PQ-286-son Qaror · 20.06.2022

Dzyudo sport turini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-286
  • Qabul qilingan sana:20.06.2022
  • Kuchga kirgan sana:20.06.2022
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/22/286/0542

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-fevraldagi “Oʻzbekiston sportchilarining navbatdagi yozgi va qishki Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etishi uchun tayyorgarlik ishlarini jadallashtirish toʻgʻrisida”gi PQ-127-son qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek, aholi oʻrtasida dzyudoning olimpiya sport turi sifatida ommaviyligini oshirish, yoshlar orasidan iqtidorli sportchilarni saralab olish tizimini takomillashtirish, milliy terma jamoalarimizning nufuzli sport musobaqalarida yuqori natijalarga erishishini taʼminlash maqsadida:

1. Quyidagilar dzyudo sport turini rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:

dzyudoni aholi oʻrtasida ommaviy sport turlaridan biriga aylantirish, iqtidorli sportchilarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya) hamda ularni professional sportchilar sifatida tayyorlashning yangi tizimini yoʻlga qoʻyish;

maktabgacha yoshdagi bolalarda dzyudoga qiziqish uygʻotish va jang sanʼatining ushbu turi boʻyicha boshlangʻich koʻnikmalarni shakllantirish;

dzyudo boʻyicha professional trenerlar, malakali hakamlar va mutaxassislarni tayyorlash tizimini rivojlantirish, oʻquv-uslubiy qoʻllanmalar ishlab chiqish;

dzyudo infratuzilmasini yanada rivojlantirish hamda xalqaro talablarga moslashtirish, umumiy oʻrta taʼlim maktablarida dzyudo zallari sonini koʻpaytirish;

Qurolli Kuchlar va huquqni muhofaza qilish organlarining jismoniy tayyorgarlik mashgʻulotlari dasturiga dzyudoni bosqichma-bosqich kiritish, ular tizimidagi taʼlim muassasalari oʻquvchi-talabalari uchun ushbu sport turi boʻyicha fakultativ mashgʻulotlar va toʻgaraklar tashkil qilish;

ayollar oʻrtasida dzyudoni rivojlantirish, bu borada uzoq yillarga moʻljallangan istiqbolli rejalarni ishlab chiqish va amalga oshirish;

ommaviy axborot vositalarida sogʻlom turmush tarzining muhim tarkibiy qismi sifatida dzyudoni targʻib qilish hamda bu jarayonda axborotlashtirish va multimedia mahsulotlaridan foydalanishni taʼminlash.

2. Quyidagilar:

2022-2023-yillarda dzyudo sport turini yanada rivojlantirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 1-ilovaga muvofiq;

2022 — 2025-yillarda dzyudo sport turini rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Belgilab qoʻyilsinki, 2023-yil 1-yanvardan boshlab anʼanaviy tarzda dzyudo sport turi boʻyicha Oʻzbekistonda quyidagi musobaqalar oʻtkaziladi:

kattalar oʻrtasida “Katta dubulgʻa” xalqaro turniri;

Osiyo chempionati gʻolibi va Xalqaro toifadagi Oʻzbekiston sport ustasi Uchqun Murodov xotirasiga bagʻishlangan 18 yoshgacha boʻlgan oʻgʻil bolalar va qizlar oʻrtasida xalqaro turnir;

umumiy oʻrta taʼlim maktablari oʻquvchilari oʻrtasida “Xalq taʼlimi vaziri kubogi”;

oʻrta maxsus, professional va oliy taʼlim muassasalari oʻquvchi-talabalari oʻrtasida “Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri kubogi”;

Qurolli Kuchlar tizimida “Mudofaa vaziri kubogi”;

2024-2025-yillarda harbiylar oʻrtasida Jahon chempionati.

Yoshlar siyosati va sport vazirligi (Sh. Maxmudov) Mudofaa vazirligi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi bilan birgalikda:

(3-bandning sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)

bir oy muddatda ushbu qarorning 3-bandida koʻrsatilgan musobaqalarga puxta tayyorgarlik koʻrish va ularni yuqori saviyada oʻtkazish boʻyicha chora-tadbirlar rejasini tasdiqlasin;

xalqaro turnirlarda mahalliy dzyudochilar bilan birgalikda yuqori reytingga ega boʻlgan kuchli xalqaro dzyudochilar, trenerlar va hakamlarning ishtirokini taʼminlasin;

yuqoridagi musobaqalar va turnirlarni oʻtkazish jarayonini mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari hamda boshqa kommunikatsiya manbalarida keng yoritsin.

Turizm qoʻmitasi (U. Shadiyev) yuqoridagi musobaqalar va turnirlarni turistik marshrutlar obyektlari roʻyxatiga kiritsin, ularga xorijiy va mahalliy turistlarni jalb qilish choralarini koʻrsin.

(3-bandning oʻn ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-dekabrdagi PF-214-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 06/23/214/0984-son)

4. Xalqaro dzyudo federatsiyasining rejasiga muvofiq, 2022-yil oktabr oyida Toshkent shahrida dzyudo boʻyicha kattalar oʻrtasida Jahon chempionati oʻtkazilishi belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

Belgilansinki:

jahon chempionatini oʻtkazish bilan bogʻliq sarf-xarajatlar Sport vazirligi, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi mablagʻlari, homiylar mablagʻlari (titul homiylik, reklama, axborot hamkorligi hamda televizion translyatsiya media huquqlaridan tushadigan), shuningdek, Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi mablagʻlari hisobidan qoplanadi. Bunda, olinadigan foyda Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi tasarrufida qoldiriladi hamda dzyudoni yanada rivojlantirishga, jumladan dzyudo maktablarini qurish va jihozlash hamda federatsiya faoliyatini moliyalashtirishga yoʻnaltiriladi;

(4-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-226-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2024-y., 06/24/226/1060-son)

jahon chempionatini oʻtkazish uchun aʼzolik badali va mukofot puli bilan bogʻliq sarf-xarajatlar Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi va homiylik mablagʻlari hisobidan qoplanadi.

(4-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 29-iyuldagi PQ-337-son qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.07.2022-y., 07/22/337/0690-son)

Sport vazirligi, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi Toshkent shahar hokimligi va Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi bilan birgalikda jahon chempionatining yuqori darajada oʻtkazilishini taʼminlasin va u bilan bogʻliq boʻlgan barcha tashkiliy masalalarni hal etish choralarini koʻrsin.

(4-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-226-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2024-y., 06/24/226/1060-son)

5. 2023-yil 1-yanvardan boshlab Surxondaryo viloyati Denov tumani hamda Xorazm viloyati Urganch shahar olimpiya va milliy sport turlariga ixtisoslashtirilgan davlat maktab-internatlari negizida Sport vazirligi tizimiga kiruvchi Denov hamda Urganch dzyudo sport mahorati maktablari (keyingi oʻrinlarda — dzyudo maktablari) davlat sport-taʼlimi muassasasi sifatida tashkil etilsin.

(5-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-226-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2024-y., 06/24/226/1060-son)

Belgilansinki:

dzyudo maktablari faoliyati dzyudo boʻyicha qobiliyatli va iqtidorli yosh sportchilarni tanlab olish hamda ularni asosan milliy terma jamoalarga tayyorlashga yoʻnaltiriladi;

dzyudo maktablariga oʻqishga 5-sinfdan qabul qilinadi hamda taʼlim olish muddati yetti yil etib belgilanadi;

dzyudo maktablarining oʻquv jarayoni Sport vazirligi va Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan belgilanadi hamda tasdiqlangan oʻquv rejaga asosan amalga oshiriladi;

(5-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-226-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2024-y., 06/24/226/1060-son)

dzyudo maktablari direktori, uning oʻrinbosarlari, trener-oʻqituvchilar, yoʻriqchi-uslubchilar, tarbiyachilar mehnatiga haq toʻlash hamda maktab direktorining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari va tarbiyachilar mehnatini ragʻbatlantirish Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 21-dekabrdagi “Xalq taʼlimi xodimlari mehnatiga haq toʻlashning takomillashtirilgan tizimini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 275-son qaroriga muvofiq;

dzyudo maktablari direktori, uning oʻquv va sport ishlari boʻyicha oʻrinbosari, trener-oʻqituvchilar, yoʻriqchi-uslubchilar, tibbiyot xodimlari mehnatini ragʻbatlantirish Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 23-sentabrdagi “Sport maktablari faoliyatini hamda sport maktablari trenerlari va mutaxassislari mehnatini moddiy ragʻbatlantirish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi 211-son qaroriga muvofiq;

dzyudo maktablari tibbiyot xodimlari mehnatiga haq toʻlash Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 21-dekabrdagi “Tibbiyot xodimlari mehnatiga haq toʻlashning takomillashtirilgan tizimini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 276-son qaroriga muvofiq amalga oshiriladi.

Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda dzyudo maktablari faoliyatini tashkil etish boʻyicha Hukumat qarorini qabul qilsin.

6. 2023-yil 1-yanvardan boshlab:

umumiy oʻrta taʼlim maktablarida dzyudo sport turini rivojlantirish boʻyicha “Bolalar uchun dzyudo” dasturi;

maktabgacha taʼlim tashkilotlarida “Maktabgacha dzyudo” loyihasi joriy qilinsin.

Belgilansinki:

a) “Bolalar uchun dzyudo” dasturi doirasida:

Xalq taʼlimi vazirligi bilan hamkorlikda oʻquvchilarida dzyudo bilan shugʻullanish istagi yuqori boʻlgan hamda sport zallari mavjud umumiy oʻrta taʼlim maktablari belgilab olinadi;

tanlab olingan umumiy oʻrta taʼlim maktablarida dzyudo boʻyicha darsdan tashqari alohida sport seksiyalari maktab joylashgan hududdagi sport maktabidan jalb etilgan trener-oʻqituvchilar tomonidan amalga oshiriladi;

umumiy oʻrta taʼlim maktablarida dzyudo zallarini tashkil etish, mavjud dzyudo infratuzilmasini kengaytirish va jihozlash boʻyicha investitsiya va grantlar jalb qilinadi;

Xalqaro dzyudo federatsiyasining “Maktablarda dzyudo” dasturi bilan uzviy bogʻliqlik taʼminlanadi, mazkur dasturdagi yoʻnalishlar, funksiyalar va boshqa muhim chora-tadbirlar amalga oshiriladi;

dzyudoni yoshlar oʻrtasida keng targʻib qilish va ommalashtirish, ularda ushbu sport turiga qiziqishni oshirish, yoshlar oʻrtasida dzyudo boʻyicha musobaqalarni oʻtkazishga koʻmaklashish, shuningdek, jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan oʻquvchilarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha chora-tadbirlar amalga oshiriladi;

b) “Maktabgacha dzyudo” loyihasi doirasida:

maktabgacha taʼlim tashkilotlarida dzyudoni ommalashtirish va keng targʻib qilish orqali tarbiyalanuvchilarni mazkur sport turi bilan muntazam shugʻullanishga jalb etish;

tarbiyalanuvchilarda dzyudo bilan shugʻullanishga kuchli va taʼsirchan motivatsiyani shakllantirish.

7. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi (X. Umarova) Sport vazirligi (A. Ikramov), Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi (A. Kamilov) bilan birgalikda 2023-yildan boshlab dzyudo sport turini oʻquvchilar oʻrtasida ommalashtirish boʻyicha tanlangan maktablarni oʻquv qoʻllanma, tatami, aksessuar va boshqa zarur anjomlar bilan taʼminlash uchun Xalq taʼlimi sohasida islohotlarga koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan har yili 5 milliard soʻmgacha mablagʻlarni yoʻnaltirsin.

(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-226-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2024-y., 06/24/226/1060-son)

8. Belgilab qoʻyilsinki, “Bolalar uchun dzyudo” dasturi doirasida:

a) faoliyat yuritadigan trener-oʻqituvchilar mehnatiga haq toʻlash Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 23-sentabrdagi “Sport maktablari faoliyatini hamda sport maktablari trenerlari va mutaxassislari mehnatini moddiy ragʻbatlantirish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi 211-son qaroriga muvofiq sport maktablari trener-oʻqituvchilari uchun belgilangan meʼyorlar asosida amalga oshiriladi;

b) qurib foydalanishga topshirilgan dzyudo zallari va boshqa sport inshootlari Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tizimidagi umumiy oʻrta taʼlim maktablari balansida saqlanadi;

v) qurib foydalanishga topshirilgan dzyudo zallari va boshqa sport inshootlariga Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi huzuridagi Dzyudo sport klubi (keyingi oʻrinlarda — Dzyudo sport klubi) va uning filiallari tekin foydalanish huquqi asosida joylashtiriladi. Bunda dzyudo zallari va boshqa sport inshootlarida kommunal toʻlovlar balansda saqlovchi tomonidan amalga oshiriladi;

g) Dzyudo sport klubi dzyudo zallari va boshqa sport inshootlaridan maqsadli foydalanilishini, yaxlitligi va but saqlanishini taʼminlashga masʼul hisoblanadi;

d) dzyudo zallari va boshqa sport inshootlari faoliyatini toʻliq va samarali yoʻlga qoʻyish maqsadida Sport vazirligi tomonidan Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi bilan birgalikda malakali trenerlar bilan taʼminlanadi;

e) Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi Dzyudo sport klubi va uning filiallari faoliyatiga uslubiy rahbarlikni amalga oshiradi, shuningdek, umumiy oʻrta taʼlim maktablarida oʻquvchilarni dzyudoga oʻrgatish orqali qamrovni yildan yilga oshirib boradi hamda ular oʻrtasida turnirlar va musobaqalar tashkil etadi.

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda ikki hafta muddatda Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi huzuridagi Dzyudo sport klubi bilan tekin foydalanish shartnomasi tuzilishini taʼminlasin.

(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-226-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2024-y., 06/24/226/1060-son)

9. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Sportni rivojlantirish vazirligi, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi va Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasining:

Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetida 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab “Dzyudo va sport faoliyati” bakalavriat taʼlim yoʻnalishini ochish;

Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetida “Dzyudo va sport faoliyati” bakalavriat taʼlim yoʻnalishi boʻyicha 2022/2023 oʻquv yili uchun qabul parametrlari doirasida qabul kvotalarini belgilash haqidagi takliflari maʼqullansin.

10. Sportni rivojlantirish vazirligi, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasining Sportni rivojlantirish vazirligi tizimida Oʻzbekiston dzyudo akademiyasini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

11. Quyidagilar Oʻzbekiston dzyudo akademiyasining asosiy vazifalari etib belgilansin:

dzyudo, shu jumladan paradzyudo boʻyicha sportchilar, trenerlar, trener-seleksionerlar, hakamlar va boshqa mutaxassislarning kasbiy mahorati va malakasini oshirish;

dzyudo, shu jumladan paradzyudo boʻyicha professional, yuqori malakali sportchilar, trenerlar, trener-seleksionerlar, hakamlar va boshqa mutaxassislarni xalqaro talablar asosida tayyorlashga koʻmaklashish;

dzyudo, shu jumladan paradzyudo boʻyicha oʻquv dasturlar va metodologiyani yangilash, yoshlarning tayyorgarlik jarayoniga ilgʻor innovatsion texnologiyalarni joriy etish;

mahalliy va xorijiy mutaxassislar ishtirokida seminar, trening, master-klasslar, oʻquv mashgʻulotlar tashkil etish.

12. Oʻzbekiston dzyudo akademiyasi faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:

Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi mablagʻlari;

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;

xalqaro va chet el tashkilotlarining grantlari;

qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda Oʻzbekiston dzyudo akademiyasi faoliyatini tashkil etish boʻyicha Hukumat qarorini qabul qilsin.

13. Toshkent shahar hokimligi (Sh. Umurzakov):

(13-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)

Fanlar akademiyasi bilan birgalikda Fanlar akademiyasi Polimerlar kimyosi va fizikasi institutiga doimiy foydalanishga berilgan yer uchastkasining (Shayxontohur tumani, Abdulla Qodiriy koʻchasi, 7b-uy) Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasining asosiy bazasiga tutash boʻlgan va boʻsh turgan qismini belgilangan tartibda zaxiraga qaytarish;

zaxiraga qaytarilgan yer uchastkasini davlat mulki sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazish va Sport vazirligiga doimiy foydalanish huquqi asosida ajratish choralarini koʻrsin.

(13-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-226-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2024-y., 06/24/226/1060-son)

Sport vazirligi (M. Ismailov) va Toshkent shahar hokimligi (Sh. Umurzakov) Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi (A. Kamilov) bilan birgalikda ajratilgan yer uchastkasida Oʻzbekiston dzyudo akademiyasi bino va inshootlarini qurishni nazarda tutuvchi ijtimoiy sheriklik toʻgʻrisida bitim imzolanishini hamda Yaponiyaning “Kodokan” koʻp funksiyali, zamonaviy va universal dzyudo markazi namunasi boʻyicha jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari hisobidan Xalqaro dzyudo federatsiyasi talablariga javob beradigan, sport asbob-uskunalari bilan jihozlangan bino va inshootlar (sport zali, oʻquv binosi, oshxona va yordamchi binolar) qurilib, foydalanishga topshirilishini taʼminlasin.

(13-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-226-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2024-y., 06/24/226/1060-son)

(14-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)

15. Toshkent viloyati hokimligi (Z. Mirzayev) “Chorvoq” turistik rekreatsion zonasi” DUK bilan kelishgan holda Toshkent viloyati, Boʻstonliq tumani, Oqtosh qishlogʻi hududidan Yoshlar siyosati va sport vazirligiga 0,5 ga yer uchastkasini 2022-yil yakuniga qadar doimiy foydalanish huquqi asosida ajratilishini taʼminlasin.

Yoshlar siyosati va sport vazirligi (M. Ismailov) Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi (A. Kamilov) bilan birgalikda ajratilgan yer uchastkasida dzyudo boʻyicha milliy terma jamoalar uchun oʻquv-mashgʻulot bazasini barpo etishni nazarda tutuvchi ijtimoiy sheriklik toʻgʻrisida bitim imzolanishini taʼminlasin.

(15-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)

16. Moliya vazirligi (T. Ishmetov) Sportni rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda mazkur qarorda belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish, dzyudo sport anjomlari va jihozlari bilan taʼminlash, shuningdek, dzyudoni rivojlantirish maqsadlari uchun Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasiga joriy yilda sport sohasi uchun koʻzda tutilgan mablagʻlar doirasida 2 milliard soʻm ajratilishini taʼminlasin.

17. Sportni rivojlantirish vazirligi (A. Ikramov) Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi bilan birgalikda 2022-yil 20-dekabrga qadar sport maktablari hamda Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlarini xalqaro talablarga javob beradigan dzyudo sport anjomlari, jihozlari, kiyimlari va ekipirovkasi hamda boshqa zarur vositalar bilan taʼminlasin va ushbu maqsadlarga Sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining 2022-yil uchun respublika kalendar rejasida ajratilgan mablagʻlarning iqtisod qilingan qismidan zarur mablagʻlar yoʻnaltirsin.

18. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi hamda Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi mazkur qarorning mazmun-mohiyati va amaliy ahamiyatini yoritishga oid maqolalar, brifinglar, tematik telekoʻrsatuvlar tashkil etsin.

19. Sportni rivojlantirish vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

20. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib yoshlar siyosati va sport vaziri A.I. Ikramov, yoshlar siyosati va sport vaziri oʻrinbosari Sh.Sh. Maxmudov hamda Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi raisi A.Ya. Kamilov belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi K.K. Kuranbayev zimmasiga yuklansin.

(20-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2022-yil 20-iyun,

PQ-286-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 20-iyundagi PQ-286-son qaroriga 1-ILOVA

2022-2023-yillarda dzyudo sport turini yanada rivojlantirish boʻyicha

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 20-iyundagi PQ-286-son qaroriga 2-ILOVA

2022 — 2025-yillarda dzyudo sport turini rivojlantirishning

(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.