Toshkent shahrida sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmini oshirish boʻyicha yangi imkoniyat va mavjud zaxiralardan toʻliq va samarali foydalanish, sanoat kooperatsiyasi va mahalliylashtirish loyihalarini kengaytirish, ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohalarini jadal rivojlantirish, yangi turdagi raqobatbardosh yuqori qoʻshimcha qiymatga ega mahsulotlarni ishlab chiqarishni yoʻlga quyish, Toshkent shahrining eksport salohiyatini oshirish hamda aholini yuqori daromadli ish joylari bilan taʼminlash maqsadida:
1. Toshkent shahri hokimligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasining quyidagi takliflari maʼqullansin:
a) Toshkent shahri Yangihayot tumanida “Yangi avlod” maxsus sanoat zonasini (keyingi oʻrinlarda — “Yangi avlod” MSZ) tashkil etish;
b) “Yangi avlod” MSZni tashkil etish maqsadida:
“Yangihayot” industrial texnoparki hududida 1a-ilovaga muvofiq boʻsh turgan 100 gektar yer uchastkasini ushbu texnopark hududidan chiqarish va “Yangi avlod” MSZga oʻtkazish;
Toshkent shahri Yangihayot tumani “Xoʻja Uchqun”, “Jaloyir” va “Yangi Gulzor” mahallalari tutashgan hududdagi 1b-ilovaga muvofiq 664,5 gektar qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan, shu jumladan 592,5 gektar sugʻoriladigan yer uchastkalarini sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlarga moʻljallangan yerlar toifasiga oʻtkazish uchun Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan va oʻrmon fondi yerlarining yer fondi toifalarini oʻzgartirish masalalarini koʻrib chiqish boʻyicha Hukumat komissiyasiga belgilangan tartibda taklif kiritish.
2. Quyidagilar:
“Yangi avlod” MSZ tarkibiga kiruvchi hududlarning chegaralari 2-ilovaga muvofiq;
“Yangi avlod” MSZning asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari 3-ilovaga muvofiq;
“Yangi avlod” MSZni tashkil etish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Belgilansinki:
a) “Yangi avlod” MSZning faoliyat yuritish muddati 30 yilni tashkil etadi va ushbu muddat keyinchalik qonunga muvofiq uzaytirilishi mumkin;
b) “Yangi avlod” MSZ faoliyati davomida uning ishtirokchilariga maxsus iqtisodiy zonalari ishtirokchilari uchun belgilangan alohida soliq, bojxona imtiyozlari va boshqa preferensiyalar tatbiq etiladi;
v) “Yangi avlod” MSZ uchun tashqi infratuzilma obyektlarini qurish ishlarini amalga oshirishda:
moliyalashtirish ishlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-dekabrdagi “Hududlarda muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4929-son qaroriga muvofiq;
buyurtmachi vazifasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi “Maxsus iqtisodiy va kichik sanoat zonalari muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5101-son qarorida belgilangan tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi;
g) “Yangi avlod” MSZ hududida ichki infratuzilma obyektlarini qurish ishlarini moliyalashtirish elektron onlayn auksiondan tushgan va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi;
d) “Yangi avlod” MSZni tashkil etish uchun yer uchastkalari ajratilishi bilan bogʻliq qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi ishlab chiqarish nobudgarchiliklarining oʻrnini qoplash boʻyicha kompensatsiya toʻlovlari Toshkent shahrini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 2030-yildan boshlab 10 yil davomida boʻlib-boʻlib toʻlanadi:
Bunda:
kompensatsiya toʻlovlari “Toshkent Invest kompaniyasi” AJ, “Toshkent Invest kompaniyasi” AJ taʼsischiligida tashkil etiladigan masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Yangi avlod” boshqaruvchi kompaniyasi va “Yangi avlod” MSZning ishtirokchilaridan undirilmaydi hamda toʻliq qoplangunga qadar yer ajratish boʻyicha loyihani naturaga koʻchirish va yer uchastkalariga boʻlgan huquqni tasdiqlaydigan hujjatlarni tayyorlashga ruxsat beriladi;
“Yangi avlod” MSZni tashkil etish uchun yer uchastkalari olinishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zarar belgilangan tartibda qoplanadi.
(3-bandning “d” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 31-oktabrdagi PF-202-sonli Farmoni tahririda)
4. Iqtisodiyot va moliya vazirligi “Yangi avlod” MSZ hududidan oʻtgan gaz quvurlarini koʻchirish uchun 200 milliard soʻmgacha hamda ichki kommunikatsiya tarmoqlarini barpo etish uchun 150 milliard soʻmgacha miqdordagi budjet ssudasini haqiqatda bajarilgan ish hajmidan kelib chiqqan holda 2024-2025-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan Toshkent shahar mahalliy budjetiga bosqichma-bosqich ajratilishini taʼminlasin.
(4-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-dekabrdagi PQ-455-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2024-y., 07/24/455/1092-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 1-yanvar)
Belgilab qoʻyilsinki, budjet ssudasi joriy yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti topshiriqlariga asosan hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun koʻzda tutilgan xarajatlar hisobidan ajratiladi.
5. “Yangi avlod” MSZni boshqarish uchun “Toshkent Invest kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati (keyingi oʻrinlarda — Kompaniya) taʼsischiligida masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklida “Yangi avlod” boshqaruvchi kompaniyasi (keyingi oʻrinlarda — boshqaruvchi kompaniya) tashkil etilsin.
Belgilansinki, boshqaruvchi kompaniya:
Toshkent shahri hokimligi bilan kelishilgan xolda davlat-xususiy sheriklik shartnomalarini, shu jumladan konsessiya, boshqaruv shartnomalari hamda Kompaniya ulushini ishonchli boshqaruvga berish boʻyicha shartnomalarni tuzish hamda boshqaruvchi kompaniyaning ustav fondiga ulush kiritish orqali ushbu sohada ixtisoslashgan xorijiy kompaniyalarni va menejerlarni jalb qiladi;
“Yangi avlod” MSZ hududida koʻrsatiladigan kommunal xizmatlar, aloqa xizmatlari va yetkazib beriladigan energiya resurslari uchun tariflarni vakolatli davlat organlari bilan kelishilgan holda shartnoma asosida belgilaydi;
“Yangi avlod” MSZ hududida loyihalarni amalga oshirish boʻyicha investorlar bilan muzokaralar olib boradi, ular bilan bitimlar tuzishni va ularning investitsiya shartnomalarida belgilangan majburiyatlar ijrosini nazorat qiladi;
“Yangi avlod” MSZ hududida investitsiya loyihalarini amalga oshirish davrida investorlarga shartnoma asosida servis, sanitariya-gigiyena va muhandislik-kommunikatsiya xizmatlarini koʻrsatadi hamda ular transport infratuzilmasi obyektlari va yordamchi inshootlar bilan taʼminlanishini tashkil qiladi.
6. Toshkent shahri hokimligi:
a) Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda 2024-yil 1-iyulga qadar “Yangi avlod” MSZning hududlari bosh rejasi ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini taʼminlasin, bunda:
Kompaniya bosh rejani ishlab chiqishda buyurtmachi etib belgilansin;
bosh rejani ishlab chiqish boʻyicha loyiha va pudrat tashkilotlari eng yaxshi takliflarni tanlash natijalariga koʻra aniqlansin;
bosh rejani ishlab chiqish bilan bogʻliq xarajatlar Kompaniya mablagʻlari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshirilsin;
b) bosh rejaga asosan “Yangi avlod” MSZ tarkibiga kiruvchi yer uchastkalarini zaxiraga qaytarish qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshirilishi, davlat mulki sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi hamda Yer kodeksida belgilangan tartibda ajratilishini taʼminlasin.
7. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
“Yangi avlod” MSZ hududidagi yer uchastkalari Vazirlar Mahkamasi qarori asosida Yer kodeksining 24-moddasiga muvofiq Toshkent shahri xokimligi tomonidan boshqaruvchi kompaniyaga “Yangi avlod” MSZning faoliyat yuritish muddatidan oshmagan muddatga ijaraga beriladi;
investitsiya loyihalarini joylashtirish uchun zarur boʻlgan yer uchastkalari boshqaruvchi kompaniya tomonidan “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali ijaraga beriladi.
8. Toshkent shahri hokimligi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligining “Yangi avlod” MSZ hududida boshqaruv ofisi binosini qurish hamda obyekt atrofini obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlarini qisqa muddatlarda yakunlash maqsadida “Yangihayot” industrial texnoparki” DUKni buyurtmachi etib belgilash toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Bunda, buyurtmachiga eng yaxshi takliflarni tanlash natijalariga koʻra loyiha va pudrat tashkilotlarini aniqlashga ruxsat berilsin.
Belgilab qoʻyilsinki, boshqaruv ofisi binosini qurish hamda obyekt atrofini obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlari elektron onlayn auksionlardan tushgan mablagʻlar, Kompaniya mablagʻlari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
9. Toshkent shahri hokimligi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan birgalikda “Yangi avlod” MSZ hududida 2025-yil yakuniga qadar 1,5 milliard AQSH dollari miqdorigacha toʻgʻridan-toʻgʻri chet el investitsiyalari oʻzlashtirilishi, natijada 2,5 mingdan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratilishi, yiliga 1 trillion soʻmdan ortiq sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilishi, shuningdek, amalga oshirilayotgan loyihalar toʻliq ishlab chiqarish quvvatiga erishishi bilan yillik 5 million AQSH dollari miqdorigacha qoʻshimcha eksport amalga oshirilishi va Davlat budjetiga yillik 1 milliard soʻmgacha qoʻshimcha soliq tushumlari tushishini taʼminlasin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 5-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
11. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Xodjayev va Toshkent shahri hokimi vazifasini bajaruvchi Sh.B. Umurzakov belgilansin.
Qaror ijrosini har oyda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 20-mart,
PQ-138-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 20-martdagi PQ-138-son qaroriga 1a-ILOVA
“Yangi avlod” maxsus sanoat zonasini tashkil etish uchun “Yangihayot” industrial texnoparki hududidan berilayotgan yer uchastkalari
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 20-martdagi PQ-138-son qaroriga 1b-ILOVA
“Yangi avlod” maxsus sanoat zonasini tashkil etish uchun yer fondi toifasi oʻzgartirilayotgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalari
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 20-martdagi PQ-138-son qaroriga 2-ILOVA
“Yangi avlod” maxsus sanoat zonasi tarkibiga kiruvchi hududlarning
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 20-martdagi PQ-138-son qaroriga 3-ILOVA
“Yangi avlod” maxsus sanoat zonasining asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari
1. Xalqaro brendlar bilan hamkorlikda yangi turdagi raqobatbardosh yuqori qoʻshimcha qiymatga ega mahsulotlarni ishlab chiqarishni yoʻlga quyish.
2. Sanoat kooperatsiyasi va mahalliylashtirish loyihalarini kengaytirish, jumladan klaster tizimini joriy etish.
3. Sanoat va xizmatlar sohasini rivojlantirish orqali ularning hajmini oshirish.
4. Xalqaro toifadagi savdo-logistika faoliyatini yoʻlga quyish.
5. “Yangi avlod” MSZ va uning atrofidagi aholi punktlari bilan oʻzaro bogʻlangan tegishli bank, turizm, savdo va ijtimoiy infratuzilmani yaratish.
6. “Yangi avlod” MSZda sohalar va tarmoqlar kesimida, shu jumladan klaster tizimi asosida Toshkent shahrida kelgusida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari uchun yer uchastkalarini belgilangan tartibda ijara huquqi asosida “Yangi avlod” MSZ hududidan tadbirkorlik subyektlariga ajratish, shuningdek, Toshkent shahri hududida joylashgan sanoat korxonalarini yagona dislokatsiya asosida “Yangi avlod” MSZ hududida joylashtirish.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 20-martdagi PQ-138-son qaroriga 4-ILOVA
“Yangi avlod” maxsus sanoat zonasini tashkil etish boʻyicha
(4-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 31-oktabrdagi PF-202-sonli Farmoni tahririda)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 20-martdagi PQ-138-son qaroriga 5-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 20-iyuldagi “Yangi Toshkent shahrini barpo etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-232-son qarori 15-bandining uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish, shu jumladan, koʻp kvartirali uylar, ishlab chiqarish, savdo va xizmat koʻrsatish obyektlarini qurish uchun yer uchastkalari Muvofiqlashtiruvchi kengashning qaroriga muvofiq Direksiya tomonidan (buyurtmachi sifatida) “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali (har bir loyihaga alohida texnik shart asosida) auksion savdolarida sotiladi yoki ijaraga beriladi”.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-iyuldagi “Toshkent shahrida davlat va tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida oʻzaro manfaatli hamkorlik asosida investitsiya loyihalarini amalga oshirish va shahar infratuzilmasini yaxshilash boʻyicha huquqiy eksperimentni oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-236-son qarori 5-bandining “g” kichik bandida:
birinchi xatboshidagi “uni toʻliq Jamgʻarmaga yoʻnaltirish” soʻzlari “uni bir yoʻla yoki boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati bilan toʻliq Jamgʻarmaga yoʻnaltirish” soʻzlari bilan almashtirilsin;
ikkinchi xatboshidagi “jami qurilish” soʻzlari “Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda aniqlanadigan qurilish” soʻzlari bilan almashtirilsin.