PQ-137-son Qaror · 20.03.2024

Ogʻir atletika sport turini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-137
  • Qabul qilingan sana:20.03.2024
  • Kuchga kirgan sana:20.03.2024
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/24/137/0235

Mamlakatimizda ogʻir atletika sport turini yanada ommalashtirish, yoshlar orasidan sportchilarni saralab olish tizimini takomillashtirish, ushbu sport turi boʻyicha zamonaviy sport infratuzilmasini yaratish hamda milliy terma jamoalarimizning nufuzli sport musobaqalarida yuqori natijalarga erishishini taʼminlash maqsadida:

1. Quyidagilar 2024 — 2026-yillarda ogʻir atletika sport turini (keyingi oʻrinlarda — ogʻir atletika) rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:

yoshlarning ogʻir atletikaga qiziqishini oshirish, bu boradagi targʻibot ishlarini yanada kuchaytirish, ularning ushbu sport turi bilan shugʻullanishi uchun yetarli shart-sharoitlarni yaratish;

iqtidorli sportchilarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya) jarayonlarini toʻliq raqamlashtirish hamda ularni professional sportchilar sifatida tayyorlashni yanada takomillashtirish;

ogʻir atletika hamda parapauerlifting yoʻnalishini rivojlantirishga qaratilgan alohida dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;

ilgʻor xorij tajribalarini oʻzlashtirish hamda malakali xalqaro mutaxassislarni jalb qilgan holda trener va sportchilarni innovatsion texnologiyalar va ilmiy-tahliliy yondashuv asosida tayyorlash;

ogʻir atletika va parapauerlifting boʻyicha zamonaviy sport majmualarini barpo etish, mavjud sport majmualarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularni zamonaviy sport uskunalari va anjomlari bilan jihozlab borish;

ogʻir atletikani rivojlantirish boʻyicha ustuvor vazifalar ijrosini taʼminlash uchun sohani qoʻshimcha moliyalashtirish imkoniyatlarini yanada kengaytirish;

hududiy terma jamoalarning tayyorgarligini oshirib borish uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi sportning yakkakurash turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktablarining ogʻir atletika infratuzilmasini yanada rivojlantirish asosida ularni xalqaro talablarga moslashtirish;

ogʻir atletikaga oʻqitishning zamonaviy metodikalariga oid ilmiy-uslubiy va oʻquv adabiyotlar bilan taʼminlash hamda tibbiy-biologik xizmatni rivojlantirish;

ommaviy axborot vositalarida ogʻir atletikani sogʻlom turmush tarzining muhim tarkibiy qismi va bolalarni barkamol inson etib tarbiyalashga xizmat qiladigan sport turi sifatida targʻib qilish.

2. Quyidagilar:

Ogʻir atletika sport turini 2024 — 2026-yillarda kengroq rivojlantirish dasturi (keyingi oʻrinlarda — Dastur) 1-ilovaga muvofiq;

2024 — 2026-yillarda ogʻir atletika sport turini rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Dasturni amalga oshirish hamda maqsadli koʻrsatkichlarga erishish boʻyicha chora-tadbirlarni moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:

Sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasida nazarda tutiladigan mablagʻlar;

Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasiga Davlat budjeti va homiylar tomonidan ajratilgan mablagʻlar;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjeti mablagʻlari;

Oʻzbekiston ogʻir atletika federatsiyasiga uning ustavida belgilangan yoʻnalishlar boʻyicha yuridik va jismoniy shaxslar hisobidan kelib tushadigan badal pullari;

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;

qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

3. Sport vazirligi, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston ogʻir atletika federatsiyasining 2024-yildan boshlab har yili anʼanaviy tarzda:

ogʻir atletika va parapauerlifting boʻyicha Markaziy Osiyo ochiq chempionati;

ogʻir atletika va parapauerlifting boʻyicha “Uzbekistan Open” Oʻzbekiston ochiq chempionati;

ogʻir atletika boʻyicha Xalqaro ogʻir atletika federatsiyasining tasdiqlangan norma va qoidalarida belgilangan yosh toifalari boʻyicha uch bosqichli (tuman/shahar, viloyat va respublika) chempionatlar va kuboklar;

ogʻir atletika va parapauerlifting boʻyicha davlat sport-taʼlim muassasalari oʻrtasida Oʻzbekiston chempionati musobaqasini oʻtkazish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.

4. Sport vazirligi (A. Ikramov) Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi (O. Qosimov), Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi (M. Tashxodjayev) va Oʻzbekiston ogʻir atletika federatsiyasi bilan birgalikda:

uch oy muddatda mazkur qarorning 3-bandida koʻrsatilgan musobaqalarga puxta tayyorgarlik koʻrish, ularni yuqori saviyada tashkil etish va oʻtkazish hamda musobaqa gʻolib va sovrindorlarini munosib ragʻbatlantirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasini tasdiqlasin;

respublikada oʻtkaziladigan xalqaro turnirlarda mahalliy ogʻir atletikachilar bilan birgalikda xalqaro sportchi, trener va hakamlar ishtirokini taʼminlasin;

mazkur qarorning 3-bandida koʻrsatilgan musobaqa va turnirlarni 2024-yil 1-apreldan boshlab sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining respublika kalendar rejasiga kiritsin;

mazkur musobaqalarni oʻtkazish jarayonini mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari hamda boshqa kommunikatsiya manbalarida keng yoritsin.

5. Sport vazirligi va Oʻzbekiston ogʻir atletika federatsiyasining:

ogʻir atletika boʻyicha barcha yosh toifasidagi sportchilar bilan individual ishlash tizimini yaratish hamda ularning professional tayyorgarligini tashkil etish uchun Sport vazirligi huzuridagi Ogʻir atletika markazini (keyingi oʻrinlarda — Markaz) tashkil etish;

ogʻir atletikani rivojlantirish yuzasidan alohida dasturlarni qabul qilish hamda mahalliy budjet va homiylar mablagʻlari hisobidan bosqichma-bosqich zamonaviy infratuzilmaga ega boʻlgan ogʻir atletika bazalarini barpo etish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.

6. Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilansin:

iqtidorli yosh sportchilarni tanlab olish va ularni milliy terma jamoalarga asosiy nomzod sifatida tayyorlash;

sportchilarning xalqaro musobaqalarga samarali tayyorgarlik koʻrishi uchun uzluksiz oʻquv mashgʻulot yigʻinlarini tashkil etish;

sportchilar, trenerlar, trener-seleksionerlar, hakamlar va boshqa mutaxassislarning kasbiy mahoratini oshirish;

ogʻir atletika boʻyicha ilgʻor xorijiy tajribalarni oʻrganish va ularni amaliyotga joriy etish boʻyicha zarur tavsiyalar ishlab chiqish hamda sportchi va mutaxassislarning tayyorgarlik jarayoniga innovatsion texnologiyalarni joriy etish;

mahalliy va xorijiy mutaxassislar ishtirokida seminar-treninglar, master-klasslar, oʻquv mashgʻulotlari va boshqa tadbirlarni tashkil etish.

7. Belgilansinki:

Markaz yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan ixtisoslashtirilgan davlat sport-taʼlim muassasasi hisoblanadi;

Markaz Toshkent viloyati, Chirchiq shahri, Talabalar koʻchasi, 10-uy manzilida joylashgan Sport vazirligi tasarrufidagi bino-inshootlarga operativ boshqaruv huquqi asosida joylashtiriladi;

Markaz faoliyati ogʻir atletika boʻyicha iqtidorli yosh sportchilarni saralab olish va ularni terma jamoalarga asosiy nomzod sifatida tayyorlashga yoʻnaltiriladi;

Markaz oʻz faoliyatini 2025/2026 oʻquv yilidan boshlaydi hamda Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 30-dekabrdagi “Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 731-son qarorida belgilangan tartibga muvofiq amalga oshiradi;

Markazga parapauerlifting yoʻnalishiga sportchilarni qabul qilish uchun umumiy qabul kvotalari doirasida 10 foiz kvota ajratiladi;

Markaz oʻquvchilarining umumiy kontingenti jami 90 nafarni tashkil etib, ular 7 — 11-sinf oʻquvchilaridan iborat boʻladi;

Markaz oʻquvchilarini umumtaʼlim dasturlari boʻyicha oʻqitish ularga eng yaqin joylashgan umumiy oʻrta taʼlim muassasalarda amalga oshiriladi;

Markaz oʻquvchilari yashash uchun jihozlar, sutkalik oziq-ovqat normasi, sport kiyim-boshi va anjomlari, forma bilan Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 28-yanvardagi “Oliy mahorat sport maktablari faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi 18-son qaroriga muvofiq taʼminlanadi;

Markaz oʻquvchilarini tekin (imtiyozli) ovqatlantirish xarajatlari uchun ota-onalardan toʻlov undirilmaydi hamda oʻquvchilar toʻliq Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan oziq-ovqat bilan taʼminlanadi;

Markaz direktori, uning sport ishlari boʻyicha oʻrinbosari, trenerlari, yoʻriqchi-uslubchilariga olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish shartlari qoʻllaniladi;

Markaz direktorining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari va tarbiyachilari mehnatiga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 21-dekabrdagi “Xalq taʼlimi xodimlari mehnatiga haq toʻlashning takomillashtirilgan tizimini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 275-son qaroriga muvofiq amalga oshiriladi;

Markaz tibbiyot xodimlari mehnatiga haq toʻlash Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 21-dekabrdagi “Tibbiyot xodimlari mehnatiga haq toʻlashning takomillashtirilgan tizimini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 276-son qaroriga muvofiq amalga oshiriladi, shuningdek, ularga nisbatan olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari uchun belgilangan moddiy ragʻbatlantirish shartlari tatbiq etiladi.

8. Belgilab qoʻyilsinki:

Markazni zamonaviy va xalqaro talablarga muvofiq tashkil etish (yangi binolar qurish, mavjudlarini rekonstruksiya qilish va taʼmirlash) mahalliy budjet va homiylar mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi;

Markaz faoliyatini saqlash hamda uni xalqaro standartlarga muvofiq zamonaviy jihoz va inventarlar bilan taʼminlash Sport vazirligining budjet va budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.

Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi (Sh. Xidoyatov) Markazning loyiha hujjatlarini ishlab chiqishda eng maqbul meʼmoriy hamda texnik yechimlar qoʻllanilishini, ularni innovatsion texnologiyalarga asoslangan, energiya tejamkor va tez barpo etiladigan yengil konstruksiya va materiallardan qurish, shinamlik va ekologik xavfsizlik talablariga muvofiqlik yuzasidan loyiha-smeta hujjatlarini kompleks ekspertizadan oʻtkazilishini taʼminlasin va qurilish-montaj ishlarining sifatli bajarilishi ustidan doimiy davlat arxitektura-qurilish nazoratini oʻrnatsin.

9. Quyidagilar Markazni moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:

Davlat budjeti mablagʻlari;

faoliyat ixtisosligi boʻyicha tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan va Markazning ustavidagi vazifalarga muvofiq boʻlgan boshqa faoliyat turlaridan olingan daromadlar;

asosiy mashgʻulotlar oʻtkazilmaydigan vaqtda boʻsh turgan mol-mulkni ijaraga berishdan tushgan daromadlar;

yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;

qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

10. Sport vazirligi (A.Ikramov):

a) Markazning ustavini tasdiqlasin, shuningdek, uni belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin;

b) Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi va Oʻzbekiston ogʻir atletika federatsiyasi bilan birgalikda:

Markazni zamonaviy pedagogik texnologiyalarni egallagan malakali pedagog kadrlar hamda trenerlar bilan bosqichma-bosqich toʻldirish choralarini koʻrsin;

Markazda sportchilarni tayyorlash sifati yuzasidan doimiy davlat nazoratini amalga oshirsin;

v) Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda Markazning boshqaruv, texnik, xizmat koʻrsatuvchi va oʻquv-yordamchi xodimlari shtat jadvalini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

11. Sport vazirligi (A. Ikramov) Iqtisodiyot va moliya vazirligi (I. Norqulov) bilan birgalikda:

2024-yil 1-sentabrga qadar olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlaridagi ogʻir atletika bazalarini xalqaro talablarga javob beradigan sport anjomlari va uskunalari bilan jihozlash va keyinchalik muntazam ravishda maxsus sport kiyimlari (ekipirovkalar) va boshqa zarur vositalar bilan taʼminlab borish;

2024 — 2026-yillarda bosqichma-bosqich hududlardagi ixtisoslashtirilgan sport maktablari va sport maktablari ogʻir atletika moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, mavjud sport bino va inshootlarini mashgʻulotlar uchun xavfsiz va sanitariya meʼyorlari asosida rekonstruksiya qilish, kapital taʼmirlash va ularni zamon talablari asosida zarur inventarlar bilan jihozlash;

2024/2025 oʻquv yiliga qadar Respublika olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazidagi ogʻir atletikaga ixtisoslashtirilgan sport zalining qurilish-taʼmirlash ishlarini oxiriga yetkazish choralarini koʻrsin.

12. Oʻzbekiston ogʻir atletika federatsiyasi va Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi:

zamonaviy ilm-fan yutuqlari va innovatsion texnologiyalardan foydalangan holda ogʻir atletika boʻyicha trenerlar, seleksionerlar, hakamlar va boshqa mutaxassislar kasbiy mahoratini doimiy oshirib borish maqsadida mahalliy va xorijiy mutaxassislar ishtirokida tizimli ravishda seminar, trening va mahorat darslari oʻtkazilishini yoʻlga qoʻysin;

faoliyati davomida namuna koʻrsatgan trener va mutaxassislar malakasini oshirish, zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega boʻlishlarini taʼminlash, ular uchun xalqaro miqyosda tajriba almashish imkoniyatini yaratib berish maqsadida milliy terma jamoalarning xorijda oʻtkaziladigan oʻquv-mashgʻulot yigʻinlari va xalqaro musobaqalar jarayoniga jalb etish choralarini koʻrsin.

13. Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, Sport vazirligi, Toshkent viloyati hokimligi va Oʻzbekiston ogʻir atletika federatsiyasining:

Boʻstonliq tumani elektr tarmoqlari korxonasiga doimiy foydalanishga berilgan Toshkent viloyati, Boʻstonliq tumani, Soyliq qishlogʻi, Mustaqillik koʻchasidagi yer uchastkasini davlat mulki sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazish va Sport vazirligiga doimiy foydalanish huquqi asosida ajratish;

ushbu yer maydonida hududning ixtisoslashuvi va mahalliy yoshlarning qiziqishini inobatga olgan holda zamonaviy infratuzilmaga ega boʻlgan ogʻir atletika zalini yordamchi xonalari (25 oʻrinli yotoqxona va oshxona) bilan birga barpo etish hamda unda Ogʻir atletika sport klubi faoliyatini yoʻlga qoʻyish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.

Belgilab qoʻyilsinki, Ogʻir atletika sport klubini zamonaviy va xalqaro talablarga muvofiq tashkil etish hamda zarur jihoz va inventarlar bilan taʼminlash Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashining homiylik mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.

14. Toshkent viloyati hokimligi (Z. Mirzayev) “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ bilan birgalikda ikki hafta muddatda Boʻstonliq tumani elektr tarmoqlari korxonasiga doimiy foydalanishga berilgan yer uchastkasini (Toshkent viloyati, Boʻstonliq tumani, Soyliq qishlogʻi, Mustaqillik koʻchasi) belgilangan tartibda zaxiraga qaytarish choralarini koʻrsin.

15. 2024-yil 1-sentabrdan Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasiga qarashli Respublika ixtisoslashtirilgan kompleks bolalar va oʻsmirlar sport maktabining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Namangan, Toshkent va Samarqand viloyati hududiy maktablari ochilsin va ushbu maktablarda ogʻir atletika sport turini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilsin.

16. Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligining Oʻzbekiston ogʻir atletika federatsiyasiga vazirlik tizimidagi tashkilot va korxonalarni homiy sifatida biriktirish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

Vazirlar Mahkamasi (A.N. Aripov) ikki oy muddatda ogʻir atletika boʻyicha kompleks musobaqalarga puxta tayyorgarlik koʻrish maqsadida Oʻzbekiston ogʻir atletika federatsiyasiga tegishli shart-sharoitlar yaratish uchun homiy tashkilotlarni biriktirsin.

17. Sport vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

18. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib sport vaziri A.I. Ikramov, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi Bosh kotibi O.O. Qosimov belgilansin.

19. Mazkur qaror ijrosini muhokama qilib borish, masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi departamenti rahbari O.Q. Abduraxmanov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2024-yil 20-mart,

PQ-137-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 20-martdagi PQ-137-son qaroriga 1-ILOVA

Ogʻir atletika sport turini 2024 — 2026-yillarda kengroq rivojlantirish

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 11-dekabrdagi PQ-373-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.12.2025-y., 07/25/373/1157-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 20-martdagi PQ-137-son qaroriga 2-ILOVA

2024 — 2026-yillarda ogʻir atletika sport turini rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.