PF-1822-son Farmon · 22.07.1997

“Oʻzbekiston belgisi” koʻkrak nishonini taʼsis etish toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-1822
  • Qabul qilingan sana:22.07.1997
  • Kuchga kirgan sana:22.07.1997
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:Ведомости Олий Мажлиса 8

Milliy maʼnaviyatimiz, madaniy merosimiz va umuminsoniy qadriyatlar zaminida yuksak vatanparvarlik tuygʻusini va mehnatsevarlik fazilatlarini oʻzida mujassamlashtirgan, Vatanimiz obroʻsini, shon-shuhrati va sharafini yuksaltirish yoʻlida xizmat qilayotgan, Oʻzbekistonda kelajagi buyuk davlat barpo etishda hamda mamlakatimiz ichki va tashqi hayotida faol ishtirok etayotgan fuqarolarni ragʻbatlantirish maqsadida:

1. “Oʻzbekiston belgisi” koʻkrak nishoni taʼsis etilsin.

2. “Oʻzbekiston belgisi” koʻkrak nishoni toʻgʻrisidagi Nizom tasdiqlansin (ilova qilinadi).

3. “Oʻzbekiston belgisi” koʻkrak nishoni tavsifi tasdiqlansin (ilova qilinadi).

Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

1997-yil 22-iyul,

PF-1822-son

1-ILOVAOʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1997-yil 22-iyuldagi Farmoni bilan tasdiqlangan

“Oʻzbekiston belgisi” koʻkrak nishoni toʻgʻrisidagi

1. “Oʻzbekiston belgisi” koʻkrak nishoni bilan milliy maʼnaviyat, madaniy meros va umuminsoniy qadriyatlar negizida yuksak vatanparvarlik, xalqparvarlik, fidoyilik tuygʻusini va mehnatsevarlik fazilatlarini oʻzida mujassamlashtirgan, Vatanimiz obroʻsi, shon-shuhrati va sharafini yuksaltirishga hamda uning xalqaro nufuzini oshirishga xizmat qilayotgan, mamlakatning ijtimoiy-siyosiy hayotida faol ishtirok etib, namuna koʻrsatayotgan yoshlar taqdirlanadi.

2. “Oʻzbekiston belgisi” koʻkrak nishoniga nomzodlar Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining quyi tashkilotlari va jamoatchilik tomonidan taqdim etiladi.

(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-sentabrdagi PF-5191-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 982-modda)

3. “Oʻzbekiston belgisi” koʻkrak nishoni Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashining qarori asosida beriladi.

(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-sentabrdagi PF-5191-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 982-modda)

4. “Oʻzbekiston belgisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlash tartibi Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi tomonidan belgilanadi.

(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-sentabrdagi PF-5191-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 982-modda)

5. “Oʻzbekiston belgisi” koʻkrak nishoni hamda uning guvohnomasi taqdirlanganlarga tantanali vaziyatda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashining raisi tomonidan topshiriladi.

(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-sentabrdagi PF-5191-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 982-modda)

6. “Oʻzbekiston belgisi” koʻkrak nishoni takroran berilmaydi.

7. “Oʻzbekiston belgisi” koʻkrak nishoni koʻkrakning chap tomoniga taqiladi.

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2003-yil 4-avgustdagi PF-3290-sonli Farmoniga asosan yangi tahrirda tasdiqlangan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 8-son, 111-modda)

2-ILOVAOʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1997-yil 22-iyuldagi Farmoni bilan tasdiqlangan

“OʻZBEKISTON BELGISI” KOʻKRAK NISHONI

“Oʻzbekiston belgisi” koʻkrak nishoni 1,0 mikron qalinlikdagi oltin bilan qoplangan 925 probali kumushdan tayyorlanadi va diametri 22 millimetrni tashkil etadigan halqadan iborat boʻladi.

Nishonning markazida mustaqillik ramzi — kumush tusdagi Humo qushi tasviri aks ettiriladi. Humo qushi ortidagi rangli emal bilan ishlangan fon Oʻzbekistonning goʻzalligi va boyligini ifodalaydi.

Yuqorida, Humo qushining tepasida Oʻzbekiston Davlat gerbining ramzi — musamman aks ettiriladi. Uning markazida diametri 2,5 millimetrli fianit kristali joylashtiriladi.

Humo qushini dafna novdalari oʻrab turadi.

Belgining ostki qismida, Humo qushining tagidagi oq fonda “O'ZBEKISTON” yozuvi bitilgan Oʻzbekiston Respublikasining bayrogʻi aks ettiriladi. Harflarning balandligi 0,8 millimetr.

Nishonning orqa tomoni tekis boʻlib, oʻrtasida burab mahkamlanadigan murvati bor.

Uning pastki qismida nishonning tartib raqami 1,0 millimetrli harflar bilan bitib qoʻyiladi.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.