Aholiga jarrohlik yordamini koʻrsatish sifatini oshirish, hududlarda kam invaziv va yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlarini keng joriy qilish, xirurgiya yoʻnalishidagi tibbiyot xodimlarining salohiyatini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, sohada ilm-fanni rivojlantirish maqsadida:
1. Xirurgiya xizmatini transformatsiya qilishning asosiy yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilansin:
akademik V. Voxidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi (keyingi oʻrinlarda — Xirurgiya markazi) — viloyat — tuman (shahar) tibbiyot muassasalari oʻrtasida uzviy bogʻliqlikni taʼminlash;
hududlar va tuman (shahar) darajasida kam invaziv va yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlarini keng joriy etish;
Xirurgiya markazida transplantatsiya amaliyotlarini xorijiy mutaxassislar bilan hamkorlikda keng joriy etish;
xirurg, anesteziolog, reanimatolog, nefrolog va boshqa mutaxassislarning salohiyatini oshirish, ularni nufuzli xorijiy tibbiyot muassasalari va markazlarida malaka oshirishi va stajirovka oʻtashini tashkil etish, zamonaviy simulyatsion markazda mutaxassislar tayyorlashni yoʻlga qoʻyish;
xirurgiya yoʻnalishida ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish, xodimlarning ilmiy salohiyatini oshirish;
aholiga malakali tibbiy xizmat koʻrsatish maqsadida Xirurgiya markazi, uning filiallari, tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari xirurgiya, anesteziologiya-reanimatsiya boʻlimlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash.
2. Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Moliya vazirligining quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
a) bolalarda tugʻma yurak nuqsonlarini endovaskulyar yoʻl bilan davolashni keng joriy etish, ularni qisqa vaqt ichida toʻliq sogʻlomlashtirib, nogironlikdan chiqarish maqsadida:
2021-yilda yurak nuqsonlarini davolash uchun moʻljallangan 500 ta tibbiy buyum (okklyuder) xarid qilishga Sogʻliqni saqlash vazirligiga rivojlantirish dasturlari uchun ajratilgan mablagʻlar doirasida vazirlikka 10 milliard soʻm mablagʻ ajratish;
2022-yildan boshlab esa ehtiyojdan kelib chiqib har yili oʻrtacha 2500 ta okklyuder xarid qilish uchun Davlat budjeti parametrlarida zarur mablagʻlarni nazarda tutish;
b) Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan, shuningdek Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining qoʻshimcha manbalaridan teng ulushda:
2021-yilda Xirurgiya markazi filiallarini 1-ilovaga muvofiq zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash uchun 42,5 milliard soʻm mablagʻ ajratish;
2022-2023-yillarda tumanlararo qoʻshma shikastlanish va oʻtkir qon-tomir kasalliklari markazlariga biriktirilmagan 26 ta tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarining xirurgiya, anesteziologiya-reanimatsiya boʻlimlarini 2-ilovaga muvofiq zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash uchun 71,4 milliard soʻm yoʻnaltirish.
Belgilansinki:
mazkur tadbirlar uchun mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan, shuningdek joylarda kam invaziv va yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlarini joriy etish natijasida tejaladigan mablagʻlar hamda xalqaro moliya institutlarining imtiyozli kredit va grant mablagʻlari hisobiga ajratiladi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining asoslangan hisob-kitoblariga koʻra tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari xirurgiya, anesteziologiya-reanimatsiya boʻlimlarini asbob-uskunalar bilan jihozlash uchun Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan tegishli mahalliy budjetlarga qaytarish sharti bilan budjet ssudasi ajratiladi.
3. Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Xadjibayev):
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari bilan birgalikda 2022-2023-yillar davomida kam invaziv va yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari koʻlami oshirilishini, shu jumladan tuman (shahar)larda amalga oshiriladigan amaliyotlar turi 60 tadan 79 taga, hududlarda esa 130 tadan 168 taga oshirilishini, Xirurgiya markazida yurak va oʻpka transplantatsiyasi joriy etilishini taʼminlasin;
Xirurgiya markazi (S. Ismailov), Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi (D. Tulyaganov) va Respublika ixtisoslashtirilgan nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi (B. Daminov) tomonidan 2022-yil yakuniga qadar barcha hududlarda buyrak transplantatsiyasi amaliyoti yoʻlga qoʻyilishini taʼminlasin;
Sogʻliqni saqlash vazirligining Iqtidorli va malakali tibbiyot mutaxassislarini qoʻllab-quvvatlash hamda tibbiyot muassasalariga jalb qilish jamgʻarmasi va mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan Xirurgiya markazi va hududiy davlat tibbiyot muassasalarining xorijiy tillarni yaxshi biladigan xodimlarini 2021-2022-yillarda xirurgiya sohasi uchun dolzarb yoʻnalishlar boʻyicha nufuzli xorijiy tibbiyot muassasalari va markazlariga malaka oshirish va stajirovka oʻtash uchun yuborish, shuningdek, Xirurgiya markazi faoliyatiga yetakchi xorijiy mutaxassislarni jalb etish choralarini koʻrsin.
Belgilab qoʻyilsinki:
Iqtidorli va malakali tibbiyot mutaxassislarini qoʻllab-quvvatlash hamda tibbiyot muassasalariga jalb qilish boʻyicha ishchi guruhi (B. Musayev) mazkur bandga muvofiq malaka oshirish va stajirovka oʻtash uchun yuboriladigan xodimlarning shaffof tanlov asosida tanlab olinishini taʼminlaydi;
malaka oshirish va stajirovka oʻtash uchun yuboriladigan xodimlarga Xirurgiya markazi bilan tuziladigan shartnoma shartlariga muvofiq Xirurgiya markazi va hududiy davlat tibbiyot muassasalarida ishlab berish majburiyati yuklatiladi.
4. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq xorijiy mutaxassislarni davlat tibbiyot muassasalariga jalb etishda:
xorijiy mutaxassislarning mehnatiga haq toʻlash shartnomada kelishilgan shartlarga muvofiq amalga oshiriladi;
ular uchun ikki tomonga aviachiptalarni sotib olish xarajatlari (uzoq muddatli mehnat shartnomalari tuzilganda bir yilda ikki martadan oshmagan holda) hamda respublika mehmonxonalarida yashash xarajatlari tegishli davlat tibbiyot muassasasi tomonidan milliy valyutada toʻlanadi;
ularni jalb etish va moddiy taʼminoti boʻyicha xarajatlarni moliyalashtirish manbai boʻlib Sogʻliqni saqlash vazirligining Iqtidorli va malakali tibbiyot mutaxassislarini qoʻllab-quvvatlash hamda tibbiyot muassasalariga jalb qilish jamgʻarmasi mablagʻlari, tegishli davlat tibbiyot muassasasining budjetdan tashqari mablagʻlari, xalqaro moliya va boshqa tashkilotlar, xorijiy hukumat tashkilotlarining grantlari, shuningdek, qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisoblanadi.
5. Xirurgiya markazining inson aʼzolari va toʻqimalari transplantatsiyasi sohasida qoʻshimcha vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
transplantologiya sohasida fundamental va amaliy tadqiqotlarni amalga oshirish hamda innovatsion loyihalarni ishlab chiqish;
yuqori texnologik transplantatsiya amaliyotlarini amalga oshirish usullarini oʻrganish va joriy etish;
xorijiy davlatlarning mazkur sohadagi ilmiy tashkilotlari, markazlari hamda ekspertlari bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatish va birgalikda tadqiqotlarni tashkil qilish;
transplantologiya yoʻnalishida malakali ilmiy kadrlarni tayyorlashga koʻmaklashish.
Xirurgiya markazida:
bazaviy moliyalashtirish tizimi asosida faoliyat yuritadigan Inson aʼzolari va toʻqimalari transplantatsiyasi ilmiy laboratoriyasi;
2021/2022 oʻquv yilidan boshlab Toshkent tibbiyot akademiyasining Xirurgiya va transplantologiya kafedrasi tashkil etilsin.
Belgilansinki, Xirurgiya markazi ushbu kafedrada oʻqitilayotgan bakalavrlar, klinik ordinatorlar va magistrlar uchun asosiy klinik baza hisoblanadi.
6. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (Sh. Vafayev) Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda bir hafta muddatda Xirurgiya markazini modernizatsiya qilish uchun 11 million AQSH dollari miqdorida xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari mablagʻlarini jalb qilish choralarini koʻrsin.
7. Xirurgiya xizmatini 2021 — 2023-yillarda transformatsiya qilish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Sogʻliqni saqlash vazirligi Dasturda belgilangan chora-tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli ijro etilishini taʼminlasin hamda amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida har chorakda Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib borsin.
8. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari bir hafta muddatda mazkur qaror talablariga muvofiq Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda 2022-2023-yillarda jarrohlik yordamini rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqib, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va xalq deputatlari viloyatlar Kengashlarida koʻrib chiqilishi va tasdiqlanishini hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga taqdim etilishini taʼminlasin.
9. Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Xadjibayev) Moliya vazirligi (T. Ishmetov) bilan birgalikda bir oy muddatda jarrohlik amaliyotining murakkabligi darajasi hamda samaradorlik koʻrsatkichlariga qarab tibbiyot xodimlariga tabaqalashtirilgan mehnatga haq toʻlash tizimini joriy etish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
10. Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Xadjibayev) yetakchi xorijiy tajribani inobatga olgan holda 2021-yil 1-noyabrdan boshlab Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazida respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari va boshqa davlat tibbiyot muassasalari rahbarlarini sogʻliqni saqlash sohasida boshqaruv (Healthcare Administration) yoʻnalishi boʻyicha qisqa muddatli oʻquv kurslarida qayta tayyorlash hamda malakasini oshirishni yoʻlga qoʻysin va ularni mazkur kurslarda oʻqitish yuzasidan reja-grafikni tasdiqlasin.
11. Sogʻliq saqlash vazirligi 2022/2023 oʻquv yilida sogʻliqni saqlash sohasi uchun 50 nafar menejer mutaxassislarni magistrlik yoʻnalishida (Master of Nealthcare Administration) davlat granti asosida Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster va boshqa nodavlat oliy taʼlim tashkilotlarida tayyorlash boʻyicha qonunchilikda belgilangan tartibda shartnomalar tuzilishini va bu bilan bogʻliq xarajatlarning mazkur maqsadlar uchun Davlat budjetidan ajratilgan mablagʻlar hisobidan moliyalashtirilishini taʼminlasin.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-dekabrdagi PQ-61-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2021-y., 07/21/61/1195-son)
12. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 4-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
13. Sogʻliqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
14. Ushbu qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib sogʻliqni saqlash vaziri A.M. Xadjibayev, uning oʻrinbosarlari A.Sh. Inoyatov va U.Yu. Sobirov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.
Qarorning oʻz vaqtida va natijali ijro etilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B.A. Musayev va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari L.N. Toʻychiyev zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan 2022-yil 1-yanvarga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 4-oktabr,
PQ-5254-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 4-oktabrdagi PQ-5254-son qaroriga 1-ILOVA
2021-yilda Akademik V. Voxidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi filiallarini zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlashga doir chora-tadbirlar
Izoh: 2021-yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Andijon, Buxoro, Surxondaryo viloyatlari koʻp tarmoqli tibbiyot markazlari Germaniya KfW bankining imtiyozli kredit va grant mablagʻlari hisobiga asbob-uskunalar bilan taʼminlangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 4-oktabrdagi PQ-5254-son qaroriga 2-ILOVA
2022-2023-yillarda tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarining xirurgiya, anesteziologiya-reanimatsiya boʻlimlarini zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlashga doir chora-tadbirlar
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 24-fevraldagi PF-78-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.02.2022-y., 06/22/78/0163-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 4-oktabrdagi PQ-5254-son qaroriga 3-ILOVA
Xirurgiya xizmatini 2021 — 2023-yillarda transformatsiya qilish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 29-yanvardagi PF-61-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.01.2022-y., 06/22/61/0084-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 4-oktabrdagi PQ-5254-son qaroriga 4-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 3-fevraldagi “2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida”gi PF-6155-son Farmoniga ilovaning 190-bandi “Hujjat shakli, amalga oshirish mexanizmi, kutilayotgan natija” ustunining uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“ixtisoslashtirilgan endokrinologiya muassasalarini (Buxoro, Jizzax, Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo, Toshkent, Xorazm va Fargʻona viloyatlari endokrinologiya dispanserlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Toshkent shahar endokrinologiya dispanserlari, akademik Yo.X. Toʻraqulov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot Markazi) zamonaviy tibbiyot asbob-uskunalari bilan jihozlash;”.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 5-maydagi “Sogʻliqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish va tibbiyot xodimlarining salohiyatini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish toʻgʻrisida”gi PF-6221-son Farmoni 8-bandining toʻqqizinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Belgilansinki, Jamgʻarma mablagʻlari tarkibi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlanadigan Ishchi guruhining qaroriga asosan hududiy tibbiyot muassasalariga xorijdan ishga jalb qilinadigan malakali mutaxassislar, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan iqtidorli mutaxassislarga zarur shart-sharoitlar yaratish, shu jumladan ularni moddiy ragʻbatlantirish toʻlovlarini amalga oshirish, shuningdek, tibbiyot xodimlarini nufuzli xorijiy tibbiyot muassasalari va markazlariga malaka oshirish va stajirovka oʻtash uchun yuborish, yetakchi xorijiy mutaxassislarni davlat tibbiyot muassasalari faoliyatiga jalb etish bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish uchun yoʻnaltiriladi”.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 27-maydagi “Osiyo taraqqiyot banki va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki ishtirokida “Oʻzbekiston Respublikasida koronavirus SOVID-19 infeksiyasiga qarshi shoshilinch choralarni koʻrish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5129-son qarori 5-bandi beshinchi xatboshisidagi “2021-yil 1-oktabrga qadar” soʻzlari “2022-yil 1-fevralga qadar” soʻzlari bilan almashtirilsin.