Buyuk shoir va mutafakkir, atoqli davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiyning hayoti va ijodini, uning boy ilmiy-adabiy merosini oʻrganish, asarlarini yurtimiz va xorijiy mamlakatlarda keng targʻib qilish hamda xotirasini abadiylashtirish maqsadida:
1. Fanlar akademiyasi, Madaniyat vazirligi va Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining Fanlar akademiyasi muassisligida Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondini (keyingi oʻrinlarda — Fond) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Quyidagilar Fondning asosiy vazifalari etib belgilanishi maʼlumot uchun qabul qilinsin:
Alisher Navoiy hayoti, yuksak insonparvarlik gʻoyalari va ilmiy-adabiy merosini yurtimizda va xalqaro miqyosda keng oʻrganish va targʻib qilish;
Alisher Navoiy asarlarini xorijiy tillarga tarjima qilish, mukammal ilmiy nashrlarini yaratish, ularni respublikada va chet ellarda nashr etish;
Alisher Navoiyning ilmiy-adabiy merosini tadqiq etayotgan adib va olimlar faoliyatiga koʻmaklashish, ular yaratgan ilmiy va badiiy asarlarni jamlash, shoir ijodini oʻrganayotgan, jumladan xorijiy davlatlardagi ilmiy-ijodiy markazlar bilan hamkorlik qilish;
har yili Alisher Navoiy tugʻilgan sana — 9-fevral kuni xalqaro konferensiya (simpozium) va “Navoiyxonlik kunlari”ni tashkil etish va oʻtkazish.
3. Quyidagilar:
Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondi Vasiylik kengashining tarkibi 1-ilovaga muvofiq;
Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondining tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq maʼqullansin.
Belgilansinki, Ijro etuvchi direksiya Fondning ijro organi hisoblanadi va unga ijrochi direktor rahbarlik qiladi.
4. Vasiylik kengashiga quyidagi vakolatlar berilsin:
Fondning daromad va xarajatlari boʻyicha prognoz koʻrsatkichlarini hamda mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibini tasdiqlash;
Fond mablagʻlaridan foydalanishning asosiy yoʻnalishlarini belgilash;
ijrochi direktorni lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod qilish;
Ijro etuvchi direksiya tomonidan Fond mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishi ustidan tizimli nazorat oʻrnatilishini taʼminlash;
zarur hollarda, shtat birliklari va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida Fondning tuzilmasiga oʻzgartirish kiritish;
Fond zimmasiga yuklangan vazifalarni amalga oshirish uchun manfaatdor davlat va nodavlat tashkilotlarni hamda homiylarni jalb etish.
5. Quyidagilar Fond mablagʻlarini shakllantirish manbalari etib belgilansin:
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbek tilini rivojlantirish jamgʻarmasi tomonidan har yili 1 mlrd soʻmgacha ajratiladigan mablagʻlar;
xalqaro moliya institutlari grantlari;
yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;
qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar.
6. Fanlar akademiyasi va Adliya vazirligi ikki oy muddatda Fond ustavining belgilangan tartibda tasdiqlanishi va davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin.
7. Fond Toshkent shahar, Mirzo Ulugʻbek tumani, akademik Yahyo Gʻulomov koʻchasi, 70-uyning bir qismida tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin.
8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 4-fevral,
PQ-4977-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 4-fevraldagi PQ-4977-son qaroriga1-ILOVA
Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondi Vasiylik kengashining
Izoh: Vasiylik kengashi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklatilgan shaxslar kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 4-fevraldagi PQ-4977-son qaroriga2-ILOVA
Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondining
Jamoat fondi xodimlarining cheklangan soni — 3 nafar, shu jumladan boshqaruv xodimlari — 2 nafar.