PQ-3271-son Qaror · 13.09.2017

Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targʻib qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-3271
  • Qabul qilingan sana:13.09.2017
  • Kuchga kirgan sana:14.09.2017
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:СЗ РУ 38

Bugungi kunda mamlakatimizda 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi asosida barcha soha va tarmoqlarda ulkan oʻzgarishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada jamiyat hayotida ezgu qadriyat va anʼanalarni chuqur qaror toptirishga, xususan, xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodning maʼnaviy-intellektual salohiyati, ongu tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirishda, ona Vatani va xalqiga muhabbat va sadoqat tuygʻusi bilan yashaydigan barkamol shaxsni tarbiyalashda beqiyos ahamiyatga ega boʻlgan kitobxonlik madaniyatini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Ushbu yoʻnalishda tegishli huquqiy-meʼyoriy bazani mustahkamlash, tashkiliy-amaliy ishlarni zamon talablari asosida olib borish, bu masalaga keng jamoatchilikni jalb etish boʻyicha keyingi paytda birmuncha ishlar amalga oshirilayotganini taʼkidlash lozim.

Ayni vaqtda oʻtkazilgan kuzatish va tahlillar bu sohada oʻz yechimini kutayotgan bir qator dolzarb muammolar borligi va ularni keng koʻlamda hal etish zarurligini koʻrsatmoqda. Xususan, xalqimiz, avvalo, yoshlarning maʼnaviy-maʼrifiy, badiiy-estetik talablariga javob beradigan kitoblarni yuksak sifat bilan chop etish, joylarga, taʼlim muassasalariga vaqtida va maqbul narxlarda yetkazish, milliy va jahon adabiyotining eng sara namunalarini tarjima qilish, farzandlarimizda bolalikdan boshlab kitob, jumladan, elektron kitob oʻqish koʻnikmasini shakllantirish, jamiyatimizda mutolaa madaniyatini yuksaltirish bilan bogʻliq muhim masalalarni hal etish dolzarb vazifa boʻlib qolmoqda.

Ayniqsa, noshirlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va yanada rivojlantirish, yurtimizda sogʻlom raqobatga asoslangan bosma va elektron kitoblar bozorini shakllantirishni bugun hayotning oʻzi taqozo etmoqda.

Maʼnaviy hayotimizni yuksaltirishda ulkan ahamiyatga ega boʻlgan ana shunday muhim vazifalarni kompleks hal qilish, kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini takomillashtirish, oʻzbek va dunyo adabiyotining eng yaxshi namunalarini internet tarmoqlariga joylashtirish va ularni targʻib qilish hamda keng kitobxonlar ommasiga yetkazish ishlarini samarali tashkil etish maqsadida:

1. Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targʻib qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Dasturda koʻzda tutilgan quyidagi asosiy vazifalarni amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratilsin:

kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish, noshirlik va matbaa sohalarini yanada rivojlantirishga oid normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan kitoblarni, ayniqsa, bolalarga moʻljallangan adabiyotlarni chop etishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash;

kitob mahsulotlari boʻyicha davlat buyurtmasining asosiy yoʻnalishlarini shakllantirish, adabiy-badiiy, oʻquv-uslubiy, ilmiy-nazariy, ilmiy-ommabop va koʻrgazmali adabiyotlarni chop etish va tarqatish tizimini takomillashtirish, ixtisoslashtirilgan kitob doʻkonlari faoliyatini rivojlantirish;

jahon adabiyotining eng sara namunalarini oʻzbek tiliga tarjima qilish boʻyicha davlat buyurtmalari berish, ularni zarur nusxalarda yuksak sifat bilan nashr etish va moliyalashtirish tizimini yoʻlga qoʻyish, kitob tarqatish tizimini yanada rivojlantirish va kitob mahsulotlarining narxini shakllantirish va sotish boʻyicha aniq mexanizmlarni ishlab chiqish choralarini belgilash;

axborot-kutubxona faoliyatini kuchaytirish, taʼlim muassasalari axborot-resurs markazlarining kutubxona fondlari, kutubxonalar, tashkilot va muassasalarning “Maʼnaviyat xonalari”ni oʻquv-uslubiy, texnik adabiyotlar, adabiy-badiiy, maʼrifiy va ilmiy-ommabop kitoblar bilan boyitish, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash;

nashriyotlar va matbaa sohasi mutaxassislarini, badiiy va texnik muharrirlar, grafikachi rassomlar, axborot-kutubxona xodimlarini tayyorlash, malakasini oshirish va ragʻbatlantirish tizimini takomillashtirish;

lotin yozuviga asoslangan yangi oʻzbek alifbosidagi ilmiy-texnik, adabiy-badiiy va ensiklopedik adabiyotlarni yanada koʻpaytirish boʻyicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish;

Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi va axborot-kutubxona markazlaridagi barcha turdagi axborot-kutubxona resurslarining yagona bazasini shakllantirish va undan boshqa axborot-kutubxona muassasalarida turib foydalanishni taʼminlash;

qishloq aholisiga kutubxona xizmati koʻrsatish tizimini tashkil etish choralari toʻgʻrisida tadbirlar rejasi loyihasini tayyorlash va amalga oshirish;

mamlakatimizda internet orqali zarur adabiyotlarni topish va xarid qilish imkonini beradigan eReader elektron oʻquv qurilmalarini ishlab chiqarishni tashkil etish, ularning axborot bazasiga umumtaʼlim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari, oliy oʻquv yurtlari uchun darsliklar, oʻquv qoʻllanmalari, oʻquv-uslubiy, ilmiy-nazariy manbalarni joylashtirish, bunday mahsulotlarni arzon narxlarda sotib olish mexanizmlarini yoʻlga qoʻyish boʻyicha takliflar tayyorlash;

mazmunan sayoz, milliy maʼnaviyat va qadriyatlarimizga, axloq meʼyorlariga mos kelmaydigan, yoshlar tarbiyasiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan adabiyotlarni tayyorlash, bosib chiqarish va tarqatishning oldini olish choralarini koʻrish;

kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirishga doir targʻibot ishlarini tizimli va samarali tashkil etish, bu borada kitobxonlar, kutubxonachi va targʻibotchilar oʻrtasida “Eng kitobxon maktab”, “Eng kitobxon mahalla”, “Eng kitobxon oila”, “Eng faol kutubxonachi” kabi koʻrik-tanlovlarning saralash va respublika bosqichlarini yuqori saviyada oʻtkazishni yoʻlga qoʻyish.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini takomillashtirish hamda axborot-kutubxona faoliyati sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi etib belgilansin.

(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-dekabrdagi PF-5892-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.12.2019-y., 06/19/5892/4134-son)

3. Belgilab qoʻyilsinki:

dasturda koʻrsatilgan chora-tadbirlarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish tegishli vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda ularning mansabdor shaxslarining ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari har bir shahar va tumanda kitob savdosiga ixtisoslashtirilgan doʻkonlarni tashkil etish, ularni qoʻllab-quvvatlash maqsadida yuridik shaxs maqomidagi tadbirkorlik subyektlariga foydalanilmayotgan davlat mulki obyektlarining tekin foydalanish uchun berilishini taʼminlaydi;

savdo aylanmasida kitob sotish ulushining hajmi 70 foizdan koʻp boʻlgan yuridik shaxs maqomidagi tadbirkorlik subyektlarining alohida statistik hisobi yuritiladi va ular 2020-yil 1-yanvarga qadar yagona soliq toʻlovini toʻlashdan ozod etiladi;

Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga shu yoʻnalishda muntazam ravishda maxsus koʻrsatuv va eshittirishlar, maqolalar tayyorlash va eʼlon qilish tavsiya etiladi.

(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 12-dekabrdagi PF-5893-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2019-y., 06/19/5893/4150-son)

5. Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:

qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;

idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.

6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi X. Sultonov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2017-yil 13-sentabr,

PQ-3271-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 13-sentabrdagi PQ-3271-sonli qaroriga ILOVA

Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targʻib qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.