PF-3079-son Farmon · 30.05.2002

Yadro poligonlarida va boshqa yadroviy-radiatsiya obyektlarida harbiy xizmatni oʻtagan pensiya yoshidagi shaxslarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-3079
  • Qabul qilingan sana:30.05.2002
  • Kuchga kirgan sana:30.05.2002
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:Ведомости Олий Мажлиса 4-5

“Qariyalarni qadrlash yili” Davlat dasturiga muvofiq hamda yadro poligonlarida va boshqa yadroviy-radiatsiya obyektlarida harbiy xizmatni oʻtagan pensiya yoshidagi shaxslarni ijtimoiy muhofaza qilishni kuchaytirish maqsadida:

1. 2002-yilning 1-iyunidan boshlab, yadro poligonlarida va boshqa yadroviy- radiatsiya obyektlarida harbiy xizmatni oʻtagan pensiya yoshidagi shaxslarga:

sanatoriy-kurort yoʻllanmalari, protez-ortopediya buyumlari (tishni protez qilishdan tashqari) va eshitish apparatlari, shifokorning retsepti boʻyicha dori-darmonlar bilan bepul taʼminlash;

(1-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2003-yil 27-martdagi PF-3227-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 3-4-son, 56-modda)

2. Yadro poligonlarida va boshqa yadroviy-radiatsiya obyektlarida harbiy xizmatni oʻtagan pensiya yoshidagi shaxslar jumlasiga kiruvchi nogironligi boʻlgan shaxslar uchun qoʻshimcha ravishda quyidagi imtiyoz turlari belgilansin:

(2-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 29-noyabrdagi PF-26-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 06/21/26/1111-son)

mehnat qobiliyatini vaqtincha yoʻqotganlik boʻyicha nafaqalarni ish stajidan qatʼi nazar toʻliq ish haqi miqdorida toʻlash;

yillik taʼtildan oʻzlari uchun qulay vaqtda foydalanish, shuningdek har yili ish haqi saqlangan holda kamida 12 ish kuni davomidagi qoʻshimcha taʼtil olish;

istiqomat joyida maʼmuriy tuman doirasidagi qishloq joylarda jamoat foydalanadigan avtomobil transportida (taksi bundan mustasno), shuningdek shahar atrofida qatnovchi temiryoʻl transportida va shahar atrofi yoʻnalishlaridagi avtobuslarda bepul yurish.

3. Yadro poligonlarida va boshqa yadroviy-radiatsiya obyektlarida harbiy xizmatni oʻtagan pensiya yoshidagi shaxslar jumlasiga kiruvchi nogironligi boʻlgan shaxslarga salomatlikni tiklash uchun quyidagi miqdorlarda yillik bir yoʻla moddiy yordam belgilansin:

1 va 2-guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga — bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida;

3-guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga — bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdorida.

(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 29-noyabrdagi PF-26-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 06/21/26/1111-son)

(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2003-yil 27-martdagi PF-3227-son Farmoni bilan oʻz kuchini yoʻqotgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y. 3-4-son 56-modda)

5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda mazkur Farmonni ijro etish yuzasidan qaror qabul qilsin.

Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

2002-yil 30-may,

PF-3079-son

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.