Fuqarolarni budjet jarayoniga jalb qilish mexanizmining ishga tushirilishi joylarda aholini qiynab kelayotgan muammolarning yechimini topish va jamoatchilikni budjet jarayonining ishtirokchisiga aylantirishda alohida vosita boʻlib xizmat qilmoqda.
2021-yilda oʻtkazilgan tashabbusli budjetlashtirish jarayonida fuqarolardan kelib tushgan murojaatlarda bayon etilgan oʻrinli va dolzarb muammolarni qisqa muddatlarda bartaraf etish, davlat budjetini shakllantirish va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish loyihalarini ishlab chiqish jarayoniga aholini faol jalb etish maqsadida:
1. Moliya vazirligi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligining Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan 1-ilovaga muvofiq 2021-yil 1-oktabrga qadar:
Fuqarolar tashabbusi jamgʻarmasida (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) 1 mlrd soʻmdan kam mablagʻ shakllangan tuman va shaharlar uchun qoʻshimcha 57,9 mlrd soʻm;
“Ochiq budjet” axborot portali orqali kelib tushgan takliflar soni 100 tadan ortiq boʻlgan tuman va shaharlarga qoʻshimcha 59,5 mlrd soʻm mablagʻ ajratish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
2. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2022-yil 1-yanvardan boshlab tuman va shaharlar budjetlari parametrlarida hududiy ichki yoʻllarni taʼmirlash uchun ajratiladigan mablagʻlarning 50 foizi “Ochiq budjet” axborot portali orqali jamoatchilik fikri asosida aniqlangan ichki yoʻllarni taʼmirlashga yoʻnaltiriladi.
Moliya vazirligi ikki oy muddatda hududiy ichki yoʻllarni taʼmirlash uchun ajratiladigan mablagʻlarning 50 foizini “Ochiq budjet” axborot portali orqali jamoatchilik fikri asosida aniqlangan ichki yoʻllarni taʼmirlashga yoʻnaltirish tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
3. Belgilansinki:
tuman va shahar hokimlari Jamgʻarmaga mablagʻlarning oʻz vaqtida oʻtkazilishi hamda Jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishi boʻyicha shaxsan javobgar hisoblanadi;
tumanlar va shaharlar hokimliklari tomonidan har chorakda chorakdan keyingi oyning 25-sanasiga qadar jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirish boʻyicha maʼlumotlar oʻzlarining rasmiy veb-saytlari va “Ochiq budjet” axborot portaliga joylashtirib boriladi;
mazkur bandning uchinchi xatboshisida nazarda tutilgan qoidani buzish budjet jarayonining ochiqligini taʼminlash tartibini buzish deb baholanadi.
4. Moliya vazirligi:
uch oy muddatda “Ochiq budjet” axborot portali hamda tuman va shaharlar hokimliklarining rasmiy veb-saytlarida tashabbusli budjetlashtirish natijalari boʻyicha maʼlumotlarni joylashtirib borish tartibi va shakllarini tasdiqlasin;
xalqaro tashkilotlarni jalb qilgan holda tashabbusli budjetlashtirish jarayonida hududlar tomonidan yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarning tahlillari asosida ushbu jarayonni takomillashtirish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritib borsin;
fuqarolarning tashabbusli budjetlashtirish jarayoniga jalb etilishi darajasi boʻyicha hududlar reytingini joriy etsin hamda uni “Ochiq budjet” axborot portaliga joylashtirib borsin;
tashabbusli budjetlashtirish jarayonini boshqarishda moliya organlarining vazifalarini aniq belgilagan holda mazkur jarayonni muvofiqlashtirib borsin.
5. Tashabbusli budjetlashtirish jarayonini yanada takomillashtirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
6. Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vazirligi Yoshlar ishlari agentligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda:
(6-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 25-oktabrdagi PQ-409-son qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.10.2022-y., 07/22/409/0956-son)
tashabbusli budjetlashtirish jarayonini amalga oshirish mexanizmi va uning mohiyatini aholi oʻrtasida tizimli ravishda keng yoritib borilishini taʼminlasin;
har bir mahalla va ovulda “Ochiq budjet” axborot portalida taklif qoldirish va ovoz berish jarayoniga koʻmaklashuvchi “mobil” guruhlar hamda “tashabbuskorlar burchagi” ni tashkil etsin;
6-1. 2023-yil 1-yanvarga qadar Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Moliya vazirligi Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki direksiyasi bilan birgalikda ilgʻor kompaniyalarni jalb etgan holda “Ochiq budjet” axborot portalini yanada takomillashtirish hamda uni sifatli va uzluksiz faoliyat yuritishini taʼminlash choralarini koʻrsin.
(6-1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 25-oktabrdagi PQ-409-son qaroriga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.10.2022-y., 07/22/409/0956-son)
6-2. Iqtisodiyot va moliya vazirligining ijtimoiy loyihalarni samarali amalga oshirish va aholining murojaatlariga tezkor javob berish maqsadida Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzurida “Axborot texnologiyalari markazi” DUK huzurida “SMS-xabar xizmati markazi” davlat muassasasini tashkil etish yuzasidan taklifiga rozilik berilsin.
(6-2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-dekabrdagi PQ-455-son qaroriga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2024-y., 07/24/455/1092-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 1-yanvar)
7. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib moliya vaziri T.A. Ishmetov hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 22-sentabr,
PQ-5250-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 22-sentabrdagi PQ-5250-son qaroriga 1-ILOVA
Fuqarolar tashabbusi jamgʻarmasida 1 mlrd soʻmdan kam mablagʻ shakllangan hamda kelib tushgan takliflar soni 100 tadan ortiq boʻlgan tuman va shaharlarga Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan qoʻshimcha ravishda ajratilayotgan mablagʻlar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 22-sentabrdagi PQ-5250-son qaroriga 2-ILOVA
Tashabbusli budjetlashtirish jarayonini yanada takomillashtirish boʻyicha