PQ-3715-son Qaror · 11.05.2018

Allergik kasalliklarni profilaktika qilish, ularga tashxis qoʻyish va davolashni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-3715
  • Qabul qilingan sana:11.05.2018
  • Kuchga kirgan sana:14.05.2018
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/18/3715/1200

Mamlakatimizda sogʻliqni saqlash tizimini isloh qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, ixtisoslashtirilgan, shoshilinch va tez tibbiy yordamni, fuqarolarning sogʻligʻini saqlash va mustahkamlash sohasidagi faoliyatni takomillashtirishga doir bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.

Erishilgan ijobiy natijalarga qaramay, allergik kasalliklarga tashxis qoʻyish, ularni davolash hamda profilaktika qilish sohasida jiddiy muammo va kamchiliklar saqlanib qolmoqda. Xususan:

birinchidan, allergologiyaning fundamental va amaliy asoslari amaliy tibbiyotdan ajralgan holda rivojlanishi prinsipial yangi, molekulyar darajada allergik kasalliklarga tashxis qoʻyish va davolashning zamonaviy usullarini amaliyotga keng joriy etishga hamda qoʻllashga yetarlicha eʼtibor qaratish imkonini bermayapti;

ikkinchidan, tibbiyot muassasalarini davolash-diagnostika allergenlari bilan taʼminlashdagi kamchiliklar tibbiyot amaliyotida antibiotiklar, antigistamin va gormonal dori vositalarining asossiz ravishda keng qoʻllanilishiga olib kelmoqda;

uchinchidan, joylarda allergik kasalliklarning birlamchi va ikkilamchi oldini olish, ixtisoslashgan allergologik yordamni taʼminlash borasida zarur chora-tadbirlar koʻrilmayapti, oqibatda bemorlar viloyat markazlarida va respublikaning poytaxtida davolanishga majbur boʻlmoqdalar;

toʻrtinchidan, mazkur sohada kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimi zamon talablariga javob bermaydi, buning oqibatida tibbiyot muassasalarini malakali vrach-allergolog va immunologlar bilan toʻldirish qoniqarsiz ahvolda qolmoqda;

beshinchidan, axborot toʻplash, tahlil qilish va almashish, ishonchli statistik hisobot yuritishning samarali mexanizmi yoʻlga qoʻyilmagan, allergologik yordam koʻrsatish sohasida tibbiyot muassasalarining ixtisoslashgan boʻlimlarini nazorat qilish va muvofiqlashtirish boʻyicha yagona tizim mavjud emas;

oltinchidan, tibbiyot muassasalarining, jumladan, Respublika ilmiy-ixtisoslashtirilgan allergologiya markazining moddiy-texnik bazasi, zamonaviy tibbiyot uskunalari bilan jihozlanganlik darajasi allergik kasalliklarga samarali tashxis qoʻyish va ularni davolash imkonini bermaydi.

Ixtisoslashtirilgan allergologik yordam koʻrsatishni takomillashtirish, uning sifatini yaxshilash va undan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, allergik kasalliklarga tashxis qoʻyish va ularni davolashda ilgʻor uslublarni joriy etish, shuningdek, sohada faoliyat koʻrsatuvchi tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini va kadrlar salohiyatini mustahkamlash maqsadida:

1. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Respublika ilmiy-ixtisoslashtirilgan allergologiya markazining asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari etib belgilansin:

allergologiya sohasida fundamental va amaliy tadqiqotlar olib borish asosida allergik kasalliklarni profilaktika qilish, ularga molekulyar tashxis qoʻyish va davolash boʻyicha yagona markazlashtirilgan tizimni yaratish hamda allergik kasalliklarni erta aniqlovchi skrining dasturlarni barcha joylarda bosqichma-bosqich joriy etish;

sogʻliqni saqlash amaliyotiga ilm-fanning ijobiy natijalarini joriy etish imkonini beradigan biotibbiyotning umumjahon yutuqlari bilan bogʻliq holda allergologiya sohasida ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borish, allergik kasalliklarning oldini olish, ularga tashxis qoʻyish va davolashning innovatsion usullarini ishlab chiqish;

allergik kasalliklarga tashxis qoʻyish va ularni davolash uchun zarur boʻlgan dori-darmon vositalari, tibbiyotda qoʻllash uchun moʻljallangan buyumlar va tibbiyot texnikasi, jumladan, tashxis qoʻyish va davolash allergenlari, reagentlari va sarflash materiallari bilan taʼminlash darajasini oshirish;

klinik allergologiya va immunologiya sohasida kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish, tibbiyot muassasalarining kadrlar salohiyatini oshirish, bu sohada yetakchi xorijiy tibbiyot taʼlim muassasalari bilan yaqin hamkorlik oʻrnatish;

qoʻshma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, allergologiya sohasiga grantlar va investitsiyalarni jalb qilish, tajriba almashish maqsadida xorijiy ilmiy-tadqiqot markazlari bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, shuningdek, allergologiya sohasini rivojlantirishga bagʻishlangan konferensiyalar, simpoziumlar va seminarlar oʻtkazish.

2. Allergik kasalliklarning oldini olish, ularga tashxis qoʻyish va davolashni takomillashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar (keyingi oʻrinlarda kompleks chora-tadbirlar deb yuritiladi) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun xorijiy davlatlar, xalqaro moliya tashkilotlarining imtiyozli kreditlari (qarzlari) va grantlarini hamda boshqa budjetdan tashqari mablagʻlarni jalb qilish boʻyicha zarur chora-tadbirlar koʻrsin.

(2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son)

3. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining allergik kasalliklarni erta aniqlash uchun 18 yoshga toʻlmagan va xavf ostida boʻlgan bolalarni 2019-yil 1-yanvardan 1-iyulgacha tekshirish boʻyicha bir martalik umumdavlat aksiyasini (keyingi oʻrinlarda — bir martalik aksiya) eʼlon qilish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

Belgilansinki, bir martalik aksiya oilaviy poliklinikalar va qishloq vrachlik punktlarida, shuningdek, maktab va maktabgacha taʼlim muassasalariga borgan holda fuqarolik jamiyati institutlari vakillarining faol ishtirokida bepul asosda oʻtkaziladi.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi bir oy muddatda “Sogʻliqni saqlash” tarmogʻi boʻyicha har yili nazarda tutiladigan budjet mablagʻlari doirasida:

ushbu qarorda belgilangan vazifalar va yoʻnalishlarni hisobga olgan holda Respublika ilmiy-ixtisoslashtirilgan allergologiya markazining yangilangan tashkiliy-shtat tuzilmasini va taʼsis hujjatlarini tasdiqlasin;

davlat tibbiyot muassasalarining davolash-tashxis qoʻyish allergenlariga boʻlgan ehtiyojini aniqlasin hamda davlat tibbiyot muassasalari ehtiyojlari uchun oʻz vaqtida va uzluksiz yetkazib berish maqsadida ularni xarid qilishni tashkil etish choralarini koʻrsin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi “Dori-Darmon” AK va Respublika ilmiy-ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi bilan birgalikda 2018-yil 1-sentabrga qadar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda talab eng yuqori boʻlgan davolash-tashxis allergenlari davlat tomonidan roʻyxatdan oʻtkazilishini taʼminlasin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi Iqtisodiyot vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Fanlar akademiyasi, Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi bilan birgalikda ikki oy muddatda allergiyaga qarshi dori vositalarini, profilaktika rekombinant allergiya vaksinalarini, davolash va tashxis qoʻyish allergenlarini ustuvor ravishda erkin iqtisodiy zonalar hududida ishlab chiqarishni tashkil etish boʻyicha takliflar kiritsin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi ikki oy muddatda:

a) Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan birgalikda Respublika ilmiy-ixtisoslashtirilgan allergologiya markazida laboratoriya amaliyoti xalqaro standartlariga (GLP) javob beradigan zamonaviy yuqori texnologik uskunalar bilan jihozlangan klinik-immunologiya laboratoriyasini tashkil etish boʻyicha taklif kiritsin;

b) Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda oliy tibbiyot taʼlim muassasalaridagi oʻquv dasturlari va yuklamalarini tanqidiy oʻrganish asosida:

Toshkent tibbiyot akademiyasi va Toshkent pediatriya tibbiyot institutida allergologiya va klinik immunologiya kafedrasini tashkil etish;

2018/2019 oʻquv yilidan klinik ordinaturaga qabul qilish kvotasini koʻpaytirish;

2019/2020 oʻquv yilidan “allergologiya va klinik immunologiya” mutaxassisligi boʻyicha magistratura yoʻnalishini ochish;

Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida allergologlarning malakasini oshirish oʻquv dasturlarini takomillashtirish;

allergik kasalliklarga tashxis qoʻyish va davolash uchun zarur boʻlgan dori vositalari va tibbiyot buyumlarini yaratish va ishlab chiqarish sohasidagi zamonaviy yutuqlarni hisobga olgan holda farmatsevtika tarmogʻi uchun kadrlarni tayyorlashning oʻquv dasturlarini takomillashtirish choralarini koʻrsin;

v) Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda allergik reaksiyalar va kasalliklarni hisobga olish va monitoring qilishning avtomatlashtirilgan axborot tizimini yaratish uchun texnik vazifalarni ishlab chiqsin hamda tasdiqlasin, uni bosqichma-bosqich joriy etish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirsin;

g) respublika, viloyat va tuman (shahar) miqyosida tibbiy xizmat koʻrsatish hajmini nazarda tutuvchi allergologiya yoʻnalishida tibbiy yordam koʻrsatish tartibini, mutaxassislarning funksional vazifalarini belgilagan holda allergologiya xonasi va boʻlimini jihozlash standartlarini tasdiqlasin;

d) Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan birgalikda qoʻshma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, ilmiy-taʼlim jarayoniga xorijiy oʻqituvchilar va mutaxassislarni jalb qilish, ilmiy-pedagogik kadrlarning xorijda malakasini oshirish va stajirovka oʻtashini tashkil etish maqsadida allergologiya va immunologiya sohasidagi yetakchi xorijiy tashkilotlar va muassasalar, jumladan, Allergologlar va klinik immunologlarning Yevropa akademiyasi bilan hamkorlik munosabatlarini oʻrnatish va izchil rivojlantirish boʻyicha tashkiliy-amaliy choralarni koʻrsin.

Belgilansinki, mazkur bandda koʻrsatilgan taʼlim jarayonlarini tashkil etish oliy tibbiyot taʼlim muassasalari va ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari, mamlakatimiz tibbiyot muassasalari allergologiya boʻlinmalari va yetakchi xorijiy klinikalarning ilmiy-amaliy bazasidan foydalangan holda amalga oshiriladi.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi ikki oy muddatda xalqaro tajribani hisobga olgan holda:

Fanlar akademiyasi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan birgalikda allergen oʻsimliklar changi toʻplanishini kuzatishni va muayyan hududda allergiya patologiyasi bilan kasallangan bemorlarni xabardor qilishni nazarda tutadigan aerobiologik monitoring tizimini yaratish;

Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi bilan birgalikda allergik kasalliklar tashxisini ultrazamonaviy biologik mikrochiplarni qoʻllagan holda tashkil etish, shuningdek, kelgusida Oʻzbekiston Respublikasi aholisining “allergik pasportini” ishlab chiqish;

Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda yetakchi xalqaro mutaxassislarni jalb qilgan holda allergologiya va immunologiya sohasida ilmiy-tashxis, taʼlim va ishlab chiqarish innovatsiyalarini rivojlantirish maqsadida laboratoriya va ilmiy amaliyotning xalqaro standartlariga (GLP, GSP) javob beruvchi Xalqaro molekulyar allergologiya va immunologiya markazini tashkil etish boʻyicha takliflarni ishlab chiqsin hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

9. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi aholi orasida allergik kasalliklarni profilaktika qilish, barvaqt tashxis qoʻyish va davolash masalalari boʻyicha tizimli ravishda axborot-maʼrifiy ishlarni olib borsin.

(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-dekabrdagi PF-5892-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.12.2019-y., 06/19/5892/4134-son)

10. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:

qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;

ular tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.

11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining davlat maslahatchilari R.S. Qosimov, R.R. Inoyatov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Q.V. Akmalov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2018-yil 11-may,

PQ-3715-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 11-maydagi PQ-3715-son qaroriga ILOVA

Allergik kasalliklarni profilaktika qilish, ularga tashxis qoʻyish va davolashni takomillashtirishga doir

(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son)

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.