Intellektual mulk sohasini rivojlantirish mamlakatimizning jahon integratsiyasidagi asosiy omil ekanligidan kelib chiqib, intellektual mulk obyektlarini muhofaza qilish tizimini takomillashtirish, shuningdek, 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirish maqsadida:
1. 2021-yil 1-apreldan boshlab:
intellektual mulk sohasidagi xalqaro shartnomalar normalaridan kelib chiqib, tovar belgisi va xizmat koʻrsatish belgisining faqat tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan yuridik yoki jismoniy shaxs nomiga roʻyxatdan oʻtkazilishiga nisbatan qonunchilikdagi mavjud cheklovlar bekor qilinsin;
intellektual mulk obyektlarini davlat roʻyxatiga olish muddatlarini keskin qisqartirish imkoniyatlarini yaratuvchi tezkor ekspertiza tartibi joriy etilsin. Bunda, intellektual mulk obyektini muhofazaga olish uchun topshiriladigan talabnoma boʻyicha dastlabki qidiruv tomonlarning kelishuviga muvofiq amalga oshirilishi nazarda tutiladi.
2. Adliya vazirligi (keyingi oʻrinlarda — Vazirlik) faoliyatida intellektual mulk obyektlariga talabnomalarni davlat ekspertizasidan oʻtkazish jarayonida autsorsing usullarini qoʻllash tajribasi yoʻlga qoʻyilsin.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 26-apreldagi PQ-221-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.04.2022-y., 07/22/221/0357-son)
3. Quyidagilar:
Intellektual mulk muhofazasini mustahkamlash va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” 1-ilovaga muvofiq;
Intellektual mulk (ixtiro, foydali model, sanoat namunasi, seleksiya yutuqlari) sohasini rivojlantirish boʻyicha 2021 — 2023-yillarga moʻljallangan amaliy ishlar dasturi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Vazirlik, idora va boshqa tashkilotlar, mahalliy ijroiya hokimiyati organlarining birinchi rahbarlari zimmasiga “Yoʻl xaritasi” va dasturda belgilangan tadbirlarning oʻz vaqtida, sifatli va toʻliq bajarilishi yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.
4. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra:
2025-yil 1-yanvarga qadar milliy eksport qiluvchilar tomonidan chet elda tovar kelib chiqqan joy nomlari (geografik koʻrsatkichlar)ni roʻyxatga olish boʻyicha qilinadigan sarf-xarajatlari Adliya vazirligining Intellektual mulkni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan toʻliq qoplanadi;
(4-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 26-apreldagi PQ-221-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.04.2022-y., 07/22/221/0357-son)
2021-yil 1-iyunga qadar davlat boshqaruvi organlari va davlat korxonalari, ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim tashkilotlari oʻzlariga tegishli boʻlgan intellektual mulk (mualliflik huquqi, turdosh huquqlar va sanoat mulki) obyektlarini toʻliq xatlovdan oʻtkazib, ularni buxgalteriya hisobida aks ettiradi;
eksport ulushi umumiy tovar aylanmasining 60 foizidan ortigʻini tashkil etadigan eksport qiluvchi, shuningdek, qishloq xoʻjaligi va hunarmandchilik sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlik subyektlari uchun tovar belgilarini 2021-2022-yillarda milliy roʻyxatdan oʻtkazish bepul amalga oshiriladi;
tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish jarayonida tovar belgisi va xizmat koʻrsatish belgisini ham davlat roʻyxatidan oʻtkazish targʻib qilinadi;
Savdo-sanoat palatasi va Vazirlik tomonidan yiliga kamida bir marta respublikaning har bir maʼmuriy birliklarida tadbirkorlik faoliyatini tashkil etayotgan shaxslar uchun oʻz brendiga ega boʻlishning afzalligi boʻyicha Oʻzbekiston va xalqaro miqyosda tan olingan milliy brendlar egalari boʻlgan ishbilarmonlarning ishtirokida milliy anjumanlar va master-klasslar oʻtkaziladi.
(4-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 26-apreldagi PQ-221-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.04.2022-y., 07/22/221/0357-son)
5. Agentlik va Innovatsion rivojlanish vazirligining 2021-yil 1-oktabrga qadar davlat boshqaruvi organlari, davlat korxonalari, ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim tashkilotlari oʻziga tegishli boʻlgan intellektual mulk obyektlari hisobini toʻgʻri yuritish, ularga boʻlgan huquqlarni xoʻjalik muomalasiga kiritish, ilmiy faoliyat natijalarini tijoratlashtirilishiga koʻmaklashishga qaratilgan Agentlik huzuridagi “Patent platformasi”ni ishga tushirish boʻyicha taklifiga rozilik berilsin.
Belgilansinki:
mazkur platformada ixtirolar, foydali modellar, sanoat namunalari, seleksiya yutuqlari, tovar belgilari, xizmat koʻrsatish belgilari, tovar kelib chiqqan joy nomlari muhofaza hujjatlariga oid maʼlumotlar batafsil aks ettiriladi;
platforma elektron shaklda real vaqt rejimida yuritiladi hamda unga tadbirkorlik subyektlari ixtiyoriy va bepul asosda kiritiladi.
6. Belgilansinki:
eng yaxshi intellektual mulk obyektlari yaratuvchilarini Vazirlik tomonidan Butunjahon intellektual mulk tashkilotining maxsus mukofotlariga taqdim etish boʻyicha tavsiyalar kiritiladi.
(6-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 26-apreldagi PQ-221-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.04.2022-y., 07/22/221/0357-son)
(6-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 27-noyabrdagi PQ-358-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.11.2025-y., 07/25/358/1105-son)
(6-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 27-noyabrdagi PQ-358-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.11.2025-y., 07/25/358/1105-son)
7. Adliya vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Agentlikning intellektual mulk sohasiga oid fanlarni kadrlar tayyorlash tizimiga, jumladan respublika taʼlim tashkilotlari, qayta tayyorlash va malaka oshirish markazlarida bosqichma-bosqich joriy etish toʻgʻrisidagi taklifi qoʻllab-quvvatlansin.
Belgilansinki, intellektual mulk sohasiga oid fanlarni kadrlar tayyorlash tizimiga joriy etishning birinchi bosqichida, 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab oliy taʼlim tashkilotlarida, xususan, ishlab chiqarish va texnik, qishloq va suv xoʻjaligi sohalaridagi taʼlim yoʻnalishlarida ilgʻor xorijiy tajriba asosida hamda yosh avlod orasida ijodkorlarning mehnatiga boʻlgan hurmat hissini shakllantirishga qaratilgan intellektual mulk fanlari joriy etiladi va ular boʻyicha oʻtkaziladigan mashgʻulotlarda sohada faoliyat olib boruvchi amaliyotchilar ishtirok etishi taʼminlanadi.
8. Innovatsion rivojlanish vazirligi zimmasiga ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim tashkilotlarini intellektual mulk masalasida iqtisodiyot tarmoqlari (yengil sanoat, farmatsevtika, qishloq xoʻjaligi va boshqalar) bilan bogʻlashni taʼminlash vazifasi yuklatilsin.
9. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish va vinochilikni rivojlantirish agentligi, Savdo-sanoat palatasi, “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi, “Hunarmand” uyushmasi va “Navoiyazot” AJ 100 ta “mahalliy brend”larni xalqaro roʻyxatga olishni tashkil etsin.
10. Savdo-sanoat palatasi har bir hududda yiliga kamida toʻrt marta franshizalar yarmarkasi va koʻrgazmalarini tashkil etsin.
11. Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi ilmiy-tadqiqot muassasalari va oliy taʼlim tashkilotlarida intellektual mulk sohasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan yil yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga muntazam ravishda hisobot berish tartibi yoʻlga qoʻyilsin.
12. Oliy sud, Adliya vazirligi va Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi ikki oy muddatda xalqaro ekspertlarni jalb qilib, sudyalarni intellektual mulk sohasida oʻqitish dasturini ishlab chiqib, yil yakuniga qadar sudyalarni oʻqitish tizimini yoʻlga qoʻysin.
Bunda, xalqaro tashkilotlari koʻmagi ostida intellektual mulk sohasidagi nizolarni koʻrib chiquvchi sudyalar uchun chuqurlashtirilgan oʻquv dasturi tashkil etilishiga alohida urgʻu berilsin.
13. Intellektual mulk sohasida davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish va amalga oshirilayotgan ishlarning manzilliligini taʼminlashni koʻzlab, adliya organlari va muassasalari boshqaruv xodimlarining cheklangan soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida hududiy adliya boshqarmalarining 11 ta va tuman (shahar) adliya boʻlimlarining 17 ta shtat birliklarini optimallashtirish hisobiga Agentlikning tuzilmasida:
Intellektual mulk huquqlariga rioya etilishini monitoring qilish boʻlimi negizida Intellektual mulk himoyasi boshqarmasi (keyingi oʻrinlarda — Boshqarma);
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Intellektual mulk himoyasi markazlari (keyingi oʻrinlarda — markazlar) tashkil etilsin.
Bunda, adliya organlarining oʻtkazilayotgan 28 ta shtat birliklaridan 3 tasi — Boshqarmani, 25 tasi — markazlarni toʻldirish uchun yoʻnaltiriladi.
(14-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi PF-80-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.05.2024-y., 06/24/80/0364-son)
(15-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi PF-80-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.05.2024-y., 06/24/80/0364-son)
16. Agentlik ikki oy muddatda markazlarni yuqori malakali kadrlar bilan, birinchi navbatda, amaliy tajribaga ega hamda zimmasiga yuklatilgan vazifalarni lozim darajada bajarishga qodir shaxslar orasidan ochiq tanlov asosida Agentlik tomonidan belgilanadigan tartibda toʻldirilishini hamda markazlar toʻgʻrisidagi nizomlar ishlab chiqilishini taʼminlasin.
17. Mazkur qaror ijrosini taʼminlash bilan bogʻliq budjet xarajatlari 2021-yilda Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchi sifatida Adliya vazirligiga ajratiladigan mablagʻlar doirasida belgilansin, 2022-yildan boshlab esa Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutilsin.
(18-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi PF-80-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.05.2024-y., 06/24/80/0364-son)
19. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 3-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
20. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
21. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil etishga masʼul hamda shaxsiy javobgar etib adliya vaziri R.K. Davletov belgilansin.
Qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga har yarim yil yakuni boʻyicha axborot kiritib borilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 28-yanvar,
PQ-4965-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 28-yanvardagi PQ-4965-son qaroriga1-ILOVA
Intellektual mulk muhofazasini mustahkamlash va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish boʻyicha
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 6-iyuldagi PF-108-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.07.2023-y., 06/23/108/0460-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 28-yanvardagi PQ-4965-son qaroriga2-ILOVA
Intellektual mulk (ixtiro, foydali model, sanoat namunasi, seleksiya yutuqlari) sohasini rivojlantirish boʻyicha 2021 — 2023-yillarga moʻljallangan amaliy ishlar
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 26-apreldagi PQ-221-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.04.2022-y., 07/22/221/0357-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 28-yanvardagi PQ-4965-son qaroriga3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
(1-band Oʻzbekiston Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 17-martdagi PF-89-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.03.2022-y., 06/22/89/0227-son)
2. Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 1-iyuldagi 298-son qarori bilan tasdiqlagan Patent vakillari toʻgʻrisidagi nizomda:
a) 4-bandda:
uchinchi xatboshisi chiqarib tashlansin;
toʻrtinchi xatboshisi uchinchi xatboshisi deb hisoblansin;
uchinchi xatboshisidagi “bilimlarga hamda malaka imtihoni natijalari bilan tasdiqlangan tegishli koʻnikmalarga va amaliy qoʻllanish tajribasiga” degan soʻzlar “malaka imtihoni natijalari bilan tasdiqlangan bilimlarga” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
b) 6-band “va rasmiy veb-saytida joylashtiradi” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin;
v) 7-banddagi “Agentlik belgilaydigan” degan soʻzlar “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi belgilaydigan” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
g) 9-bandning uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Malaka komissiyasi malaka imtihoni savollarini tasdiqlaydi, malaka imtihonini oʻtkazadi va nomzod yoki patent vakilining attestatsiyadan oʻtkazilganligi toʻgʻrisida qarorlar qabul qiladi”;
d) 10-bandning birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“10. Nomzod Agentlikka oʻzini patent vakili sifatida attestatsiyadan oʻtkazish toʻgʻrisida ariza beradi. Arizaga oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi diplom nusxasi, Oʻzbekiston Respublikasi hududida doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olinganlik toʻgʻrisidagi belgi mavjud boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolik pasporti nusxasi, attestatsiyadan oʻtkazish uchun belgilangan toʻlov toʻlanganligi haqidagi hujjat, shuningdek, nomzodning istagiga koʻra uning kasb bilimlari darajasini tavsiflovchi boshqa hujjatlar ilova qilinadi”;
e) 11-bandda:
quyidagi mazmundagi ikkinchi, uchinchi va toʻrtinchi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“Nomzod yoki patent vakilini malaka imtihoniga qoʻyish quyidagi hollarda rad etiladi:
ushbu Nizomning 3-bandi, 4-bandining ikkinchi xatboshisi, 5-bandi va 10-bandining uchinchi xatboshisi (patent vakili uchun)da belgilangan talablarga rioya qilinmaganda;
attestatsiya uchun belgilangan toʻlov toʻlanmaganda”;
ikkinchi xatboshi beshinchi xatboshi deb hisoblansin;
j) 13-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“13. Malaka komissiyasi nomzod yoki patent vakilini attestatsiyadan oʻtkazishni quyidagi hollarda rad etadi:
ushbu Nizomning 4-bandi uchinchi xatboshisida nazarda tutilgan talablarga nomuvofiq boʻlganda;
malaka imtihoniga qoʻyish rad etilganda.
Ushbu bandning ikkinchi xatboshisi asosida attestatsiyadan oʻtkazish rad etilgan nomzod yoki patent vakili kamida olti oydan keyin takroriy attestatsiyaga qoʻyilishi mumkin”;
z) 15-banddagi “uning attestatsiyadan oʻtganligi toʻgʻrisida qaror qabul qilingan” degan soʻzlar “uni roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi ariza berilgan” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
i) 16-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“16. Agentlik reyestrda roʻyxatdan oʻtkazilgan sanadan boshlab oʻn kun mobaynida patent vakiliga roʻyxatdan oʻtganlik toʻgʻrisida guvohnoma beradi va roʻyxatdan oʻtkazish maʼlumotlarini Agentlikning rasmiy axborotnomasida eʼlon qiladi. Koʻrsatilgan maʼlumotlar reyestrda roʻyxatdan oʻtkazilgan kunda Agentlikning rasmiy veb-saytida joylashtiriladi. Guvohnoma shakli va eʼlon qilinadigan maʼlumotlar tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan belgilanadi”;
k) 24-band quyidagi mazmundagi jumla bilan toʻldirilsin:
“Koʻrsatilgan axborot reyestrdan chiqarilgan kunda Agentlikning rasmiy veb-saytida joylashtiriladi”;
l) 25-banddagi “amalga oshirilishi mumkin” degan soʻzlar “amalga oshiriladi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
m) 29-banddagi “Agentlik belgilaydigan” degan soʻzlar “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi belgilaydigan” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi PF-80-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.05.2024-y., 06/24/80/0364-son)