Chet tillarini oʻqitish boʻyicha ilgʻor xorijiy tajribani taʼlim tizimiga joriy qilish, chet tillarini mukammal egallagan oliy maʼlumotli mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish hamda xorijiy tillar boʻyicha filologlar, pedagoglar, tarjimonlar va gid hamrohlarini tayyorlash tizimini yanada kengaytirish maqsadida:
1. Andijon shahrida Andijon davlat chet tillari instituti (keyingi oʻrinlarda — Institut) tashkil etilsin.
Belgilansinki, Institut yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan davlat oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tizimida faoliyat yuritadi.
(1-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-apreldagi PF-58-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.04.2026-y., 06/26/58/0342-son)
2. Quyidagilar Institut faoliyatining asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:
xorijiy tillar sohasi boʻyicha oliy maʼlumotli, ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash;
oʻquv jarayonida xalqaro baholash dasturlari (TALIS, PIRLS, PISA) va standartlaridan foydalanish, oʻqitish va baholashning zamonaviy shakllari, metodlari va texnologiyalarini joriy etish boʻyicha bilim va koʻnikmalarga ega boʻlgan pedagoglarni tayyorlash;
yetakchi xorijiy oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari bilan hamkorlikda qoʻshma taʼlim dasturlari joriy etish va ilmiy loyihalarni amalga oshirish;
xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlarning amaldagi reytingida oliy taʼlim muassasalari orasida yuqori 1 000 talik oʻrinni egallagan xorijiy oliy taʼlim muassasasining dasturi asosida oʻz taʼlim dasturlarini shakllantirish, yetakchi xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan mustaqil ravishda qoʻshma taʼlim dasturlari va ilmiy loyihalarni joriy etish;
taʼlimni zamonaviy pedagogik texnologiyalar asosida tashkil etish, jumladan oʻquv jarayoniga raqamli texnologiyalarni tatbiq qilish, shuningdek, oʻquv jarayonini talabalarda mustaqil taʼlim olish va amaliy, jumladan sinxron, badiiy, ketma-ket va ilmiy-texnik tarjima koʻnikmalarini shakllantirishga yoʻnaltirish;
Institutning ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirib borish, jumladan professor-oʻqituvchilar stajirovkasi va malaka oshirishini nufuzli respublika va xorijiy oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlarida tashkil etish.
3. Quyidagilar:
Andijon davlat chet tillari instituti faoliyatini tashkil etish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi 1-ilovaga muvofiq;
Andijon davlat chet tillari institutini 2026-yilga qadar rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari 2-ilovaga muvofiq;
Andijon davlat chet tillari institutida tashkil etiladigan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari roʻyxati 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Belgilab qoʻyilsinki:
a) Institutda oʻquv jarayoni 2022/2023 oʻquv yilidan boshlanadi hamda talabalarga ikkita xorijiy til boʻyicha kvalifikatsiya beriladi;
b) Andijon davlat universiteti va uning Pedagogika institutiga xorijiy tillar yoʻnalishlarida bakalavriat va magistratura bosqichlarida kadrlar tayyorlash boʻyicha ajratiladigan davlat buyurtmasi kvotasi 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab Institutga yoʻnaltiriladi;
v) Institutga talabalarni qabul qilish parametrlari har yili tasdiqlanadigan respublika oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi va qoʻshimcha qabul parametrlari doirasida aniqlanadi;
(4-bandning “g” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-iyuldagi PF-114-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.07.2025-y., 06/25/114/0633-son)
d) Institutning magistratura mutaxassisliklariga kirishda xorijiy tilni bilish darajasi boʻyicha S1 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro tan olingan sertifikat va bakalavriat diplom balining oʻrtacha koʻrsatkichi inobatga olinadi hamda qoʻshimcha imtihonlar oʻtkazilmaydi;
e) Institutning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan mutaxassislik fanlaridan xorijiy tilda dars beradigan S1 darajasidan kam boʻlmagan milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro tan olingan sertifikatga ega oʻqituvchilariga ularning bazaviy tarif stavkasiga nisbatan har oylik 50 foiz miqdorida qoʻshimcha ustama haqi toʻlab borilishi mumkin.
5. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi:
a) 2022-yil 1-iyulga qadar Institutni tanlov asosida amaliy tajriba va (yoki) ilmiy darajaga ega boʻlgan yuqori malakali professor-oʻqituvchilar bilan toʻldirish choralarini koʻrsin;
b) 2023/2024 oʻquv yilidan boshlab Institutning xorijiy tillar oʻqituvchilari S1 darajasidan kam boʻlmagan milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro tan olingan sertifikatga ega boʻlishini hamda dars mashgʻulotlarini tegishli tillarda olib borilishini taʼminlasin;
v) 2024/2025 oʻquv yilidan boshlab:
Institutning mutaxassislik fanlar (xorijiy tildan tashqari) oʻqituvchilarining B2 darajadan kam boʻlmagan milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro tan olingan sertifikatga ega boʻlishini;
Institutning oʻquv jarayoniga til egasi boʻlgan malakali xorijiy mutaxassislarni jalb qilinishini tashkillashtirsin. Bunda, xorijiy mutaxassislarning oylik ish haqi bozor konyunkturasi asosida aniqlanadi hamda Institutning budjetdan tashqari mablagʻlari va Oliy taʼlim muassasalarini rivojlantirish jamgʻarmasi hisobidan moliyalashtiriladi;
g) Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2022-yil 1-sentabrga qadar Institutni zarur telekommunikatsiya vositalari bilan jihozlash hamda yuqori tezlikdagi Internet tarmogʻiga ulash choralarini koʻrsin.
6. Andijon viloyati hokimligi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda Institut talabalarini amaliyot oʻtash uchun hududdagi korxonalar, turizm va madaniy meros obyektlari, taʼlim va boshqa tashkilotlarga biriktirish hamda yuqori kurs talabalarini ish haqi toʻlanadigan tizim orqali band qilish choralarini koʻrsin.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-apreldagi PF-58-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.04.2026-y., 06/26/58/0342-son)
7. Innovatsion rivojlanish vazirligi filologiya fanlari tarmogʻining tegishli ixtisosliklari boʻyicha yuqori malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarga boʻlgan ehtiyojdan kelib chiqib, 2023-yildan boshlab Institutga doktorantura boʻyicha kvota ajratilishini taʼminlasin.
8. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi quyidagi yoʻnalishlarda Institutga yaqindan koʻmaklashsin:
(8-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-apreldagi PF-58-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.04.2026-y., 06/26/58/0342-son)
xorijlik ekspertlarni jalb etgan holda professor-oʻqituvchilar va mutaxassislar uchun malaka oshirish, jumladan sinxron tarjima qilish koʻnikmalarini shakllantirish boʻyicha kurslarni tashkil qilishda;
professor-oʻqituvchilarning zamonaviy oʻqitish koʻnikmalarini rivojlantirishda va chet tilini bilish darajasini aniqlash boʻyicha sertifikat olishida;
Institutning boʻsh auditoriyalarida xorijiy tillarni oʻqitish kurslarini tashkil etib, talabalarga qoʻshimcha daromad topishlari uchun zarur sharoit yaratishda;
aholi va taʼlim muassasalari uchun chet tillarini oʻrganishda koʻmak beruvchi kontentlarni shartnoma asosida yaratishda.
9. Belgilansinki:
Institut faoliyati Davlat budjeti mablagʻlari, toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishdan tushadigan mablagʻlar, xoʻjalik faoliyati va shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan tushumlar, homiylik xayriyalari va grantlar hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi;
Institutning boshlangʻich faoliyatini samarali tashkil etish, xususan uning bino va inshootlarini taʼmirlash hamda jihozlash ishlari Oliy taʼlim muassasalarini rivojlantirish jamgʻarmasi hisobidan amalga oshiriladi;
mazkur qarorni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish 2022-yilda Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchi sifatida Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga ajratilgan mablagʻlar doirasida amalga oshiriladi, 2023-yildan boshlab — Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi.
10. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Andijon viloyati hokimligining quyidagi bino va inshootlarni tegishli hududi bilan birgalikda Institutga operativ boshqaruv huquqi asosida bepul berish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin:
Andijon shahar, Boburshoh koʻchasi, 5-uy manzilida joylashgan Andijon davlat universitetining oʻquv binolarini;
Andijon shahar, Boburshoh koʻchasi, 20-uy manzilida joylashgan Andijon davlat universitetining talabalar turar joyini;
Andijon davlat universitetining Andijon viloyati, Xonobod shahri, “Kampirrovot” MFY hududida joylashgan dam olish maskanini.
11. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga asosan Institutning bino va inshootlarini rekonstruksiya qilish, yangi oʻquv binosi va talabalar turar joyini qurish hamda ularni jihozlash loyihalarini Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil va kelgusi yillarga moʻljallangan Investitsiya dasturiga belgilangan tartibda kiritilishini taʼminlasin.
12. Andijon viloyati hokimligi Institut faoliyatini samarali tashkil etish uchun boshqa hududlardan jalb etilgan professor-oʻqituvchilarni uy-joy bilan taʼminlash maqsadida Institutga yaqin hududda joylashgan koʻp qavatli uy-joylardan xizmat uylarini Institutga tekin foydalanish huquqi asosida ajratsin.
Institutga oʻzining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan boshqa hududlardan jalb etilgan professor-oʻqituvchilar uchun qulay shart-sharoit yaratish va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, xususan ijara toʻlovini kompensatsiya qilishga ruxsat etilsin.
13. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
14. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri A.X. Toshkulov hamda Andijon viloyati hokimi Sh.K. Abduraxmonov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 31-may,
PQ-265-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 31-maydagi PQ-265-son qaroriga 1-ILOVA
Andijon davlat chet tillari instituti faoliyatini tashkil etish boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 31-maydagi PQ-265-son qaroriga 2-ILOVA
Andijon davlat chet tillari institutini 2026-yilga qadar rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 31-maydagi PQ-265-son qaroriga 3-ILOVA
Andijon davlat chet tillari institutida tashkil etiladigan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari