Mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlab bagʻrikenglik va insonparvarlik madaniyatini rivojlantirish, millatlararo va konfessiyalararo hamjihatlikni, jamiyatda fuqarolar totuvligini mustahkamlash, barcha fuqarolarga millati va diniy eʼtiqodidan qatʼi nazar, teng huquq va imkoniyatlar yaratish, yosh avlodni vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash Oʻzbekistonda davlat siyosatining muhim ustuvor yoʻnalishlaridan biri etib belgilangan.
Bugungi kunda respublikamizda faol “xalq diplomatiyasi” asosida chet eldagi vatandoshlarimiz bilan muntazam va oʻzaro foydali munosabatlarni yoʻlga qoʻyish, xorijiy mamlakatlar bilan doʻstona munosabatlarni va madaniy-maʼrifiy aloqalarni mustahkamlash orqali oʻz faoliyatini Oʻzbekistonda yashab kelayotgan barcha millat va etnik diasporalarning tarixi, madaniyati, maʼnaviy qadriyatlari, milliy anʼanalari va urf-odatlarini saqlash hamda har tomonlama rivojlantirish tamoyillariga asosan olib borayotgan Respublika baynalmilal madaniyat markazi, 138 ta milliy madaniy markazlar, Oʻzbekiston xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik va madaniy-maʼrifiy aloqalar jamiyatlari kengashi, shuningdek, 34 ta doʻstlik jamiyatlari muvaffaqiyatli faoliyat yuritib kelmoqda.
Fuqarolar totuvligi barqarorligini, turli millatlar vakillari oʻrtasidagi tinchlik va hamjihatlikni taʼminlashga, vatandoshlarimiz ongida koʻp millatli yagona oila tuygʻusini mustahkamlashga, milliy madaniy markazlar va doʻstlik jamiyatlari faoliyatini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va yanada rivojlantirishga, xorijiy mamlakatlar bilan madaniy-maʼrifiy aloqalarni kengaytirishga, mamlakatimizning jamiyat turli sohalaridagi yutuqlari mazmun va mohiyati targʻibotiga, shuningdek, ushbu yoʻnalishda bajarilayotgan ishlarni va amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni samarali muvofiqlashtirishga yoʻnaltirilgan davlat siyosatini bosqichma-bosqich roʻyobga chiqarish maqsadida:
1. Respublika baynalmilal madaniyat markazi (bundan buyon matnda Markaz deb yuritiladi) va doʻstlik jamiyatlarining Markaz negizida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasini (bundan buyon matnda Qoʻmita deb yuritiladi) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Quyidagilar Qoʻmitaning asosiy vazifalari etib belgilansin:
jamiyatda millatlararo hamjihatlik va bagʻrikenglikni taʼminlashga qaratilgan davlat siyosatini izchil amalga oshirish, doʻstlik va koʻp millatli yagona oila tuygʻusi muhitini mustahkamlash, yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash;
doʻstona xalqaro aloqalarni yoʻlga qoʻyish, oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, xorijiy mamlakatlarning fuqarolik hamjamiyatlari, shu jumladan chet ellarda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz bilan doʻstlikni mustahkamlash borasidagi ishlarni samarali muvofiqlashtirish;
davlat organlarining respublika hududida joylashgan milliy madaniy markazlar va doʻstlik jamiyatlari bilan oʻzaro aloqasi va hamkorligini taʼminlash;
mamlakatimizda yashovchi turli millat va elatlar vakillarining oʻziga xos milliy anʼanalari, urf-odatlari va rasm-rusumlarini asrab-avaylash va rivojlantirishga koʻmaklashish;
xorijiy mamlakatlarda davlatimizning tinchliksevar siyosati, demokratik huquqiy davlat, kuchli fuqarolik jamiyati qurish borasida Oʻzbekistonning maqsad va vazifalarini, shuningdek, bugungi kunda mamlakat hayotining barcha sohalarida erishilayotgan muvaffaqiyatlarni keng targʻib qilish;
millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalarini yanada rivojlantirish va uygʻunlashtirishga bagʻishlangan ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil qilishda koʻmaklashish va bevosita qatnashish.
3. Qoʻmita tashkil etilganligi munosabati bilan Oʻzbekiston xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik va madaniy-maʼrifiy aloqalar jamiyatlari kengashining taʼsischilari tomonidan ushbu Kengashni tugatish haqidagi qaror qabul qilinganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
4. Belgilansinki:
Qoʻmita millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalarini mustahkamlashga yoʻnaltirilgan yagona davlat siyosatining amalga oshirilishini taʼminlovchi davlat boshqaruvi organi hisoblanadi;
Qoʻmita barcha huquqlar, majburiyatlar va tuzilgan shartnomalar, shu jumladan, xalqaro majburiyatlar va shartnomalar boʻyicha Markazning huquqiy vorisi hisoblanadi;
Qoʻmitaga Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan rais boshchilik qiladi;
Qoʻmita raisining oʻrinbosarlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi;
Qoʻmita raisi maqomi, maishiy taʼminoti, tibbiy va transport xizmatidan foydalanish borasidagi shart-sharoitlariga koʻra — vazirning birinchi oʻrinbosariga, uning oʻrinbosarlari — vazir oʻrinbosarlariga tenglashtiriladi;
joylarda millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari borasidagi ishlarni muvofiqlashtirish Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar boʻyicha oʻrinbosarlari zimmasiga yuklanadi.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yil 30-apreldagi PF-6218-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.04.2021-y., 06/21/6218/0398-son)
6. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari, jismoniy va yuridik shaxslarning grantlari va homiylik mablagʻlari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar Qoʻmita faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi xorijiy mamlakatlarda faoliyat olib borayotgan turdosh tashkilotlar, oʻzbek madaniy markazlari va jamiyatlari haqida maʼlumotlar bazasini shakllantirish va yuritishda, shuningdek, xorijiy mamlakatlarda faoliyat olib borayotgan tegishli tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyishda va rivojlantirishda Qoʻmitaga amaliy yordam koʻrsatsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori loyihasini tasdiqlash uchun kiritsin.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-oktabrdagi PF-186-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)
10. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1997-yil 26-maydagi “Oʻzbekiston xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik va madaniy-maʼrifiy aloqalar jamiyatlari kengashini qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-1785-son Farmoni oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
11. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi R.T. Komilov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 19-may,
PF-5046-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga