PQ-3704-son Qaror · 08.05.2018

Toshkent davlat agrar universitetida oliy maʼlumotli kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-3704
  • Qabul qilingan sana:08.05.2018
  • Kuchga kirgan sana:10.05.2018
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/18/3704/1186

Respublika hududlari va agrar soha tarmoqlarining oliy maʼlumotli kadrlarga boʻlgan ehtiyojlarini hisobga olgan holda 2017/2018 oʻquv yilidan boshlab qishloq xoʻjaligi yoʻnalishidagi oliy taʼlim muassasalariga hududlar boʻyicha maqsadli qabul tashkil etildi.

Toshkent davlat agrar universitetining Termiz filialini tashkil etilishi mamlakatimiz janubiy mintaqasining agrar sohasi uchun oliy maʼlumotli kadrlar tayyorlash imkoniyatini yaratdi.

Taʼlim jarayonining uzviyligi va uzluksizligini taʼminlash maqsadida akademik litseylar tegishli oliy taʼlim muassasalari tasarrufiga oʻtkazildi, soha uchun oliy maʼlumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirishda agrar tarmoqlar ishtirokini kengaytirish choralari belgilandi.

Shu bilan birga, qishloq xoʻjaligi sohasida kadrlar tayyorlash borasida bugungi kunda oʻz yechimini kutayotgan dolzarb muammolar va kamchiliklar saqlanib qolmoqda. Bunda:

birinchidan, agrar sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, jadallik bilan joriy etilayotgan zamonaviy intensiv, resurstejamkor texnologiyalar hamda ilgʻor tajribalar fan dasturlarida oʻzining aksini topmaganligi, taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha zamonaviy talablar asosida yaratilgan metodik taʼminotlar bilan toʻliq taʼminlanmaganligi hamda universitetning oʻquv-laboratoriya bazasi maʼnan va jismonan eskirganligi natijasida talabalar zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega boʻlmayotganligi sababli bitiruvchilarning mutaxassisligi boʻyicha ishga joylashishida muammolar mavjud;

ikkinchidan, mutaxassislar tayyorlash yuzasidan ehtiyojlar chuqur tahlil qilinmaganligi oqibatida sohada ilgʻor agrotexnologiya, innovatsion va axborot-kommunikatsion texnologiyalarni joriy etish kabi yoʻnalishlarda oliy maʼlumotli kadrlar yetishmasligi yuzaga keldi;

uchinchidan, professor-oʻqituvchilarning ilmiy salohiyati, kasbiy bilim darajasi, shuningdek, amaliy tajribalarini doimiy oshirib borish mexanizmlarini joriy etish, ularning kasbiy salohiyatini oshirishda xorijiy ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim muassasalarining ilgʻor tajribalaridan samarali foydalanilmayapti;

toʻrtinchidan, fan, taʼlim va ishlab chiqarishning samarali integratsiyasi taʼminlanmaganligi, ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlashning tizimli tashkil etilmaganligi, qishloq xoʻjaligi sohasidagi olib borilgan ilmiy izlanishlarning sohadagi mavjud dolzarb ilmiy muammolar yechimlariga qaratilmaganligi oqibatida ilmiy faoliyatning samaradorligi pastligicha qolmoqda;

beshinchidan, talabalarning ishlab chiqarish va malakaviy amaliyotlarini qishloq xoʻjaligi ekinlarining agrotexnik tadbirlari mavsumiga moslashtirilmaganligi va samarali tashkil etilmaganligi oqibatida bitiruvchilarning amaliy koʻnikmalari talab darajasida emas.

Qishloq xoʻjaligi sohasi uchun kadrlar tayyorlash sifatini yaxshilash, oliy taʼlim muassasalarining mavjud salohiyatidan samarali foydalanishni tashkil etish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ilmiy va ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirish, oʻquv jarayonini tashkil etishning zamonaviy usullarini joriy qilish, soha uchun yuksak malakali kadrlar tayyorlash maqsadida:

(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PF-6217-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.05.2021-y., 06/21/6217/0409-son)

(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 21-iyuldagi PF-6031-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 22.07.2020-y., 06/20/6031/1088-son)

3. Quyidagilar:

(3-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 21-iyuldagi PF-6031-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 22.07.2020-y., 06/20/6031/1088-son)

Toshkent davlat agrar universitetida oliy maʼlumotli kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish boʻyicha yoʻl xaritasi 2-ilovaga muvofiq;

Toshkent davlat agrar universiteti va uning Andijon, Nukus, Termiz filiallariga davlat va xoʻjalik boshqaruv organlari, viloyatlar hokimliklarining buyurtmalariga asosan 2018/2019 oʻquv yili uchun davlat granti hamda toʻlov kontrakt asosida bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari boʻyicha qabul kvotasi 3-ilovaga muvofiq;

2018/2019 oʻquv yilida Toshkent davlat agrar universiteti bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga davlat granti asosida maqsadli qabul kvotasini kadrlar buyurtmachilarining takliflariga asosan respublika hududlari boʻyicha taqsimoti 3a-ilovaga muvofiq;

2018-2019-yillarda Toshkent davlat agrar universiteti va uning filiallarida amalga oshiriladigan qurilish-taʼmirlash va jihozlash ishlari parametrlari 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Toshkent davlat agrar universiteti va uning filiallarida amalga oshiriladigan qurilish-taʼmirlash va jihozlash ishlarini moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan belgilangan tartibda ajratiladigan mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi.

(3-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 21-iyuldagi PF-6031-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 22.07.2020-y., 06/20/6031/1088-son)

(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 21-iyuldagi PF-6031-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 22.07.2020-y., 06/20/6031/1088-son)

5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Toshkent davlat agrar universiteti va uning filiallari ustavlarini ikki oy muddatda tasdiqlanishini va belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin.

6. Qishloq xoʻjaligi yoʻnalishidagi oliy taʼlim muassasalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tugatilsin va uning funksiyalari hamda u uchun nazarda tutilgan moliyalashtirish manbalari Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Taʼlim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamgʻarmasiga oʻtkazilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Qishloq xoʻjaligi vazirligi Qishloq xoʻjaligi yoʻnalishidagi oliy taʼlim muassasalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlarini, shu jumladan, kreditorlik va debitorlik qarzdorligini Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Taʼlim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamgʻarmasiga oʻtkazilishini taʼminlasin.

Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Suv xoʻjaligi vazirligi qishloq va suv xoʻjaligi sohasidagi oliy taʼlim muassasalari obyektlarini qurish va jihozlash boʻyicha boshlangan ishlarning oxiriga yetkazilishini taʼminlasin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda:

Toshkent davlat agrar universiteti tarkibidan chiqarilayotgan Qishloq xoʻjaligi iqtisodiyoti ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatini tahlil qilgan holda uning idoraviy mansubligini aniqlasin;

qishloq va suv xoʻjaligi sohasidagi oliy taʼlim muassasalari huzuridagi fermer xoʻjaliklari rahbarlari va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish mintaqaviy markazlari faoliyatini tanqidiy qayta koʻrib chiqib, fermer xoʻjaliklari rahbarlari va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish choralarini koʻrsin.

8. 2018/2019 oʻquv yilidan boshlab Toshkent davlat agrar universitetining magistratura mutaxassisliklariga qabul Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun toʻliq davlat granti asosida amalga oshirilsin.

9. Toshkent davlat agrar universiteti va uning filiallari, Andijon qishloq xoʻjaligi va agrotexnologiyalar institutining kadrlar buyurtmachilari roʻyxati va ularga taqsimlangan talabalar soni 5-ilovaga hamda bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklarining amaliyot oʻtash obyektlariga biriktirilishi 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PF-6217-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.05.2021-y., 06/21/6217/0409-son)

10. Quyidagilar Toshkent davlat agrar universiteti va uning Andijon, Nukus, Termiz filiallarida yuqori malakali kadrlar tayyorlash boʻyicha kadrlar buyurtmachilarining asosiy vazifalari etib belgilansin:

korxona va tashkilotlar obyektlarida talabalarning amaliyotini tashkil qilish va ustoz-shogird tizimi asosida oʻtilishini taʼminlash hamda talabalarni ishlab chiqarishning yangi meʼyoriy hujjatlari, zamonaviy axborot dasturiy taʼminot mahsulotlari bilan yaqindan tanishtirish;

ishlab chiqarish korxona va tashkilotlaridan tayinlangan malakaviy amaliyot rahbarlariga asosiy ish joyidan qoʻshimcha ish haqlarini tayinlash;

manfaatdor vazirlik va idoralar tasarrufidagi boshqarmalar va ularning tarkibidagi korxona va tashkilotlardan malakali, tajribali mutaxassislarni taʼlim jarayonida ishtirokini taʼminlash;

korxona va tashkilotlarda professor-oʻqituvchilarning stajirovkalari uchun shart-sharoitlar hamda kafedralarning filiallarini tashkil etish va amaliy mashgʻulotlar oʻtish imkoniyatini yaratish.

Kadrlar buyurtmachilari talaba bilan oʻqishni bitirganidan soʻng 5 yil ishlab berish majburiyatini belgilovchi shartnoma tuzish orqali uning bazaviy toʻlov kontraktini 2-bosqichda kamida 50 foiz, 3-bosqichda kamida 75 foiz va 4-bosqichda 100 foiz miqdorda toʻlab berishi mumkinligi qayd etilsin.

11. Toshkent davlat agrar universitetining Toshkent viloyati Qibray tumanida joylashgan “Qishloq xoʻjaligida innovatsion ishlanmalar va maslahat markazi” DUK oʻrnida “Axborot-maslahat markazi (extension center)” DUK tashkil etilsin.

(11-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 21-iyuldagi PF-6031-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 22.07.2020-y., 06/20/6031/1088-son)

“Axborot-maslahat markazi (extension center)” DUKning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:

(11-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 21-iyuldagi PF-6031-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 22.07.2020-y., 06/20/6031/1088-son)

markaz hududida talabalarning malakaviy amaliyotlarini oʻtkazish, ularning nazariy bilimlarini amaliyotda qoʻllash orqali malaka va koʻnikmalarini shakllantirish;

Toshkent davlat agrar universitetining professor-oʻqituvchilari, doktorantlari, mustaqil tadqiqotchilari, magistrantlari va iqtidorli talabalarining ilmiy-tadqiqot tajribalarini olib borishlari uchun shart-sharoitlar yaratish, ilmiy-tadqiqotlar natijalarini amaliyotga joriy etish;

qishloq xoʻjaligini rivojlantirish va ilmiy salohiyatli kadrlarni tayyorlashga yoʻnaltirilgan xalqaro va davlat grantlari doirasida ilmiy-tadqiqotlarni amalga oshirish;

qishloq xoʻjalik ekinlarining kolleksiyalarini yaratish, mevali va manzarali daraxtlarning koʻchatlarini tayyorlash;

fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari hamda ishlab chiqarish korxonalariga qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish, saqlash va qayta ishlash boʻyicha muntazam ravishda maslahatlar, tavsiyalar berib borish.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi:

Nukus pedagogika kollejining Nukus shahri, P. Seitov koʻchasi, 12-uy manzilida joylashgan binosining Toshkent davlat agrar universiteti Nukus filialiga bir oy muddatda belgilangan tartibda bepul berilishini hamda Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan belgilangan tartibda ajratiladigan mablagʻlar hisobidan kapital taʼmirlanishini taʼminlasin.

(12-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 21-iyuldagi PF-6031-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 22.07.2020-y., 06/20/6031/1088-son)

ikki oy muddatda Andijon viloyati hokimligi bilan birgalikda tugatilayotgan Andijon qishloq xoʻjaligi institutining Andijon viloyati, Andijon tumani, Kuyganyor shaharchasi, Oliygoh koʻchasi, 1-uy manzilida joylashgan bino va inshootlari, tegishli hududi, oʻquv va laboratoriya jihozlari, kompyuter texnikasi, oʻquv adabiyotlari hamda boshqa mol-mulki Toshkent davlat agrar universitetining Andijon filialiga belgilangan tartibda bepul berilishini taʼminlasin;

tugatilayotgan Andijon qishloq xoʻjaligi institutining 2017/2018 oʻquv yilida tegishli taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklarida tahsil olayotgan talabalariga ularning oʻqishini tugatguniga qadar Toshkent davlat agrar universitetining Andijon filialida oʻqishini yakunlash imkoniyatini yaratsin.

13. Toshkent davlat agrar universiteti va uning filiallarini moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari;

oʻqitishning toʻlov-kontrakt shaklidan tushgan mablagʻlar;

xoʻjalik faoliyatidan va shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan tushumlar;

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik va xayriya mablagʻlari;

xalqaro moliya tashkilotlarining grantlari;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Fanlar akademiyasi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda qishloq xoʻjaligi sohasiga oid dolzarb ilmiy-texnik muammolar boʻyicha fundamental, amaliy va innovatsion loyihalarni amalga oshirishda ilmiy-tadqiqot muassasalarining Toshkent davlat agrar universiteti bilan oʻzaro muvofiqlashgan va uzviy hamkorligini taʼminlash hamda ilmiy ishlanmalarning natijadorligini oshirish yuzasidan zaruriy choralarni koʻrsin.

15. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda Andijon qishloq xoʻjaligi instituti tugatilishi munosabati bilan uning ishdan boʻshaydigan xodimlarini oʻrnatilgan tartibda ishga joylashtirib borish choralarini koʻrsin.

16. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Adliya vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

17. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining davlat maslahatchisi R.S. Kasimov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari Q.V. Akmalov va Z.T. Mirzayev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2018-yil 8-may,

PQ-3704-son

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 21-iyuldagi PF-6031-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 22.07.2020-y., 06/20/6031/1088-son)

(1a-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 21-iyuldagi PF-6031-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 22.07.2020-y., 06/20/6031/1088-son)

(1b-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 21-iyuldagi PF-6031-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 22.07.2020-y., 06/20/6031/1088-son)

(1v-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 21-iyuldagi PF-6031-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 22.07.2020-y., 06/20/6031/1088-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 8-maydagi PQ-3704-son qaroriga 2-ILOVA

Toshkent davlat agrar universitetida oliy maʼlumotli kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish boʻyicha

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 8-maydagi PQ-3704-son qaroriga 3-ILOVA

Toshkent davlat agrar universiteti va uning Andijon, Nukus, Termiz filiallariga davlat va xoʻjalik boshqaruv organlari, viloyatlar hokimliklarining buyurtmalariga asosan 2018/2019 oʻquv yili uchun davlat granti hamda toʻlov kontrakt asosida bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari boʻyicha

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 8-maydagi PQ-3704-son qaroriga 3a-ILOVA

2018/2019 oʻquv yilida Toshkent davlat agrar universiteti bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga davlat granti asosida maqsadli qabul kvotasini kadrlar buyurtmachilarining takliflariga asosan respublika hududlari boʻyicha

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 8-maydagi PQ-3704-son qaroriga 4-ILOVA

2018-2019-yillarda Toshkent davlat agrar universiteti va uning filiallarida amalga oshiriladigan qurilish-taʼmirlash va jihozlash ishlari

Izoh. * Yakuniy hisob-kitob parametrlari loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilishi va tender (tanlov) savdolari natijalariga koʻra aniqlashtiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 8-maydagi PQ-3704-son qaroriga 5-ILOVA

Toshkent davlat agrar universiteti va uning filiallari, Andijon qishloq xoʻjaligi va agrotexnologiyalar institutining kadrlar buyurtmachilari roʻyxati va ularga taqsimlangan talabalar soni*

* Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan kadrlar buyurtmachilari roʻyxati va talabalar soniga oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritilishi mumkin.

(5-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-fevraldagi PF-67-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.02.2022-y., 06/22/67/0128-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 8-maydagi PQ-3704-son qaroriga 6-ILOVA

(6-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-fevraldagi PF-67-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.02.2022-y., 06/22/67/0128-son)

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.