Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-oktabrdagi “Sogʻlom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6099-son Farmoniga muvofiq, shuningdek, aholi oʻrtasida velosport turlarining ommaviyligini oshirish, ular boʻyicha milliy terma jamoalarimizning Olimpiya va Paralimpiya, Osiyo va Paraosiyo oʻyinlarida, jahon chempionatlarida va boshqa yirik musobaqalarda munosib ishtirok etishi va yuqori natijalarga erishishini taʼminlash maqsadida:
1. Velosport turlarini 2021-2022-yillarda rivojlantirish dasturi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Vazirlik, idora va tashkilotlar rahbarlari har chorakda hisobot choragidan keyingi oyning 5-sanasiga qadar Dasturning ijrosi boʻyicha maʼlumotlarni Sport vazirligiga taqdim etsin.
(1-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-226-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2024-y., 06/24/226/1060-son)
Sport vazirligi har chorakda hisobot choragidan keyingi oyning 10-sanasiga qadar Dastur va mazkur qarorning ijrosi boʻyicha umumlashtirilgan maʼlumotlar hamda takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
(1-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-226-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2024-y., 06/24/226/1060-son)
2. Quyidagilar 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab tashkil etilsin:
Toshkent shahar, Olmazor tumani, Muxbir koʻchasi, 12-uy manzilida Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan Sport vazirligi tizimiga kiradigan Respublika velosport mahorat maktab-internati;
(2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-226-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2024-y., 06/24/226/1060-son)
sport maktablarida hamda sportning oʻyin turlari va yengil atletika boʻyicha ixtisoslashtirilgan sport maktablarida velosport turlari boʻyicha qoʻshimcha 25 ta boʻlimlar;
(2-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
Buxoro, Qarshi, Navoiy va Termiz olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlarida velosport turlari boʻyicha boʻlimlar.
(2-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
3. Belgilansinki:
Respublika velosport mahorat maktab-internati oʻquvchilarining umumiy kontingenti 100 nafarni tashkil qiladi;
Respublika velosport mahorat maktab-internati oʻquvchilariga olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari oʻquvchilari uchun belgilangan sutkalik oziq-ovqat normasi tatbiq etiladi;
(3-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
Respublika velosport mahorat maktab-internatiga velosport turlari boʻyicha belgilangan sinov imtihonlardan muvaffaqiyatli oʻtgan oʻquvchilar 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab har yili 6 — 11-sinflarga qabul qilinadi;
(3-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
Respublika velosport mahorat maktab-internati rahbariyati, trenerlari, sportchilari va boshqa xodimlari mehnatini ragʻbatlantirish Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 21-dekabrdagi 275-son va 276-son hamda 2010-yil 23-sentabrdagi 211-son qarorlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Turizm va sport vazirligi (A. Abduxakimov) Oʻzbekiston velosport federatsiyasi bilan birgalikda:
ikki oy muddatda Respublika velosport mahorat maktab-internati faoliyatini tashkil qilish boʻyicha Hukumat qarori loyihasini belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
2022/2023 oʻquv yiliga qadar mazkur qarorning 2-bandiga muvofiq Respublika velosport mahorat maktab-internati, bolalar-oʻsmirlar sport maktablarida, ixtisoslashtirilgan bolalar-oʻsmirlar sport maktablarida hamda olimpiya zaxiralari kollejlarida velosport turlari boʻyicha boʻlimlar tashkil qilinishi, ularning toʻliq hajmda zarur sport anjomlari, jihozlari, kiyimlari va ekipirovkasi bilan taʼminlashi choralarini koʻrsin.
4. Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi hamda Oʻzbekiston velosport federatsiyasining 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab:
(4-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti, barcha olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlarida velosport turlari boʻyicha amaldagi oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlarini bosqichma-bosqich oshirib borish;
(4-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining Nukus va Fargʻona filiallarida velosport turlari boʻyicha bakalavriat taʼlim yoʻnalishini ochish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda 2022/2023 oʻquv yilida oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlarini shakllantirishda ushbu bandda belgilangan vazifalarni inobatga olsin.
5. Oʻzbekiston velosport federatsiyasi huzurida Oʻzbekiston professional velosipedchilar sport klubi (keyingi oʻrinlarda — Klub) tashkil qilinsin.
Belgilansinki:
a) quyidagilar Klubning asosiy vazifalari va faoliyati yoʻnalishlari hisoblanadi:
velosportning barcha turlari boʻyicha nufuzli xalqaro musobaqalarda ishtirok etish orqali Olimpiya va Paralimpiya, Osiyo va Paraosiyo oʻyinlarida qatnashish huquqini beruvchi litsenziyalarni qoʻlga kiritish;
respublika barcha hududlarida velosport turlarini jadal rivojlantirish boʻyicha barcha zarur choralarni koʻrish;
velosport turlari boʻyicha xususiy klublarni xalqaro musobaqalarda ishtirok etishga jalb qilish, ularga tashkiliy va amaliy yordam koʻrsatish;
xalqaro musobaqalar va boshqa tadbirlarda ishtirok etish orqali umumjahon “Nation Brands” xalqaro reytingida “Uzbekistan” milliy brendining reyting pogʻonalaridagi oʻrnini yuqori koʻtarishda ishtirok etish;
b) quyidagilar Klub faoliyatini moliyalashtirish manbalari hisoblanadi:
Davlat budjetidan jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga oid davlat dasturlarini amalga oshirish uchun ajratiladigan mablagʻlar;
Turizm va sportni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari;
xoʻjalik faoliyatini amalga oshirishdan va shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatishdan kelib tushadigan mablagʻlar;
jismoniy va yuridik shaxslar, shu jumladan norezidentlarning homiylik xayriyalari;
xalqaro va chet el tashkilotlarining grantlari;
qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisoblanadi;
v) Markaziy bankning ruxsati bilan Klubga chet eldagi vakolatxonalari uchun bank hisob raqamlariga ega boʻlishiga ruxsat beriladi;
g) Klubning chet eldagi vakolatxonalari bank hisob raqamlarining yuritilishiga oid quyidagicha tartib belgilanadi:
chet eldagi vakolatxonalar bilan hisob-kitoblar xorijiy davlatlarning milliy valyutasida va erkin konvertatsiya qilinadigan valyutada amalga oshiriladi;
xizmat koʻrsatuvchi tijorat banki Klub talabnomasida koʻrsatilgan miqdordagi erkin valyuta mablagʻlarining uning chet eldagi vakolatxonalari hisob raqamlariga oʻtkazilishini taʼminlaydi;
Klubning chet eldagi vakolatxonalari tomonidan amalga oshiriladigan sarf-xarajatlar Klub tomonidan tasdiqlangan xarajatlar smetasi asosida yuritiladi;
d) Adliya vazirligi Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda Oʻzbekiston velosport federatsiyasi talabnomasiga muvofiq, Yevropa, Osiyo davlatlarida hamda boshqa xorijiy davlatlarda Klubning alohida boʻlimlarini ochish bilan bogʻliq, shuningdek, uni qayta roʻyxatdan oʻtkazish masalalarida Oʻzbekiston velosport federatsiyasiga amaliy va tashkiliy yordam koʻrsatadi.
Yoshlar siyosati va sport vazirligi Oʻzbekiston velosport federatsiyasi bilan birgalikda Klub faoliyatini toʻliq va samarali yoʻlga qoʻysin, velosport turlari boʻyicha milliy terma jamoa aʼzolarining xalqaro musobaqalarda ishtirok etishlarini taʼminlasin, Klubning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun uni belgilangan tartibda inventarlar, sport kiyimlari, ozuqa va ozuqa qoʻshimchalari, vitaminlar, uskunalar, materiallar, zarur tibbiy vositalar bilan taʼminlasin.
(5-band “d” kichik bandining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
6. Velosportni rivojlantirish boʻyicha respublika kengashi (keyingi oʻrinlarda — Kengash) tashkil qilinsin va uning tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Quyidagilar Kengashning asosiy vazifalari etib belgilansin:
iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya) hamda ularni professional velosportchilar sifatida tayyorlash ishlarini samarali tashkil qilish va muvofiqlashtirish;
hududlarda velosport infratuzilmasini barpo etish va kengaytirish boʻyicha investitsiya va grant mablagʻlarini jalb qilish, boshqa zarur chora-tadbirlarni belgilash hamda ularni amaliyotga tatbiq etish;
velosport turlarini taʼlim muassasalari, yoshlar oʻrtasida keng targʻib qilish, ommalashtirish, aholining ushbu sport turiga qiziqishini oshirishga koʻmaklashish;
velosport turlari boʻyicha musobaqalar va velomarafonlarni oʻtkazishga koʻmaklashish, ushbu yoʻnalishda xalqaro va chet el tashkilotlarining grantlari, jismoniy va yuridik shaxslar, shu jumladan norezidentlarning homiylik xayriyalarini jalb qilish;
velosiped harakatini rivojlantirish maqsadida ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarni yaxshilashga hamda yuqori sport natijalariga erishishni taʼminlashga qaratilgan yangi qonunchilik tashabbuslarini ilgari surish va amaldagi qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish.
7. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2018-yil 12-aprel kuni qabul qilingan maxsus rezolyutsiyasiga muvofiq 3-iyun Butunjahon velosiped kuni etib eʼlon qilinganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq har yili 3-iyun kuni Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida aholining turli qatlamlarini jalb qilish orqali uzunligi 15 — 20 kilometrdan kam boʻlmagan velomarafonlar tashkil qilinadi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Oʻzbekiston velosport federatsiyasi har yili 1-mayga qadar velomarafonlarni tashkil qilish va ularni yuqori saviyada oʻtkazish boʻyicha dasturlarni ishlab chiqsin va ularda quyidagilarni nazarda tutsin:
(7-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
velomarafonlarni oʻtkazishning aniq joylari va marshrutlarini belgilash;
velomarafonlarni oʻtkazish joylarida velosipedlarni ijaraga olish (baykshering) imkoniyatlarini yaratish;
velomarafonlar oʻtkazishning joylari va marshrutlari boʻylab yoʻl xavfsizligini taʼminlash;
fuqarolar, shu jumladan transport vositalari haydovchilarini velomarafonlar oʻtkazish joylari va marshrutlari toʻgʻrisida oldindan xabardor qilish, transport tirbandliklarining oldini olish;
velomarafonlar gʻoliblari va sovrindorlarini qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlash;
velomarafonlarda muvaffaqiyatli qatnashgan ishtirokchilarni professional velosportga jalb qilish, ularni sport-taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish;
ommaviy axborot vositalari, Internet va ijtimoiy tarmoqlarda velomarafonlarni keng yoritish;
velosipedni oddiy, qimmat boʻlmagan, ishonchli, ekologik toza va maqbul transport turi sifatida keng targʻib qilish;
3-iyun — Butunjahon velosiped kuni toʻgʻrisida axborotni tarqatishga koʻmaklashish.
8. Yoshlar siyosati va sport vazirligi hamda Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston velosport federatsiyasining 2022-yildan boshlab har yili anʼanaviy tarzda:
(8-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
velosportning shosse (Road) va togʻ (MTB) turlari boʻyicha Toshkent viloyatida “Oqtosh-Chorvoq-Mountain”, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Samarqand viloyatida “Save-Aral” koʻp kunlik xalqaro velopoygalarini;
velosportning trek (Track) turi boʻyicha Toshkent shahrida “Silk-Road Tashkent”, Namangan shahrida “Silk-Road Namangan” koʻp kunlik xalqaro velopoygalarini;
velosportning motokross (BMX Racing) turi boʻyicha Jizzax viloyatida “Zaamin-Cup” xalqaro velopoygasini;
velosportning fristayl (BMX Freestyle) turi boʻyicha Toshkent shahrida “Tashkent-Grand Prix” xalqaro musobaqasini tashkil qilish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
yoshlar siyosati va sport vaziri A. Ikramov, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston velosport federatsiyasi:
(8-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Jizzax, Namangan, Samarqand, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ikki oy muddatda ushbu bandda koʻrsatilgan velopoygalar va xalqaro musobaqaga puxta tayyorgarlik koʻrish va ularni yuqori saviyada oʻtkazish boʻyicha “yoʻl xaritalari”ni tasdiqlasin. Bunda, velopoygalar va xalqaro musobaqani oʻtkazish bilan bogʻliq moliyaviy xarajatlarni qoplash manbalari etib homiylik, mahalliy budjet va boshqa mablagʻlar belgilanadi;
velopoygalar va xalqaro musobaqada mahalliy sportchilar bilan birgalikda yuqori reytingga ega boʻlgan kuchli xalqaro sportchi, trener va hakamlarning ishtirokini taʼminlasin;
2022-yil 1-yanvardan boshlab respublika, hududiy va tuman (shahar) sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejalariga velosport turlari boʻyicha musobaqalar va turnirlarning kiritilishini taʼminlasin hamda ularni yuqori darajada oʻtkazish choralarini koʻrsin.
9. Iqtisodiyot va moliya vazirligi (Sh. Kudbiyev) Yoshlar siyosati va sport vazirligi (A. Ikramov) hamda Oʻzbekiston velosport federatsiyasi bilan birgalikda quyidagilarning 2022-yil va kelgusi yillarda Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturiga kiritilishini taʼminlasin:
(9-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
Toshkent viloyati Boʻstonliq tumani hududida velosportning shosse (Road) turi boʻyicha respublika va xalqaro musobaqalarni oʻtkazishga moʻljallangan veloshosse sport majmuasini qurish. Bunda, majmua xalqaro standartlarga javob beradigan 50 oʻrinli yotoqxona, 50 oʻrinli oshxona, trenajyor zali, tibbiy punkt, velosiped taʼmirlash ustaxonasi, velosipedlarni saqlash xonasi, kiyinish va yuvinish xonalari va boshqa zarur infratuzilma obyektlaridan iborat boʻladi, ular zarur zamonaviy asbob-uskunalar va jihozlar bilan taʼminlanadi;
Samarqand viloyati Samarqand tumani hududida velosportning trek (Track) turi boʻyicha respublika va xalqaro musobaqalarni oʻtkazishga moʻljallangan yopiq turdagi velotrek sport inshootini qurish. Bunda, inshoot xalqaro standartlarga javob beradigan 50 oʻrinli yotoqxona, 50 oʻrinli oshxona, trenajyor zali, tibbiy punkt, velosiped taʼmirlash ustaxonasi, velosipedlarni saqlash xonasi, kiyinish va yuvinish xonalari va boshqa zarur infratuzilma obyektlaridan iborat boʻladi, ular zarur zamonaviy asbob-uskunalar va jihozlar bilan taʼminlanadi;
Toshkent shahri, Olmazor tumani, Muxbir koʻchasi, 12-uy manzilida Respublika velosport mahorat maktab-internati va Oʻzbekiston velosport federatsiyasi maʼmuriyati binosini barpo etish. Bunda, maktab-internat xalqaro standartlarga javob beradigan 100 oʻrinli yotoqxona, 100 oʻrinli oshxona, 100 oʻrinli oʻquv binosi, 12x24 oʻlchamdagi sport zalidan iborat boʻladi;
(9-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturini shakllantirishda velosport boʻyicha nufuzli xalqaro professional va havaskorlar oʻrtasida sport musobaqalarini yuqori saviyada oʻtkazish maqsadida tegishli manzil va uchastkadagi avtomobil yoʻllarini taʼmirlash boʻyicha Oʻzbekiston velosport federatsiyasining soʻrovnomalari inobatga olinsin.
Qurilish vazirligi (B. Zakirov) mazkur bandda koʻrsatilgan sport obyektlarini innovatsion texnologiyalarga asoslangan, qimmat boʻlmagan, energiya tejovchi va tez barpo etiladigan yengil konstruksiya va materiallardan qurish boʻyicha loyiha-smeta hujjatlarini kompleks ekspertizadan oʻtkazishni taʼminlasin va qurilish-montaj ishlarining sifatli bajarilishi ustidan doimiy davlat arxitektura-qurilish nazoratini oʻrnatsin.
Toshkent viloyati hokimligi (D. Xidoyatov) Oʻzbekiston velosport federatsiyasi bilan birgalikda “Chorvoq” erkin turistik zonasi direksiyasi bilan kelishgan holda joriy yil yakuniga qadar velosportning shosse (Road) turi boʻyicha respublika va xalqaro musobaqalarni oʻtkazishga moʻljallangan veloshosse sport inshootini qurish uchun Toshkent viloyati Boʻstonliq tumani hududidan 0,5 ga yer maydonini doimiy foydalanish huquqi asosida ajratish choralarini koʻrsin.
Samarqand viloyati hokimligi (E. Turdimov) Oʻzbekiston velosport federatsiyasi bilan birgalikda joriy yil yakuniga qadar velosportning trek (Track) turi boʻyicha respublika va xalqaro musobaqalarni oʻtkazishga moʻljallangan yopiq turdagi velotrek sport inshootini qurish uchun Samarqand viloyati, Samarqand tumani hududida tegishli yer maydonini doimiy foydalanish huquqi asosida ajratish choralarini koʻrsin.
10. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Oʻzbekiston velosport federatsiyasi bilan birgalikda:
mahalliy budjetlar daromadlarining orttirib bajarilgan qismi hisobidan Oʻzbekiston velosport federatsiyasining hududiy boʻlinmalari uchun har yili 40 donadan velosiped ajratsin, shuningdek, velosipedchilarning harakat xavfsizligini taʼminlash maqsadida 2 tadan “Damas” rusumli avtotransport vositasi bilan taʼminlasin;
Oʻzbekiston velosport federatsiyasining hududiy boʻlinmalari toʻlaqonli faoliyat yuritishi uchun zarur choralarni koʻrsin, shu jumladan ularning moliyaviy va moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga koʻmaklashsin;
aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib etish va velosportni ommalashtirish maqsadida tuman (shahar) va viloyat miqyosida havaskorlar oʻrtasida velopoygalarni muntazam tashkil qilsin va ushbu maqsadlar uchun tegishli mahalliy budjetlardan mablagʻ yoʻnaltirsin;
har bir hududda havaskor va professional sportchilardan iborat boʻlgan velosport turlari boʻyicha xususiy klublarni tashkil qilsin.
11. Moliya vazirligi (T. Ishmetov):
a) mazkur qarorda belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun zarur mablagʻlarni 2022-yildan Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutishni taʼminlasin;
b) 2021-yildan boshlab Oʻzbekiston velosport federatsiyasi tomonidan taqdim etilgan asoslangan hisob-kitoblarga muvofiq, tuzilgan shartnomalar boʻyicha olingan majburiyatlarni hisobga olgan holda Klub faoliyatini saqlash, uning moddiy-texnika bazasini shakllantirish bilan bogʻliq zarur mablagʻlarni har yili Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi hamda Davlat budjetidan jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga oid davlat dasturlarini amalga oshirish uchun ajratiladigan mablagʻlar hisobidan:
2021-yil 1-oktabrga qadar — 10 milliard soʻm;
2022-yildan boshlab — har yili zarur mablagʻlar ajratilishini taʼminlasin.
12. Oʻzbekiston velosport federatsiyasi va uning hududiy boʻlinmalari hamda Oʻzbekiston velosport milliy terma jamoasi, sport-taʼlim muassasalari, oliy taʼlim muassasalarining velosport turlari boʻyicha boʻlimlar va Klubning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxat boʻyicha olib kelinadigan, respublikamizda ishlab chiqarilmaydigan sport anjomlari, jihozlari, kiyimlari va ekipirovkasi, ozuqa va ozuqa qoʻshimchalari, vitaminlar, uskunalar va materiallar, velosipedlarni tashishga moʻljallangan yangi va ishlab chiqarilganligiga yetti yil toʻlmagan maxsus avtotransport vositalari va tirkamalar 2024-yil 1-sentabrga qadar bojxona bojidan ozod etilsin.
(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 15-yanvardagi PF-52-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.01.2022-y., 06/22/52/0029-son)
13. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, “UzReport” axborot agentligi mazkur qarorning mazmun-mohiyati va amaliy ahamiyatini yoritishga oid teleradiodasturlar, sportchilarning professional faoliyati haqida maxsus koʻrsatuvlar, maqolalar va videoroliklar tayyorlasin, oʻtkaziladigan brifing va press-konferensiyalarni yoritib borsin.
Kinematografiya agentligi yoshlarning velosportga kirib kelishidan boshlab ularning yuqori natijalarga erishish yoʻli, nufuzli musobaqalardagi ishtiroki va bugungi kundagi hayoti toʻgʻrisida qisqa metrajli videofilmlar tayyorlanishini taʼminlasin.
14. Milliy antidoping agentligi (N. Tursunov) bir oy muddatda velosport boʻyicha quyidagilarni nazarda tutuvchi dasturni tasdiqlasin va uni amalga oshirish choralarini koʻrsin:
sportchilar va trenerlarni “shaffof sport”ga targʻib qilish;
salomatlikni muhofaza qilish va sportda farmakologik taʼsirga ega dori preparatlari va boshqa moddalardan toʻgʻri foydalanish borasida sportchilar, trenerlarning madaniyati va savodxonligini oshirish tadbirlarini oʻtkazish;
sportchilarni antidoping mavzulariga oid tegishli oʻquv-axborot materiallari va turli koʻrgazmali maʼlumotlar bilan taʼminlash;
sportchilar tomonidan antidoping qoidalariga qatʼiy rioya qilinishi ustidan samarali antidoping nazoratini amalga oshirish.
(15-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 15-yanvardagi PF-52-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.01.2022-y., 06/22/52/0029-son)
16. Turizm va sport vazirligi ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
17. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib yoshlar siyosati va sport vaziri oʻrinbosari Sh.Sh. Maxmudov, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi bosh kotibi O.O. Kasimov, Oʻzbekiston velosport federatsiyasi rahbariyati, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.
(17-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi yoshlar siyosati va sport vaziri A.I. Ikramov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi K.K. Kuranbayev zimmasiga yuklansin.
(17-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan har yili 1-yanvargacha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berib borilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 24-sentabr,
PQ-5251-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-sentabrdagi PQ-5251-son qaroriga1-ILOVA
Velosport turlarini 2021-2022-yillarda rivojlantirish
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-sentabrdagi PQ-5251-son qaroriga2-ILOVA
Velosportni rivojlantirish boʻyicha respublika kengashi
Izoh: Kengash aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda uning tarkibiga yangidan tayinlangan yoxud tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklangan shaxslar kiritiladi.