PF-3622-son Farmon · 24.06.2005

Tadbirkorlik subyektlarining xoʻjalik sohasidagi huquqbuzarliklari uchun moliyaviy javobgarligini erkinlashtirish toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-3622
  • Qabul qilingan sana:24.06.2005
  • Kuchga kirgan sana:24.06.2005
  • Rasmiy nashr:СЗ РУ 25-26

Xoʻjalik yurituvchi subyektlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun qulay huquqiy va iqtisodiy shart-sharoitlarni shakllantirish maqsadida, shuningdek javobgarlikni qoʻllashning xalqaro umumhuquqiy prinsiplaridan kelib chiqqan holda:

1. Belgilansinki, tadbirkorlik subyektlari tomonidan birinchi marta sodir etilgan, qasddan qilinmagan va kam ahamiyatli, shuningdek Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalariga toʻlovlar kamroq tushishiga olib kelmaydigan huquqbuzarliklar uchun mansabdor shaxslarga nisbatan qonunda belgilangan tartibda materiallarni sud organlariga taqdim etmasdan faqat maʼmuriy javobgarlik choralari qoʻllaniladi.

2. Materiallar sud instansiyalariga topshirilgan hollarda, tadbirkorlik subyekti soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlamaganlik uchun sodir etilgan huquqbuzarlik tufayli yetkazilgan zararning oʻrnini bir oy mobaynida ixtiyoriy ravishda qoplagan hamda uning oqibatlarini bartaraf etgan, jumladan penya toʻlagan tadbirkorlik subyekti moliyaviy sanksiyalar qoʻllanilishidan ozod etilishi belgilab qoʻyilsin.

(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 27-fevraldagi PF-4087-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2009-y., 10-11-son, 105-modda)

3. Jamiyat hayotining barcha tomonlarini erkinlashtirish va yanada isloh qilish sohasidagi qonunchilik bazasini takomillashtirish hamda maʼmuriy islohotlarni amalga oshirish borasidagi faoliyatni muvofiqlashtirish boʻyicha respublika komissiyasining tadbirkorlik subyektlarining xoʻjalik sohasidagi huquqbuzarliklari uchun moliyaviy javobgarligini erkinlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi takliflari ilovaga* muvofiq maʼqullansin.

* Ilova rus tilidagi matnda berilgan.

Vazirlar Mahkamasi ilovada koʻrsatilgan takliflarni belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritsin, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlarini ularga muvofiqlashtirsin.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi, Savdo-sanoat palatasi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda:

oʻn kun muddatda — huquqbuzarlik va uning oqibatlari xususiyatiga qarab moliyaviy sanksiyalar bekor qilinishi yoki miqdorlari kamaytirilishini, shuningdek ayrim huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni tadbirkorlik subyektlaridan ularning mansabdor shaxslari zimmasiga yuklashni nazarda tutuvchi qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisidagi takliflarni;

bir oy muddatda — qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

5. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

2005-yil 24-iyun,

PF-3622-son

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.