PQ-1190-son Qaror · 15.09.2009

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi tizimi hududiy boʻlinmalari rahbarlarini tayinlash tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-1190
  • Qabul qilingan sana:15.09.2009
  • Kuchga kirgan sana:15.09.2009
  • Rasmiy nashr:Ведомости палат Олий Мажлиса 9

Shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining talablari qatʼiyan hamda soʻzsiz bajarilishini taʼminlash, milliy meʼmoriy-madaniy anʼanalarni, respublika aholi punktlarining, ayniqsa qishloq joylarda, zamonaviy qiyofasini shakllantirishni hisobga olgan holda aholi punktlari bosh rejalarini sifatli ishlab chiqish va tasdiqlash, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi tizimi hududiy tarkibiy boʻlinmalari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini oshirish maqsadida:

1. Belgilansinki:

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar arxitektura va qurilish bosh boshqarmalari boshliqlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining farmoyishiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Tashkiliy-kadrlar xizmati bilan kelishilgan holda lavozimlarga tayinlanadilar va ozod etiladilar;

(1-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 27-maydagi PQ-1539-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2011-y., 25-son, 256-modda)

shaharlar va tumanlar arxitektura va qurilish boshqarmalari (boʻlimlari) boshliqlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining qarorlariga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Kommunal soha, transport, kapital qurilish va qurilish industriyasi majmuasi Rahbari bilan kelishilgan holda lavozimlarga tayinlanadilar va ozod etiladilar.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (Sh. Mirziyoyev) bir oy muddatda, ushbu Qarordan kelib chiqqan holda, Hukumat qarorlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritsin.

3. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi — Tashkiliy-nazorat xizmati rahbari I.B. Abdullayev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

2009-yil 15-sentabr,

PQ-1190-son

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.