PQ-3272-son Qaror · 13.09.2017

Pul-kredit siyosatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-3272
  • Qabul qilingan sana:13.09.2017
  • Kuchga kirgan sana:25.09.2017
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/17/3272/0001

Taʼkidlash lozimki, soʻnggi yillarda respublikamizda tarif va pul-kredit sohasida koʻrilgan chora-tadbirlar inflyatsiya darajasini asta-sekin pasaytirish imkonini berdi, makroiqtisodiy barqarorlik va izchil iqtisodiy oʻsish surʼatlarini taʼminladi.

Shu bilan birga global moliya-iqtisodiy tizimidagi murakkab va tez oʻzgaruvchan, shuningdek, valyuta munosabatlarini tartibga solishni liberallashtirish sharoitida makroiqtisodiy barqarorlik va aholining turmush darajasini oshirishni taʼminlashga qaratilgan monetar siyosatning amaldagi instrumentlarini tubdan qayta koʻrib chiqish talab etilmoqda.

2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq, shuningdek, pul-kredit siyosatini yanada takomillashtirish, ilgʻor xalqaro tajribaga muvofiq monetar siyosatning yangi instrumentlarini joriy etish, milliy valyutaning mustahkamligini va respublikada makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlashda uning rolini kuchaytirish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 2-sentabrdagi “Valyuta siyosatini liberallashtirish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-5177-sonli Farmoni bilan valyuta bozorini liberallashtirish jarayonlarida davlat iqtisodiy siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida milliy valyutaning barqarorligini taʼminlashga yoʻnaltirilgan qatʼiy monetar siyosat olib borish belgilangan boʻlib, bunda uning instrumentlaridan faol va moslashtirgan holda foydalanishni nazarda tutish, davlatning qimmatli qogʻozlar bozorini rivojlantirish, shuningdek, ochiq bozorda operatsiyalarni amalga oshirish amaliyotini hamda davlat qimmatli qogʻozlarini garovga qoʻyish bilan banklarning likvidligini oshirish boʻyicha operatsiyalarning joriy etilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining ichki narxlarning barqarorligini taʼminlashda oʻrta muddatli istiqbolda pul-kredit siyosati maqsadlariga erishish prinsip va mexanizmlarini xorijiy markaziy banklari tomonidan qoʻllaniladigan inflyatsiyaviy targetlash rejimiga oʻtish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ishlab chiqilgan 2017 — 2021-yillarda pul-kredit siyosatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari kompleksi hamda ilovaga muvofiq inflyatsiyaviy targetlash rejimiga bosqichma-bosqich oʻtish taklifi maʼqullansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki (M. Nurmuratov), Moliya vazirligi (B. Xodjayev), Iqtisodiyot vazirligi (G. Saidova) rahbarlari zimmasiga Chora-tadbirlar kompleksida belgilangan tadbirlarni oʻz vaqtida va sifatli bajarish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki 2018-yilning 1-martigacha rivojlantirish va pul-kredit siyosatini amalga oshirishning oʻrta muddatli Konsepsiyasini hamda 2018 — 2021-yillarda Konsepsiyani amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasini” ishlab chiqsin va tasdiqlasin, unda bosqichma-bosqich inflyatsiyaviy targetlash rejimiga oʻtish nazarda tutilsin, ular quyidagi yoʻllar orqali amalga oshirilsin:

umumiqtisodiy, soliq-budjet va pul-kredit siyosatini muvofiqlashtirish amaliyotini takomillashtirish, bunda iqtisodiy oʻsish, davlat budjetining balanslashganligi va iqtisodiyotdagi narxlar darajasining barqarorligi boʻyicha oʻzaro harakatlar va maqsadlarning kelishilganligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratish;

likvidlikni taʼminlash va jalb qilish operatsiyalari boʻyicha pul-kredit siyosatining samarali qoʻllaniladigan foiz instrumentlari turlarini kengaytirish;

tijorat banklari tomonidan foiz stavkalarini shakllantirishda, shu jumladan, kreditlar boʻyicha bozor mexanizmlarini keng joriy etish;

ilgʻor xorijiy tajribaga muvofiq makroiqtisodiy tahlil va prognozlashni takomillashtirish;

olib borilayotgan pul-kredit siyosatining, jumladan amalga oshirilayotgan siyosatda qoʻllanilayotgan instrumentlar va yakuniy maqsadlar toʻgʻrisida axborot yetkazib berish yoʻli bilan, shaffoflik va oldindan bashorat qilish imkoniyatini oshirish.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki 2017-yilning 1-oktabrigacha oʻrta va uzoq muddatli istiqbolda Respublika moliya bozorini, shu jumladan, davlat qimmatli qogʻozlar bozorini yanada rivojlantirish Konsepsiyasi loyihasini ishlab chiqsin va oʻrnatilgan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki, Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

7. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi M.B. Nurmuratov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2017-yil 13-sentabr,

PQ-3272-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 13-sentabrdagi PQ-3272-son qaroriga ILOVA

2017 — 2021-yillarda pul-kredit siyosatini yanada takomillashtirish va inflyatsiyaviy targetlash rejimiga bosqichma-bosqich oʻtish

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.