatlarni qoʻyish Xalq banki taʼsischilarining ulushlariga proporsional ravishda quyidagi miqdorlarda amalga oshiriladi:

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi — 45,9 mlrd. soʻm, shu jumladan Xalq bankiga ajratilgan Narx-navoni tartibga solish jamgʻarmasi ssudasi boʻyicha qarz mablagʻlari, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining davlat budjetiga oʻtkaziladigan foydasining bir qismi, shuningdek, 2008-2009-yillar mobaynida Xalq bankiga beriladigan soliq imtiyozlari natijasida boʻshaydigan mablagʻlar hisobidan 1,5 mlrd. soʻm;

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki — oʻz foydasi hisobidan 44,1 mlrd. soʻm, shu jumladan 2005-2006-yillarda jamgʻarib boriladigan pensiya tizimining faoliyat koʻrsatishi boʻyicha chora-tadbirlarni moliyalashtirishga yoʻnaltirilgan mablagʻlar hisobidan 6,1 mlrd. soʻm.

3. Xalq banki 2010-yilning 1-yanvarigacha budjetga toʻlanadigan soliqlarning barcha turlaridan, shuningdek, olib kelinadigan bank uskunalari va texnologiyalari uchun bojxona toʻlovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) ozod etilsin, soliqdan ozod etish natijasida boʻshaydigan mablagʻlar esa Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Xalq banki nizom jamgʻarmasidagi ulushini shakllantirishga maqsadli tarzda yoʻnaltirilsin.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Markaziy banki Adliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Raisi F.M. Mullajonov zimmalariga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

2008-yil 11-yanvar,

PQ-775-son

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.