PF-5052-son Farmon · 24.05.2017

Bandlik sohasida davlat siyosatini yanada takomillashtirish va mehnat organlari faoliyati samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-5052
  • Qabul qilingan sana:24.05.2017
  • Kuchga kirgan sana:25.05.2017
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:СЗ РУ 21

Taʼkidlash joizki, iqtisodiyotni isloh qilish va diversifikatsiyalash, faol investitsiya siyosati yuritish hisobiga yetakchi tarmoqlarni modernizatsiyalash va texnologik jihatdan qayta jihozlash, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirishni ragʻbatlantirish asosida har yili minglab yangi ish oʻrinlari yaratilmoqda, bu oʻz navbatida oʻta dolzarb muammo hisoblangan aholi, avvalambor yoshlar bandligini taʼminlash imkonini bermoqda.

Shu bilan birga, bandlik sohasidagi mavjud muammolarni hal etishda haligacha eskirgan ish shakllari va uslublaridan foydalanilmoqda, mehnat bozoridagi haqiqiy vaziyatni buzib koʻrsatish hollari saqlanib qolmoqda, muhim ijtimoiy masala hisoblangan oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining bitiruvchilarini ishga joylashtirishga yuzaki yondashuv holatlari uchramoqda. Aholi bandligini taʼminlash masalalarida joylarda mahalliy ijro hokimiyati organlari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, taʼlim muassasalari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va keng jamoatchilik oʻrtasida oʻzaro hamkorlik va javobgarlik mexanizmlaridan yaxshi foydalanilmayapti.

Yangi tashkil etilgan barqaror ish oʻrinlari sonining mehnat bozori talablariga mos kelmasligi mehnat bozorida muvozanatlilikning buzilishiga, respublikamizning ayrim mintaqalarida ishsizlik darajasining oshib ketishiga, noqonuniy mehnat migratsiyasi va norasmiy bandlikning oʻsishiga olib kelmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 6-maydagi PQ-2960-sonli qaroriga muvofiq joylarda mahalliy ijro hokimiyati organlari va iqtisodiy kompleksga kiruvchi hududiy organlar rahbarlarining, ularni moddiy ragʻbatlantirish yoki ularga nisbatan intizomiy chora qoʻllash boʻyicha tegishli tizimni joriy etgan holda, aholi bandligining oʻsishi va uni ish bilan taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarning natijadorligi va samaradorligi uchun mahalliy ijro hokimiyati organlari va iqtisodiy kompleksning hududiy organlari rahbarlarining shaxsiy masʼuliyati oshirildi.

Bandlik sohasida davlat siyosatini yanada takomillashtirish, band boʻlmagan aholini, ayniqsa, yoshlarni ishga joylashtirish boʻyicha chora-tadbirlar samaradorligini oshirish, mehnat huquqlarini himoya qilish va mehnat muhofazasini kuchaytirish, aholi bandligini taʼminlash boʻyicha muvofiqlashtirilgan samarali ishlarni amalga oshirishda davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro hokimiyati organlarining masʼuliyatini tubdan kuchaytirish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi etib qayta tashkil etilsin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va tuzilmalarining ustuvor vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilansin:

mehnat bozoridagi haqiqiy holatni respublikamiz mintaqalari kesimida chuqur tahlil qilish asosida aholi bandligini taʼminlash boʻyicha hududiy va tarmoq dasturlarini ishlab chiqish va ularning bajarilishini muvofiqlashtirish, yangi ish oʻrinlari tashkil etish boʻyicha davlat buyurtmalarini ishlab chiqish va aholining ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlari uchun ish joylari kvotasini belgilash boʻyicha aniq maqsadga yoʻnaltirilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;

mehnat organlariga murojaat qilgan ishsizlarni ishga joylashtirishni taʼminlash, aholini jamoat ishlariga, birinchi navbatda yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirishga, yoʻl va uy-joy kommunal infratuzilmasini qurish, taʼmirlash va rekonstruksiya qilishga, shaharlar va tumanlarni obodonlashtirishga, mavsumiy qishloq xoʻjaligi ishlarida ishtirok etishga jalb etish;

ishga joylashishga muhtoj shaxslarni, ayniqsa, band boʻlmagan yoshlarni, imkoniyati cheklangan shaxslarni va ishsizlarni iqtisodiyotning hamda mehnat bozorining real talablaridan kelib chiqqan holda, kasb-hunarga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish;

vazirliklar, idoralar va xoʻjalik boshqaruvi organlari bilan birgalikda oliy va oʻrta maxsus, professional taʼlim muassasalarining bitiruvchilarini ular egallagan mutaxassisliklarga muvofiq ishga joylashtirishni taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;

(2-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-noyabrdagi PF-3-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.11.2021-y., 06/21/3/1037-son)

mehnat bozorini tartibga solish, bandlik, mehnatga doir munosabatlar, mehnat muhofazasi, kasbiy va mehnat standartlari, gender tenglikka rioya etilishi, band boʻlmagan aholini kasb-hunarga tayyorlash va qayta tayyorlash, ishsizlarni ijtimoiy himoya qilish sohasida bozor munosabatlari sharoitlariga mos keladigan normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish, amalga oshirish va ularning bajarilishini nazorat qilish;

ishga joylashtirish jarayoniga ilgʻor axborot texnologiyalarini faol joriy etish, jumladan, Milliy vakansiyalar bazasini yaratish va doimiy rivojlantirib borish;

ishga joylashishga koʻmaklashish boʻyicha xizmatlar koʻrsatish bozorida zamonaviy infratuzilma va raqobat muhitini yaratish, aholi bandligini taʼminlash masalalarida davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, joylardagi mahalliy hokimiyat organlari, taʼlim muassasalari, nodavlat tashkilotlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va jamoatchilikning oʻzaro hamkorligini taʼminlashning samarali mexanizmlarini shakllantirish;

bandlik va mehnat muhofazasi sohasida qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazoratni taʼminlash, mehnat sharoitlari ekspertizasini amalga oshirish, mehnat munosabatlarini, mehnatni moddiy ragʻbatlantirish mexanizmlarini yanada takomillashtirish boʻyicha aniq chora-tadbirlarni amalga oshirish;

aholi va ish beruvchilar oʻrtasida mehnat huquqlari va muhofazasi masalalari boʻyicha keng axborot-tushuntirish ishlarini olib borish;

Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga nafaqalar va moddiy yordam toʻlanishi boʻyicha monitoringni amalga oshirish, mehnatga layoqatli oila aʼzolarining bandligini taʼminlash va tadbirkorlik faolligini oshirish orqali oilani ushbu reyestrdan chiqarish yuzasidan individual dasturlarni ishlab chiqish.

(2-bandning oʻn birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PF-258-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2025-y., 06/25/258/1223-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 1-fevral)

3. Oʻzbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vaziri va uning oʻrinbosarlariga quyidagi vazifa va ustuvorliklar amalga oshirilishi uchun shaxsiy javobgarlik yuklansin:

hududiy va tarmoq aholi bandligi dasturlari tizimli ishlab chiqilishi va amalga oshirilishining muvofiqlashtirilishini taʼminlash, samarali bandlik shakllarini rivojlantirish, mehnat bozori va aholining ayrim ijtimoiy-demografik guruhlari talablarini hisobga olgan holda, ish oʻrinlari yaratish boʻyicha davlat buyurtmalarini shakllantirish;

ishsiz aholini, yoshlarni, avvalambor professional taʼlim muassasasi bitiruvchilarini, shuningdek, aholining boshqa ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalarini ixtisoslashtirilgan ish oʻrni yarmarkalarini tashkil etish va oʻtkazish, aholi va ish beruvchilar uchun mehnat organlari tomonidan koʻrsatilayotgan xizmatlarning sifati va hammabopligini oshirish yoʻli bilan ishga joylashtirishga koʻmaklashish;

(3-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-noyabrdagi PF-3-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.11.2021-y., 06/21/3/1037-son)

shaxsiy biznesini tashkil etishni xohlovchilar, ilk bor mehnat bozoriga kirib kelayotgan yoshlarning tadbirkorlik tashabbuslari amalga oshirilishini ragʻbatlantirish va koʻmaklashish, band boʻlmagan ishga joylashtirishga muhtoj aholi uchun kasb-hunarga tayyorlash va qayta tayyorlashning samarali tizimini Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasidan ajratilayotgan mablagʻlarni ushbu maqsadlar uchun mos ravishda oshirgan holda tashkil etish;

Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarni fuqarolarni oʻzini oʻzi boshqarish organlari bilan birgalikda oilaviy tadbirkorlikka va hunarmandchilikka jalb etish choralarini koʻrish, shuningdek, aholini oʻzini oʻzi band qilishning turli shakllarini rivojlantirishni ragʻbatlantirish.

(3-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PF-258-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2025-y., 06/25/258/1223-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 1-fevral)

4. Quyidagilar belgilab qoʻyilsin:

Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining tavsiyasi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va undan ozod etiladigan vazir rahbarlik qiladi;

Oʻzbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vazirining oʻrinbosarlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va undan ozod etiladi;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirini lavozimga tayinlash Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri bilan kelishgan holda amalga oshiriladi;

viloyatlar va Toshkent shahar Bandlik bosh boshqarmalarining boshliqlarini lavozimga tayinlash Oʻzbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vaziri tomonidan viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari bilan kelishgan holda amalga oshiriladi;

tuman (shahar) bandlikka koʻmaklashish markazlari rahbarlarini lavozimga tayinlash Qoraqalpogʻiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vaziri, viloyatlar va Toshkent shahar bandlik bosh boshqarmalari boshliqlari tomonidan tuman va shaharlar hokimlari va Oʻzbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vaziri bilan kelishgan holda amalga oshiriladi.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga aholining tashqi mehnat migratsiyasini tashkil etish tizimini hamda Aholi tashqi mehnat migratsiyasi agentligi faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha aniq takliflar kiritsin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashining:

(6-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-noyabrdagi PF-3-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.11.2021-y., 06/21/3/1037-son)

(6-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 8-apreldagi PF-101-sonli Farmoniga asosan 2023-yil 1-yanvardan chiqariladi — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.04.2022-y., 06/22/101/0288-son)

xodimlarning ish joyi va davlat ijtimoiy sugʻurtasiga toʻlov qilgan davri boʻyicha roʻyxatga olishning “elektron mehnat daftari” tizimini joriy etish, 2019-yilning 1-yanvaridan boshlab birinchi marta ishga joylashtirilgan xodimlarga qogʻoz shaklidagi mehnat daftarchalari berilishini toʻxtatish va mehnat daftarchalaridagi yozuvlarni soliq toʻlovchining individual raqami (STIR) va fuqarolarning jamgʻarib boriladigan pensiya toʻlovi boʻyicha individual raqami (PTIR) asosida, xodimning ish joyi va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga toʻlovlar amalga oshirilgan davri boʻyicha hisobga olish bilan bosqichma-bosqich almashtirib borish;

2018-yilning 1-yanvaridan boshlab professional taʼlim muassasalari va akademik litseylarning barcha oʻquvchilarini, ularning har biriga soliq toʻlovchining individual raqami (STIR) berilgan va elektron raqamli imzo (ERI)ni tegishli toʻlovni undirmasdan bergan holda, soliq toʻlovchi sifatida davlat soliq organlarida roʻyxatga qoʻyish;

(6-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-noyabrdagi PF-3-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.11.2021-y., 06/21/3/1037-son)

2018-yilning 1-iyundanidan boshlab nodavlat tashkilotlarga fuqarolarni Oʻzbekiston Respublikasi hududida ishga joylashtirish sohasida pullik, ular tomonidan fuqarolarni xorijda ishga joylashtirish faoliyati amalga oshiriladigan hollarda esa Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan beriladigan litsenziya asosida xizmatlar koʻrsatish huquqini berish;

mikrofirmalar, kichik korxonalar va fermer xoʻjaliklariga, tegishli taʼlim muassasasini tamomlagan davrdan boshlab uch yil ichida birinchi marta ishga kirayotgan oliy va oʻrta maxsus, professional taʼlim muassasalarining bitiruvchilari bilan tuziladigan mehnat shartnomalaridan tashqari, xodimlarning roziligini olgan holda, muayyan muddatli mehnat shartnomalari, jumladan, vaqtinchalik bir martalik ishlarni bajarishga (muddatli mehnat shartnomalari) tuzishga ruxsat berish;

(6-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-noyabrdagi PF-3-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.11.2021-y., 06/21/3/1037-son)

tuman (shahar) bandlikka koʻmaklashish markazlarini saqlab turish xarajatlarini, 2018-yilning 1-yanvaridan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobidan moliyalashtirish, natijada Oʻzbekiston Respublikasi Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasining boʻshaydigan mablagʻlarini ishsizlarni kasb-hunarga tayyorlash va qayta tayyorlashni tashkil etishga, ishsiz fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish va mehnat organlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash boʻyicha choralarni amalga oshirishga yoʻnaltirish;

Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida ish tashkil etishning barcha davlat xizmatlarini toʻliq hajmda qayta koʻrib chiqish (reinjiniring), ishga tanlov asosida qabul qilish, “yagona darcha” tamoyilida davlat xizmatlari koʻrsatish, mehnat organlari tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, mehnatga haq toʻlashning zamonaviy ragʻbatlantiruvchi uslublarini qoʻllagan holda, samaradorlikning asosiy koʻrsatkichlari (KPI) asosida xodimlar mehnatining sifati va samaradorligini baholashning ilgʻor shakllarini joriy etish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan Jamoat ishlari jamgʻarmasi tashkil etilsin, uning asosiy vazifasi vaqtinchalik band boʻlmagan aholining yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirishda, yoʻl va uy-joy kommunal infratuzilmasi obyektlarini qurishda, taʼmirlash va rekonstruksiya qilishda, shahar va tumanlarni obodonlashtirishda, mavsumiy qishloq xoʻjaligi ishlarida ishtirok etishini moliyalashtirish hisoblanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2017-yilning 1-sentabrigacha Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamgʻarmasi faoliyatini, jamgʻarma tuzilmasini tasdiqlash, jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari, shuningdek, mablagʻlardan foydalanish tartibini belgilagan holda, tashkil etish boʻyicha hukumat qarori loyihasini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Markaziy bank Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va Iqtisodiyot vazirligi bilan birgalikda, ikki oy muddatda kichik biznes, kasanachilik, yakka tartibdagi va oilaviy tadbirkorlikni, shaxsiy tomorqa xoʻjaligini rivojlantirish asosida bandlikni taʼminlash uchun moliya resurslarini taqdim etish, aholining keng qatlamlariga, birinchi navbatda qishloq joylarda mikromoliyalashtirish xizmatlaridan foydalanishning qulay imkoniyatlarini yaratish borasida “Mikrokreditbank” ATB faoliyatining va barcha bank tizimining samaradorligini tanqidiy tahlil qilish asosida Hukumatning tegishli qarori loyihasini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin, unda quyidagilar nazarda tutilsin:

2017 — 2020-yillarda faoliyatini endi boshlayotgan tadbirkorlar uchun mikromoliyalash xizmatlaridan foydalanish qulayliklarini, yoʻnalish va hajmlarini kengaytirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash, unda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasida yangi ish oʻrinlari tashkil etishga tijorat banklari tomonidan ajratilayotgan mikrokreditlarning manzilliligini taʼminlashni kuchaytirish, birinchi navbatda kam taʼminlangan oila aʼzolarini, ayniqsa shaharlarda, eng avvalo yakka tartibdagi va oilaviy tadbirkorlik sohasiga, kasanachilikka, qishloq joylarda esa shaxsiy tomorqa xoʻjaliklari asosida iqtisodiy faollikka jalb etishga qaratilgan tadbirlar va mexanizmlar ishlab chiqish;

“Mikrokreditbank” ATBning aholi bandligini taʼminlash masalalaridagi rolini tubdan oshirishni taʼminlaydigan bank faoliyati samaradorligini baholashning mezon va koʻrsatkichlarini ishlab chiqqan holda, uning qoʻshimcha kapitallashuvini oshirish, tuzilmasini, boshqaruv tizimini takomillashtirish va filiallari joylashuvini optimallashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda belgilangan tartibda mazkur Farmonni amalga oshirish va Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi faoliyatini, uning yangi tuzilmasini tasdiqlagan holda, tashkil etish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasini kiritsin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish yuzasidan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-noyabrdagi PF-231-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.11.2025-y., 06/25/231/1091-son)

12. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2017-yil 24-may,

PF-5052-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Bandlik sohasida davlat siyosatini yanada takomillashtirish va mehnat organlari faoliyati samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi FarmonigaSHARH

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.