PF-596-son Farmon · 23.04.1993

Hukumatga qarashli boʻlmagan “Sogʻlom avlod uchun” xalqaro xayriya jamgʻarmasini tashkil etish toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-596
  • Qabul qilingan sana:23.04.1993
  • Kuchga kirgan sana:23.04.1993
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:Ведомости Верховного Совета 4

Kelajak avlodning salomatligini taʼminlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, bolalarning jismoniy, aqliy va maʼnaviy kamol topishi uchun qulay shart-sharoit yaratish maqsadida va mehnat jamoalari, sanoat korxonalari, jamoat tashkilotlari, bir qancha xorijiy kompaniyalar va firmalarning koʻpdan koʻpmurojaatlarini eʼtiborga olib:

1. Hukumatga qarashli boʻlmagan “Sogʻlom avlod uchun” xalqaro xayriya jamgʻarmasi tashkil etilsin.

2. Belgilab qoʻyilsinki, mazkur jamgʻarmani roʻyxatdan oʻtkazish va uning faoliyat tartibi Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunlari bilan belgilanadi.

Jamgʻarma barcha yuridik va jismoniy shaxslar, jumladan xorijiy fuqarolar, tashkilotlar, firmalar va uyushmalar uchun ochiq deb hisoblansin.

Vazirliklar, idoralar, konsernlar va hokimliklar “Sogʻlom avlod uchun” jamgʻarmasining faoliyatiga butun choralar bilan koʻmaklashsinlar.

Barcha viloyat markazlarida va Toshkent shahrida jamgʻarmaning filiallari va boʻlinmalarini ochish maqsadga muvofiq deb topilsin.

3. Quyidagilar:

— tugʻuruqqa yordam va bolalar muassasalarining moddiy-texnikaviy bazasini mustahkamlashga, ularni zamonaviy uskunalar bilan jihozlashga, yangi, samarali davolash vositalari bilan taʼminlashga;

— jamoatchilik va davlat tuzilmalarining jahon tajribasini hisobga olgan holda kelajak avlod naslini yaxshilashga qaratilgan kuch-gʻayratlarini muvofiqlashtirishga keng koʻlamda koʻmaklashish jamgʻarmaning asosiy vazifalari deb hisoblansin.

4. “Sogʻlom avlod uchun” jamgʻarmasining yuksak ijtimoiy maqomi va nufuzi taʼminlansin. “Sogʻlom avlod uchun” ordeni bilan mukofotlash chogʻida jamgʻarma boshqaruvi taqdimnomalarning hal qiluvchi ahamiyati eʼtirof etilsin.

5. Oʻzbekiston Respublikasining Vazirlar Mahkamasi bir oy muddat ichida “Sogʻlom avlod uchun” jamgʻarmasi faoliyatini tashkil etish haqida qaror qabul qilsin va jamgʻarma toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlasin.

Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

1993-yil 23-aprel,

PF-596-son

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.