Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi “2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida”gi PF-60-son Farmoniga muvofiq, shuningdek, respublikada toʻqimachilik sanoatidagi malakali kadrlarga boʻlgan ehtiyojni qondirish maqsadida:
1. Namangan shahrida Namangan toʻqimachilik sanoati instituti (keyingi oʻrinlarda — Institut) tashkil etilsin.
Belgilansinki, Institutda oʻquv jarayoni 2023/2024 oʻquv yilidan boshlanadi va kredit-modul tizimi asosida tashkil etiladi.
2. Quyidagilar Institutning asosiy vazifalari etib belgilansin:
toʻqimachilik sanoati tarmoqlari uchun mehnat bozorida raqobatbardosh, yuqori malakaga ega oliy maʼlumotli va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash, shuningdek, mutaxassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
taʼlim dasturlarini yetakchi xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari bilan hamkorlikda, jumladan qoʻshma taʼlim dasturlari asosida joriy etish hamda ilmiy tadqiqotlar olib borish;
taʼlim bilan ishlab chiqarishning integratsiyasini kuchaytirish, soha tashkilotlarida talabalarning malakaviy amaliyotini yoʻlga qoʻyish, kafedra filiallarini hamda professor-oʻqituvchilarning stajirovkasini tashkil etish;
oʻquv jarayonini talabalarda mustaqil bilim olish, tizimli tahlil qilish, ijodiy fikrlash va amaliy, jumladan tadbirkorlik koʻnikmalarini rivojlantirishga yoʻnaltirish;
oʻquv jarayoniga ilgʻor xorijiy tajribani, jumladan zamonaviy taʼlim texnologiyalarini tatbiq etish, ochiq axborot-taʼlim muhitini taʼminlash;
ilmiy-pedagogik salohiyatni oshirib borish, jumladan professor-oʻqituvchilar stajirovkasi va malaka oshirishini nufuzli mahalliy va xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari va ilmiy-tadqiqot markazlarida tashkil etish.
3. Belgilansinki, Institutda taʼlim jarayoni nufuzli xorijiy davlatlar oliy taʼlim tashkilotlari bilan hamkorlikda, jumladan qoʻshma taʼlim dasturlari asosida tashkil etiladi.
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Prezident taʼlim muassasalari agentligi, “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi va “Oʻzbekiston paxta-toʻqimachilik klasterlari” uyushmasi bilan hamkorlikda:
a) 2023/2024 oʻquv yiliga qadar toʻqimachilik sanoati rivojlangan xorijiy davlatlar oliy taʼlim tashkilotlarini hamkor sifatida belgilab, Institut taʼlim jarayonini zamonaviy oʻquv dasturlari asosida tashkil etsin;
b) 2023/2024 oʻquv yilidan boshlab:
Institut professor-oʻqituvchilari, doktorantlari va magistrantlarini xorijiy davlatlarning yetakchi oliy taʼlim tashkilotlariga ilmiy stajirovka va malaka oshirishga yuborish choralarini koʻrsin;
Institut talabalarining tanishuv va malakaviy amaliyotini xorijiy va mahalliy yirik toʻqimachilik korxonalarida oʻtash tizimini joriy etsin;
Institut talabalarining fanlarni oʻzlashtirish koʻrsatkichini va professor-oʻqituvchilarning ish samarasini xalqaro standartlar asosida baholash tizimini joriy etsin;
v) 2024/2025 oʻquv yiliga qadar Institut huzurida toʻqimachilik texnoparki faoliyatini yoʻlga qoʻysin.
Bunda, Texnopark:
Namangan viloyati hokimligi tomonidan jalb etiladigan xalqaro tashkilotlarning grantlari va salohiyatli investorlar mablagʻlari hisobiga, jumladan davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida tashkil etiladi;
Institut taʼsischiligida masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklida tashkil etiladi hamda unga texnologik mahsulotlarni ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish va tijoratlashtirish huquqi beriladi;
xoʻjalik faoliyatidan olinadigan daromadlar, grantlar, homiylik xayriyalari, Institutning budjetdan tashqari mablagʻlari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi;
g) 2026/2027 oʻquv yiliga qadar Institutning kamida 2 ta bakalavriat taʼlim yoʻnalishi va 3 ta magistratura mutaxassisligining xalqaro tan olingan tashkilotlar akkreditatsiyasidan oʻtkazilishini taʼminlasin.
4. Institut tarkibida quyidagilar yuridik shaxs maqomisiz tashkil etilsin:
Toʻqimachilik matolari texnologiyalari va ularni tadqiq qilish hamda Boʻyash-pardozlash jarayonlari texnologiyalari va ularni tadqiq qilish laboratoriyalaridan iborat toʻqimachilik sohasida ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan shugʻullanuvchi Ilgʻor toʻqimachilik muhandisligi maktabi;
taʼlim jarayonida va undan tashqari vaqtlarda talabalarga zamonaviy libos koʻrinishlarini yaratish imkonini beruvchi Dizayn studiyasi;
ilmiy-tadqiqot yutuqlarini tijoratlashtirish hamda yangi ishlanma va texnologiyalarni amaliyotga joriy etish bilan shugʻullanuvchi Innovatsiyalar va texnologiyalar transferi markazi.
5. Institutga quyidagi huquqlar berilsin:
xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlarning amaldagi reytingida oliy taʼlim muassasalari orasida birinchi 1 000 talikka kirgan xorijiy oliy taʼlim muassasasining dasturi asosida oʻz taʼlim dasturlarini shakllantirish;
ish beruvchilar talablari asosida oʻquv rejalaridagi nazariy taʼlim ulushini qisqartirish va amaliy mashgʻulotlar hajmini oshirish, yuqori kurs talabalari uchun haftalik oʻquv mashgʻulotlarini “4+2” tartibida tashkil etish;
Institut faoliyati yoʻnalishlari boʻyicha shartnoma asosida maslahat va ekspert-tahliliy xizmatlar koʻrsatish hamda ilmiy-tadqiqot va innovatsion xizmat koʻrsatuvchi korxonalarni tashkil etish;
taʼlim va ilmiy-tadqiqot jarayoniga xorijiy mutaxassislarni jalb qilish hamda ularga mehnat bozorining amaldagi konyunkturasini hisobga olgan holda, Institutning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan oylik maosh hamda boshqa toʻlovlarni belgilash va toʻlash;
professor-oʻqituvchilarni oʻquv-metodik, ilmiy-tadqiqot ishlari va “ustoz-shogird” tizimi boʻyicha bajargan ishlarining natijasi boʻyicha ragʻbatlantirib borish.
6. Quyidagilar:
2023 — 2026-yillarda Namangan toʻqimachilik sanoati institutini rivojlantirish va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash boʻyicha chora-tadbirlar dasturi 1-ilovaga muvofiq;
Namangan toʻqimachilik sanoati institutini 2026-yilga qadar rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari 2-ilovaga muvofiq;
Namangan toʻqimachilik sanoati institutida tashkil etiladigan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari roʻyxati 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
7. Belgilansinki:
Institut yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan davlat oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tizimida faoliyat yuritadi;
Institutga talabalarni davlat granti asosida qabul qilish parametrlari har yili tasdiqlanadigan oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi doirasida aniqlanadi;
2023/2024 oʻquv yilidan boshlab Namangan muhandislik-texnologiya institutiga toʻqimachilik sanoati boʻyicha bakalavriat va magistratura bosqichlarida kadrlar tayyorlash boʻyicha ajratiladigan davlat buyurtmasi kvotasi Institutga yoʻnaltiriladi;
Namangan muhandislik-texnologiya institutining toʻqimachilik sanoati taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklar boʻyicha tahsil olayotgan talabalar oʻqishi Institutga koʻchiriladi;
Institut faoliyati Davlat budjeti mablagʻlari, talabalarni toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishdan tushadigan mablagʻlar, xoʻjalik faoliyati va shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan mablagʻlar, homiylik xayriyalari va grantlar hamda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi;
Namangan muhandislik-texnologiya institutining toʻqimachilik oʻquv laboratoriyasi jihozlari Institut balansiga oʻtkaziladi.
8. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi:
a) 2023/2024 oʻquv yiliga qadar:
Institutni tanlov asosida ishlab chiqarish tashkilotlari, oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida katta ilmiy va (yoki) amaliy tajriba orttirgan mutaxassislar, ustuvor ravishda, ilmiy darajaga ega boʻlgan yuqori malakali kadrlar bilan toʻldirish chorasini koʻrsin;
Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda xalqaro nufuzli oliy taʼlim tashkilotlarida faoliyat yurituvchi chet ellik va (yoki) xorijda yashovchi vatandosh professor-oʻqituvchilarni shartnoma asosida oʻquv va Ilgʻor toʻqimachilik muhandisligi maktabining ilmiy-tadqiqot jarayonlariga jalb etish choralarini koʻrsin;
Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda Institut ixtisoslashgan fakultet va kafedralarining mos yoʻnalishlari boʻyicha davlat ulushiga ega yirik toʻqimachilik korxonalari bilan hamkorligini yoʻlga qoʻyish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni tasdiqlasin;
b) Institutning ilmiy salohiyatini oshirish maqsadida:
Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi bilan birgalikda tegishli magistratura mutaxassisliklari boʻyicha Institut uchun kadrlarni maqsadli tayyorlash;
Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan birgalikda belgilangan tartibda Institut tayanch doktoranturasiga tegishli ixtisosliklar boʻyicha qabul kvotalarini belgilash choralarini koʻrsin.
9. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga asosan Institut uchun yangi oʻquv binolari va talabalar turar joyini qurish hamda ularni jihozlash, Institutning bino va inshootlarini rekonstruksiya qilish loyihalari 2023-yil va kelgusi yillarga moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlariga belgilangan tartibda kiritilishini taʼminlasin.
10. Institutga Namangan shahar, “Gulobod” MFY, Janubiy aylanma yoʻli koʻchasi, 17-uy manzilida joylashgan Namangan tadbirkorlikni tashkil etish texnikumining bino va inshootlari tegishli hududi bilan birgalikda operativ boshqaruv huquqi asosida bepul berilsin.
11. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
12. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri A.X. Toshkulov hamda Namangan viloyati hokimi Sh.Sh. Abdurazakov belgilansin.
Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi O.Q. Abduraxmanov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 5-oktabr,
PQ-386-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 5-oktabrdagi PQ-386-son qaroriga 1-ILOVA
2023 — 2026-yillarda Namangan toʻqimachilik sanoati institutini rivojlantirish va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 5-oktabrdagi PQ-386-son qaroriga 2-ILOVA
Namangan toʻqimachilik sanoati institutini 2026-yilga qadar rivojlantirishning
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 5-oktabrdagi PQ-386-son qaroriga 3-ILOVA
Namangan toʻqimachilik sanoati institutida tashkil etiladigan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari
Izoh: mazkur bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari roʻyxatiga kadr buyurtmachilarining va (yoki) hamkor xorijiy oliy taʼlim muassasasi takliflari asosida oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.