PF-1657-son Farmon · 10.12.1996

Bolali oilalarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashni yanada kuchaytirish toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-1657
  • Qabul qilingan sana:10.12.1996
  • Kuchga kirgan sana:10.12.1996
  • Rasmiy nashr:Ведомости Олий Мажлиса 1

Bolali oilalarga ijtimoiy yordam aniq berilishini kuchaytirish, aholini ijtimoiy muhofaza qilish borasidagi chora-tadbirlarni roʻyobga chiqarishda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari roli va masʼuliyatini oshirish maqsadida:

1.14 yoshgacha voyaga yetmagan bolalari boʻlgan oilalarga har oylik nafaqalarni shunday nafaqaga muhtoj oilalargagina berish va uni fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan toʻlash toʻgʻrisida fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari (shaharchalar, qishloqlar, ovullar, mahallalar fuqarolari yigʻinlari)ning takliflari qabul qilinsin.

(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 26-dekabrdagi PF-4491-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 52-son, 586-modda)

2. Belgilab qoʻyilsinki, 14 yoshgacha voyaga yetmagan bolalari boʻlgan oilalarga har oylik nafaqalar fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari (shaharchalar, qishloqlar, ovullar, mahallalar fuqarolarining yigʻinlari) tomonidan oilalarning shunday nafaqaga muhtojligi hisobga olingan holda tayinlanadi va toʻlanadi.

14 yoshgacha voyaga yetmagan bolalari boʻlgan oilalarga har oylik nafaqalar berish toʻgʻrisidagi qarorni qabul qilish chogʻida ijtimoiy adolat tamoyillariga ogʻishmay rioya etish, keng oshkoralik va ochiqlikni taʼminlash, budjet mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanishga erishish majburiy shartlar deb hisoblansin.

(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 26-dekabrdagi PF-4491-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 52-son, 586-modda)

3. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish barcha organlarida yuridik shaxs huquqiga ega boʻlgan maxsus jamgʻarmalar tashkil qilsin, ularning mablagʻlari bolali muhtoj oilalarga nafaqa toʻlash uchun sarflansin.

Shu maqsadda:

Oʻzbekiston Respublikasining Xalq banki 1996-yilning 31-dekabriga qadar fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga yuridik shaxs huquqi bilan “Bolalar nafaqalari” maxsus hisobvaraqlari (ilova hisobvaraqlari)ni ochsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 1997-yilgi budjetni belgilash chogʻida ushbu nafaqaga muhtoj oilalarning haqiqiy ehtiyojlarini hisobga olgan holda bolali oilalarga nafaqalar toʻlash uchun zarur mablagʻlarni koʻzda tutsin.

4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, vazirliklar, idoralar, uyushmalar, konsernlar, korporatsiyalar, korxonalar va tashkilotlar, xayriya jamgʻarmalari hamda tadbirkorlik tuzilmalari mavjud imkoniyatlarga muvofiq oʻz mablagʻlari hisobidan bolali oilalarga har tomonlama qoʻshimcha ijtimoiy yordam bersinlar.

5. Vazirlar Mahkamasi oʻn kun muddatda mazkur Farmonni amalga oshirish yuzasidan qaror qabul qilib, unda 16 yoshgacha bolalari boʻlgan oilalarga nafaqa tayinlash va toʻlash tartibi oʻrnatilishini koʻzda tutsin.

6. Ommaviy axborot vositalari bolali oilalarga nafaqa tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisida tushuntirish ishlarini faol suratda olib borsinlar, aholining ijtimoiy muhofazasini taʼminlash borasida fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyati toʻgʻrisida jamoatchilikni keng koʻlamda xabardor qilib tursinlar.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1996-yil 4-martdagi PF-1383-son Farmoni 1997-yilning 1-yanvaridan oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin (2-band bundan mustasno).

Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

1996-yil 10-dekabr,

PF-1657-son

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.