Mamlakatimizda yuqori sifatli charm, poyabzal, charm-attorlik mahsulotlari, shuningdek, moʻyna va jundan yuqori qoʻshilgan qiymatli tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni yanada kengaytirish, sohada kichik va oʻrta biznesni rivojlantirish orqali yangi ish oʻrinlarini yaratish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etishni ragʻbatlantirish maqsadida:
1. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Moliya vazirligining Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 6-yanvardagi “Oziq-ovqat, charm-poyabzal va farmatsevtika sanoatida investitsiya loyihalarini moliyalashtirish manbalarini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-2718-son qaroriga asosan ochilgan kredit liniyalarining tanlanmagan mablagʻlari hisobidan Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi tomonidan 2021-2022-yillarda charmdan tayyor mahsulotlar, charm-attorlik, shuningdek, moʻyna va jundan yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish uchun umumiy qiymati 50 million AQSH dollari miqdoridagi kredit liniyalarini ustav fondida (kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan tijorat banklarida ochish haqidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi mazkur qarorning 1-bandida koʻzda tutilgan kredit liniyalarini tegishli tijorat banklariga 3 yillik imtiyozli davrni oʻz ichiga olgan holda 7 yil muddatgacha, yillik 4 foiz stavkasi shartlarida ochadi;
kreditlar tadbirkorlik subyektlariga zamonaviy yangi uskuna va texnologiyalarni xarid qilish uchun 2 yillik imtiyozli davrni oʻz ichiga olgan holda 7 yil muddatgacha, yillik 6 foiz stavkasida ajratiladi.
3. 2029-yil 1-yanvarga qadar Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirishda bojxona bojining nol stavkasi qoʻllaniladigan xom ashyo, materiallar va furnituralar roʻyxati 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 12-yanvardagi PF-4-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.01.2026-y., 06/26/4/0043-son)
4. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi, Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlari, Toshkent hamda Surxondaryo viloyatlari hokimliklarining “Oybek-avtoyoʻl” (Toshkent viloyati) va “Sariosiyo-avtoyoʻl” (Surxondaryo viloyati) chegara oʻtkazish punktlaridan qoʻshni davlat chegarasigacha boʻlgan joylarda eksperiment tariqasida mahalliy tayyor mahsulotlar savdosiga ixtisoslashtirilgan savdo nuqtalarini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Ushbu savdo nuqtalarida faoliyat yuritadigan tadbirkorlar tomonidan realizatsiya qilinadigan hamda qoʻshni davlat hududiga olib chiqilgan tovarlar eksportga tenglashtirilsin.
Toshkent va Surxondaryo viloyatlari hokimliklari Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlari bilan birgalikda bir oy muddatda “Oybek-avtoyoʻl” va “Sariosiyo-avtoyoʻl” chegara oʻtkazish punktlaridan qoʻshni davlat chegarasigacha boʻlgan joylarda savdo nuqtalarini tashkil etish uchun tadbirkorlik subyektlariga belgilangan tartibda yer maydonlari ajratilishini hamda mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan tegishli infratuzilmalar yaratilishini taʼminlasin.
“Oʻzcharmsanoat”, “Oʻztoʻqimachiliksanoat”, “Oʻzbekipaksanoat”, “Oʻzeltexsanoat” va boshqa uyushmalar tashkil etiladigan savdo nuqtalarini ishlab chiqaruvchi korxonalarning sifatli mahalliy mahsulotlari bilan taʼminlasin.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Davlat bojxona qoʻmitasi, Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlari bilan birgalikda 2022-yil 1-iyunga qadar eksperiment natijalaridan kelib chiqib, respublikaning boshqa xalqaro qatnovlari uchun ochiq boʻlgan chegara oʻtkazish punktlaridan qoʻshni davlat chegarasigacha boʻlgan joylarda mahalliy tayyor mahsulotlar savdosiga ixtisoslashtirilgan savdo nuqtalarini tashkil etish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
5. “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi tomonidan Charm-poyabzal sohasini rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan respublika hududlarida va xorijiy davlatlarda mahalliy korxonalarda ishlab chiqarilgan charm mahsulotlari savdosiga ixtisoslashtirilgan “Multibrand” doʻkonlarini tashkil etish va uning elektron savdo platformasini yaratish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
“Multibrand” doʻkonlarini respublika hududlarida va xorijda tashkil etish hamda uning elektron savdo platformasini yaratish, shuningdek, “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi aʼzolarining yetakchi elektron savdo platformalarida mahalliy charm mahsulotlarini joylashtirish boʻyicha xarajatlarini Charm-poyabzal sohasini rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshirishga rozilik berilsin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi bilan birgalikda ikki oy muddatda yangi tashkil etilayotgan “Multibrand” doʻkonlarining Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarning markaziy shaharlarida aholiga qulay joylarda joylashtirilishini taʼminlasin.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi bilan birgalikda “Multibrand” doʻkonlarini xorijiy davlatlarda tashkil etish boʻyicha tegishli choralarni koʻrsin.
6. “Oʻzstandart” agentligi:
ikki oy muddatda charm, poyabzal, charm-attorlik mahsulotlari, jun va moʻynadan tayyorlangan buyumlarga ularni sinovdan oʻtkazish usullariga talablarni belgilovchi standartlar boʻyicha amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni xatlovdan oʻtkazsin va xalqaro meʼyorlarni hisobga olgan holda ularni qayta koʻrib chiqib, amaldagi qonun hujjatlariga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin;
2021-yil 1-martga qadar charm, poyabzal, charm-attorlik mahsulotlari, jun va moʻynadan tayyorlangan buyumlarni ishlab chiqaruvchi korxonalarning ehtiyojidan kelib chiqib, sohaga tegishli boʻlgan sinash boʻyicha xalqaro, mintaqaviy va xorijiy davlatlarning standartlarini asli yozilgan tillarda qabul qilish choralarini koʻrsin.
7. Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda “2021-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasini Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga belgilangan tartibda kiritsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti ayrim qarorlariga 2-ilovaga muvofiq qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilsin.
9. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil etishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari S.U. Umurzakov belgilansin.
Qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga har yarim yil yakuni boʻyicha axborot kiritib borilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 8-fevral,
PQ-4982-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 8-fevraldagi PQ-4982-son qaroriga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirishda bojxona bojining nol stavkasi qoʻllaniladigan xom ashyo, materiallar va furnituralar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 8-fevraldagi PQ-4982-son qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga kiritilayotgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 3-maydagi “Charm-poyabzal va moʻynachilik sohalarini rivojlantirish va eksport salohiyatini oshirishni yanada ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3693-son qarorida:
a) 10-bandning toʻrtinchi xatboshi “charm, moʻyna, qorakoʻl xom ashyosi va junni qayta ishlash, shuningdek, butlovchi buyumlar, furnitura,” soʻzlaridan keyin “aksessuarlar, poyabzal qoliplari” soʻzlari bilan toʻldirilsin.
b) 11-bandning beshinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Mazkur qarorda nazarda tutilgan imtiyozlar va preferensiyalar “Oʻzcharmimpeks” UKga nisbatan ushbu bandda qayd etilgan vazifalarni amalga oshirishga, shu jumladan “Oʻzcharmimpeks” UK tomonidan import qilingan asbob-uskunalar, butlovchi buyumlar, respublikada ishlab chiqarilmaydigan xom ashyo, materiallar va furnituralarni charm, moʻyna xom ashyosi va jun tayyorlash, saqlash va qayta ishlash, chorva mollarini avtomatlashtirilgan holda soʻyish, jun, qorakoʻl va sunʼiy charmdan buyumlar, charm-attorlik mahsulotlari, poyabzal ishlab chiqarish bilan shugʻullanuvchi tashkilotlarga ularning oʻz ishlab chiqarishida foydalanishi uchun sotishga tatbiq etilsin”.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 16-sentabrdagi “Yengil sanoatni yanada rivojlantirish va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4453-son qarorida:
a) 2-bandining:
“b” kichik bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“b) Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali paxta ip-kalavasi va trikotaj matoni olib chiqishda 2021-yil 1-yanvardan boshlab olib chiqiladigan har bir kilogramm ip-kalava uchun 0,01 AQSH dollari, 2022-yil 1-yanvardan olib chiqiladigan har bir kilogramm ip-kalava va trikotaj mato uchun 0,05 AQSH dollari, 2023-yil 1-yanvardan — 0,1 AQSH dollari, 2025-yil 1-yanvardan — 0,2 AQSH dollari miqdorida yigʻim undiriladi”;
“v” kichik bandi birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“v) mazkur bandning “b” kichik bandida koʻrsatilgan mablagʻlarning (trikotaj mato eksportidan undirilgan yigʻimlar bundan mustasno) 75 foizi, “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasining alohida bank hisob raqamiga quyidagilar uchun yoʻnaltiriladi:”.
b) 3-bandining toʻrtinchi xatboshidagi “majmualarni ishga tushirayotgan” soʻzlari “majmualarga ega va ularni yangidan ishga tushirayotgan” soʻzlari bilan almashtirilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 26-iyundagi “Respublikada qoʻlda toʻqilgan gilamchilik sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4759-son qarorida:
a) 4-bandining ikkinchi xatboshidagi ““Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi” soʻzlari ““Oʻzbekipaksanoat” va “Oʻzcharmsanoat” uyushmalari” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) 11-bandining uchinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Davlat bojxona qoʻmitasi, Davlat statistika qoʻmitasi bilan birgalikda “Oʻzbekipaksanoat” va “Oʻzcharmsanoat” uyushmalari tarkibidagi qoʻlda gilam toʻqish bilan shugʻullanuvchi korxonalar tomonidan eksportga sotilgan gilamlarni tegishincha ushbu uyushmalarning eksport koʻrsatkichlarida aks ettirsin.”