Oʻzbekiston Respublikasining Qurolli Kuchlarida jismoniy tarbiya va sportni yanada rivojlantirish, yoshlarning chaqirilgunga qadar tayyorgarligini takomillashtirish, shuningdek jahon chempionatlarida va Olimpiya oʻyinlarida qatnashishga oliy malakalardagi sportchilarni, respublikaning milliy terma komandalarini tayyorlashni yaxshilash maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasining Xalq taʼlimi vazirligi “Mehnat rezervlari” oʻquv-sport kompleksini 1993-yilning 1-martigacha boʻlgan mavjud moddiy va texnikaviy vositalari, sport anjomlari va boshqa mol-mulki bilan birga Oʻzbekiston Respublikasining Mudofaa vazirligi balansiga topshirsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasining Mudofaa vazirligi:
mazkur kompleks negizida Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari sport markazi tuzib, uni milliy terma komandalar tayyorlovchi Respublika tayanch markazi deb belgilasin;
Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari sport markazining zimmasiga Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligiga qarashli hunar-texnika bilim yurtlari va umumtaʼlim maktablarining oʻquvchilariga jismoniy rivojlanish va sport sohasida otaliq qilish vazifasini yuklasin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 19-mart,
PF-581-son