F-5-son Farmoyish · 22.11.2021

2022-2023-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekiston maʼmuriy islohotlari dasturini ishlab chiqish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmoyish
  • Raqami:F-5
  • Qabul qilingan sana:22.11.2021
  • Kuchga kirgan sana:23.11.2021
  • Holati:Amalda

Maʼmuriy islohotlarni izchil davom ettirish yoʻlida oʻz yechimini kutayotgan masalalarni hal etish, Yangi Oʻzbekiston sharoitida davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati tizimining samaradorligini oshirish, ular faoliyatini natijadorlikka yoʻnaltirish orqali aholi farovonligini taʼminlash va “mobil boshqaruv apparati”ni yaratish, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining saylovoldi dasturi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishish marosimiga bagʻishlangan Oliy Majlis palatalarining qoʻshma majlisidagi maʼruzasi doirasida ilgari surilgan tashabbus va takliflarni realizatsiya qilish maqsadida:

1. Quyidagilar:

2022-2023-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekiston maʼmuriy islohotlari dasturini ishlab chiqishni muvofiqlashtiruvchi respublika komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — Komissiya) 1-ilovaga muvofiq;

Davlat boshqaruvi organlarining maqomini belgilash, tuzilmalarini takomillashtirish va shtat birliklarini maqbullashtirish yuzasidan takliflarni ishlab chiqish boʻyicha ishchi guruhi 2-ilovaga muvofiq;

Davlat boshqaruvi organlari faoliyatida raqamli texnologiyalar, ochiqlik va davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish yuzasidan takliflarni ishlab chiqish boʻyicha ishchi guruhi 3-ilovaga muvofiq;

Davlat boshqaruvi organlarining moddiy-texnika taʼminotini takomillashtirish yuzasidan takliflarni ishlab chiqish boʻyicha ishchi guruhi 4-ilovaga muvofiq;

Davlat boshqaruvi organlarining kadrlar salohiyatini takomillashtirish yuzasidan takliflarni ishlab chiqish boʻyicha ishchi guruhi 5-ilovaga muvofiq;

Davlat boshqaruvi organlarida korrupsiyaning oldini olish yuzasidan takliflarni ishlab chiqish boʻyicha ishchi guruhi 6-ilovaga muvofiq;

Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish yuzasidan takliflarni ishlab chiqish boʻyicha ishchi guruhi 7-ilovaga muvofiq tashkil etilsin.

2. Komissiyaning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:

maʼmuriy islohotlarni amalga oshirishda davlat boshqaruvi organlarining faoliyati oʻzaro kelishilgan tarzda, samarali olib borilishini, sustkashliklar va masʼuliyatsizlikka yoʻl qoʻymasligini taʼminlash, shuningdek, ishchi guruhlari ishini puxta va sifatli tashkil qilish, mazkur farmoyishda belgilangan chora-tadbirlar bilan bir qatorda ularning qoʻshimcha vazifa va funksiyalarini belgilash;

vazirliklar, davlat qoʻmitalari, qoʻmitalar, agentliklar, inspeksiyalar, markazlar va boshqa davlat boshqaruvi organlari (keyingi oʻrinlarda — vazirlik va idoralar)ning davlat siyosatini amalga oshirish, nazorat funksiyalarini bajarish, jismoniy va yuridik shaxslarga davlat xizmatlarini koʻrsatish sohasidagi funksiyalarini boʻlish;

vazirlik va idoralar faoliyatida aniq koʻrsatkichlar va maqsadli indikatorlarga erishish tizimini joriy qilish;

davlat boshqaruvi asoslari toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarining zamon talablariga mos ravishda puxta ishlab chiqilishi hamda kiritilishini taʼminlash.

3. Ishchi guruhlar rahbarlari R.Q. Davletov, Sh.X. Shermatov, T.A. Ishmetov, O.A. Xasanov, N.T. Yoʻldoshev, D.A. Kuchkarov 2022-2023-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekiston maʼmuriy islohotlari dasturi loyihasiga takliflar 8-ilovada belgilangan asosiy ustuvor yoʻnalishlarni inobatga olgan holda ishlab chiqilishini taʼminlasin.

4. 2022-2023-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekiston maʼmuriy islohotlari dasturining loyihasini ishlab chiqish sxemasi 9-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

5. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

mazkur farmoyishning 2 — 7-ilovalariga muvofiq tashkil qilinayotgan ishchi guruhlari tomonidan tayyorlangan takliflar ishchi guruhi rahbarining imzosi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritiladi;

takliflar taqdimot koʻrinishida taqdim qilinadi hamda ularga tahliliy maʼlumotnoma va jadvallar, rivojlangan mamlakatlarning tajribasini oʻrganish boʻyicha maʼlumotnoma va boshqa materiallar, shuningdek, zarur hollarda, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ilova qilinadi (keyingi oʻrinlarda — taqdimot materiallari);

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Vazirlar Mahkamasi hamda ishchi guruhlari bilan birgalikda taqdim qilingan taqdimot materiallarini koʻrib chiqadi hamda Komissiyaga kiritadi;

Komissiyaning yigʻilishida taqdimot materiallarini shaxsan ishchi guruhlari rahbarlari taqdimot qiladi.

6. Belgilansinki, ishchi guruhi aʼzolari asosiy ish joyidagi vazifalardan toʻliq ozod qilinadi hamda tegishli davr mobaynida ular uchun qonunchilikda belgilangan barcha shart-sharoitlar saqlab qolinadi.

Vazirlik va idoralar rahbarlari ikki kun muddatda ishchi guruhlari tarkibiga kiritilgan aʼzolar belgilangan tartibda oʻz ishida toʻliq faoliyat yuritishini taʼminlasin.

7. Ishchi guruhlari rahbarlari R.Q. Davletov, Sh.X. Shermatov, T.A. Ishmetov, O.A. Xasanov, N.T. Yoʻldoshev, D.A. Kuchkarov:

uch kun muddatda tashkiliy yigʻilishlarni oʻtkazib, tegishli yoʻnalish doirasida belgilangan vazifalar sifatli va oʻz vaqtida amalga oshirilishini taʼminlash boʻyicha savolnoma, tarmoq grafigi va taqdimot materiallari namunalarini tasdiqlasin hamda ishchi guruhi aʼzolarining vazifalar taqsimotini belgilasin;

ishchi guruhlari faoliyatini samarali tashkil qilish uchun barcha zarur choralarni amalga oshirsin;

har kuni tegishli ishchi guruhlari tomonidan tayyorlanayotgan takliflarning muhokamasini tashkil etib borsin, zarur hollarda, ushbu ishlarni boshqa ishchi guruhlari bilan birgalikda amalga oshirsin;

takliflarni tayyorlash jarayonida ishchi guruhlari oʻrtasida samarali va doimiy kommunikatsiya hamda hamkorlikni yoʻlga qoʻysin;

2022-yil 20-yanvarga qadar ishchi guruhlari tomonidan har tomonlama asoslantirilgan takliflar ishlab chiqilishini va ularning manfaatdor vazirlik va idoralar, shu jumladan mahalliy hokimliklar bilan kelishilishini hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritilishini taʼminlasin.

8. Ishchi guruhlari rahbarlariga:

belgilangan vazifalarni amalga oshirishda vazirlik va idoralar, ilmiy va taʼlim muassasalari, xalqaro tashkilotlar mutaxassislari, shuningdek, mahalliy hamda xorijiy ekspert va maslahatchilarni jalb qilish;

jurnalist va blogerlarni jalb qilish hamda tayyorlanayotgan takliflarni ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda yoritish, belgilangan vazifalar boʻyicha soʻrovnomalar tashkil qilish huquqi berilsin.

9. Tashqi ishlar vazirligi (A.X. Kamilov):

ishchi guruhlarining soʻrovlariga asosan Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy mamlakatlardagi diplomatik vakolatxonalarini jalb qilgan holda tegishli masalalar yuzasidan rivojlangan davlatlarning tajribasini chuqur oʻrganib, ular boʻyicha maʼlumotlarning tezkor taqdim etilishini taʼminlasin;

ushbu maʼlumotlarni tayyorlashda xorijiy davlatlarning nufuzli ekspertlari, olimlari va mutaxassislari bilan uchrashuvlar va muhokamalar oʻtkazish (shu jumladan videokonferensaloqa shaklida), ulardagi asosiy normativ-huquqiy hujjatlarni tarjima qilish choralarini koʻrsin;

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda xalqaro tashkilotlar va xalqaro moliya institutlaridan maʼmuriy islohotlar yuzasidan tayyorlangan tahliliy axborotlar va hisobotlar, shuningdek, tavsiya va takliflarini soʻrab olsin va ishchi guruhlariga taqdim etsin, zarur hollarda, ularning tajribali ekspertlarini ishchi guruhlari faoliyatiga jalb qilishga koʻmaklashsin;

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi bilan birgalikda zarur hollarda ishchi guruhlari aʼzolarini rivojlangan xorijiy davlatlarga qisqa muddatli xizmat safariga yuborishni tashkil etsin.

Bunda, ishchi guruhlari aʼzolarini xorijga yuborish bilan bogʻliq xarajatlar (transport, mehmonxona, kunlik va boshqalar) Davlat xizmatini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplanadi.

10. Komissiya (A.N. Aripov, Z.Sh. Nizomiddinov):

2022-yil 10-fevralga qadar taqdimot materiallarini koʻrib chiqsin;

2022-yil 20-fevralga qadar har bir yoʻnalish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga taqdimot qilsin;

2022-yil 1-martga qadar 2022-2023-yillarda Yangi Oʻzbekiston maʼmuriy islohotlarini amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni tasdiqlashni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni loyihasini kiritsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2021-yil 22-noyabr,

F-5-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 22-noyabrdagi F-5-son farmoyishiga1-ILOVA

2022-2023-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekiston maʼmuriy islohotlari dasturini ishlab chiqishni muvofiqlashtiruvchi respublika komissiyasi

Izoh: komissiya aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga mazkur lavozimga yangi tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklatilgan shaxslar kiritiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 22-noyabrdagi F-5-son farmoyishiga2-ILOVA

Davlat boshqaruvi organlarining maqomini belgilash, tuzilmalarini takomillashtirish va shtat birliklarini maqbullashtirish yuzasidan takliflarni ishlab chiqish boʻyicha ishchi guruhi

Izoh: ishchi guruhi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga mazkur lavozimlarga yangi tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklatilgan shaxslar kiritiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 22-noyabrdagi F-5-son farmoyishiga3-ILOVA

Davlat boshqaruvi organlari faoliyatida raqamli texnologiyalar, ochiqlik va davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish yuzasidan takliflarni ishlab chiqish boʻyicha ishchi guruhi

Izoh: ishchi guruhi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga mazkur lavozimlarga yangi tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklatilgan shaxslar kiritiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 22-noyabrdagi F-5-son farmoyishiga4-ILOVA

Davlat boshqaruvi organlarining moddiy-texnika taʼminotini takomillashtirish yuzasidan takliflarni ishlab chiqish boʻyicha ishchi guruhi

Izoh: ishchi guruhi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga mazkur lavozimlarga yangi tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklatilgan shaxslar kiritiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 22-noyabrdagi F-5-son farmoyishiga5-ILOVA

Davlat boshqaruvi organlarining kadrlar salohiyatini takomillashtirish yuzasidan takliflarni ishlab chiqish boʻyicha ishchi guruhi

Izoh: ishchi guruhi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga mazkur lavozimlarga yangi tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklatilgan shaxslar kiritiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 22-noyabrdagi F-5-son farmoyishiga6-ILOVA

Davlat boshqaruvi organlarida korrupsiyaning oldini olish yuzasidan takliflarni ishlab chiqish boʻyicha ishchi guruhi

Izoh: ishchi guruhi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga mazkur lavozimlarga yangi tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklatilgan shaxslar kiritiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 22-noyabrdagi F-5-son farmoyishiga7-ILOVA

Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish yuzasidan takliflarni ishlab chiqish boʻyicha ishchi guruhi

Izoh: ishchi guruhi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga mazkur lavozimlarga yangi tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklatilgan shaxslar kiritiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 22-noyabrdagi F-5-son farmoyishiga8-ILOVA

2022-2023-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekiston maʼmuriy islohotlari dasturi loyihasiga takliflar ishlab chiqishda eʼtibor qaratilishi lozim boʻlgan asosiy ustuvor yoʻnalishlar

I. Davlat boshqaruvi organlarining maqomini belgilash, tuzilmalarini takomillashtirish va shtat birliklarini maqbullashtirish yuzasidan:

davlat boshqaruvi organlarining har birining maqomini belgilash, ularni tashkil etish va tugatishning aniq tartibi, bir-biridan farqlovchi mezonlarni nazarda tutuvchi mexanizmlarni ishlab chiqish;

vazirlik va idoralar hamda ular tarkibiga kiradigan tashkilotlarning barcha funksiyalarni tahlil qilish, takrorlanuvchi vazifa va funksiyalarini qisqartirish, shuningdek, ushbu asosda vazirlik va idoralar hamda ularning tarkibiga kiradigan tashkilotlarni qayta tashkil qilish (qoʻshib yuborish, qoʻshib olish, boʻlish, ajratib chiqarish, oʻzgartirish) va sonini kamaytirish;

vazirlik va idoralar hamda ular tarkibiga kiradigan tashkilotlar faoliyati ustidan davlat nazoratini amalga oshirishda manfaatlar toʻqnashuvini vujudga keltirayotgan omillarni aniqlash va ularni bartaraf qilish;

davlat-hokimiyat vakolatlari berilgan idoralararo kollegial organlar (komissiyalar, kengashlar, ishchi guruhlar va boshqalar)ni tashkil qilishning aniq huquqiy asoslarini yaratish, ularning vakolat chegaralari va faoliyat yuritish davrini belgilash, shuningdek, kollegial organlar sonini qisqartirish va ular vakolatini tegishli sohaga masʼul boʻlgan vazirlik va idoralarga berish;

hududlarni rivojlantirish boʻyicha vazifalarni hal qilishda vazirlik va idoralarning hududiy va tuman (shahar) boʻlinmalari ishini samarali tashkil etish;

vazirlik va idoralar rahbar oʻrinbosarlarining yoʻnalishlar kesimidagi javobgarlik chegaralarini aniq belgilash, ularga yuklatilgan funksiya va vazifalarni tuman (shahar), mahalla darajasida samarali tashkil etish;

vazirlik va idoralar hamda ular tarkibiga kiradigan tashkilotlarning tashkiliy va markaziy apparati tuzilmalarining yagona namunasini ishlab chiqish, tashkiliy tuzilmalarga tashkilotlarni kiritish va chiqarib tashlashning huquqiy asoslarini belgilash;

vazirlik va idoralar hamda ular tarkibiga kiradigan tashkilotlarning shtat birliklari toʻgʻrisidagi yagona ochiq markazlashgan axborot platformasini yaratish, ularga qoʻshimcha shtat birliklarini ajratish yoki mavjudlarini qisqartirish boʻyicha aniq huquqiy asoslarni belgilash;

vazirlik va idoralar hamda ular tarkibiga kiradigan tashkilotlarning Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtirilayotgan shtat birliklarini maqbullashtirish.

II. Davlat boshqaruvi organlari faoliyatida raqamli texnologiyalar, ochiqlik va davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish yuzasidan:

vazirlik va idoralar hamda ular tarkibiga kiradigan tashkilotlarda maʼmuriy tartib-taomillarni maqbullashtirish, qogʻozbozlikni kamaytirish, boshqaruv jarayonini avtomatlashtirish, ish yurituvini toʻliq raqamlashtirish;

vazirlik va idoralar (shu jumladan ularning tarkibiy tuzilmalarida) hamda ular tarkibiga kiradigan tashkilotlarda yagona hujjat almashinuvini taʼminlash, ushbu yoʻnalishda dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish va foydalanishning milliy standartlarini joriy qilish, “Ochiq idora” loyihasini amalga oshirish;

davlat xizmatlarini koʻrsatish tizimini takomillashtirish, ularni toʻliq raqamlashtirish va debyurokratlashtirish orqali fuqarolarning sarson boʻlishiga barham berish;

vazirlik va idoralar hamda ular tarkibiga kiradigan tashkilotlar bilan oʻzaro elektron munosabatlarni yanada takomillashtirish doirasida fuqarolarning raqamli imzosi va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidagi shaxsiy kabinetlar ulushini oshirish;

vazirlik va idoralar hamda ular tarkibiga kiradigan tashkilotlar faoliyatining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash, ularning aholi, nodavlat notijorat tashkilotlar va ommaviy axborot vositalari bilan ishlashida yangi, zamonaviy va taʼsirchan texnologiyalarni joriy qilish;

vazirlik va idoralar hamda ular tarkibiga kiradigan tashkilotlarning ayrim funksiyalarini nodavlat sektoriga oʻtkazish orqali maʼmuriy apparatni ixchamlashtirish va ish jarayonlarini optimallashtirish;

ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal qilishda ijtimoiy hamda davlat-xususiy sheriklikning huquqiy va institutsional bazasini yanada takomillashtirish.

III. Davlat boshqaruvi organlarining moddiy-texnika taʼminotini takomillashtirish yuzasidan:

vazirlik va idoralar hamda ular tarkibiga kiradigan tashkilotlar tasarrufidagi maʼmuriy binolar, inshootlar va boʻsh turgan yer maydonlaridan, shu jumladan qurilishi tugallanmagan obyektlardan samarali foydalanish mexanizmlarini yaratish;

vazirlik va idoralar hamda ular tarkibiga kiradigan tashkilotlar hududiy boʻlinmalarining moddiy-texnika taʼminoti (shu jumladan avtotransport vositalari bilan) holatini oʻrganish, mavjud muammolarni bartaraf etishning huquqiy asosini yaratish;

tegishli vazirlik va idoralarning hududiy boʻlinmalarini bitta maʼmuriy binoga joylashtirish orqali aholiga “Yagona darcha” tizimi asosida xizmat koʻrsatish, ular oʻrtasida samarali hamkorlikni taʼminlash boʻyicha qulay shart-sharoitlar yaratish;

tegishli vazirlik va idoralar maʼmuriy binolarining ichki qismini ochiq ofis koʻrinishida rejalashtirish va qurish.

IV. Davlat boshqaruvi organlarining kadrlar salohiyatini takomillashtirish yuzasidan:

vazirlik va idoralar hamda ular tarkibiga kiradigan tashkilotlarda kasbga oid sifatlar va alohida xizmatlarni odilona va obyektiv baholash asosida eng munosib va qobiliyatli mutaxassis xodimlarni ishga qabul qilish;

kadrlarni tanlov asosida va keng raqobat muhitida ishga qabul qilishni toʻliq joriy qilish va ular faoliyati samaradorligini baholashning huquqiy asoslarini takomillashtirish, shaxsning maʼnaviy-axloqiy va vatanparvarlik sifatlarini obyektiv baholash;

vazirlik va idoralar hamda ular tarkibiga kiradigan tashkilotlarning kadrlar bilan ishlash tuzilmalari (NR-xizmat) maqomini oshirish, ularning maʼmuriy funksiyalarini kengaytirish, xodimlarni izlash, taklif qilish va ishga joylashtirishning yangi texnologiyalarini joriy qilish;

vazirlik va idoralar hamda ular tarkibiga kiradigan tashkilotlar rahbarlarining yordamchilari maqomini oshirish, shu jumladan qarorlar qabul qilishda ularning mustaqilligi va masʼuliyatini belgilash, ushbu lavozimga chuqur bilim, tajriba va amaliy koʻnikmalarga ega boʻlgan malakali mutaxassislarni tayinlash;

davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisidagi qonunchilikni takomillashtirish, ushbu sohani tartibga solish maqsadida yagona qonun loyihasini hamda davlat fuqarolik xizmatini uzoq istiqbolli rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish va qabul qilish;

vazirlik va idoralar hamda ular tarkibiga kiradigan tashkilotlarda “Kadrlar — barchasini hal qiladi” tamoyilini amaliyotga joriy qilishni taʼminlash, oʻz ustida ishlamaydigan va masʼuliyatni his qilmaydigan kadrlarga nisbatan “jamoaviy taʼsir”ni amalga oshirish;

vazirlik va idoralar hamda ular tarkibiga kiradigan tashkilotlar kadrlarini attestatsiya, rotatsiya qilish, malakasini oshirish, oʻqish va stajirovkaga yuborish tizimiga zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish;

Davlat boshqaruvi akademiyasining kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishdagi rolini kuchaytirish, kadrlar salohiyatini yuksaltirish borasidagi ishtirokini kengaytirish;

vazirlik va idoralar hamda ular tarkibiga kiradigan tashkilotlarda yagona kadrlar reytingini yuritish, bunda reytingni shakllantirishda kadrlar qoʻnimsizligi, tizimdan chiqib ketganligi, kadrlarni motivatsiya qilish va shart-sharoitlar yaratish masalalarini inobatga olish;

vazirlik va idoralar hamda ular tarkibiga kiradigan tashkilotlar kadrlarining dam olishi, ish qobiliyatini tiklashi, boʻsh vaqtini mazmunli va foydali oʻtkazishi tizimini takomillashtirish, davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan olinadigan kafolatlangan bepul xizmatlar va vositalar paketini ishlab chiqish.

V. Davlat boshqaruvi organlarida korrupsiyaning oldini olish yuzasidan:

vazirlik va idoralar hamda ular tarkibiga kiradigan tashkilotlar kesimida korrupsiya avj olgan sohalarda uning rivojlanish sabablari va shartlarini oʻrganish asosida ushbu sohalarning har biriga “tashxis qoʻyish” hamda korrupsiya omillarini bartaraf etish;

vazirlik va idoralar hamda ular tarkibiga kiradigan tashkilotlarda korrupsiyaning oldini olishga doir aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqish;

vazirlik va idoralar hamda ular tarkibiga kiradigan tashkilotlar tomonidan Davlat budjeti va xalqaro moliya institutlari mablagʻlari hisobidan qurilgan, rekonstruksiya qilingan, mukammal taʼmirlangan va jihozlangan bino va inshootlar, amalga oshirilgan xaridlar va xizmatlar uchun sarflanadigan mablagʻlardan oqilona, tejamkor va samarali foydalanish, tender va tanlovlarni ochiq va shaffof holda oʻtkazish tizimini yanada takomillashtirish;

korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish, ularning normalarini aniq huquqiy mexanizmlar bilan ochib berish.

VI. Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish yuzasidan:

xalq deputatlari Kengashlarining Oliy Majlis Senati bilan, hokimliklarning vazirlik va idoralar hamda ularning hududiy boʻlinmalari bilan aloqalariga doir huquqiy asoslarni takomillashtirish;

xalq deputatlari Kengashlarining mahallalardagi mavjud muammolarni hal qilishdagi rolini yanada oshirish;

mahalliy vakillik organlarida doimiy asosda faoliyat yurituvchi deputatlar korpusini shakllantirish hisobiga hududiy ijro organlari faoliyati ustidan deputatlik nazoratini kuchaytirish;

hokimlar, ularning oʻrinbosarlari va maslahatchilarining vakolat chegarasini aniq belgilash, ular faoliyatini mahallalar darajasida amalga oshirgan ishlari natijadorligiga qarab baholab borish amaliyotini yoʻlga qoʻyish;

hokim yordamchilari faoliyatini samarali tashkil etish, ularga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirishda masʼul vazirlik va idoralar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish mexanizmlarini belgilash.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 22-noyabrdagi F-5-son farmoyishiga9-ILOVA

2022-2023-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekiston maʼmuriy islohotlari dasturining loyihasini ishlab chiqish

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.