PQ-289-son Qaror · 21.06.2022

Pedagogik taʼlim sifatini oshirish va pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalari faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-289
  • Qabul qilingan sana:21.06.2022
  • Kuchga kirgan sana:22.06.2022
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/22/289/0562

Pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalarini tizimli rivojlantirish va ularda boshqaruv faoliyatini takomillashtirish, ilgʻor xorijiy tajribalarni joriy qilgan holda zamonaviy taʼlim dasturlarini ishlab chiqish, yuqori malakali professional kadrlar tayyorlashni yangi bosqichga koʻtarish, shuningdek, pedagogika sohasida taʼlim, ilm-fan va amaliyot uygʻunligini taʼminlash maqsadida:

1. Quyidagilar:

Urganch davlat universiteti pedagogika taʼlim sohasining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari negizida Urganch davlat pedagogika instituti;

Namangan davlat universiteti pedagogika taʼlim sohasining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari negizida Namangan davlat pedagogika instituti;

Guliston davlat universiteti pedagogika taʼlim sohasining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari negizida Guliston davlat pedagogika instituti;

Samarqand davlat universitetining Oʻzbekiston-Finlyandiya pedagogika instituti negizida Oʻzbekiston-Finlyandiya pedagogika instituti;

Andijon davlat universitetining Pedagogika instituti negizida Andijon davlat pedagogika instituti;

Buxoro davlat universitetining Pedagogika instituti negizida Buxoro davlat pedagogika instituti;

Termiz davlat universitetining Pedagogika instituti negizida Termiz davlat pedagogika instituti;

Qarshi davlat universitetining Pedagogika instituti negizida Shahrisabz davlat pedagogika instituti;

Chirchiq davlat pedagogika instituti negizida Chirchiq davlat pedagogika universiteti;

Jizzax davlat pedagogika instituti negizida Jizzax davlat pedagogika universiteti tashkil etilsin.

2. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalarida taʼlim sifatini oshirish uchun:

(2-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 3-iyuldagi PF-107-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.07.2023-y., 06/23/107/0441-son)

a) 2022-yil 1-sentabrga qadar:

pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalarining taʼlim dasturlarini xorijiy mutaxassislar bilan hamkorlikda qayta koʻrib chiqsin va ularni Milliy malaka ramkasi, Taʼlimni xalqaro standart klassifikatori (MSKO-2011) va xalqaro baholash dasturlari (PISA, TIMSS, PIRLS, TALIS) talablariga;

pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida akademik mobillikni yoʻlga qoʻyish uchun ularning oʻquv rejalari va taʼlim dasturlarini bir-biriga muvofiqlashtirsin;

b) 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab:

taʼlim dasturlarining oʻzaro uygʻunligi va uzluksizligini taʼminlash maqsadida maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va professional taʼlimda foydalaniladigan darsliklar hamda metodik qoʻllanmalarni pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalariga ularning talabnomasiga muvofiq pullik asosda taqdim etish tartibini joriy qilsin;

pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalari kunduzgi taʼlim shaklida tahsil olayotgan 3-4-bosqich talabalari uchun haftalik oʻquv mashgʻulotlari “4+2” tartibida, shu jumladan darslarning 4 kuni oliy taʼlim muassasasida, 2 kuni maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida amaliyot oʻtash tartibida olib borilishini taʼminlasin;

(2-band “b” kichik bandining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-apreldagi PF-73-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.04.2025-y., 06/25/73/0389-son)

v) 2023-yil 1-sentabrga qadar pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalarida ularning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan zamonaviy uskunalar va jihozlar bilan taʼminlangan fizika, kimyo, biologiya va texnologik taʼlim fanlari boʻyicha oʻquv laboratoriyalarni tashkil etsin;

g) 2024-yil 1-yanvarga qadar pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalari uchun “Oliy taʼlim jarayonlarini boshqarish” axborot tizimida elektron oʻquv dasturlar, darsliklar, ilmiy-tadqiqot ishlari, maqolalar, taqdimotlar, multimedia taʼlim mahsulotlari, maʼruzalarning audio va video yozuvlari hamda boshqa kontentlarni joylashtirsin;

d) 2024-yil 1-sentabrga qadar pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalarining oʻquv jarayoniga talabalarda mustaqil taʼlim olish, tizimli tahlil qilish va ijodiy fikrlash koʻnikmalarni shakllantirishga qaratilgan metodikalarni joriy qilsin;

e) har yili pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalari ixtisoslik kafedralarining kamida 5 foiz professor-oʻqituvchilarini ushbu muassasalarning budjetdan tashqari jamgʻarmalari hisobidan xorijiy davlatlarga tanlov asosida malaka oshirish va stajirovkaga yuborish choralarini koʻrsin.

3. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi bilan birgalikda oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlarini shakllantirishda ehtiyojdan kelib chiqib, pedagogik taʼlim yoʻnalishlari uchun ajratiladigan davlat granti asosidagi qabul koʻrsatkichlari miqdorini bosqichma-bosqich oshirib borish choralarini koʻrsin.

(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 3-iyuldagi PF-107-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.07.2023-y., 06/23/107/0441-son)

4. Belgilansinki, 2023/2024 oʻquv yili qabulidan boshlab pedagogik kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalarining:

mazkur qarorga 1-ilovada koʻrsatilgan taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha sirtqi taʼlim shakliga qabul amalga oshirilmaydi;

mazkur qarorga 1-ilovada koʻrsatilmagan hamda Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim tashkilotlariga qabul qilish boʻyicha davlat komissiyasi tomonidan belgilab beriladigan pedagogika sohasidagi taʼlim yoʻnalishlariga sirtqi taʼlim shakli boʻyicha oʻqishga taʼlim tizimida pedagogik faoliyatga oid kamida besh yillik ish stajiga ega boʻlgan va roʻyxatdan oʻtish davrida taʼlim tashkilotlarida faoliyat olib boruvchi shaxslar qabul qilinadi;

(4-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 3-iyuldagi PF-107-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.07.2023-y., 06/23/107/0441-son)

Bunda, pedagogika sohasidagi taʼlim yoʻnalishlarida sirtqi taʼlim shakli boʻyicha oʻqish istagida boʻlgan shaxslarning taʼlim tizimida kamida besh yillik pedagogik ish stajiga ega ekanligi “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksidagi maʼlumotlar asosida belgilanadi.

5. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (A. Toshkulov) Xalq taʼlimi vazirligi (B. Saidov) bilan birgalikda 2023-yil 1-yanvarga qadar pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalari bakalavriatida tahsil olayotgan talabalar uchun ularning taʼlim yoʻnalishlariga turdosh boʻlgan mutaxassisliklar boʻyicha qoʻshimcha pedagogik tayyorlov dasturlarini (keyingi oʻrinlarda — dasturlar) ishlab chiqsin va amaliyotga joriy qilsin.

Belgilansinki:

dasturlar boʻyicha oʻqishga pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalari bakalavriatining soʻnggi ikki bosqichida tahsil olayotgan talabalar qabul qilinadi;

dasturlar boʻyicha oʻqitish talabalarning oliy taʼlim muassasasida tahsil olishdan boʻsh boʻlgan vaqtida pullik asosda amalga oshiriladi. Bunda, manfaatdor vazirlik, idoralar va tashkilotlar tomonidan dasturlar boʻyicha oʻqitish uchun grant ajratilishi mumkin;

dasturlarni oʻzlashtirganlik toʻgʻrisidagi sertifikatga ega shaxslarga oliy taʼlim tashkilotida oʻqishni bitirganidan soʻng qayta tayyorlash kurslaridan oʻtmasdan sertifikatda koʻrsatilgan mutaxassislik boʻyicha maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlarida pedagogik faoliyat bilan shugʻullanish huquqi beriladi.

6. 2023/2024 oʻquv yilidan boshlab pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalarining qoʻshma taʼlim dasturlarida taʼlim olayotgan talabalarning hamkor xorijiy oliy taʼlim muassasasida oʻqish davri uchun toʻlov-kontrakt qiymatini Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qoplab berish tartibi joriy etilsin.

Belgilansinki, pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalari bakalavriati va magistraturasida qoʻshma taʼlim dasturlari asosida tahsil olayotgan talabalarning hamkor xorijiy oliy taʼlim muassasasida oʻqish davri uchun toʻlov-kontrakti qiymatini Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qoplab berish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalarining qoʻshma taʼlim dasturlarida toʻlov-kontrakt asosida taʼlim olayotgan va yuqori akademik koʻrsatkichlarga ega boʻlgan talabalari oʻrtasida tanlov oʻtkaziladi;

tanlovda gʻolib boʻlgan talabalar bilan davlat maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, professional va oliy taʼlim muassasalarida kamida uch yil ishlab berishni nazarda tutuvchi shartnoma rasmiylashtiriladi;

pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalarining qoʻshma taʼlim dasturlarida taʼlim olayotgan talabalarning toʻlov-kontrakt qiymatini qoplash uchun mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchi sifatida tegishincha Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligiga ajratiladi;

(6-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 3-iyuldagi PF-107-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.07.2023-y., 06/23/107/0441-son)

pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalarining qoʻshma taʼlim dasturlarida taʼlim olayotgan talabalarning toʻlov-kontrakt qiymatini qoplash uchun ajratiladigan mablagʻlar Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasida ochilgan alohida shaxsiy gʻazna hisobvaragʻida nazarda tutiladi.

(6-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 3-iyuldagi PF-107-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.07.2023-y., 06/23/107/0441-son)

7. “El-yurt umidi” jamgʻarmasi (A. Bekmurodov) 2023-yildan boshlab pedagogika sohasi boʻyicha nufuzli xorijiy oliy taʼlim muassasalarida bakalavriat, magistratura, doktorantura dasturlari asosida kadrlar tayyorlash uchun “El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiyalari hisobidan har yili tasdiqlangan umumiy qabul kvotalari doirasida pedagog kadrlar uchun kamida 35 ta alohida kvota ajratilishini taʼminlasin.

8. Quyidagilar:

2022 — 2026-yillarda pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalari faoliyatini takomillashtirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq;

2023 — 2026-yillarda pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalarini rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari 3.1 — 3.13-ilovalarga muvofiq;

pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalari fakultetlarini maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim muassasalariga biriktirish jadvali 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Belgilansinki, pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalari ularga biriktirilgan maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim muassasalari bilan oliy maʼlumotli pedagog kadrlar tayyorlash va oʻqituvchilarni uzluksiz kasbiy rivojlantirish masalalarida yaqindan hamkorlik qiladi, shu jumladan taʼlim muassasalarida mahorat darslari hamda talabalar amaliyotini tashkil etadi, ushbu muassasalarga oʻquv-metodik jihatdan yordam koʻrsatadi.

9. Pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalari huzurida tashkil etiladigan akademik litseylar roʻyxati 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Quyidagilar pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalari huzurida tashkil etiladigan akademik litseylar faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:

Davlat budjeti mablagʻlari;

tegishli pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasasining budjetdan tashqari mablagʻlari;

xoʻjalik va tadbirkorlik faoliyatidan tushadigan mablagʻlar;

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;

xalqaro moliya tashkilotlarining grantlari;

qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

10. Belgilansinki:

2023/2024 oʻquv yilida tajriba-sinov tariqasida pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalari huzuridagi akademik litseylarga qabul ikki bosqichli saralab olish tizimi — dastlabki yozma imtihon hamda test sinovlari asosida tashkil etiladi. Bunda, dastlabki yozma imtihon va test sinovlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 3-dekabrdagi “Iqtidorli yoshlarni saralab olish tizimi va akademik litseylar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4910-son qarori talablariga muvofiq amalga oshiriladi;

roʻyxati 5-ilovada belgilangan taʼlim muassasalarining bino va inshootlari operativ boshqaruv huquqi asosida akademik litseylar tashkil etish uchun pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalariga bepul beriladi;

mazkur qarorga muvofiq pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalariga berilayotgan taʼlim muassasalarining oʻquvchilari oʻqishini ushbu muassasalarda amaldagi oʻquv dasturlari asosida tugatadi.

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi mazkur qarorga 5-ilovada koʻrsatilgan akademik litseylar faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 3-dekabrdagi “Iqtidorli yoshlarni saralab olish tizimi va akademik litseylar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4910-son qarori talablariga muvofiq tashkil qilsin.

(10-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 3-iyuldagi PF-107-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.07.2023-y., 06/23/107/0441-son)

11. Xalq taʼlimi vazirligi (B. Saidov) 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining pedagog kasbiga layoqati mavjud boʻlgan 10-11-sinf oʻquvchilarini maxsus ishlab chiqilgan variativ oʻquv rejalari asosida oʻqitish choralarini koʻrsin.

12. Taʼlimning barcha bosqichlarida uzviylik va uzluksizlikni taʼminlash maqsadida Pedagogik taʼlimni rivojlantirish boʻyicha respublika kengashi (keyingi oʻrinlarda — Kengash) tashkil etilsin va quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilansin:

(12-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-apreldagi PF-73-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.04.2025-y., 06/25/73/0389-son)

maktabgacha, umumiy oʻrta va oʻrta maxsus, pedagog kadrlar tayyorlovchi professional va oliy taʼlim muassasalari, sohada faoliyat yuritayotgan ilmiy va malaka oshirish tashkilotlari oʻrtasida oʻzaro aloqalarni taʼminlash va mustahkamlash;

mamlakatda pedagogik taʼlimni rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlarini belgilash, uning uzoq va oʻrta muddatli strategik dasturini tasdiqlash hamda amalga oshirilishini nazorat qilib borish;

pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalari oʻquv rejalari va taʼlim dasturlarining oʻzaro uzviyligini, shuningdek, maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, professional hamda kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish taʼlim muassasalarining dasturlari bilan uzluksizligini taʼminlash;

taʼlim muassasalarining pedagogika sohasidagi ijobiy tajribasini, shuningdek, oʻqitish va taʼlim oluvchilar bilimlarini baholashning zamonaviy uslublarini ommalashtirish;

pedagogika sohasida ilm-fan va taʼlimni rivojlantirishga oid dolzarb muammolarni aniqlash, ularni keng jamoatchilik ishtirokida, shu jumladan ijtimoiy tarmoqlar orqali muhokama qilish va ilgʻor xorijiy tajribalar asosida ularning yechimi boʻyicha tavsiyalar tayyorlash;

pedagog kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, taʼlim dasturlari va darsliklarni takomillashtirish, zamonaviy pedagogik texnologiyalarni joriy qilish yuzasidan takliflar ishlab chiqish.

Belgilab qoʻyilsinki, Kengash tomonidan tayyorlangan takliflar tegishli vazirlik va idoralar hamda davlat taʼlim va ilmiy muassasalari tomonidan majburiy tartibda koʻrib chiqiladi, ular Kengashga oʻz vazifalarini amalga oshirishda har tomonlama koʻmak beradi, soʻralgan zarur maʼlumotlarni taqdim etib boradi.

13. Belgilab qoʻyilsinki:

mazkur qarorning 1-bandida tashkil etilishi nazarda tutilgan pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi davlat tilida yozilgan muhrga va blankalarga, mustaqil balansga hamda shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga ega boʻladi;

mazkur qarorning 1-bandida tashkil etilishi nazarda tutilgan pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalari yuridik shaxs sifatida tashkil etiladi, davlat oliy taʼlim muassasalari hisoblanadi hamda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tizimida faoliyat yuritadi;

(13-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-apreldagi PF-73-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.04.2025-y., 06/25/73/0389-son)

mazkur qarorning 1-bandida tashkil etilishi nazarda tutilgan pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalarining faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib Davlat budjeti, talabalarni toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishdan, shartnomalar asosida xizmat koʻrsatishdan tushadigan mablagʻlar, xalqaro moliya institutlari va xorijiy tashkilotlarning grantlari, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari, shuningdek, qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisoblanadi;

mazkur qarorning 1-bandida tashkil etilishi nazarda tutilgan pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalarida oʻquv jarayoni 2022/2023 oʻquv yilidan boshlanadi;

2022/2023 oʻquv yilida Urganch davlat universiteti, Namangan davlat universiteti, Guliston davlat universitetining pedagogika taʼlim sohasining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va ularning negizidagi tegishli magistratura mutaxassisliklari boʻyicha qabul qilingan talabalar oʻqishlarini tegishliligi boʻyicha Urganch, Namangan va Guliston davlat pedagogika institutlarida boshlaydi;

Samarqand davlat universitetining Oʻzbekiston-Finlyandiya pedagogika instituti, Andijon davlat universitetining Pedagogika instituti, Buxoro davlat universitetining Pedagogika instituti, Termiz davlat universitetining Pedagogika instituti, Qarshi davlat universitetining Pedagogika instituti, Chirchiq davlat pedagogika instituti, Jizzax davlat pedagogika institutida tahsil olayotgan talabalar bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari boʻyicha tegishliligiga koʻra mazkur qarorning 1-bandida tashkil etilishi nazarda tutilgan pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalarida oʻqishni davom ettiradi hamda ularga oʻqish yakuni boʻyicha ushbu oliy taʼlim muassasalarining diplomi beriladi;

mazkur qarorning 1-bandida tashkil etilishi nazarda tutilgan pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklariga davlat granti asosida qabul qilinadigan talabalarning soni real ehtiyojdan kelib chiqib, har yili tasdiqlanadigan respublika oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish parametrlarida belgilanadi;

mazkur qarorga muvofiq yangidan tashkil etilayotgan Urganch, Namangan va Guliston davlat pedagogika institutlari faoliyatini moliyalashtirish 2022-yilda Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchi sifatida Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga ajratiladigan mablagʻlar doirasida amalga oshiriladi, 2023-yildan boshlab esa Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi;

mazkur qarorga muvofiq yangidan tashkil etilayotgan Urganch, Namangan va Guliston davlat pedagogika institutlarining dastlabki faoliyatini tashkil etish bilan bogʻliq xarajatlar, shu jumladan joriy taʼmirlash va zarur jihozlarni xarid qilish ishlari Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining Oliy taʼlim muassasalarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.

(13-bandning oʻninchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 3-iyuldagi PF-107-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.07.2023-y., 06/23/107/0441-son)

14. Quyidagilar:

Urganch davlat universitetining Urganch shahar, Gurlan koʻchasida joylashgan bino va inshootlari tegishli hududi hamda mavjud barcha jihozlari bilan birgalikda Urganch davlat pedagogika institutiga;

Namangan davlat universitetining Namangan shahar, Uychi koʻchasi, 316-uy va Bobur Shoh koʻchasi, 81-uy manzillarida joylashgan bino va inshootlari tegishli hududi hamda mavjud barcha jihozlari bilan birgalikda Namangan davlat pedagogika institutiga;

Guliston davlat universiteti akademik litseyining Guliston shahar, 4-mavze, Boʻston mahallasi hududida joylashgan bino va inshootlari tegishli hududi bilan birgalikda Guliston davlat pedagogika institutiga operativ boshqaruv huquqi asosida bepul berilsin.

Guliston davlat universitetining akademik litseyi universitetning Guliston shahar, 4-mavze, Boʻston mahallasi hududidagi Sanʼatshunoslik fakulteti binosiga joylashtirilsin.

15. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

16. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri A.X. Toshkulov, xalq taʼlimi vaziri B.O. Saidov hamda maktabgacha taʼlim vaziri A.V. Shin belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2022-yil 21-iyun,

PQ-289-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-iyundagi PQ-289-son qaroriga 1-ILOVA

2023/2024 oʻquv yili qabulidan boshlab pedagogik kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalarida sirtqi taʼlim shakliga qabul amalga oshirilmaydigan taʼlim yoʻnalishlari roʻyxati

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-iyundagi PQ-289-son qaroriga2-ILOVA

2022 — 2026-yillarda pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalari faoliyatini takomillashtirish boʻyicha

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-iyundagi PQ-289-son qaroriga3.1-ILOVA

2023 — 2026-yillarda Andijon davlat pedagogika institutini rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-iyundagi PQ-289-son qaroriga3.2-ILOVA

2023 — 2026-yillarda Buxoro davlat pedagogika institutini rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-iyundagi PQ-289-son qaroriga3.3-ILOVA

2023 — 2026-yillarda Oʻzbekiston-Finlyandiya pedagogika institutini rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-iyundagi PQ-289-son qaroriga3.4-ILOVA

2023 — 2026-yillarda Termiz davlat pedagogika institutini rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-iyundagi PQ-289-son qaroriga3.5-ILOVA

2023 — 2026-yillarda Shahrisabz davlat pedagogika institutini rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-iyundagi PQ-289-son qaroriga3.6-ILOVA

2023 — 2026-yillarda Jizzax davlat pedagogika universitetini rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-iyundagi PQ-289-son qaroriga3.7-ILOVA

2023 — 2026-yillarda Navoiy davlat universitetini rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari

(3.7-ilovaning nomi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-apreldagi PF-58-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.04.2026-y., 06/26/58/0342-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-iyundagi PQ-289-son qaroriga3.8-ILOVA

2023 — 2026-yillarda Chirchiq davlat pedagogika universitetini rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-iyundagi PQ-289-son qaroriga3.9-ILOVA

2023 — 2026-yillarda Nukus davlat pedagogika institutini rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-iyundagi PQ-289-son qaroriga3.10-ILOVA

2023 — 2026-yillarda Qoʻqon davlat universitetini rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari

(3.10-ilovaning nomi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-apreldagi PF-58-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.04.2026-y., 06/26/58/0342-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-iyundagi PQ-289-son qaroriga3.11-ILOVA

2023 — 2026-yillarda Namangan davlat pedagogika institutini rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-iyundagi PQ-289-son qaroriga3.12-ILOVA

2023 — 2026-yillarda Guliston davlat pedagogika institutini rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-iyundagi PQ-289-son qaroriga3.13-ILOVA

2023 — 2026-yillarda Urganch davlat pedagogika institutini rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-iyundagi PQ-289-son qaroriga4-ILOVA

Pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalari fakultetlarini maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim muassasalariga biriktirish jadvali

(4-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-apreldagi PF-58-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.04.2026-y., 06/26/58/0342-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-iyundagi PQ-289-son qaroriga5-ILOVA

Pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalari huzurida yangidan tashkil etiladigan akademik litseylar

(6-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-apreldagi PF-73-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.04.2025-y., 06/25/73/0389-son)

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.