PQ-4969-son Qaror · 01.02.2021

Qishloq xoʻjaligi mashinasozligi tarmogʻida sogʻlom raqobat muhitini yaratishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-4969
  • Qabul qilingan sana:01.02.2021
  • Kuchga kirgan sana:02.02.2021
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/21/4969/0075

Qishloq xoʻjaligi mashinasozligi tarmogʻida sogʻlom raqobat muhitini rivojlantirish, barcha ishlab chiqaruvchilarga teng sharoitlar yaratish va tarmoqning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish maqsadida:

1. Qishloq xoʻjaligi mashinasozligi tarmogʻida faoliyat yurituvchi mahalliy qishloq xoʻjaligi texnikasini ishlab chiqaruvchilar qishloq xoʻjaligi texnikasini ishlab chiqarish va unga servis xizmatini koʻrsatish uchun butlovchi buyumlar, xom ashyo va materiallarni import qilishda tovarlar erkin muomalaga (importga) chiqarishning bojxona rejimiga joylashtirilgan sanadan boshlab qoʻshilgan qiymat soligʻini 120 kun kechiktirib toʻlashiga ruxsat berilsin.

(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-oktabrdagi PF-156-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.10.2024-y., 06/24/156/0816-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 16-yanvar)

2. Belgilansinki, ushbu qarorga muvofiq imtiyozlar qoʻllangan holda:

import qilinadigan ehtiyot qismlari va butlovchi buyumlar roʻyxatlari va ularga tuzatishlar imtiyoz berilgan tashkilot tomonidan shakllantiriladi hamda ular yuzasidan Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi huzuridagi “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUKning ijobiy xulosasi olingan taqdirda, import qiluvchi har qanday tashkilotlar roʻyxatda koʻrsatilgan tovarlarni belgilangan tartibda import qilish huquqiga ega boʻladi;

import qilingan tovarlardan maqsadli foydalanish uchun import qilgan tashkilotlar rahbarlari shaxsan masʼul hisoblanadi.

3. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi Moliya vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi va tegishli manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda 2021-yil 1-dekabrga qadar qishloq xoʻjaligi mashinasozligini yanada rivojlantirishni ragʻbatlantirish, shu jumladan tarmoqda yangi mahsulotlarni ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish hamda mahalliylashtirishni chuqurlashtirishga qaratilgan loyihalarni xorijiy va mahalliy investorlar uchun jozibadorligini oshirish boʻyicha takliflar ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari J.A. Qoʻchqorov va S.Oʻ. Umurzakov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2021-yil 1-fevral,

PQ-4969-son

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.