[Koʻchirma]
Taʼkidlash lozimki, respublikamiz bank-moliya tizimini isloh qilish va mustahkamlash boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar banklarning kapitallashuv darajasini oshirish, iqtisodiyotni kreditlash koʻlamini kengaytirish, koʻrsatilayotgan bank xizmatlari spektorlarini koʻpaytirish, shuningdek, mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishda bank tizimining rolini oshirish imkonini berdi.
Shu bilan birga koʻrsatilayotgan bank xizmatlari sifatini yanada oshirish hamda tadbirkorlik subyektlari bilan toʻlaqonli hamkorlik munosabatlarini oʻrnatish uchun tijorat banklarining ish uslublarini tubdan yaxshilash, aholi va xoʻjalik subyektlarining bank tizimiga ishonchli institutsional hamkor sifatida qarashlarini mustahkamlash vazifalari dolzarb boʻlib qolmoqda.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan ichki valyuta bozorini liberallashtirish sharoitida tijorat banklarining barqarorligi va moslashganligi boʻyicha ularni stress-testlardan oʻtkazish natijasida banklarning moliyaviy holati va valyuta pozitsiyalariga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan bir qator kamchiliklar aniqlandi, oʻz navbatida ularning oqibatlari banklarning likvidligiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.
2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 2-sentabrdagi “Valyuta siyosatini liberallashtirish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida” PF-5177-sonli Farmoni, shuningdek, bank tizimining moliyaviy barqarorligini taʼminlash, xalqaro tajribani hisobga olgan holda, bank tavakkalchiligini baholashni takomillashtirish, tijorat banklari faoliyatini tartibga solish va nazorat qilishning zamonaviy tamoyillari hamda mexanizmlarini joriy etish maqsadida:
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-apreldagi PF-62-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.04.2023-y., 06/23/62/0232-son)
2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Markaziy bankining Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki va “Asaka” ATBning avval xorijiy valyutada shakllantirilgan ustav kapitallarini belgilangan tartibda xorijiy valyutani sotish yoʻli orqali milliy valyutaga oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Belgilansinki, mazkur bandga muvofiq, tijorat banklari tomonidan valyuta mablagʻlarini sotishdan olingan daromad (foyda) soliqqa tortish bazasiga kiritilmaydi va ularning aksiyadorlari ulushini oshirishda foydalaniladi.
3. Tijorat banklari:
xoʻjalik subyektlarining muddati oʻtgan debitorlik va kreditorlik qarzlarining yuzaga kelishi;
xoʻjalik subyektlarining bank kassalaridan olgan naqd puldan maqsadli foydalanishlari ustidan nazorat qilish kabi ularga xos boʻlmagan funksiyalardan ozod etilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tizimli asosda quyidagi chora-tadbirlarni ishlab chiqishni va amalga oshirishni taʼminlasin:
tijorat banklari faoliyatiga umumeʼtirof etilgan zamonaviy normalar, standartlar va baholash koʻrsatkichlarini joriy etish, bank-moliya tizimi koʻrsatkichlarini xalqaro reyting baholash tashkilotlari hamda milliy mustaqil reyting baholash tizimiga muvofiq xolisona baholashni yanada takomillashtirish;
xalqaro bank nazorati tamoyillari talablari doirasida tijorat banklarining kapitallashuvi yetarliligi, likvidlik va barqarorligi boʻyicha talablarni bajarishni taʼminlash;
bank tavakkalchiligini boshqarish va baholash tizimini, shu jumladan, tijorat banklarida tavakkalchilik-menejmenti tizimini, xalqaro moliya institutlarining texnik koʻmagi va ekspertlarini jalb etib, Bank nazorati boʻyicha bazel qoʻmitasi tavsiyanomalarini hisobga olgan holda takomillashtirish;
banklarning raqobatdoshligi darajasini oshirish hamda banklarni ilgʻor bank amaliyoti asosida faoliyat yuritadigan tizimga aylantirish;
bank-moliya xizmat koʻrsatish sohasida aholining moliyaviy savodxonligi hamda huquqlarini himoya qilish darajasini oshirish;
aholining mamlakatimiz bank tizimiga boʻlgan ishonchini mustahkamlash, mijozlarning bank tizimiga boʻlgan talablarini doimiy monitoring qilib borish, bank xizmatlari koʻrsatish madaniyatini oshirish, mijozlarning ehtiyojlarini qanoatlantiradigan ilgʻor bank xizmatlari koʻrsatish.
5. Quyidagilar tijorat banklariga tavsiya etilsin:
2018-yilning 1-apreligacha banklarni ilgʻor amaliyot va xalqaro standartlar asosida faoliyat yuritadigan moliyaviy barqaror va raqobatdosh muassasasiga sifatli transformatsiya qilishga yoʻnaltirilgan uzoq muddatli rivojlantirish strategiyalarini belgilangan tartibda ishlab chiqish va tasdiqlash;
bank tavakkalchiligi va uning vujudga kelishini barvaqt aniqlash, oldini olish va bartaraf etishda bank imkoniyatlarini oshirish uchun turli ssenariylarni qoʻllagan holda, har chorakda likvidlik pozitsiyalarining stress-testlarini olib borish;
banklar aksiyadorlarining manfaatlarini himoya qilish nuqtai nazaridan bank aktivlari tuzilmasi va kredit portfeli holatini yaxshilash, shuningdek, xorijiy valyutada berilgan, ishlamayotgan kreditlar ulushini kamaytirish boʻyicha taʼsirchan chora-tadbirlar koʻrish;
kreditlarni soʻndirish muddatlari va tasdiqlangan jadvallarga qatʼiy rioya qilishni, kreditlar boʻyicha qarzdorlarning muddati oʻtgan qarzdorliklarning hosil boʻlishiga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha barcha zarur chora- tadbirlarni koʻrish, bankning toʻlay olish qobiliyatidan kelib chiqib, kreditlar boʻyicha muddatlar va foizlar stavkalarini belgilash hamda zarar koʻrib ishlayotgan tashkilotlarni kreditlash amaliyotini tugatish;
bankning oqilona daromaddorligini hisobga olgan holda, bank xizmatlari jozibadorligini oshirish va yangi mijozlarni jalb etish maqsadida tarif siyosatini maqbullashtirish;
bank-moliya faoliyati sohasidagi kadrlarni, ayniqsa tavakkalchilik-menejmenti masalalari uchun javobgarlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini takomillashtirish.
6. Oʻzbekiston banklari uyushmasi, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar, tijorat banklari bilan birgalikda ishlab chiqilgan 2017 — 2021-yillarda ilgʻor bank amaliyoti asosida bank-moliya tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari kompleksi (keyingi oʻrinlarda — Chora-tadbirlar kompleksi) 1-ilovaga muvofiq maʼqullansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki, vazirliklar va idoralar, tijorat banklarining rahbarlari zimmasiga Chora-tadbirlar kompleksida nazarda tutilgan tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi ustidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.
7. Tijorat banklari Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda ikki oy muddatda 2017-2018-yillarda maqsadli va hududiy dasturlar doirasida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarida import oʻrnini bosish xarajatlari qismini toʻlash uchun konvertatsiyani xorijiy kredit liniyalari va mahalliy tijorat banklarining xorijiy valyutadagi kreditlariga almashtirish masalalari har bir qarzdor bilan ishlab chiqilishini taʼminlasin.
8. Belgilansinki, vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar rahbarlari — loyihalar tashabbuskorlari, masʼul ijrochi tashkilotlar rahbarlari bilan bir qatorda — investitsiya loyihalarining sifatli va oʻz vaqtida bajarilishi, shuningdek, har yili tasdiqlanadigan Oʻzbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlari hamda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish manzilli dasturlariga kiritilgan loyihalarni moliyalashtirishga ajratilgan kredit resurslaridan samarali va maqsadli foydalanilishi yuzasidan shaxsan javobgar hisoblanadi.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 6-martdagi PF-5370-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 06.03.2018-y., 06/20/5370/0975-son)
9. Belgilansinki, vazirliklar va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari tomonidan quyidagilarga yoʻl qoʻyilmaydi:
tijorat banklari va ularning filiallari faoliyatiga aralashish, shu jumladan, kredit portfeli va bank aktivlarini shakllantirish bilan bogʻliq tadbirkorlik tavakkalchiligini boshqarish, shuningdek, tasdiqlangan biznes-rejalarda nazarda tutilmagan xayriya va badal xarajatlarini amalga oshirish;
tijorat banklarining ijobiy hulosalarisiz, ularning resurslari hisobidan amalga oshirilishi koʻzda tutilayotgan loyihalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning davlat va hududiy dasturlariga kiritish.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tijorat banklarining faoliyatiga davlat organlarining maʼmuriy aralashuviga yoʻl qoʻymaslik qismi boʻyicha banklar va bank faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini ijro etish yuzasidan nazoratni kuchaytirsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi har yilgi Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetini shakllantirishda xorijiy moliya institutlariga, chet el va mahalliy tijorat banklariga berilgan kreditlar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi davlat kafolatlariga xizmat koʻrsatish boʻyicha xarajatlar qismida tegishli mablagʻlar nazarda tutilsin.
(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26-fevraldagi PF-6179-son Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.02.2021-y., 06/21/6179/0165-son)
13. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlari 2-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:
qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
15. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi M.B. Nurmuratov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 12-sentabr,
PQ-3270-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 12-sentabrdagi PQ-3270-son qaroriga 1-ILOVA
2017 — 2021-yillarda ilgʻor bank amaliyoti asosida bank-moliya tizimini yanada rivojlantirish
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 12-sentabrdagi PQ-3270-son qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan hujjatlari
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Bank tizimini yanada isloh qilish va erkinlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2005-yil 15-apreldagi PQ-56-son qarorining 4-bandi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholining omonatlarini jalb etish boʻyicha respublikaning tijorat banklari oʻrtasida tanlov oʻtkazish toʻgʻrisida” 2008-yil 31-oktabrdagi PQ-991-son qarori.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tijorat banklarining investitsiya loyihalarini moliyalashtirishga yoʻnaltiriladigan uzoq muddatli kreditlari ulushini koʻpaytirishni ragʻbatlantirish borasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2009-yil 28-iyuldagi PQ-1166-son qarori 10-bandining birinchi xatboshi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tijorat banklarining Moliyaviy barqarorligini yanada oshirish va ularning resurs bazasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2015-yil 6-maydagi PQ-2344-son qarori ilovasining 1- va 10-bandlari.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Vazirlar Mahkamasi huzuridagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining davlat xaridlarini maqsadli moliyalashtirish va qishloq xoʻjaligini texnika bilan jihozlash jamgʻarmasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 2017-yil 27-iyundagi PQ-3096-son qarori 3-ilovasi 5-bandining yettinchi xatboshi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tijorat banklari va ularning investitsiyaviy boʻlinmalari rahbar xodimlarini attestatsiyadan oʻtkazish toʻgʻrisida” 2008-yil 2-oktabrdagi F-3075-son farmoyishi.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Tijorat banklarining kichik tadbirkorlikni rivojlantirishda qatnashishini ragʻbatlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2000-yil 19-maydagi 195-son qarori.