PF-3290-son Farmon · 04.08.2003

“Oʻzbekiston belgisi” koʻkrak nishoni toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-3290
  • Qabul qilingan sana:04.08.2003
  • Kuchga kirgan sana:04.08.2003
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:Ведомости Олий Мажлиса 8

Milliy maʼnaviyat, madaniy meros va umuminsoniy qadriyatlar negizida yuksak vatanparvarlik, xalqparvarlik, fidoyilik tuygʻusini va mehnatsevarlik fazilatlarini oʻzida mujassamlashtirgan, Vatanimiz obroʻsi, shon-shuhrati va sharafini yuksaltirishga hamda uning xalqaro nufuzini oshirishga xizmat qilayotgan, mamlakatning ijtimoiy-siyosiy hayotida faol ishtirok etib namuna koʻrsatayotgan yoshlarni ragʻbatlantirish maqsadida:

“Oʻzbekiston belgisi” koʻkrak nishoni toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1997-yil 22-iyuldagi Farmoni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-yil, 8-son, 195-modda) bilan tasdiqlangan Nizomga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilib, uning yangi tahriri tasdiqlansin (ilova qilinadi).

Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

2003-yil 4-avgust,

PF-3290-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2003-yil 4-avgustdagi 3290-sonli Farmoni bilan TASDIQLANGAN

“Oʻzbekiston belgisi” koʻkrak nishoni toʻgʻrisidagi

1. “Oʻzbekiston belgisi” koʻkrak nishoni bilan milliy maʼnaviyat, madaniy meros va umuminsoniy qadriyatlar negizida yuksak vatanparvarlik, xalqparvarlik, fidoyilik tuygʻusini va mehnatsevarlik fazilatlarini oʻzida mujassamlashtirgan, Vatanimiz obroʻsi, shon-shuhrati va sharafini yuksaltirishga hamda uning xalqaro nufuzini oshirishga xizmat qilayotgan, mamlakatning ijtimoiy-siyosiy hayotida faol ishtirok etib, namuna koʻrsatayotgan yoshlar taqdirlanadi.

2. “Oʻzbekiston belgisi” koʻkrak nishoniga nomzodlar Oʻzbekiston Respublikasi “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining quyi tashkilotlari va jamoatchilik tomonidan taqdim etiladi.

3. “Oʻzbekiston belgisi” koʻkrak nishoni Oʻzbekiston Respublikasi “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Markaziy Kengashining qarori asosida beriladi.

4. “Oʻzbekiston belgisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Markaziy Kengashi tomonidan belgilanadi.

5. “Oʻzbekiston belgisi” koʻkrak nishoni hamda uning guvohnomasi taqdirlanganlarga tantanali vaziyatda Oʻzbekiston Respublikasi “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Markaziy Kengashining raisi tomonidan topshiriladi.

6. “Oʻzbekiston belgisi” koʻkrak nishoni takroran berilmaydi.

7. “Oʻzbekiston belgisi” koʻkrak nishoni koʻkrakning chap tomoniga taqiladi.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.