PQ-3702-son Qaror · 08.05.2018

Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida oliy maʼlumotli kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-3702
  • Qabul qilingan sana:08.05.2018
  • Kuchga kirgan sana:10.05.2018
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/18/3702/1188

Qishloq va suv xoʻjaligi sohasida muhandis-texnik kadrlar tayyorlash boʻyicha oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlim muassasalarini Muvofiqlashtiruvchi kengashi hamda Qishloq xoʻjaligi yoʻnalishidagi oliy taʼlim muassasalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tashkil etilishi taʼlim jarayonini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash imkoniyatlarini yaratdi.

Shu bilan birga, suv xoʻjaligi, irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash sohasida kadrlar tayyorlash borasida bugungi kunda oʻz yechimini kutayotgan dolzarb muammolar va kamchiliklar saqlanib qolmoqda. Bunda:

birinchidan, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, jadallik bilan joriy etilayotgan zamonaviy intensiv, suvtejamkor texnologiyalar hamda ilgʻor tajribalar fan dasturlarida oʻzining aksini topmaganligi, taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha zamonaviy talablar asosida yaratilgan metodik qoʻllanmalar bilan toʻliq taʼminlanmaganligi hamda institut oʻquv-laboratoriya bazasi maʼnan va jismonan eskirganligi natijasida talabalar zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega boʻlmayotganligi sababli bitiruvchilarning mutaxassisligi boʻyicha ishga joylashishida muammolar mavjud;

ikkinchidan, mutaxassislar tayyorlash yuzasidan ehtiyojlar chuqur tahlil qilinmaganligi oqibatida sohaga innovatsion va axborot-kommunikatsion texnologiyalarni joriy etish, gidroenergetika va gidrotexnika inshootlaridan foydalanish, gidroekologiya, geo va gidroinformatika kabi yoʻnalishlarda oliy maʼlumotli kadrlarga ehtiyoj mavjud;

uchinchidan, professor-oʻqituvchilarning ilmiy salohiyati, kasbiy bilim darajasi, shuningdek, amaliy tajribalarini doimiy oshirib borish mexanizmlarini joriy etish, ularning kasbiy kompetentligini oshirishda soha boʻyicha xorijiy ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim muassasalarining ilgʻor tajribalaridan samarali foydalanilmayapti;

toʻrtinchidan, ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlashning tizimli tashkil etilmaganligi, ilmiy izlanishlarning sohada mavjud dolzarb ilmiy muammolar yechimlariga qaratilmaganligi oqibatida ilmiy faoliyatning zamonaviylik va natijadorlik darajasi pastligicha qolmoqda;

beshinchidan, talabalarning ishlab chiqarish va malakaviy amaliyotlarini sohaviy korxona va tashkilotlarning ishlab chiqarish jarayonlari bilan chambarchas bogʻlanmaganligi oqibatida bitiruvchilarning amaliy koʻnikmalari talab darajasida emas.

Suv xoʻjaligi, irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash tarmoqlari uchun mutaxassis kadrlar tayyorlash sifatini yaxshilash, Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti mavjud salohiyatidan samarali foydalanishni tashkil etish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ilmiy va ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirish, yuqori malakali raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash jarayonlarini tubdan takomillashtirish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Iqtisodiyot vazirligining takliflari asosida Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti (keyingi oʻrinlarda Institut deb ataladi) uning Buxoro filiali va akademik litseylari bilan birgalikda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tizimiga oʻtkazilsin.

(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 31-avgustdagi PF-214-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.08.2022-y., 06/22/214/0791-son)

(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 31-avgustdagi PF-214-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.08.2022-y., 06/22/214/0791-son)

(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 31-avgustdagi PF-214-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.08.2022-y., 06/22/214/0791-son)

5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Institut hamda uning Buxoro filiali ustavlarini ikki oy muddatda tasdiqlanishini va belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Institut tarkibidan chiqarilayotgan Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti hamda Qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash va elektrlashtirish ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatini tahlil qilgan holda ularning idoraviy mansubligini aniqlasin.

7. 2018/2019 oʻquv yilidan boshlab Institut hamda uning Buxoro filialida qishloq va suv xoʻjaligi bilim sohasi magistratura mutaxassisliklariga qabul Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun toʻliq davlat granti asosida amalga oshirilsin.

8. Institut va uning Buxoro filialining kadrlar buyurtmachilari roʻyxati va ularga taqsimlangan talabalar soni 5-ilovaga hamda bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklarining amaliyot oʻtash obyektlariga biriktirilishi 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

9. Quyidagilar Institut va uning Buxoro filialida yuqori malakali kadrlar tayyorlash boʻyicha kadrlar buyurtmachilarining asosiy vazifalari etib belgilansin:

korxona va tashkilotlar obyektlarida talabalarning amaliyotini tashkil qilish va ustoz-shogird tizimi asosida oʻtilishini taʼminlash hamda talabalarni ishlab chiqarishning yangi meʼyoriy hujjatlari, zamonaviy informatsion dasturiy taʼminot mahsulotlari bilan yaqindan tanishtirish;

ishlab chiqarish korxona va tashkilotlaridan tayinlangan malakaviy amaliyot rahbarlariga asosiy ish joyidan qoʻshimcha ish haqlarini tayinlash;

manfaatdor vazirlik va idoralar tasarrufidagi boshqarmalar va ularning tarkibidagi korxona va tashkilotlardan malakali, tajribali mutaxassislarni taʼlim jarayonida ishtirokini taʼminlash;

korxona va tashkilotlarda professor-oʻqituvchilarning stajirovkalari uchun shart-sharoitlar hamda kafedralarning filiallarini tashkil etish va amaliy mashgʻulotlar oʻtish imkoniyatini yaratish.

Kadrlar buyurtmachilari talaba bilan oʻqishni bitirganidan soʻng 5 yil ishlab berish majburiyatini belgilovchi shartnoma tuzish orqali uning bazaviy toʻlov kontraktini 2-bosqichda kamida 50 foiz, 3-bosqichda kamida 75 foiz va 4-bosqichda 100 foiz miqdorda toʻlab berishi mumkinligi qayd etilsin.

10. Toshkent shahar, Mirzo Ulugʻbek tumani, Qori Niyoziy koʻchasi 39a-uyda joylashgan Toshkent iqtisodiyot va biznes kasb-hunar kollejining bino-inshootlari tegishli hududi bilan birgalikda talabalar turar joyi sifatida foydalanish uchun Institutga operativ boshqaruv huquqi asosida tekin berilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda mazkur bandga asosan Institutga berilayotgan binoning Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Taʼlim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamgʻarmasi hisobidan rekonstruksiya qilinishini taʼminlasin.

(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 31-avgustdagi PF-214-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.08.2022-y., 06/22/214/0791-son)

12. Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi va Fanlar akademiyasi Suv xoʻjaligi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda suv xoʻjaligi sohasiga oid dolzarb ilmiy-texnik muammolar boʻyicha fundamental, amaliy va innovatsion loyihalarni amalga oshirishda ilmiy-tadqiqot muassasalarining Institut bilan oʻzaro muvofiqlashgan va uzviy hamkorligini taʼminlash hamda ilmiy ishlanmalarning natijadorligini oshirish yuzasidan zaruriy choralarni koʻrsin.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Adliya vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

14. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining davlat maslahatchisi R.S. Kasimov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari Q.V. Akmalov va Z.T. Mirzayev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2018-yil 8-may,

PQ-3702-son

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 31-avgustdagi PF-214-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.08.2022-y., 06/22/214/0791-son)

(1a-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 31-avgustdagi PF-214-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.08.2022-y., 06/22/214/0791-son)

(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 31-avgustdagi PF-214-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.08.2022-y., 06/22/214/0791-son)

(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 31-avgustdagi PF-214-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.08.2022-y., 06/22/214/0791-son)

(3a-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 31-avgustdagi PF-214-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.08.2022-y., 06/22/214/0791-son)

(4-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 31-avgustdagi PF-214-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.08.2022-y., 06/22/214/0791-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 8-maydagi PQ-3702-son qaroriga 5-ILOVA

Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti va Buxoro filialining kadrlar buyurtmachilari roʻyxati va ularga taqsimlangan talabalar soni*

* Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan kadrlar buyurtmachilari roʻyxati va talabalar soniga oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritilishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 8-maydagi PQ-3702-son qaroriga 6-ILOVA

Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti va uning Buxoro filiali bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklarining amaliyot oʻtash obyektlariga biriktirilishi

(6-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PF-6217-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.05.2021-y., 06/21/6217/0409-son)

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.