PF-28-son Farmon · 02.02.2024

Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-28
  • Qabul qilingan sana:02.02.2024
  • Kuchga kirgan sana:06.02.2024
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 06/24/28/0099

Mamlakatimizda soʻnggi yillarda xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholini ijtimoiy himoya qilishga oid dolzarb masalalarni hal qilish boʻyicha vakolatlari kengaytirilib, xalq hokimiyatchiligini toʻlaqonli roʻyobga chiqarish borasida keng qamrovli islohotlar amalga oshirildi.

Mahalliy Kengashlarning nazorat faoliyatini kuchaytirishga qaratilgan huquqiy asoslar yaratildi. Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining faoliyati ustidan xalq deputatlari Kengashlarining nazorat funksiyalarini kengaytirish maqsadida ularga oʻndan ortiq qoʻshimcha vakolatlar berildi. Xususan, prokuratura, adliya, ichki ishlar, moliya, soliq, ekologiya va sogʻliqni saqlash organlari rahbarlarining hisobdorligi belgilab qoʻyildi.

Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari va ijro etuvchi hokimiyat organlari vakolatlari, mahalliy Kengash raisi va hokim lavozimlari bir-biridan ajratilganligi hokimiyatlar boʻlinishiga oid konstitutsiyaviy tamoyilning mahalliy darajada ijrosini taʼminlashda muhim qadam boʻldi.

Shu bilan birga, “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida koʻrsatib oʻtilgan maqsadlar mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarini xalqning haqiqiy “ovoziga” aylantirish, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini transformatsiya qilib, hududiy boshqaruvni “aholi manfaatlariga xizmat qilish” tamoyili asosida yoʻlga qoʻyishni talab etmoqda.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada belgilangan hokimlar va xalq deputatlari Kengashlari vakolatlari taqsimlanishiga asoslangan davlat hokimiyatini tashkil etishning yangi modelini toʻliq amalga oshirish, mahalliy Kengashlarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi rolini kuchaytirish, mahalliy davlat hokimiyatini yangicha konstitutsiyaviy-huquqiy sharoitlarda yoʻlga qoʻyish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, Adliya vazirligi hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari (keyingi oʻrinlarda — mahalliy Kengashlar) tomonidan ishlab chiqilgan:

Jamiyat va davlat hayotining muhim masalalarini hal etishda mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining rolini oshirish maqsadida xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga oʻtkazilishi taklif etilayotgan vakolatlar roʻyxati 1-ilovaga muvofiq;

Xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining tizimlashtirish taklif etilayotgan vakolat va funksiyalari 2-ilovaga muvofiq;

Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini “Kuchli Kengash, hisobdor va tashabbuskor hokim” tamoyili asosida tashkil etish yuzasidan qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 3-ilovaga muvofiq maʼqullansin.

2. Belgilab qoʻyilsinki:

mahalliy Kengashlar zimmasiga vazifa va funksiyalar faqatgina qonun hujjatlari bilan yuklanadi;

davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan mahalliy Kengashlar faoliyatiga aralashishga yoʻl qoʻyilmaydi;

normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda vazifalarni mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari va ijro etuvchi hokimiyat organlari oʻrtasida aniq belgilash amaliyoti joriy etiladi;

normativ-huquqiy hujjatlarda mahalliy davlat hokimiyati organlariga berilgan, mahalliy Kengashlarning qonunchilikda belgilangan vakolatlariga xos boʻlmagan vazifalar ijrosi boʻyicha mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari masʼul hisoblanadi.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga Vazirlar Mahkamasi bilan birgalikda 2024-yilning 1-oktabriga qadar Oʻzbekistonda mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini 2030-yilga qadar rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish va unda quyidagi asosiy yoʻnalishlarni nazarda tutish tavsiya etilsin:

mahalliy Kengashlar, ularning organlari hamda deputatlarning nazorat faoliyatini takomillashtirish, samarali nazorat tizimini shakllantirish;

mahalliy Kengashlar tomonidan hudud manfaatlariga oid muhim va dolzarb masalalar yuzasidan Oliy Majlis Senatiga takliflar kiritish mexanizmini belgilash;

mahalliy Kengashlarning norma ijodkorligi sohasidagi faoliyatini takomillashtirish;

mahalliy Kengashlar qarorlarini ishlab chiqishda jamoatchilikning keng ishtirokini taʼminlash;

mahalliy Kengashlar deputatlarining maqomi va faoliyatining asosiy kafolatlarini yanada kuchaytirish;

mahalliy Kengashlar faoliyatida oʻzaro va xalqaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish;

mahalliy Kengashlar faoliyatini toʻliq raqamlashtirish, byurokratiyaga qarshi choralarni belgilash.

4. Tashqi ishlar vazirligi Oʻzbekistonda mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini 2030-yilga qadar rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqishga xorijiy davlatlarning yetakchi ekspertlarini jalb qilsin hamda ilgʻor xalqaro tajribani oʻrganish uchun xizmat va oʻquv safarlarini tashkil etsin.

5. Vazirlik va idoralar bir oy muddatda mazkur Farmonga 3-ilovaga muvofiq qonunchilik hujjatlari bilan mahalliy davlat hokimiyati organlari zimmasiga yuklatilgan vazifalar va funksiyalarni mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari va ijro etuvchi hokimiyat organlari oʻrtasida ixtisoslashtirish boʻyicha takliflarni Adliya vazirligiga kiritsin.

Adliya vazirligi vazirlik va idoralar takliflari asosida uch oy muddatda tegishli qonunchilik hujjatlari loyihalarini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

Bunda, ushbu loyihalarning jismoniy va yuridik shaxslar uchun ortiqcha maʼmuriy va boshqa cheklovlarni joriy etuvchi qoidalar hamda normalarning mavjudligi nuqtai nazaridan tanqidiy koʻrib chiqilishiga alohida eʼtibor qaratilsin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga ikki oy muddatda mahalliy Kengashlar faoliyatiga oid oʻz qarorlarini toʻliq xatlovdan oʻtkazgan holda tizimlashtirish tavsiya etilsin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga:

2024-yil 1-iyulga qadar mahalliy Kengashlar vakolatlari, vazifalari va funksiyalarining reyestrini ishlab chiqish va yuritish;

mahalliy Kengashlar qarorlari loyihalarini ishlab chiqish va qabul qilishda yagona amaliyotni joriy qilish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish;

Adliya vazirligi bilan birgalikda mahalliy Kengashlar deputatlari va kotibiyatlari xodimlarining bilim va malakasini oshirishga qaratilgan oʻquv kurslarini tizimli tashkil etish tavsiya etilsin.

8. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2024-yil 1-aprelga qadar:

mahalliy Kengashlar binolarining joriy holatini xatlovdan oʻtkazsin;

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati bilan birgalikda mahalliy Kengashlar binolariga va ularni moddiy-texnika jihatidan jihozlashga doir minimal talablarni ishlab chiqsin;

2024-yil 1-oktabrga qadar xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari, 2025-yil 1-dekabrga qadar xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlari uchun belgilangan minimal talablarni inobatga olgan holda bino (ishchi xonalar) bilan taʼminlash va jihozlash boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 4-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.

10. Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:

ushbu Farmonning 1-2-ilovalarida nazarda tutilgan takliflarni roʻyobga chiqarish maqsadida tegishli qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish toʻgʻrisida;

ushbu Farmondan kelib chiqadigan boshqa oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflarni kiritsin.

11. Mazkur Farmon ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2024-yil 2-fevral,

PF-28-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 2-fevraldagi PF-28-son Farmoniga 1-ILOVA

Jamiyat va davlat hayotining muhim masalalarini hal etishda mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining rolini oshirish maqsadida xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga oʻtkazilishi taklif etilayotgan vakolatlar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 2-fevraldagi PF-28-son Farmoniga 2-ILOVA

Xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining tizimlashtirish taklif etilayotgan

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 2-fevraldagi PF-28-son Farmoniga 3-ILOVA

Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini “Kuchli Kengash, hisobdor va tashabbuskor hokim” tamoyili asosida tashkil etish yuzasidan qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish boʻyicha

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 2-fevraldagi PF-28-son Farmoniga 4-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 4-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PF-4702-son Farmoni 3-bandining uchinchi va toʻrtinchi xatboshilaridagi “mahalliy davlat” soʻzlari “mahalliy ijroiya” soʻzlari bilan almashtirilsin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 17-iyundagi “Qishloq xoʻjaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5742-son Farmoni 10-bandi uchinchi xatboshisidagi “har chorakda” soʻzlari “har yili” soʻzlari bilan almashtirilsin.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 23-oktabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020 — 2030-yillarga moʻljallangan strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi PF-5853-son Farmoni 8-bandining uchinchi xatboshisidagi “har chorakda” soʻzlari “har yili” soʻzlari bilan almashtirilsin.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi yoʻl xoʻjaligi tizimini chuqur isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5890-son Farmonida:

a) 4-bandning beshinchi xatboshisidagi “mahalliy davlat” soʻzlari “mahalliy ijroiya” soʻzlari bilan almashtirilsin;

b) 6-bandda:

“a” kichik banddagi “mahalliy davlat” soʻzlari “mahalliy ijroiya” soʻzlari bilan almashtirilsin;

“b” kichik bandning uchinchi xatboshisidagi “mahalliy davlat” soʻzlari “mahalliy ijroiya” soʻzlari bilan almashtirilsin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 10-iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligini rivojlantirishning 2020 — 2030-yillarga moʻljallangan konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi PF-6024-son Farmoni 8-bandining uchinchi xatboshisidagi “har chorakda” soʻzlari “har yili” soʻzlari bilan almashtirilsin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-fevraldagi PF-6166-son Farmoni bilan tasdiqlangan Mahalliy davlat hokimiyati organlarida qonunlar, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmon, qaror, farmoyish va topshiriqlarining amalga oshirilishi boʻyicha nazorat va hisobdorlikni tashkil etish tartibining “Bajarish muddati” ustunidagi “Har oyda” soʻzlari “Har yarim yilda” soʻzlari bilan almashtirilsin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-avgustdagi “Bola huquqlarining kafolatlarini taʼminlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6275-son Farmonining 5-bandidagi “har chorakda” soʻzlari “har yili” soʻzlari bilan almashtirilsin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-maydagi “2022 — 2026-yillarda maktab taʼlimini rivojlantirish boʻyicha milliy dasturni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi PF-134-son Farmoni 11-bandining beshinchi xatboshisi chiqarib tashlansin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 30-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasining seysmik xavfsizligini taʼminlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-144-son Farmoni 4-bandining “v” kichik bandi birinchi xatboshisidagi “mahalliy davlat” soʻzlari “mahalliy ijroiya” soʻzlari bilan almashtirilsin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-martdagi “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-2833-son qarori 2-bandining birinchi xatboshisidagi “mahalliy davlat” soʻzlari “mahalliy ijroiya” soʻzlari bilan almashtirilsin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 18-apreldagi “Ichki ishlar organlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlinmalari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-2896-son qarorida:

a) 2-bandda:

ikkinchi xatboshi chiqarib tashlansin;

uchinchi va toʻrtinchi xatboshilar tegishincha ikkinchi va uchinchi xatboshilar deb hisoblansin;

b) Ichki ishlar organlari tayanch punkti toʻgʻrisidagi nizomning 5-bandi ikkinchi xatboshisidan “tegishli xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashi qarori bilan lavozimga tasdiqlanib, uning majlisida” degan soʻzlari chiqarib tashlansin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-maydagi “Faol tadbirkorlik va innovatsion faoliyatni rivojlantirish uchun shart-sharoitlarni yaratish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-3697-son qarorining 5-bandi toʻrtinchi xatboshisidagi “mahalliy davlat” soʻzlari “mahalliy ijroiya” soʻzlari bilan almashtirilsin.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 20-sentabrdagi “Qurilish sohasiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4464-son qarorining 9-bandidagi “mahalliy davlat” soʻzlari “mahalliy ijroiya” soʻzlari bilan almashtirilsin.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 17-yanvardagi “Pillachilik tarmogʻida ipak qurti ozuqa bazasini rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4567-son qarori 5-bandining ikkinchi xatboshisidagi “mahalliy davlat” soʻzlari “mahalliy ijroiya” soʻzlari bilan almashtirilsin.

15. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 11-avgustdagi “Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida suv resurslaridan samarali foydalanish va yerlarning meliorativ holatini yaxshilash boʻyicha kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4801-son qarorida:

7-bandning ikkinchi xatboshisidagi “mahalliy davlat” soʻzlari “mahalliy ijroiya” soʻzlari bilan almashtirilsin;

10-bandning “b” kichik bandi ikkinchi xatboshisidagi “mahalliy davlat” soʻzlari “mahalliy ijroiya” soʻzlari bilan almashtirilsin.

16. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 14-yanvardagi PQ-4954-son qarori bilan tasdiqlangan Shaxmatni 2025-yilgacha rivojlantirish davlat dasturining 3-paragrafi “g” kichik bandi uchinchi xatboshisidagi “mahalliy davlat” soʻzlari “mahalliy ijroiya” soʻzlari bilan almashtirilsin.

17. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasida xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5117-son qarori 9-bandi uchinchi xatboshisidagi “har chorakda” soʻzlari “har yili” soʻzlari bilan almashtirilsin.

18. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 31-maydagi “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi samarali faoliyat koʻrsatishini taʼminlashga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-5132-son qarorida:

a) “Ijro.gov.uz” tizimida qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarning mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan ijrosini tashkil etish tartibining 8-bosqichidagi “Har oyda” soʻzlari “Har yarim yilda” soʻzlari bilan almashtirilsin;

b) “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi orqali qonunlar, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmon, qaror, farmoyish va topshiriqlari ijrosini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi vaqtinchalik nizomda:

37-bandning toʻrtinchi xatboshisidagi “har oyda” soʻzlari “har yarim yilda” soʻzlari bilan almashtirilsin;

43-bandning toʻrtinchi xatboshisidagi “har oyda” soʻzlari “har yarim yilda” soʻzlari bilan almashtirilsin;

v) Toshkent shahar hokimligi namunasida “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi orqali Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 28-apreldagi PQ-4699-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Yoʻl xaritasi”ning 12-bandi ijrosi boʻyicha nazorat va hisobdorlikni tashkil etish sxemasi II bosqichidagi “har oyda” soʻzlari “har yarim yilda” soʻzlari bilan almashtirilsin.

19. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi faoliyatini tashkil etish hamda sohani innovatsion rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5150-son qarorining 11-bandi birinchi xatboshisidagi “har yarim yil yakunida” soʻzlari “har yil yakunida” soʻzlari bilan almashtirilsin.

20. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 28-iyuldagi “Uzumchilikni rivojlantirishda klaster tizimini joriy etish, sohaga ilgʻor texnologiyalarni jalb qilishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5200-sonli qarorining 23-bandidagi “har chorak yakuni bilan” soʻzlari “har yili” soʻzlari bilan almashtirilsin.

21. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 5-avgustdagi “Chavandozlar maktablari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5212-son qarori 8-bandining ikkinchi va toʻrtinchi xatboshilaridagi “mahalliy davlat” soʻzlari “mahalliy ijroiya” soʻzlari bilan almashtirilsin.

22. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-avgustdagi “Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni tarbiyalashning tubdan yangilangan tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5215-son qarori 12-bandidagi “muntazam ravishda” soʻzlari “yiliga kamida bir marotaba” soʻzlari bilan almashtirilsin.

23. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 8-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasida chorvachilik sohasi va uning tarmoqlarini rivojlantirish boʻyicha 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan dasturni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi PQ-120-son qarori 6-bandining uchinchi xatboshisidagi “har chorakda” soʻzlari “har yili” soʻzlari bilan almashtirilsin.

24. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 4-apreldagi “Avtomobil yoʻllarida inson xavfsizligini ishonchli taʼminlash va oʻlim holatlarini keskin kamaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-190-son qarori 9-bandining toʻrtinchi xatboshisidagi “har oyda” soʻzlari “har yarim yilda” soʻzlari bilan almashtirilsin.

25. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 29-apreldagi “Ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-230-son qarori 7-bandining ikkinchi xatboshisidagi “har chorakda tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar, tuman (shahar) Kengashlariga” soʻzlari “har yili Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari huzuridagi ijtimoiy sheriklik boʻyicha jamoat komissiyalariga” soʻzlari bilan almashtirilsin.

26. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 12-iyuldagi “2022 — 2026-yillar davomida amalga oshirilishi moʻljallangan “Xavfsiz va ravon yoʻl” umummilliy dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi PQ-316-son qarori 3-bandining uchinchi xatboshisidagi “har chorakda” soʻzlari “har yarim yilda” soʻzlari bilan almashtirilsin.

27. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 2-avgustdagi “Qishloq xoʻjaligi sohasiga ilgʻor raqamli texnologiyalarni joriy qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-257-son qarori 2-bandining “d” va “e” kichik bandlaridagi “mahalliy davlat” soʻzlari “mahalliy ijroiya” soʻzlari bilan almashtirilsin.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.