PQ-4973-son Qaror · 02.02.2021

Sholi yetishtirishni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-4973
  • Qabul qilingan sana:02.02.2021
  • Kuchga kirgan sana:03.02.2021
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/21/4973/0078

Soʻnggi yillarda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish, eksportni oshirish, sohaga zamonaviy texnologiyalarni tatbiq etish hamda suv resurslaridan oqilona foydalanishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Biroq, bugungi kunda tobora kuchayib borayotgan suv taqchilligi, aholi oʻsishi hamda boshqa inson taʼsiri bilan bogʻliq omillar suvni koʻp isteʼmol qiladigan ekinlarni yetishtirishga suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni taqozo etmoqda.

Respublikada sholi yetishtirish, saqlash, qayta ishlashning uzluksiz va samarali tizimini takomillashtirish, ichki isteʼmol bozorini guruch mahsulotlari bilan barqaror taʼminlash va eksport salohiyatini oshirish, bu borada ilmiy-tadqiqot ishlarini kuchaytirish hamda sholi yetishtirishda suvni tejaydigan texnologiyalarni keng qoʻllash maqsadida:

1. Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashining sholichilik klasterlari yoki sholi ekishga ruxsat etilgan mintaqalarda sholi yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklari bazasida elita urugʻchilik xoʻjaliklari (keyingi oʻrinlarda — Urugʻchilik xoʻjaliklari)ni tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin. Bunda:

“Urugʻchilikni rivojlantirish markazi” DK Sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti bilan hamkorlikda Urugʻchilik xoʻjaliklarida avlodli urugʻlik koʻpaytirish tizimini yoʻlga qoʻyadi;

Urugʻchilik xoʻjaliklari yuqori avlodli urugʻliklarni karantin nazoratidan oʻtkazilgan xorijiy kompaniyalardan yoki Sholichilik ilmiy-tadqiqot institutidan oladi va koʻpaytirishni tashkil etadi;

sholining elita va avlodli urugʻchiligini yetishtirish uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yer maydonlari ajratiladi;

ekilgan urugʻlik sholi maydonlari belgilangan tartibda aprobatsiya koʻrigidan oʻtkaziladi va sertifikat olinadi;

Urugʻchilik xoʻjaliklari tomonidan urugʻlik sholini tozalash, saralash va qadoqlash ishlari amalga oshiriladi.

(1-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevraldagi PF-22-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.02.2025-y., 06/25/22/0156-son)

2. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga asosan 2021-yil 1-iyundan boshlab urugʻlik sholiga muvofiqlik sertifikatini berish, belgilangan tartibda akkreditatsiyadan oʻtkazilgan yuridik shaxslar tomonidan ham amalga oshirilishiga ruxsat beriladi.

3. Innovatsion rivojlanish vazirligi, istisno tariqasida, 2021-yil 1-fevraldan boshlab ilmiy-texnik dasturlar doirasida sholi seleksiyasi, yetishtirish agrotexnikasi va urugʻchilik tizimini rivojlantirish bilan bogʻliq 5 yilgacha maqsadli loyihalar tanlovini eʼlon qilsin. Bunda, seleksiya yoʻnalishida amalga oshiriladigan fundamental va amaliy loyihalar avval bajarilgan loyihalarning mantiqiy davomi ekanligi inobatga olinsin va uzluksiz davom ettirilishi taʼminlansin.

4. Qishloq xoʻjaligi vazirligi (J.A. Xodjayev) Suv xoʻjaligi vazirligi (Sh.R. Xamrayev) va Fanlar akademiyasi (B.S. Yuldashev) bilan birgalikda:

mintaqalarning tuproq-iqlim sharoitlariga mos sholini almashlab ekish dasturini tuzish va ekin maydonlarining hisobini olib borish hamda Urugʻchilik xoʻjaliklarida navbatlab ekish tizimini yoʻlga qoʻysin. Bunda, bir dalada 2 yildan ortiq sholi yetishtirilishiga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha ilmiy asoslangan almashlab ekish tizimi joriy qilinadi;

Xorazm viloyatining tuproq-iqlim sharoitlarini oʻrganib, xorijdan sholining yuqori hosilli navlari urugʻlarini olib kelish hamda ularni mahalliy sharoitda koʻpaytirish boʻyicha tajriba-sinov loyihalarini amalga oshirsin. Bunda, ushbu amaliyot tajriba-sinov natijalariga koʻra respublikaning boshqa hududlariga ham tatbiq etish choralari koʻriladi.

5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashining sholi yetishtirishda suvni tejaydigan texnologiyalarni keng qoʻllash maqsadida:

2021-yilda jami sholi maydonlarining kamida 20 foizida koʻchatlab ekish, kamida 50 foizida lazer uskunasi yordamida yer tekislash tizimini joriy etish, kamida 30 foizida sholini zamonaviy urugʻ seyalkalari orqali ekish;

2022-yilda jami sholi maydonlarining kamida 40 foizida koʻchatlab ekish, kamida 70 foizida lazer uskunasi yordamida yer tekislash tizimini joriy etish, kamida 50 foizida sholini zamonaviy urugʻ seyalkalari orqali ekish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.

Bosh vazir oʻrinbosari Sh.M. Gʻaniyev, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari bilan birgalikda mazkur takliflarni toʻliq joriy etish hamda 2023-yildan boshlab yanada kengaytirish choralarini koʻrsin.

6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi (Q.R. Sariyev), Xorazm viloyati hokimligi (F.U. Ermanov) Innovatsion rivojlanish vazirligi (I.Yu. Abduraxmonov), Suv xoʻjaligi vazirligi (Sh.R. Xamrayev), Qishloq xoʻjaligi vazirligi (J.A. Xodjayev) hamda Fanlar Akademiyasi (B.S. Yuldashev) bilan birgalikda 2021-yil sholi ekish mavsumi davomida, eksperiment tariqasida, tegishli hududlarda:

500 gektardan maydonda zovur suvlaridan foydalangan holda sholi yetishtirishni;

50 gektardan maydonda anʼanaviy sugʻorish usulini qoʻllagan holda, ammo tunda suv bermaslik usulida sholi yetishtirishni;

20 gektardan maydonda yomgʻirlatib sugʻorish usulida hamda 20 gektardan maydonda tuproqosti tomchilatib sugʻorish usulida sholi yetishtirishni yoʻlga qoʻysin.

Qishloq xoʻjaligi vazirligi eksperiment natijalari boʻyicha batafsil hisobotni hamda 2022-yilda mazkur ekish va sugʻorish texnologiyalarini keng qoʻllash boʻyicha chora-tadbirlar dasturini 2021-yil 1-dekabrga qadar Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevraldagi PF-22-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.02.2025-y., 06/25/22/0156-son)

8. Sholi yetishtirish va qayta ishlash maqsadida, xorijdan olib kelinadigan sholi nav va duragay urugʻliklari, laboratoriya jihoz va uskunalari, zamonaviy qishloq xoʻjaligi texnikalari va agregatlari, don quritish uskunalari hamda butlovchi qismlari 2023-yil 1-yanvarga qadar belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxatlarga muvofiq bojxona bojidan ozod qilinsin.

9. Quyidagilar:

(9-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevraldagi PF-22-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.02.2025-y., 06/25/22/0156-son)

(9-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevraldagi PF-22-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.02.2025-y., 06/25/22/0156-son)

Oʻzbekistonda sholichilikni rivojlantirish boʻyicha 2021-2022-yillarga moʻljallangan kompleks chora-tadbirlar dasturi (keyingi oʻrinlarda — Dastur) 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Bosh vazir oʻrinbosari Sh.M. Gʻaniyev, Qishloq xoʻjaligi vazirligi (J.A. Xodjayev) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda mazkur prognoz koʻrsatkichlarining bajarilishini hamda Dasturning ijrosini taʼminlasin.

10. Qishloq xoʻjaligi vazirligi (J.A. Xodjayev) Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (A.X. Toshqulov) bilan birgalikda:

bir oy muddatda Toshkent davlat agrar universiteti va uning filiallari, Andijon qishloq xoʻjaligi va agrotexnologiyalar institutida sholichilik yoʻnalishida qabul kvotasini oshirish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin;

2021-yil 1-iyunga qadar Qoraqalpogʻiston Respublikasida Toshkent davlat agrar universitetining Nukus filialini hamda Vyetnam agrar universiteti bilan birgalikda sholichilik yoʻnalishida qoʻshma fakultet tashkil qilish choralarini koʻrsin;

ikki oy muddatda dunyoning sholichilikka ixtisoslashgan markazlarida (Yaponiya, Xitoy, Rossiya, Janubiy Koreya, Filippin va boshqalar) yosh kadrlar va mutaxassislarning xorijiy grantlar asosida malakasini oshirishga yuborish boʻyicha choralarni belgilasin.

11. Mazkur qarorda nazarda tutilgan koʻrsatkichlarga oʻz vaqtida erishish orqali oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, shuningdek, bu borada samarali nazorat tizimini oʻrnatish maqsadida:

a) Bosh prokuratura (Sh.J. Raximov), Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti (D.F. Raximov):

(11-band “a” kichik bandining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevraldagi PF-22-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.02.2025-y., 06/25/22/0156-son)

mazkur qarorning 5-bandida nazarda tutilgan sholi maydonlarida koʻchatlab ekish, lazer uskunasi yordamida yer tekislash hamda sholini zamonaviy urugʻ seyalkalari orqali ekish tizimlarini joriy qilinishi ustidan doimiy nazorat oʻrnatsin;

respublika hududlarida roʻyxatga olinmagan sholi yetishtirish holatlarini aniqlab, ularni qonun hujjatlariga muvofiq rasmiylashtirish choralarini koʻrsin;

mazkur qaror talablariga qatʼiy rioya etilishini hamda uni buzgan aybdorlarga nisbatan qonun doirasida tegishli choralar koʻrilishini taʼminlasin;

amalga oshirilgan ishlar yuzasidan har oy yakuni boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritib borsin.

b) Qishloq xoʻjaligi vazirligi (M.I. Roʻzmetov), Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi (F.K. Umarov), Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Q.A. Yuldashev) uchuvchisiz uchish qurilmalari yordamida mazkur qarorga muvofiq sholi ekinlarini joylashtirish, navbatlab ekishni tashkil etish, shuningdek noqonuniy sholi maydonlarini aniqlashga koʻmaklashsin;

v) Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi (A.D. Vaxabov), Ichki ishlar vazirligi (S.A. Nishanbayev), Suv xoʻjaligi vazirligi (Sh.R. Xamrayev) hamda Qishloq xoʻjaligi vazirligi (J.A. Xodjayev) mazkur bandda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirishda har tomonlama koʻmaklashsin;

g) Bosh vazir oʻrinbosari Sh.M. Gʻaniyev:

ikki hafta muddatda mazkur qaror doirasida 2021-yil hosili uchun sholi yetishtirish prognoz koʻrsatkichlaridan kelib chiqib, qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilari kesimida manzilli roʻyxatni tasdiqlasin;

respublika hududlarida, mazkur qaror talablari boʻyicha sholi yetishtirishni koʻpaytirish hamda urugʻ, mineral oʻgʻit, suv va boshqa resurslarni tejaydigan texnologiyalarni keng joriy qilish choralarini koʻrsin.

12. Xorazm viloyat hokimligi (F.U. Ermanov) 2021-yil 1-iyulga qadar:

Sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti Xorazm filialiga Gurlan tumani Chinobod MMTP hududidagi boʻsh yer maydonida maʼmuriy laboratoriya binosini qurish hamda zarur boʻladigan qishloq xoʻjaligi texnikalari, laboratoriya uskunalari bilan taʼminlash mahalliy budjet daromadlari rejasining oshirib bajarilgan qismi hisobidan amalga oshirilishi choralarini koʻrsin;

Gurlan tumanidan 200 gektar sugʻoriladigan yer maydonlari ajratilishini taʼminlasin.

13. Qishloq xoʻjaligi vazirligi (J.A. Xodjayev):

a) Sholichilik ilmiy-tadqiqot institutining hisob-kitoblariga asosan sholi urugʻligini saralash uchun zamonaviy kichik hajmdagi saralash va qadoqlash sexlarini tashkil etish, laboratoriya jihozlari, qishloq xoʻjaligi texnika va agregatlari bilan taʼminlash uchun Jahon bankining “Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish” loyihasi doirasida jalb etilgan mablagʻlaridan ajratilishini taʼminlasin;

b) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:

superelita, elita va keyingi avlodlarga mansub urugʻlik sholi yetishtirish uchun Urugʻchilik xoʻjaliklarini tanlash tartibini;

qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

14. Mazkur qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari Sh.M. Gʻaniyev zimmasiga yuklansin.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga har chorak yakuni boʻyicha axborot kiritib borilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2021-yil 2-fevral,

PQ-4973-son

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevraldagi PF-22-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.02.2025-y., 06/25/22/0156-son)

(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevraldagi PF-22-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.02.2025-y., 06/25/22/0156-son)

(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevraldagi PF-22-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.02.2025-y., 06/25/22/0156-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 2-fevraldagi PQ-4973-son qaroriga 4-ILOVA

Oʻzbekistonda sholichilikni rivojlantirish boʻyicha 2021-2022-yillarga moʻljallangan kompleks chora-tadbirlar

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.