PQ-290-son Qaror · 21.06.2022

Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti faoliyatini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-290
  • Qabul qilingan sana:21.06.2022
  • Kuchga kirgan sana:22.06.2022
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/22/290/0563

Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida taʼlim sifatini oshirish, universitet faoliyatiga ilgʻor taʼlim dasturlarini joriy qilish hamda zamonaviy bilim va pedagogik texnologiyalarni qoʻllash koʻnikmalariga ega boʻlgan yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashning samarali tizimini yoʻlga qoʻyish maqsadida:

1. Xalq taʼlimi vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining 2022 — 2026-yillarda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetini (keyingi oʻrinlarda — Universitet) xalqaro talablarga muvofiq transformatsiya qilish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

2. Quyidagilar:

2022 — 2026-yillarda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetini transformatsiya qilish va kompleks rivojlantirish dasturi 1-ilovaga muvofiq;

2023 — 2026-yillarda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetini rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Xalq taʼlimi vaziri zimmasiga quyidagi vazifalar yuklansin:

a) 2023-yil 1-yanvarga qadar Universitetning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan ixtisoslik kafedralariga kamida 15 nafar malakali xorijiy mutaxassislarni jalb qilish;

b) 2023-yil 1-sentabrga qadar xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlarning oliy taʼlim muassasalari reytingida birinchi 1 000 talikka kirgan xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda Universitetda kamida 3 ta qoʻshma taʼlim dasturini tashkil etish;

v) 2024-yil 1-yanvarga qadar:

Universitet faoliyatida “Oliy taʼlim jarayonlarini boshqarish” axborot tizimini toʻliq joriy etish;

Universitetning ilmiy jurnalini Scopus, Web of Science yoki boshqa xalqaro maʼlumotlar bazalariga kiritish;

g) 2025-yil 1-yanvarga qadar:

Universitetning Times Higher Education yoki Quacquarelli Symonds xalqaro reyting agentliklarining sohaviy, mintaqaviy yoxud tematik reytinglariga kirishini taʼminlash;

vakolatli xalqaro tashkilotlarni jalb qilgan holda Universitetning bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklarini akkreditatsiyadan oʻtkazish;

Universitet boshqaruv tizimini ISO:21001 (Educational organizations — Management systems for educational organizations) talablari asosida tashkil etish;

d) mazkur qarorga 2-ilovada koʻrsatilgan maqsadli koʻrsatkichlarga erishishni taʼminlash.

4. 2023-yil 1-yanvardan boshlab Universitetga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 14-dekabrdagi “Davlat oliy taʼlim muassasalarining akademik va tashkiliy-boshqaruv mustaqilligini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-60-son va 2021-yil 24-dekabrdagi “Davlat oliy taʼlim muassasalariga moliyaviy mustaqillik berish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-61-son qarorlarida belgilangan akademik, tashkiliy va moliyaviy mustaqillik berilsin.

Belgilab qoʻyilsinki, Universitet faoliyati davlat buyurtmasi (davlat granti) asosida kadrlar tayyorlash uchun Davlat budjetidan ajratiladigan mablagʻlar, toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishdan hamda xoʻjalik faoliyati va shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan mablagʻlar, homiylik xayriyalari va grantlar, shuningdek, qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.

(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-iyuldagi PF-114-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.07.2025-y., 06/25/114/0633-son)

(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-iyuldagi PF-114-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.07.2025-y., 06/25/114/0633-son)

(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-apreldagi PF-73-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.04.2025-y., 06/25/73/0389-son)

(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-apreldagi PF-73-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.04.2025-y., 06/25/73/0389-son)

9. Xalq taʼlimi vazirligi (B. Saidov) Universitet va Institutning quyidagi yoʻnalishlarda hamkorlik qilishini taʼminlasin:

(9-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-iyundagi PQ-231-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.06.2024-y., 07/24/231/0445-son)

xalq taʼlimi tizimini takomillashtirish, pedagogik taʼlim nazariyasi va ishlab chiqarish amaliyoti integratsiyasini kuchaytirish, pedagoglarni tayyorlash va ularning uzluksiz kasbiy rivojlanishini taʼminlashning dolzarb masalalari boʻyicha birgalikda ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish;

Universitet professor-oʻqituvchilarini xalq taʼlimi xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish kurslariga, Institut ilmiy xodimlarini Universitetning bakalavriat va magistraturasida oʻquv mashgʻulotlarini olib borishga jalb qilish;

(9-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-iyundagi PQ-231-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.06.2024-y., 07/24/231/0445-son)

Universitet va Institutning malakali mutaxassislarini doktorant, mustaqil tadqiqotchi va magistratura talabalariga ilmiy rahbarlik qilish uchun jalb qilish;

(9-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-iyundagi PQ-231-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.06.2024-y., 07/24/231/0445-son)

hamkorlikda ilmiy konferensiya, seminar va treninglarni, shuningdek, doktorlik dissertatsiyalari muhokamalarini tashkil qilish;

xodimlar, tinglovchilar va talabalar uchun Universitet va Institutning axborot-resurs markazlari va kutubxonalari manbalaridan erkin foydalanish imkoniyatini taʼminlash;

(9-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-iyundagi PQ-231-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.06.2024-y., 07/24/231/0445-son)

talabalar va tinglovchilar uchun darslik, oʻquv hamda metodik qoʻllanmalar yaratish.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-maydagi “2022 — 2026-yillarda xalq taʼlimini rivojlantirish boʻyicha milliy dasturni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi PF-134-son Farmoniga muvofiq Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi zimmasiga:

(10-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-iyundagi PQ-231-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.06.2024-y., 07/24/231/0445-son)

2022-yil 1-dekabrga qadar maktab direktori lavozimiga nomzodlarning bilim va koʻnikmalarini baholash hamda baholash natijasi boʻyicha ularga menejerlik sertifikatini berish tizimini;

2023-yil 1-avgustga qadar taʼlim sohasida xizmat koʻrsatuvchi vakolatli xalqaro tashkilotlarni jalb qilgan holda pedagog kadrlarning umumtaʼlim fanlari boʻyicha bilim darajasi va kasbiy mahoratini baholash tizimini ishlab chiqish va amaliyotga joriy qilish vazifalari yuklanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

Institut tuzilmasida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Rahbar kadrlarning bilim darajasi va kasbiy mahoratini baholash markazi (keyingi oʻrinlarda — Markaz) tashkil etilsin.

(10-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-iyundagi PQ-231-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.06.2024-y., 07/24/231/0445-son)

Belgilab qoʻyilsinki:

a) Markaz tomonidan quyidagilar tashkil etiladi:

umumiy oʻrta taʼlim muassasasi direktori lavozimiga nomzodlarni maxsus dasturlar asosida oʻqitish, ularning boshqaruv sohasiga oid bilim va koʻnikmalarini baholash hamda baholash natijasidan kelib chiqib, talabgorlarga menejerlik sertifikatini (keyingi oʻrinlarda — menejerlik sertifikati) berish;

pedagog kadrlarning umumtaʼlim fanlari boʻyicha bilim darajasi va kasbiy mahoratini baholash hamda baholash natijasidan kelib chiqib, talabgorlarga umumtaʼlim fanlari boʻyicha tegishli darajadagi milliy sertifikatni (keyingi oʻrinlarda — umumtaʼlim fanlar boʻyicha sertifikat) berish;

b) Markaz faoliyati Institutning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi;

(10-bandning “b” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-iyundagi PQ-231-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.06.2024-y., 07/24/231/0445-son)

v) Markaz Toshkent shahar, Olmazor tumani, Ziyo koʻchasi, 6B-uy manzilida joylashgan binoning bir qismida joylashtiriladi;

g) menejerlik sertifikati va umumtaʼlim fanlar boʻyicha sertifikatni berish uchun talabgorlardan bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida toʻlov undiriladi va ushbu mablagʻlar Institutning budjetdan tashqari jamgʻarmasiga yoʻnaltiriladi.

(10-bandning “g” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-iyundagi PQ-231-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.06.2024-y., 07/24/231/0445-son)

11. 2023-yil 1-yanvardan boshlab Pedagoglarni yangi metodikalarga oʻrgatish milliy markazlari tuzilmasida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Metodik xizmat koʻrsatish boʻlimlari tashkil etilsin.

Belgilansinki:

Metodik xizmat koʻrsatish boʻlimlari hududiy xalq taʼlimi boshqarmalari va tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimlarining metodistlari shtat birliklarining bir qismini maqbullashtirish hisobidan tashkil etiladi;

(11-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-apreldagi PF-73-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.04.2025-y., 06/25/73/0389-son)

(11-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-apreldagi PF-73-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.04.2025-y., 06/25/73/0389-son)

(11-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-apreldagi PF-73-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.04.2025-y., 06/25/73/0389-son)

A. Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar Pedagogik mahorat markazlari metodistlarining bazaviy tarif stavkasi miqdori oliy taʼlim muassasasi ilmiy daraja yoki ilmiy unvonga ega boʻlgan katta oʻqituvchisining bazaviy tarif stavkasi miqdoriga tenglashtiriladi;

(11-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-iyundagi PQ-231-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.06.2024-y., 07/24/231/0445-son)

(11-bandning sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-apreldagi PF-73-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.04.2025-y., 06/25/73/0389-son)

Metodik xizmat koʻrsatish boʻlimlari faoliyatini tashkil etish bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlar Pedagoglarni yangi metodikalarga oʻrgatish milliy markazlariga ajratiladigan mablagʻlar hisobidan moliyalashtiriladi.

12. Xalq taʼlimi vazirligi (B. Saidov) 2023-yil 1-martga qadar Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD)ning Global Teaching InSights loyihasi tajribasidan kelib chiqib, umumiy oʻrta taʼlim muassasalaridagi ilgʻor oʻqituvchilarning ochiq darslarini onlayn platformalar orqali namoyish qilish va ularning muhokamasini tashkil etish amaliyotini joriy qilsin.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 3-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritilsin.

14. Xalq taʼlimi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

15. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib xalq taʼlimi vaziri B.O. Saidov hamda oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri A.X. Toshkulov belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2022-yil 21-iyun,

PQ-290-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-iyundagi PQ-290-son qaroriga 1-ILOVA

2022 — 2026-yillarda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetini transformatsiya qilish va kompleks rivojlantirish

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-iyundagi PQ-290-son qaroriga 2-ILOVA

2023 — 2026-yillarda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetini rivojlantirishning

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-iyundagi PQ-290-son qaroriga 3-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar va qoʻshimcha

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 30-sentabrdagi “Xalq taʼlimi tizimidagi maktabdan tashqari taʼlim samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4467-son qarorining 9-bandidagi “xalq taʼlimi muammolarini oʻrganish va istiqbollarini belgilash ilmiy-tadqiqot institutida” soʻzlari “Pedagoglarni kasbiy rivojlantirish va yangi metodikalarga oʻrgatish milliy-tadqiqot institutida” soʻzlari bilan almashtirilsin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-noyabrdagi “Taʼlim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4884-son qarorida:

a) 5-banddagi “xalq taʼlimi muammolarini oʻrganish va istiqbollarini belgilash ilmiy-tadqiqot instituti” soʻzlari “Pedagoglarni kasbiy rivojlantirish va yangi metodikalarga oʻrgatish milliy-tadqiqot instituti” soʻzlari bilan almashtirilsin;

b) 6-bandning birinchi xatboshisidagi “xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazlari” soʻzlari “Pedagoglarni yangi metodikalarga oʻrgatish milliy markazlari” soʻzlari bilan almashtirilsin.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 25-yanvardagi “Xalq taʼlimi sohasidagi ilmiy-tadqiqot faoliyatini qoʻllab-quvvatlash hamda uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini joriy qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4963-son qarorida:

a) 4-bandning ikkinchi xatboshisidagi “xalq taʼlimi muammolarini oʻrganish va istiqbollarini belgilash ilmiy-tadqiqot instituti (keyingi oʻrinlarda — Institut), Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazlari)” soʻzlari “Pedagoglarni kasbiy rivojlantirish va yangi metodikalarga oʻrgatish milliy-tadqiqot instituti (keyingi oʻrinlarda — Institut), Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar Pedagoglarni yangi metodikalarga oʻrgatish milliy markazlari” soʻzlari bilan almashtirilsin;

b) 10-bandida:

uchinchi xatboshidagi “direktor” soʻzi “rektor” soʻzi bilan almashtirilsin;

toʻrtinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“hududiy markazlarining rahbarlari va rahbar oʻrinbosarlari Xalq taʼlimi vazirligi bilan kelishilgan holda Institut rektori tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi”;

v) 11-bandning ikkinchi — toʻrtinchi xatboshilaridagi “xalq taʼlimi muammolarini oʻrganish va istiqbollarini belgilash ilmiy-tadqiqot instituti” soʻzlari “Pedagoglarni kasbiy rivojlantirish va yangi metodikalarga oʻrgatish milliy-tadqiqot instituti” soʻzlari bilan almashtirilsin;

g) 1-ilovaning 12-pozitsiyasi “Chora-tadbirlar” ustunidagi “xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazlari” soʻzlari “Pedagoglarni yangi metodikalarga oʻrgatish milliy markazlari” soʻzlari bilan, “xalq taʼlimi muammolarini oʻrganish va istiqbollarini belgilash ilmiy-tadqiqot instituti” soʻzlari “Pedagoglarni kasbiy rivojlantirish va yangi metodikalarga oʻrgatish milliy-tadqiqot instituti” soʻzlari bilan almashtirilsin;

d) 2-ilovaning 1-pozitsiyasi “Koʻrsatkichlar nomi” ustunidagi “xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazlarining” soʻzlari “Pedagoglarni yangi metodikalarga oʻrgatish milliy markazlarining” soʻzlari bilan almashtirilsin;

e) 3-ilovaning nomida va 1-pozitsiyasi “Ustuvor masalalar” ustunidagi “xalq taʼlimi muammolarini oʻrganish va istiqbollarini belgilash ilmiy-tadqiqot institutining” soʻzlari “Pedagoglarni kasbiy rivojlantirish va yangi metodikalarga oʻrgatish milliy-tadqiqot institutining” soʻzlari bilan almashtirilsin;

j) 4-ilovaning nomidagi “xalq taʼlimi muammolarini oʻrganish va istiqbollarini belgilash ilmiy-tadqiqot institutining” soʻzlari “Pedagoglarni kasbiy rivojlantirish va yangi metodikalarga oʻrgatish milliy-tadqiqot institutining” soʻzlari bilan almashtirilsin;

z) 5-ilovaning nomidagi “xalq taʼlimi muammolarini oʻrganish va istiqbollarini belgilash ilmiy-tadqiqot instituti” soʻzlari “Pedagoglarni kasbiy rivojlantirish va yangi metodikalarga oʻrgatish milliy-tadqiqot instituti” soʻzlari bilan almashtirilsin.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 8-iyundagi “Ishchi kasblar boʻyicha kadrlarni tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” PQ-5140-son qarori 12-bandining birinchi, toʻrtinchi — oltinchi xatboshilaridagi “9” raqami “10” raqami bilan almashtirilsin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-dekabrdagi “Davlat oliy taʼlim muassasalariga moliyaviy mustaqillik berish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-61-son qarorining 1-ilovasi quyidagi tahrirdagi 36-band bilan toʻldirilsin:

“36. Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti”.

Izoh: mazkur ilovaning 5-bandi 2023-yil 1-yanvardan eʼtiboran kuchga kiradi.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.