PF-1655-son Farmon · 04.12.1996

Oʻzbekiston faxriylarni ijtimoiy “Nuroniy” jamgʻarmasi toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-1655
  • Qabul qilingan sana:04.12.1996
  • Kuchga kirgan sana:04.12.1996
  • Rasmiy nashr:Ведомости Олий Мажлиса 1

1. Oʻzbekistonda oʻtkazilayotgan ijtimoiy siyosatning samaradorligini oshirish, keksalarni ijtimoiy himoya qilish va ularning yosh avlodni tarbiyalashdagi faolligini oshirish maqsadida ilovada koʻrsatilgan qator Respublika jamoat tashkilotlari, vazirliklar, muassasalar, korxonalarning, Oʻzbekiston faxriylarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasini taʼsis etish haqidagi takliflari qabul qilinsin.

2. Jamgʻarma oʻzini-oʻzi mustaqil boshqaruvchi, mablagʻ bilan taʼminlovchi va mustaqil faoliyat koʻrsatuvchi nohukumat jamoat birlashmasi ekanligi taʼkidlansin.

3. Jamgʻarma quyidagi maqsad va vazifalarni oʻz faoliyatining asosi etib belgilanganligi eʼtiborga olinsin:

— respublikada oʻtkazilayotgan kuchli ijtimoiy siyosatni amalga oshirishda, ayniqsa urush va mehnat faxriylari, nogironlarni eʼzozlash, ularning atrofida ehtiromli muhit hosil qilish, gʻurur, moddiy, maʼnaviy, tibbiy yordam koʻrsatish choralarini koʻrishda faol qatnashish;

— mustaqil Oʻzbekistonni yangilash va rivojlantirishning maʼnaviy-axloqiy negizlarini mustahkamlash, faxriylarning ijtimoiy-siyosiy hayotda faol ishtirok etishlari, bor bilim va salohiyatlarini istiqlol ishiga safarbar etishlari, mustabid sovet tuzumining xalqimiz, oʻlkamiz taraqqiyotiga yetkazgan zararini chuqur tahlil qilish hamda jamoatchilikka yetkazishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;

— milliy qadriyatlarimiz, oʻzbekona erksevarlik, vatanparlik, mehnatsevarlik, totuvlik, boshqalarga izzat-ikrom hislarini avloddan-avlodga oʻtib yanada boyishiga hissa qoʻshish, yoshlarni ona Vatanga, xalqimizga, istiqlol ishiga sadoqat, buyuk kelajak uchun kurashchanlik ruhida tarbiyalashda samarali faoliyat koʻrsatish;

— faxriylar va nogironlarning moddiy sharoitini yaxshilash, ular uchun belgilangan imtiyozlarning, nafaqa toʻgʻrisidagi qonunchilikning toʻla va oʻz vaqtida amalga oshirilishida rahnamolik qilish, bu borada ijrochi hokimiyat organlariga koʻmaklashish, keksalar, yordamga muhtoj va boshqa turli tabaqalarga savdo, madaniy-maishiy, tibbiy yordamlar koʻrsatish, shu maqsadga yoʻnaltirilgan ishlab chiqarish, tijorat, noshirlik, xayriya ishlarini amalga oshirish, ommaviy tadbirlar oʻtkazish;

4. Jamgʻarmani qoʻllab-quvvatlash, uning faoliyati uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, davlat idoralari, jamoat tashkilotlari hamda ishlab chiqarish korxonalari rahbarlari, tadbirkorlar, boshqa yuridik shaxslar va fuqarolarning keksa avlod oldidagi farzandlik burchi deb hisoblansin.

5. Jamgʻarma barcha yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan xorijiy homiylar uchun ochiq ekanligi maʼlum qilinsin.

6. Joylarda jamgʻarmaning tegishli tuzilmalarini tashkil etish bilan bogʻliq boʻlgan masalalarni hal qilish Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar hokimliklari zimmasiga yuklatilsin.

(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 17-iyundagi PF-4116-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2009-y., 25-son, 282-modda)

8. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Nuroniy jamgʻarmasining faoliyat koʻrsatishi bilan bogʻliq boʻlgan masalalar yuzasidan tegishli qaror qabul qilsin.

Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

1996-yil 4-dekabr,

PF-1655-son

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.