PF-2917-son Farmon · 22.08.2001

Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligi eʼlon qilinganligining oʻn yilligi munosabati bilan amnistiya toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-2917
  • Qabul qilingan sana:22.08.2001
  • Kuchga kirgan sana:23.08.2001
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:Ведомости Олий Мажлиса 7-8

Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligi eʼlon qilinganligining oʻn yilligi munosabati bilan insonparvarlik tamoyiliga amal qilib, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 93-moddasining 20-bandiga asosan,

QAROR QILAMAN:

1. Quyidagi mahkumlar jazodan ozod qilinsin:

a) ayollar;

b) voyaga yetmagan yoshida jinoyat sodir etgan shaxslar;

v) nogironlar va jazoni oʻtashga toʻsqinlik qiladigan ogʻir kasallikka chalingan shaxslar;

g) ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlarni sodir etgan shaxslardan tashqari 55 yoshdan oshgan erkaklar va chet el fuqarolari.

2. Olti yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum etilgan yoki ozodlikdan mahrum etish bilan bogʻliq boʻlmagan jazolarga, shuningdek ehtiyotsizlik orqasida sodir etgan jinoyati uchun hukm qilingan shaxslar jazodan ozod qilinsin.

3. Sakkiz yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum etilgan va tayinlangan jazo muddatining kamida toʻrtdan bir qismini oʻtagan shaxslar jazodan ozod qilinsin.

4. Oʻn yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum etilgan va tayinlangan jazo muddatining kamida uchdan bir qismini oʻtagan shaxslar jazodan ozod qilinsin.

5. Ushbu Farmon chiqarilgan kunga qadar, tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosini oʻtash uchun uch yildan kam muddat qolgan mahkumlar jazodan ozod qilinsin.

6. Ushbu Farmonning 1-moddasida qayd etilgan shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar, shuningdek ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan jinoyatlar yuzasidan olib borilayotgan tergov ishlari va sudda koʻrilmagan ishlar harakatdan tugatilsin.

7. Mazkur Farmonga asosan jazodan ozod qilinmaydigan shaxslarning jazo muddatining oʻtalmagan qismi quyidagicha qisqartirilsin:

a) qasddan sodir etgan jinoyati uchun oʻn yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum qilinganlarga — yarmiga;

b) qasddan sodir etgan jinoyati uchun oʻn yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilinganlarga — uchdan bir qismiga.

8. Ushbu Farmon jazoni oʻtash tartibini muntazam ravishda buzgan mahkumlarga nisbatan tatbiq etilmasin.

9. Mazkur Farmonning:

a) 1-moddasi javobgarlikni ogʻirlashtiradigan holatlarda qasddan odam oʻldirish (Jinoyat kodeksi 97-moddasining 2-qismi) jinoyatini sodir etgan shaxslar

b) 3—6 moddalari — qurollar va giyohvandlik vositalari bilan qonunga xilof ravishda muomala qilish bilan bogʻliq jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga (Jinoyat kodeksi 247-moddasining 3-qismi, 248-moddasining 3-qismi, 271-moddasining 3-qismi, 272-moddasining 2-qismi, 273-moddasining 4, 5-qismlari) shuningdek, oʻta xavfli retsidivistlarga;

v) 3—7-moddalari — terroristik, ekstremistik tashkilot jinoiy uyushmalarning aʼzolariga, Oʻzbekiston Respublikasining konstitutsion tuzumiga qarshi jinoyatlar yoki jamoat xavfsizligiga qarshi boshqa qilmishlar sodir etgan shaxslarga (Jinoyat kodeksining 150—163, 242, 244, 244-1, 244-2-moddalari);

g) 4—7-moddalari — ilgari afv etish yoki amnistiya tartibida jazodan ozod etilgan va yana qasddan jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan qoʻllanilmasin.

10. Mazkur Farmonning 1 va 2-moddalari tuzalish yoʻliga oʻtgan terroristik, ekstremistik tashkilotlar, jinoiy uyushmalarning aʼzolariga, Oʻzbekiston Respublikasining konstitutsion tuzumiga qarshi jinoyatlar yoki jamoat xavfsizligiga qarshi boshqa qilmishlar sodir etgan shaxslarga nisbatan jazoni ijro muassasasining maʼmuriyati tomonidan ularning oʻz qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlganligi tasdiqlangan hollarda qoʻllanishi mumkinligi belgilansin.

11. Farmon eʼlon qilingan kundan kuchga kiradi va toʻrt oy mobaynida ijro etilishi lozim.

Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

2001-yil 22-avgust,

PF-2917-son

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.