PQ-2200-son Qaror · 03.07.2014

Davlat mulki obyektlarini kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga sotish borasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-2200
  • Qabul qilingan sana:03.07.2014
  • Kuchga kirgan sana:07.07.2014
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:СЗ РУ 28

Davlat mulkidan oqilona va samarali foydalanishni, foydalanilmayotgan hamda qurilishi tugallanmagan davlat mulki obyektlarini, boʻshayotgan yer uchastkalarini zamonaviy raqobatdosh mahsulotlar ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish turlarini tashkil etish, yangi ish oʻrinlari yaratish hamda aholi daromadlarining oʻsishini taʼminlash uchun kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga sotish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, ularning hududiy boʻlinmalari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat, shahar va tumanlar hokimliklarining rahbarlariga ularning balansida boʻlgan bino va inshootlar, boshqa davlat mulki obyektlarining saqlanishi, tegishli darajada avaylab asralishi va samarali foydalanilishini taʼminlash boʻyicha qoniqarsiz ishlaganliklari va masʼuliyatsizlik bilan qaraganliklari koʻrsatib oʻtilsin.

Davlat mulkini xususiylashtirish va boshqarish sohasida qonunchilik buzilishiga yoʻl qoʻygan Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining bir qator hududiy organlari rahbarlari egallab turgan lavozimlaridan ozod etilganliklari, davlat mulki obyektlarini balansida saqlovchi yuzdan ortiq davlat tashkilotlari rahbarlariga nisbatan qattiq jinoiy va intizomiy jazo choralari qoʻllanilganligi qayd etib oʻtilsin.

2. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, manfaatdor vazirliklar va idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda davlat mulki obyektlarining yalpi inventarizatsiyasi oʻtkazilib, uning natijalari boʻyicha foydalanilmayotgan bino va inshootlar, qurilishi tugallanmagan obyektlarning roʻyxati aniqlandi.

3. Quyidagilar:

foydalanilmayotgan va qurilishi tugallanmagan, buzib tashlanadigan davlat mulki obyektlari roʻyxati 1-ilovaga muvofiq;

foydalanilmayotgan, 2014-yilda kimoshdi savdosida sotiladigan davlat mulki obyektlari roʻyxati 2-ilovaga muvofiq;

investitsiya majburiyatlarini qabul qilish va yangi ish oʻrinlarini yaratish sharti bilan 2014-yili tanlov asosida “nulinchi” xarid qiymati boʻyicha sotilishi lozim boʻlgan foydalanilmayotgan, shu jumladan qurilishi tugallanmagan davlat mulki obyektlari roʻyxati 3-ilovaga muvofiq;

tadbirkorlik subyektlariga yangi ishlab chiqarishlar, xizmat koʻrsatish va servis sohasi obyektlarini barpo etish uchun kichik sanoat zonasi tashkil etilishi moʻljallangan, keyinchalik oʻlchovi oʻrtacha 0,2-0,3 ga. dan ajratib beriladigan yer uchastkalari roʻyxati 4-ilovaga muvofiq;

xoʻjalik yurituvchi subyektlarning ustav fondiga kiritiladigan, shuningdek yanada samarali foydalanish uchun boshqa tashkilotlarga tezkor boshqarish va bepul foydalanishga beriladigan davlat mulki obyektlari roʻyxati 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi vazirliklar, idoralar, aksiyadorlik kompaniyalari, uyushmalar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda oʻn kun muddatda:

1-ilovada koʻrsatilgan davlat mulki obyektlarini buzib tashlab, boʻshagan yer uchastkalarini mahalliy davlat hokimiyati organlarining zaxira fondiga topshirish;

2-ilovaga kiritilgan foydalanilmayotgan davlat mulki obyektlari va korxonalarni baholab, kimoshdi savdosiga qoʻyish;

3-ilovaga muvofiq investitsiya majburiyatlarini qabul qilish va yangi ish oʻrinlari yaratish sharti bilan davlat mulki obyektlarini “nulinchi” xarid qiymati boʻyicha sotish tanlovlarini oʻtkazish jadvallarini tasdiqlasin.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi rahbarlari zimmasiga 1, 2 va 3-ilovalarga kiritilgan davlat mulki obyektlarini oʻz vaqtida buzib tashlash va kimoshdi savdosiga qoʻyishni taʼminlash yuzasidan shaxsiy masʼuliyat yuklatilsin.

5. Vazirliklar, idoralar, aksiyadorlik kompaniyalari, uyushmalar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, davlat mulki obyektlarini balansida saqlovchi tashkilot va korxonalar:

ikki oy muddatda 2 va 3-ilovalarda koʻrsatilgan davlat mulki obyektlari boʻyicha yer uchastkalari, bino va inshootlarning kadastr hujjatlari tayyorlanishini, shuningdek ularga boʻlgan huquqlarning davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin;

bir oy muddatda 5-ilovada koʻrsatilgan davlat mulki obyektlarini qoldiq balans qiymati boʻyicha joylardagi tegishli davlat va xoʻjalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlariga topshirib, ularning zimmasiga zarur taʼmirlash ishlarini oʻtkazish va mazkur obyektlardan yanada samarali foydalanishni taʼminlash masʼuliyatini yuklasin.

Vazirliklar va idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, davlat mulki obyektlarini balansida saqlovchi tashkilotlar rahbarlari 2, 3 va 5-ilovalarda koʻrsatilgan davlat mulki obyektlarining yangi mulkdorga topshirilgunga qadar yaxshi saqlanishi va avaylab asralishi uchun shaxsan javobgar ekanliklari haqida qatʼiy ogohlantirilsin.

6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:

Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi bilan birgalikda bir oy muddatda 1-ilovada koʻrsatilgan davlat mulki obyektlari buzib tashlanishi natijasida boʻshayotgan yer uchastkalaridan kelgusida foydalanish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;

Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi va “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi bilan birgalikda ikki oy muddatda 4-ilovada koʻrsatilgan yer uchastkalarining oʻrnida tashkil etiladigan kichik sanoat zonalarida tadbirkorlik subyektlarini barcha zarur muhandislik kommunikatsiyalari va infratuzilmasi bilan joylashtirish loyihalarini ishlab chiqsin;

kichik sanoat zonalarida tadbirkorlik subyektlarini joylashtirishning ishlab chiqilgan loyihalari boʻyicha tadbirkorlik subyektlariga yangi ish oʻrinlari yaratish borasida investitsiya majburiyatlarini qabul qilish sharti bilan oʻrtacha 0,2-0,3 ga yer uchastkalari ajratish boʻyicha tanlovlar oʻtkazishni tashkil qilsin;

“Oʻzbekenergo” DAK, “Oʻztransgaz” AK, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari kichik sanoat zonalarida tadbirkorlik subyektlarini joylashtirish boʻyicha ishlab chiqilgan loyihalarga muvofiq oʻz mablagʻlari hisobidan zarur muhandislik kommunikatsiyalari va infratuzilmalar qurilishini taʼminlasin.

Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi, “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi, Moliya vazirligi, Adliya vazirligi ikki oy muddatda kichik sanoat zonalarini barpo etish va faoliyatini tashkil qilish toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqib, tasdiqlasin.

6-1. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

(6-1-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 28-avgustdagi PF-177-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.09.2026-y., 06/26/177/0904-son)

(6-1-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 28-avgustdagi PF-177-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.09.2026-y., 06/26/177/0904-son)

masʼuliyati cheklangan jamiyatlar yagona taʼsischi sifatida bitta aksiyadordan iborat aksiyadorlik jamiyatlariga ega boʻlishlari mumkin.

(6-1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 28-apreldagi PQ-2340-sonli qaroriga asosan kiritilgan — OʻR QHT, 2015-y., 17(1)-son, 216-modda)

7. Belgilab qoʻyilsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlariga asosan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga sotiladigan budjet tashkilotlarining davlat mulki obyektlariga kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish Qoraqalpogʻiston Respublikasining budjeti va tegishli mahalliy budjetlar mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2012-2013-yillarda davlat mulkini xususiylashtirish Dasturi toʻgʻrisida” 2012-yil 25-apreldagi PQ-1743-sonli qarorida koʻrsatilgan davlat aktivlarini sotish muddati 2015-yilning oxirigacha uzaytirilsin.

(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-apreldagi PF-70-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.04.2025-y., 06/25/70/0375-son)

(10-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PF-6218-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.04.2021-y., 06/21/6218/0398-son)

10. Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

11. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

2014-yil 3-iyul,

PQ-2200-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 3-iyuldagi PQ-2200-son qaroriga 1-ILOVA

Vakolatli organlar xulosasi va tuman (shahar) hokimliklari qarori bilan foydalanilmayotgan va qurilishi tugallanmagan, buzib tashlanadigan davlat mulki obyektlari

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 3-iyuldagi PQ-2200-son qaroriga 2-ILOVA

2014-yilda kimoshdi savdosida sotiladigan foydalanilmayotgan davlat mulki obyektlari

* Obyekt tegishli mahalliy davlat hokimligi organlariga oʻtkazilganidan soʻng sotiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 3-iyuldagi PQ-2200-son qaroriga 3-ILOVA

Investitsiya majburiyatlarini qabul qilish va yangi ish oʻrinlarini yaratish sharti bilan 2014-yili tanlov asosida “nol” xarid qiymati boʻyicha sotilishi lozim boʻlgan foydalanilmayotgan, shu jumladan qurilishi tugallanmagan davlat mulki obyektlari

* Obyekt tegishli mahalliy davlat hokimligi organlariga oʻtkazilganidan soʻng sotiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 3-iyuldagi PQ-2200-son qaroriga 4-ILOVA

Tadbirkorlik subyektlariga yangi ishlab chiqarishlar, xizmat koʻrsatish va servis sohasi obyektlarini barpo etish uchun kichik sanoat zonasi tashkil etilishi moʻljallangan, keyinchalik oʻlchovi oʻrtacha 0,2-0,3 ga. dan ajratib beriladigan yer uchastkalari

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 3-iyuldagi PQ-2200-son qaroriga 5-ILOVA

Xoʻjalik yurituvchi subyektlarning ustav fondiga kiritiladigan, shuningdek, yanada samarali foydalanish uchun davlat va xoʻjalik boshqaruv organlari balansiga tezkor boshqaruvga, boshqa tashkilotlarga bepul foydalanishga beriladigan davlat mulki obyektlari

Izohlar:

* Topshirilayotgan korxona va obyektlar boʻyicha huquq va majburiyatlar “Oʻzavtoyoʻl” DAKga oʻtkaziladi. Bunda mazkur obyektlar kompaniyaning ustav kapitaliga topshirilgunga qadar ular “Oʻzavtoyoʻl” DAKga saqlab turish javobgarligi bilan oʻtkaziladi.

** Tugatish ishlari yakunlanganidan soʻng qolgan mulk “Oʻzavtoyoʻl” DAK ustav fondiga belgilangan tartibda topshiriladi.

(6-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-apreldagi PF-70-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.04.2025-y., 06/25/70/0375-son)

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.