Yurtimizda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, aholi, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish uchun zarur shart-sharoitlar va infratuzilmani yaratish, mamlakatning xalqaro sport maydonlarida munosib ishtirok etishini taʼminlash borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, jismoniy tarbiya va sportni tashkil etishda qator tizimli muammolar va kamchiliklarning mavjudligi ushbu sohada davlat siyosatini samarali olib borishga va mamlakatning mavjud sport salohiyatidan toʻliq foydalanishga toʻsqinlik qilmoqda. Xususan:
birinchidan, ayniqsa, joylarda jismoniy tarbiya va sport boshqaruvining samarali yaxlit tizimi mavjud emasligi ushbu sohada davlat organlari va boshqa tashkilotlar faoliyatini lozim darajada muvofiqlashtirishni, sogʻlom turmush tarzini ommalashtirish va targʻib qilishni taʼminlamayapti;
ikkinchidan, mamlakatimizda ham ommaviy sport, ham oliy sport yutuqlari sohasida aniq vazifalar va maqsadli koʻrsatkichlarni belgilagan holda, oʻrta muddatli va uzoq muddatli istiqbolda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqilmagan;
uchinchidan, davlat-xususiy sheriklik shartlarida sportning zamonaviy moddiy-texnika bazasi va infratuzilmasini yaratish boʻyicha nodavlat sektor bilan oʻzaro munosabatlarning past darajada ekanligi ushbu sohada mavjud muammolarni samarali hal etishga imkon bermayapti;
toʻrtinchidan, joylarda yoshlar orasidan iqtidorli sportchilarni tanlab olish (seleksiya)ning samarali va shaffof tizimi mavjud emasligi terma jamoalar tarkibini sifatli toʻldirish uchun sport zaxirasini shakllantirish va yuqori malakali sportchilarni tayyorlashni taʼminlashga toʻsqinlik qilmoqda;
beshinchidan, sport kadrlarini, ayniqsa boshqaruv kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning amaldagi tizimi jismoniy tarbiya va sport boshqaruvi sohasida malakali mutaxassislarga boʻlgan ehtiyojni qondirish imkonini bermayapti;
oltinchidan, jismoniy tarbiya va sport sohasini qoʻllab-quvvatlashning faqat alohida sport turlarini rivojlantirishga yoʻnaltirilgan, nooqilona tizimi boshqa ommaviy olimpiya sport turlarini, eng avvalo, sport oʻyinlari va qishki sport turlarini rivojlantirishga eʼtibor qaratilmasligiga olib kelgan;
yettinchidan, sportchilarni tayyorlash va ular tibbiy taʼminotining innovatsion tadqiqotlari va uslubiy ishlanmalari, zamonaviy talablarga javob beradigan standartlarining mavjud emasligi sifatli oʻquv-mashq jarayonining yoʻlga qoʻyilishini taʼminlamayapti;
sakkizinchidan, jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga yoʻnaltirilgan moliyaviy mablagʻlar sarflanishining asosliligi va haqqoniyligi ustidan nazoratning, eng avvalo, ichki nazoratning moliyaviy mablagʻlardan oqilona foydalanishni taʼminlaydigan va ushbu sohada suiisteʼmolchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan samarali mexanizmi shakllantirilmagan;
toʻqqizinchidan, xalqaro standartlarga javob beradigan sifatli mahalliy sport asbob-uskunalari va inventarlarini ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilmagan, shuningdek, bunday ishlab chiqarishni qoʻllab-quvvatlashning taʼsirchan mexanizmi nazarda tutilmagan.
Jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish, aholi, ayniqsa yoshlar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini keng targʻib qilish maqsadida, shuningdek, 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi va Oʻzbekiston Respublikasida Maʼmuriy islohotlar konsepsiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi (keyingi oʻrinlarda — Vazirlik), Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Madaniyat va turizm vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi, Toshkent shahar hokimligi, sport federatsiyalari (assotsiatsiyalari)ning:
(1-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
(1-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 15-yanvardagi PF-52-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.01.2022-y., 06/22/52/0029-son)
(1-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 15-yanvardagi PF-52-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.01.2022-y., 06/22/52/0029-son)
(1-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 26-avgustdagi PF-5787-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.08.2019-y., 06/19/5787/3650-son)
(1-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 15-yanvardagi PF-52-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.01.2022-y., 06/22/52/0029-son)
Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti qoshidagi Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutini (keyingi oʻrinlarda — Institut) Vazirlik tasarrufiga berish, uni Toshkent shahar, Shayxontohur tumani, Koʻkcha Darvoza koʻchasi, 27-uy manzilda joylashtirish, Nukus, Samarqand va Fargʻona shaharlarida uning filiallarini tashkil qilish;
(1-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti negizida Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetini (keyingi oʻrinlarda — Universitet) tashkil etish;
jahonning yetakchi ishlab chiqaruvchilarini jalb qilgan holda sport kiyimi, anjomlari va jihozlarini ishlab chiqaruvchi zamonaviy korxonalar faoliyatini tashkil etish uchun poytaxt mintaqasida “Sport” erkin iqtisodiy zonasini tashkil qilish;
jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish hamda ommalashtirishda, mamlakatimizning xalqaro sport maydonidagi nufuzini oshirishda alohida xizmat koʻrsatgan jismoniy tarbiya va sport sohasi xodimlari hamda boshqa shaxslarni taqdirlash maqsadida “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jismoniy tarbiya va sport xodimi” faxriy unvonini taʼsis etish toʻgʻrisidagi takliflari qabul qilinsin.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 15-yanvardagi PF-52-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.01.2022-y., 06/22/52/0029-son)
3. Belgilansinki:
Universitet jismoniy tarbiya va sport sohasida ilmiy va oʻqituvchi kadrlar tayyorlash, shuningdek, soha mutaxassislarini oʻqitish hamda tayyorlashning ilgʻor usullarini ishlab chiqish va joriy etish boʻyicha respublikaning bazaviy oliy taʼlim, ilmiy-tadqiqot xamda ilmiy-uslubiy muassasasi hisoblanadi;
Institut maktabgacha taʼlim tashkilotlari, umumtaʼlim maktablari hamda oʻrta maxsus, professional taʼlim, shuningdek oliy taʼlim muassasalari jismoniy tarbiya oʻqituvchilari (instruktorlari), kafedra mudirlari, taʼlim muassasalari va sport tashkilotlari trenerlari hamda jismoniy tarbiya va sport sohasidagi boshqa mutaxassislarni qayta tayyorlash hamda malakasini oshirishni amalga oshiradi.
(3-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
4. Quyidagilar ommaviy sportni rivojlantirish va isteʼdodli yoshlarni saralash (seleksiya) sohasida taʼlim muassasalarining ustuvor yoʻnalishlari etib belgilansin:
maktabgacha taʼlim tashkilotlarida — boshlangʻich gimnastika va harakatli oʻyinlar boʻyicha mashgʻulotlar olib borish orqali jismoniy rivojlantirish hamda salomatlikni mustahkamlash uchun tarbiyalanuvchilarda jismoniy tarbiya va sport mashgʻulotlariga qiziqishni shakllantirish;
(4-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 8-oktabrdagi PQ-4857-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.10.2020-y., 07/20/4857/1357-son)
umumtaʼlim maktablarida — oʻquvchilar orasidan jismoniy tarbiya oʻqituvchilarini jalb qilgan holda isteʼdodli yoshlarni saralab olish (seleksiya) hamda sport maktablari sport zaxirasini shakllantirish maqsadida keyinchalik mintaqaviy sport musobaqalarida ishtirok etish uchun sinfdan tashqari sport toʻgaraklari va seksiyalari mashgʻulotlarini tashkil etish (haftasiga kamida 4 soatdan);
(4-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlim muassasalarida — oʻquvchilar orasidan jismoniy tarbiya oʻqituvchilari va sport turi boʻyicha trenerlarni jalb qilgan holda isteʼdodli yoshlarni saralash va ixtisoslashtirilgan sport maktablari sport zaxirasini shakllantirish maqsadida keyinchalik mintaqaviy hamda respublika sport musobaqalarida ishtirok etish uchun olimpiya va milliy sport turlari boʻyicha sinfdan tashqari sport toʻgaraklari hamda seksiyalari mashgʻulotlarini tashkil etish (haftasiga kamida 6 soatdan);
(4-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
oliy taʼlim muassasalarida — isteʼdodli yoshlarni saralab olish (seleksiya) va sport turlari boʻyicha milliy terma jamoalari hamda respublika oliy sport mahorati maktablari sport zaxirasini shakllantirish maqsadida keyinchalik respublika va xalqaro sport musobaqalarida olimpiya va milliy sport turlari boʻyicha talabalar sport klublari hamda jamoalarini tashkil etish.
5. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra:
maktabgacha taʼlim tashkilotlari, umumtaʼlim maktablari, oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari jismoniy tarbiya oʻqituvchisi (instruktori) hamda oliy taʼlim muassasalari jismoniy tarbiya oʻqituvchisi va kafedra mudiri lavozimlariga xalqaro darajadagi sport musobaqalari gʻoliblari tayinlanishi mumkin;
(5-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 8-oktabrdagi PQ-4857-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.10.2020-y., 07/20/4857/1357-son)
(5-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
oliy taʼlim muassasalarining jismoniy tarbiya oʻqituvchilari (kafedra mudirlari) oliy taʼlim muassasalari rahbarlari tomonidan Vazirlik vakili ishtirokida belgilangan tartibda oʻtkaziladigan tanlov natijalariga koʻra lavozimiga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;
(5-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 22-fevraldagi PF-5668-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.02.2019-y., 06/19/5668/2652-son)
jismoniy tarbiya oʻqituvchisi (instruktor va kafedra mudirlari)ning ish faoliyati samaradorligini baholash oʻquvchi (talaba)larni jismoniy va kasbiy tayyorgarligi hamda ular orasidan iqtidorli sportchilarni tanlash (seleksiya)da, eng avvalo, erishilgan aniq natijalarni hisobga olgan reyting tizimi asosida amalga oshiriladi;
jismoniy tarbiya oʻqituvchilari (instruktor va kafedra mudirlari)ni moddiy ragʻbatlantirish ular faoliyatining shaxsiy koʻrsatkichlarini reyting tizimida baholashga asosan amalga oshiriladi;
tuman (shahar) sport va ommaviy-jismoniy tarbiya tadbirlarining yagona kalendar rejalari tegishli tuman (shahar) hokimlari tomonidan tasdiqlanadi;
umumtaʼlim maktablari, oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi hamda oliy taʼlim muassasalari oʻquvchilari va talabalari oʻrtasida oʻtkaziladigan sport va ommaviy-jismoniy tarbiya tadbirlarini hamda ishtirokchilarni kiyim-kechak bilan taʼminlashni moliyalashtirish tegishliligi boʻyicha “Yoshlik”, “Barkamol avlod” va “Talaba” jismoniy tarbiya va sport jamiyatlari hisobidan amalga oshiriladi.
6. Belgilab qoʻyilsinki, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi Vazirlik bilan hamkorlikda yuqori malakali xorijiy sportchi, trener va boshqa mutaxassislarni olimpiya tayyorlash markazlari, sport federatsiya (uyushma)lari va boshqa sport tashkilotlarining oʻquv-mashgʻulot jarayonlariga keng jalb qilinishini taʼminlaydi.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 26-avgustdagi PF-5787-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.08.2019-y., 06/19/5787/3650-son)
7. Quyidagilar tashkil etilsin:
Samarqand viloyati Samarqand tumanida universal olimpiya tayyorgarligi va xalqaro musobaqalar oʻtkazish markazi;
Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanida joylashgan “Aziya-Chimgan” mehmonxonasi negizida milliy terma jamoalar uchun universal olimpiya tayyorgarligi markazi;
Jizzax viloyati Zomin tumanida “Aloqachi” sogʻlomlashtirish oromgohi negizida gimnastika sport turi boʻyicha olimpiya tayyorgarligi markazi;
Namangan viloyati Chortoq tumanida serjantlar tayyorlash maktabi negizida sport oʻyinlari boʻyicha olimpiya tayyorgarligi markazi;
Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanida “Gulnora” sogʻlomlashtirish oromgohi negizida sport yakkakurashlari boʻyicha olimpiya tayyorgarligi markazi tashkil etilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tashkil etilayotgan markazlar tasarrufida boʻlgan vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda ushbu obyektlarni barcha bino va inshoot majmualari bilan birga Oʻzbekiston Respublikasi Milliy olimpiya qoʻmitasi tasarrufiga begʻaraz oʻtkazilishini taʼminlasin.
8. Belgilab qoʻyilsinki, sport tashkilotlari (idoralari) rahbarligi lavozimiga, avval shugʻullangan professional faoliyat turidan qatʼi nazar, oliy maʼlumotli hamda boshqaruv sohasida amaliy koʻnikmaga ega boʻlgan shaxslar tayinlanishi mumkin.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 13-iyuldagi PF-6261-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.07.2021-y., 06/21/6261/0667-son)
9. Olimpiya sport turlarini 2018 — 2021-yillarda keyinchalik rivojlantirish va ommalashtirish kompleks chora-tadbirlari dasturi ilovaga* muvofiq maʼqullansin.
* Ilova rus tilidagi matnda berilgan.
Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarni oʻz vaqtida, sifatli va toʻliq amalga oshirish uchun vazirlik, muassasa va boshqa tashkilotlar rahbarlarining shaxsiy javobgarligi belgilansin.
10. Vazirlik:
ikki oy muddatda jismoniy tarbiya oʻqituvchilari (instruktor, kafedra mudirlari) faoliyati samaradorligini baholashning reyting tizimi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlasin;
2018-yil 1-mayga qadar Oʻzbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni uzoq muddatli istiqbolga rivojlantirish konsepsiyasi loyihasini xalqaro mutaxassislarni jalb qilgan holda ishlab chiqsin va kiritsin;
uch oy muddatda bolalar va oʻsmirlar sport maktablari, shu jumladan ixtisoslashtirilgan maktablarning ishlash tartibini tashkil etish tizimini tanqidiy jihatdan oʻrganib chiqish va natijasi boʻyicha ularning faoliyatini tartibga solish va takomillashtirish, tashkiliy-shtat tuzilmasini qayta koʻrib chiqish hamda ularni moliyalashtirish tizimini tartibga solish yuzasidan hukumat qarori loyihasini kiritsin;
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan hamkorlikda uch oy muddatda sportchilar, jismoniy tarbiya oʻqituvchilari, yoʻriqchilari haqidagi maʼlumotlarni hamda taʼlim muassasalarida sport turlari boʻyicha imtihon qilish tizimi tahlillari natijalarini oʻz ichiga olgan Yagona axborot tizimi yaratilishini taʼminlasin;
uch oy muddatda Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda olimpiya sport turlari boʻyicha musobaqalar va oʻquv tayyorgarlik mashqlari davomida sportchilarni tibbiy taʼminlashni tashkil etish va kuzatib borish tartibini, shu jumladan sport tibbiyot muassasalari tarmoqlarini yaratishni oʻz ichiga olgan holda, tasdiqlash toʻgʻrisidagi hukumat qarori loyihasini kiritsin;
uch oy muddatda Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va Moliya vazirligi bilan hamkorlikda taʼlim muassasalari qoshida sport klublarini tashkil etish, faoliyat olib borishi hamda moliyalashtirilishi tartibini tasdiqlash toʻgʻrisidagi hukumat qarori loyihasini kiritsin;
uch oy muddatda respublika hududida jismoniy tayyorgarlikni tashkil etishning yagona talablarini belgilashni taʼminlovchi, olimpiya sport turlari boʻyicha tayyorgarlikning yagona meʼyorlarini sport taʼlimi muassasalari faoliyatiga tatbiq etishni taʼminlasin;
Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi bilan hamkorlikda 2018-yil 1-iyunga qadar sportning qishki va oʻyin turlarining rivojlanishi va ommalashishining amaldagi holatini har tomonlama va tanqidiy tahlilini hisobga olgan holda Oʻzbekiston Respublikasida sportning qishki va oʻyin turlarini yanada rivojlanishi yuzasidan takliflar tayyorlasin;
Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi bilan hamkorlikda respublika olimpiya zaxiralari maktab-internatlari qoshida olimpiya zaxiralari markazlarini tashkil etish taklifini kiritsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
bir hafta muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini kiritsin;
bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlasin;
bir oy muddatda Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti faoliyatini tashkil etish boʻyicha hukumat qarori qabul qilinsin;
ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamgʻarmasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni ilmiy-metodik taʼminlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi nizomini, shuningdek, jismoniy tarbiya va sport mutaxassislari kontingentini toʻliq qayta tayyorlash va malakasini oshirish imkoniyatini qamrab olgan holda ularning tashkiliy-shtat tuzilmasini tasdiqlasin;
ikki oy muddatda jismoniy tarbiya va sport sohasidagi barcha turdagi taʼlim muassasalarida taʼlim standartlari qayta koʻrib chiqilsin, taʼlimning har bir bosqichida umumiy taʼlim yuklamasidan oshmagan holda, dars soatlarini oshirish yordamida, sport tarmoqlari boʻyicha baholash tizimini joriy qilish, natijalarni tizimli tahlil qilish ishlari olib borilsin;
ikki oy muddatda qurilish-montaj ishlari, zamonaviy sport jihozlari, texnikasi va inventarlar bilan taʼminlash, uzluksiz oʻquv-mashgʻulot jarayoni va sportchilar, trener hamda boshqa mutaxassis va ishchilar yashashi uchun sharoit yaratishni inobatga olgan holda olimpiya tayyorgarlik markazlari faoliyatini tashkil qilish toʻgʻrisidagi hukumat qarori qabul qilinsin;
uch oy muddatda olimpiya zaxiralari maktab-internatlari qabul kvotalarini sport turlari boʻyicha eng kam miqdorini hisobga olgan holda kerakli boʻlgan samarali taʼlim tizimi tashkil etilsin;
uch oy muddatda trenerlik faoliyati bilan shugʻullanish boʻyicha attestatsiyadan oʻtish va ruxsatnoma olish tartibini soddalashtirishga yoʻnaltirilgan hukumat qarori qabul qilinsin.
12. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari hamda boshqa tashkilotlarning sport infratuzilmasini tashkil etish va tizimli tarzda ishchilarni jismoniy tarbiya va sportga jalb qilish amaliyotini joriy etish choralarini koʻrsin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi ikki oy muddatda Mudofaa vazirligining sport klubi, “Dinamo” jismoniy tarbiya va sport jamiyatlari faoliyatini takomillashtirish va kasaba uyushmalari federatsiyasi jismoniy tarbiya va sport jamiyatini tiklash, shuningdek, idoraviy sport bazalarini modernizatsiya qilish, ular qoshida yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga jalb etish uchun barchaning shugʻullanishiga imkoni boʻlgan seksiya va toʻgaraklar tashkil etish boʻyicha chora-tadbirlar belgilasin.
14. Vazirlik hamda Adliya vazirligi boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 15-fevraldagi “Madaniyat va sport sohasida boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-4956-son Farmoni birinchi bandi uchinchi xatboshisi va uchinchi bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
16. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Q.V. Akmalov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi R.S. Qosimov va Oʻzbekiston Respublikasining Bosh prokurori O.B. Murodov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 5-mart,
PF-5368-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-martdagi PF-5368-son Farmoniga ILOVA
2018 ― 2021-yillarda olimpiya sport turlarini yanada rivojlantirish va ommalashtirish kompleks chora-tadbirlari dasturi
(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-oktabrdagi PF-6099-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 31.10.2020-y., 06/20/6099/1450-son)