PF-3620-son Farmon · 20.06.2005

Mikrofirmalar va kichik korxonalarni rivojlantirishni ragʻbatlantirish borasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-3620
  • Qabul qilingan sana:20.06.2005
  • Kuchga kirgan sana:20.06.2005
  • Rasmiy nashr:СЗ РУ 25-26

Kichik biznes subyektlarini jadal rivojlantirishni yanada ragʻbatlantirish hamda uning mamlakat iqtisodiyotidagi ahamiyati va ulushini tubdan oshirish maqsadida:

1. 2005-yilning 1-iyulidan boshlab mikrofirmalar va kichik korxonalar uchun yagona soliq, budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi, Respublika yoʻl jamgʻarmasi va Maktab taʼlimi jamgʻarmasiga majburiy ajratmalar toʻlash oʻrniga yagona soliq toʻlovi joriy etilsin.

Belgilansinki, yagona soliq toʻlovi alkogolli mahsulotlar ishlab chiqaruvchi mikrofirmalar va kichik korxonalarga tatbiq etilmaydi.

(1-bandning ikkinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 6-fevraldagi PF-3850-son Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2007-y., 4-6-son, 37-modda)

Yagona soliq toʻlovi hisobot choragidan keyingi oyning 25-kunigacha har chorakda hamda yil yakunlari boʻyicha yillik moliyaviy hisobot taqdim etiladigan muddatda toʻlanishi belgilab qoʻyilsin.

(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 7-iyuldagi PF-3771-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2006-y., 28–29-son, 262-modda)

2. 2005-yilning 1-iyulidan boshlab, aksiz soligʻi olinadigan mahsulot ishlab chiqaruvchi mikrofirmalar va kichik korxonalar uchun yagona soliq toʻlovini hisoblash chogʻida soliqqa tortiladigan baza aksiz soligʻi summasiga kamaytiriladigan tartib oʻrnatilsin.

3 Yangi tashkil etilayotgan mikrofirmalar va kichik korxonalarga yagona soliq toʻlovini toʻlash muddatini bir yilga kechiktirish, kechiktirilgan summani imtiyozli davr tugagandan keyin teng ulushlarda 12 oy davomida toʻlash huquqi berilsin.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2005-yilning 1-iyuligacha:

yagona soliq toʻlovini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti hamda davlat maqsadli jamgʻarmalari oʻrtasida taqsimlash normativlarini tasdiqlasin;

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi, Markaziy banki bilan birgalikda yagona soliq toʻlovini hisoblash, toʻlash hamda uni davlat budjeti va budjetdan tashqari davlat maqsadli jamgʻarmalari oʻrtasida taqsimlash toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqib, belgilangan tartibda tasdiqlasin;

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi va Iqtisodiyot vazirligi bilan birgalikda yagona soliq toʻlovini toʻlash muddatini kechiktirish huquqini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin.

5. Quyidagilar belgilansin:

ilgari mikrofirmalar va kichik korxonalarga yagona soliq toʻlash boʻyicha qonun hujjatlarida berilgan soliq imtiyozlari yagona soliq toʻlovini toʻlash chogʻida amal qiladi;

yagona soliq toʻlovini toʻlaydigan mikrofirma va kichik korxonalar qonun hujjatlariga muvofiq ijaraga olingan yer maydonlari uchun budjetga ijara haqi toʻlashdan ozod qilinadi.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi, Adliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va boshqa manfaatdor tuzilmalar bilan birgalikda uch oy muddatda “Soliq maslahatchilari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni loyihasini ishlab chiqsin hamda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin, loyihada tadbirkorlik subyektlarini soliq qonunchiligi sohasida maslahat va huquqiy jihatdan qoʻllab-quvvatlashni taʼminlashning amaliy mexanizmi koʻzda tutilsin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tegishli vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda amaldagi qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisidagi takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

8. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

2005-yil 20-iyun,

PF-3620-son

(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 7-iyuldagi PF-3771-sonli Farmoni bilan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2006-y., 28–29-son, 262-modda)

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.