PF-237-son Farmon · 25.08.1991

Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi Prezidentining 1991-yil 25-avgustdagi PF-237-son Farmoni

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-237
  • Qabul qilingan sana:25.08.1991
  • Kuchga kirgan sana:25.08.1991
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:Ведомости Верховного Совета 10

Mamlakatda vujudga kelgan ahvolni eʼtiborga olib va respublika manfaatlarini himoya qilish maqsadida:

1. Respublika Ichki ishlar vazirligi va Davlat xavfsizligi komiteti Oʻzbekiston SSR ning qonuniy tasarrufiga olinsin.

2. Mazkur idoralarning rahbarlari ikki hafta muddat ichida Ichki ishlar vazirligi va Davlat xavfsizligi komiteti idoralarining maqomi hamda Nizomini qaytadan koʻrib chiqib, birinchi navbatda respublika va uning fuqarolari xavfsizligini, manfaatlarini muhofaza qilishni nazarda tutsinlar.

3. Respublika hududida joylashgan SSSR Ichki ishlar vazirligining ichki qoʻshinlari bevosita Oʻzbekiston SSR Prezidentiga boʻysundirilsin.

4. Oʻzbekiston SSR Oliy Kengashi Rayosatiga juda qisqa muddatda respublikaning Davlat mustaqilligi toʻgʻrisidagi Qonun loyihasini tayyorlash va uni Oʻzbekiston SSR Oliy Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi muhokamasiga taqdim etish taklif qilinsin.

5. Oʻzbekiston SSR Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizligi komiteti, prokuraturasi va adliya idoralari, shuningdek, respublika hududida joylashgan ichki qoʻshinlar, Turkiston harbiy okrugi qismlari va qoʻshilmalari partiyadan holi qilinsin.

Belgilab qoʻyilsinki, bundan buyon yuqorida koʻrsatilgan idoralar va muassasalarda siyosiy partiyalar va harakatlarning yangi tashkiliy tuzilmalarini vujudga keltirishga yoʻl qoʻyilmaydi.

6. Mazkur mahkamalarning rahbarlari davlat hokimiyati va boshqaruvi idoralari bilan birgalikda ushbu Farmon munosabati bilan ishdan boʻshaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun barcha choralarni koʻrsinlar.

Ushbu Farmon imzolangan paytdan boshlab kuchga kiradi.

Oʻzbekiston SSR Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

1991-yil 25-avgust,

PF-237-son

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.