PQ-183-son Qaror · 21.05.2024

Onkologik, gematologik va immunologik kasalliklarga chalingan bolalarga tibbiy yordam koʻrsatishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-183
  • Qabul qilingan sana:21.05.2024
  • Kuchga kirgan sana:23.05.2024
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/24/183/0362

Sogʻliqni saqlash tizimini isloh qilish davlat dasturlari doirasida bolalarga onkologik, gematologik va immunologik yordam koʻrsatishni yaxshilashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Xususan, Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazini tashkil etish, uning kadrlar salohiyatini oshirish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda bemorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va ularni zarur dori-darmonlar bilan taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Shu bilan birga, bu yoʻnalishda tibbiy yordam koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish, diagnostika va davolashning zamonaviy standartlari, boshqaruv usullari va moliyalashtirish mexanizmlarini keng joriy etish boʻyicha qoʻshimcha choralar koʻrish talab qilinmoqda.

Profilaktika sifatini oshirish, bolalarning onkologik, gematologik va immunologik kasalliklarini erta aniqlash va davolash, ularni davolash qamrovini kengaytirish va samaradorligini taʼminlash, respublikada yuqori texnologiyali tibbiy xizmatlarni yoʻlga qoʻyish, samarali dori vositalari bilan taʼminlash, zamonaviy diagnostika va davolash standartlarini amaliyotga joriy etish, davlat tibbiyot muassasalari faoliyatini tashkil etish tizimini takomillashtirish, shuningdek, ushbu sohada ilmiy va kadrlar salohiyatini yaxshilash maqsadida:

1. “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida onkologik kasalliklar sababli erta oʻlimni 2,5 barobarga qisqartirish vazifasi belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

2. Quyidagilar bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi sohasini rivojlantirishning ustuvor vazifalari etib belgilansin:

Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining bolalar saratoniga qarshi kurash boʻyicha Global tashabbusida ishtirok etish doirasida 2030-yilgacha onkologik kasalliklarga chalingan bolalarning omon qolish darajasini 60 foizga oshirish;

ilgʻor xorijiy tajribaga asoslangan holda onkologik, gematologik va immunologik kasalliklarga chalingan bolalarni diagnostika qilish, davolash va reabilitatsiya qilishning zamonaviy protokollari va standartlarini joriy etish;

gemopoetik oʻzak hujayralari va suyak koʻmigi hujayralarini transplantatsiya qilishni rivojlantirish;

bemor bolalarni zarur dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan uzluksiz taʼminlash;

soha uchun zamonaviy diagnostika, davolash va reabilitatsiya qilish boʻyicha bilim va koʻnikmalarga ega mutaxassislarni tayyorlash, ularni qayta tayyorlash va malakasini oshirish, ushbu yoʻnalishda ilgʻor fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy tadqiqotlar olib borilishini tashkillashtirish.

3. Quyidagilar:

Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazi tomonidan bemor bolalarning omon qolishi borasida yuqori koʻrsatkichlarga erishgan yetakchi xorijiy tibbiyot klinikalari bilan hamkorlikda ushbu markaz faoliyatini zamonaviy tajribalar asosida tashkil etish va rivojlantirish boʻyicha kelishuvga erishilganligi;

xorijiy hamkor tashkilot tomonidan Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazida yuqori samarali diagnostika qilish va davolashning klinik standartlari, protokollari va tavsiyalarini joriy etish, uning infratuzilmasini takomillashtirish va jihozlash, samarali boshqaruv tizimini yoʻlga qoʻyish, kadrlar salohiyatini oshirish jarayonlarini tashkil etishga koʻmaklashish boʻyicha majburiyatlar olinganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

4. Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markaziga uning kuzatuv kengashi bilan kelishgan holda ushbu markazni rivojlantirish konsepsiyasini (master-reja va boshqa texnik hujjatlarni) ishlab chiqish va amalga oshirish uchun yetakchi xorijiy tibbiyot klinikasi hamda injiniring va konsalting kompaniyasi xizmatlarini, shuningdek ekspertlik, ilmiy va boshqa maslahat xizmatlarini, Markaz faoliyatining ustuvor yoʻnalishlarini amalga oshirish uchun zarur tovarlarni (ishlar, xizmatlar), dori va sarflov vositalarini hamda tibbiyot jihozlarini toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida xarid qilishga ruxsat berilsin.

(4-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PF-259-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2025-y., 06/25/259/1224-son)

Konsepsiyani ishlab chiqishda quyidagilar nazarda tutilsin:

xalqaro standartlar asosida respublikada gematologiya va onkologiya yoʻnalishida mavjud tibbiyot muassasalari imkoniyatlarini oʻrganish va mavjud infratuzilmadan samarali foydalanish boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish;

respublikada gemopoetik suyak koʻmigi oʻzak hujayralarini autologik va allogen transplantatsiya qilishni yoʻlga qoʻyish istiqbollarini belgilash;

ushbu markaz va respublika hududlarida zarur davolash-diagnostika bloklari va korpuslarini loyihalashtirish va qurish orqali bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va immunologiyasi sohasida bolalarga yuqori texnologiyali tibbiy xizmatlar koʻrsatishning zamonaviy infratuzilmasini shakllantirish;

(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-maydagi PQ-186-sonli qaroriga asosan beshinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.05.2025-y., 07/25/186/0458-son)

Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazi faoliyatini xalqaro standartlar asosida yoʻlga qoʻyish boʻyicha strategiya ishlab chiqish, shu jumladan, yaqin xorijiy davlatlardan bemorlarni davolashni yoʻlga qoʻyish.

(4-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-maydagi PQ-186-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.05.2025-y., 07/25/186/0458-son)

Bunda xorijiy tibbiyot klinikalari, injiniring (pudrat) va konsalting kompaniyalari bilan shartnomalar, shu jumladan EPC shartnomalari tuzilishi (ular boʻyicha ish va xizmatlar uchun toʻlovlar amalga oshirilishi) mumkin.

(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-maydagi PQ-186-sonli qaroriga asosan yettinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.05.2025-y., 07/25/186/0458-son)

5. Iqtisodiyot va moliya vazirligi jalb qilingan yetakchi xorijiy tibbiyot klinikasi hamda injiniring va konsalting kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan rivojlantirish konsepsiyasiga muvofiq 2024 — 2026-yillarda:

Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan 20 million AQSH dollari;

Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qaytarmaslik sharti bilan 20 million AQSH dollari;

Davlat budjetidan sogʻliqni saqlash sohasiga ajratiladigan mablagʻlar doirasida 11 million AQSH dollari ekvivalentidagi mablagʻlarning ajratilishini taʼminlasin.

Bunda, ushbu bandga muvofiq:

Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi tomonidan ajratiladigan mablagʻlar aseptik, laboratoriya diagnostika bloklari va simulyatsiya markazi, radiologiya bloki va nur terapiyasi boʻlimini tashkil etish va jihozlash, Markazni rivojlantirish konsepsiyasini (master rejani), texnik va loyiha hujjatlarini ishlab chiqish va amalga oshirish bilan bogʻliq ishlar (xizmatlar)ga haq toʻlash uchun yoʻnaltiriladi;

(5-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-maydagi PQ-186-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.05.2025-y., 07/25/186/0458-son)

ajratiladigan mablagʻlar hisobidan moliyalashtirilishi koʻzda tutilgan shartnomalar, shu jumladan, EPC-shartnomalari, “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUK tomonidan ekspertizadan oʻtkaziladi.

(5-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-maydagi PQ-186-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.05.2025-y., 07/25/186/0458-son)

6. Sogʻliqni saqlash vazirligi yetakchi xorijiy konsalting kompaniyalarini jalb etgan holda olti oy muddatda onkologik, gematologik va immunologik kasalliklarga chalingan bolalarni davolashga ixtisoslashtirilgan zamonaviy klinikani barpo etish va jihozlash ishlarini loyihalash uchun tender eʼlon qilish yuzasidan taklif kiritsin.

7. Sogʻliqni saqlash vazirligining quyidagi takliflariga rozilik berilsin:

a) Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazini Bolalar onkologiyasi, gematologiyasi va immunologiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi (keyingi oʻrinlarda — Markaz) etib qayta nomlash;

b) Markaz faoliyatini samarali tashkil etish va rivojlantirish boʻyicha kuzatuv kengashi (keyingi oʻrinlarda — Kuzatuv kengashi) faoliyatini yoʻlga qoʻyish;

v) Markaz huzurida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Onkologik va gematologik kasalliklarga chalingan bolalarni sogʻlomlashtirishga koʻmaklashish jamgʻarmasini (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) tashkil etish;

g) Markazda onkologik, gematologik va immunologik kasalliklarga chalingan bolalarni diagnostika qilish, davolash va reabilitatsiya qilishning yangi modelini joriy etish boʻyicha tajriba-sinov loyihasini (keyingi oʻrinlarda — tajriba-sinov loyihasi) amalga oshirish.

8. Tajriba-sinov loyihasi doirasida Markaz va u bilan shartnomalar tuzgan xorijiy klinikalar, injiniring (pudratchi) va konsalting kompaniyalariga, istisno tariqasida, uch yil muddatga quyidagi huquqlar berilsin:

(8-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-maydagi PQ-186-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.05.2025-y., 07/25/186/0458-son)

a) Markazning tibbiyot amaliyotiga dunyoning yetakchi klinikalarida qoʻllab kelinayotgan bolalar onkologik, gematologik va immunologik kasalliklarini diagnostika qilish va davolashning klinik standartlari, protokollari va tavsiyalarini, shuningdek, bolalarga palliativ yordam koʻrsatish boʻyicha klinik tavsiyalarni joriy qilish;

b) Markaz obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va jihozlashda ilgʻor xorijiy sanitariya normalari va qoidalarini qoʻllash;

v) Kuzatuv kengashi tomonidan tasdiqlanadigan roʻyxatga muvofiq Markazda foydalanish uchun:

Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan xorijda tibbiyot amaliyotida qoʻllanishga ruxsat berilgan, shu jumladan, muvofiqlik deklaratsiyasiga ega boʻlgan eng yangi onkologik, gematologik, immunologik, ogʻriq qoldiruvchi dori vositalari, hamroh va qoʻllab-quvvatlovchi terapiya preparatlari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikani (keyingi oʻrinlarda — farmatsevtika mahsulotlarini) tan olish tartibida davlat roʻyxatidan oʻtkazish;

farmatsevtika mahsulotlarini ayrim koʻrsatkichlari boʻyicha sifat nazorati hamda identifikatsiya orqali oʻrnatilgan tartibda sertifikatlash sharti bilan respublikaga olib kirish;

g) laboratoriya, radiologiya, nuklear tibbiyot va gemodializ xizmatlarini koʻrsatishga ijara hamda autsorsing asosida davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlarini jalb qilish.

Sogʻliqni saqlash vazirligi Markaz bilan birgalikda 2026-yil yakuniga qadar tajriba-sinov natijalari yuzasidan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

9. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra 2024-yil 1-iyuldan boshlab onkologik, gematologik va immunologik kasalliklarga chalingan 18 yoshdan 21 yoshgacha boʻlgan (21 yosh ham kiradi) bemorlar Markazda, Bolalar milliy tibbiyot markazi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazlarining bolalar gematologiyasi va onkologiyasi boʻlimlarida, shuningdek, ular voyaga yetgunlariga qadar ushbu kasallik boʻyicha tibbiy yordam koʻrsatgan boshqa tibbiyot tashkilotlarida bepul davolanishni davom ettiradi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishgan holda bir oy muddatda voyaga yetgan onkologik, gematologik va immunologik kasalliklarga chalingan shaxslar, ular voyaga yetgunlariga qadar tibbiy yordam koʻrsatilgan tibbiyot tashkilotlarida 22 yoshga yetgunlariga qadar kuzatuvda boʻlishlari va davolanishlari mumkin boʻlgan kasalliklar va holatlar roʻyxatini tasdiqlasin.

10. Markaz oʻrin-joy fondi 2024-yil 1-iyundan boshlab Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining bolalar onkologiyasi boʻlimlari, shuningdek, Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimining davlat tibbiyot muassasalari oʻrin-joylarini maqbullashtirish hisobidan 250 tagacha kengaytirilsin.

11. Belgilansinki:

a) Markaz:

moliyaviy mustaqillikka ega boʻlgan (ikkinchi darajali budjet mablagʻlari taqsimlovchisi) davlat klinik va ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hisoblanadi;

(11-band “a” kichik bandining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-maydagi PQ-186-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.05.2025-y., 07/25/186/0458-son)

respublikada bolalar onkologiyasi, gematologiyasi va immunologiyasi xizmatiga boshchilik qiladi va Bolalar milliy tibbiyot markazining bolalar gematologiyasi va onkologiyasi boʻlimi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazlarining bolalar gematologiyasi va onkologiyasi boʻlimlari hamda tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalaridagi bolalar onkologi va gematologi shifokorlarining faoliyatiga uslubiy yordam koʻrsatuvchi bosh muassasa hisoblanadi;

onkologik, gematologik, immunologik va orfan kasalliklarga chalingan bolalarga (bolalar onkologiyasi, gematologiyasi va immunologiyasi qismida) ixtisoslashtirilgan, shu jumladan, yuqori texnologik tibbiy yordam koʻrsatadi, ularni tibbiy reabilitatsiya qiladi;

bolalardagi onkologik, gematologik va immunologik kasalliklar diagnostikasi va ularni davolash sohasida fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy tadqiqotlarni amalga oshiradi;

b) Markaz direktori Kuzatuv kengashining taqdimiga binoan sogʻliqni saqlash vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;

v) 2027-yil 1-yanvardan boshlab Markaz Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi orqali respublika budjetidan xarajatlar tasnifining bir satrida tibbiy xizmatlarning bazaviy narxlari asosida moliyalashtiriladi.

(11-band “v” kichik bandining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-dekabrdagi PQ-455-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2024-y., 07/24/455/1092-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 1-yanvar)

Sogʻliqni saqlash vazirligi:

Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Markazda Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan davolanadigan kasalliklar roʻyxatini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;

Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda 2026-yilda Markaz tomonidan tashxis qoʻyish va davolash boʻyicha standartlarga muvofiq koʻrsatiladigan tibbiy xizmatlarning bazaviy narxlarini tasdiqlasin;

(11-band “v” kichik bandining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-maydagi PQ-186-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.05.2025-y., 07/25/186/0458-son)

g) Kuzatuv kengashi Markazning yuqori boshqaruv organi hisoblanadi;

d) Kuzatuv kengashiga quyidagi vazifalar yuklatiladi:

Markazning strategik rivojlanish dasturlarini tasdiqlash va ularning amalga oshirilishini nazorat qilish;

Markazning ustavi, tuzilmasi, shtat meʼyorlari hamda daromadlar va xarajatlar prognozlarini koʻrsatgan holda har yillik biznes rejasini tasdiqlash;

Jamgʻarmaning daromadlar va xarajatlar taqsimotini tasdiqlash;

ilmiy va taʼlim faoliyatini amalga oshirish va tibbiy xizmatlar koʻrsatish boʻyicha faoliyatning ustuvor yoʻnalishlarini belgilash;

Markaz mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishi ustidan nazoratni tashkil qilish.

Kuzatuv kengashiga Markazni saqlash uchun ajratiladigan mablagʻlar doirasida shtat birliklari va oʻrin-joylar soni, xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish shartlarini belgilash huquqi berilsin.

12. Belgilab qoʻyilsinki:

a) Jamgʻarmaning mablagʻlari:

2024-yildan boshlab har yili Jamgʻarmaga uning asoslangan hisob-kitoblariga asosan Davlat budjetidan 100 milliard soʻmdan kam boʻlmagan miqdordagi mablagʻlar;

(12-band “a” kichik bandining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-maydagi PQ-186-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.05.2025-y., 07/25/186/0458-son)

jismoniy va yuridik shaxslarning ixtiyoriy xayriyalari;

davlat, xorijiy va xalqaro tashkilotlar, chet davlatlar ajratadigan grantlar;

fandrayzing mexanizmlari orqali kelib tushgan mablagʻlar;

(12-band “a” kichik bandining beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-maydagi PQ-186-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.05.2025-y., 07/25/186/0458-son)

vaqtincha boʻsh turgan mablagʻlarni tijorat banklari depozitlariga joylashtirishdan olingan daromadlar;

qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan shakllantiriladi;

b) Jamgʻarmaga 2024-yilda ajratiladigan mablagʻlar birinchi navbatda Markaz infratuzilmasini yoʻlga qoʻyish uchun lozim boʻlgan moddiy-texnik bazani moliyalashtirishga yoʻnaltiriladi.

13. Quyidagilar:

Bolalar onkologiyasi, gematologiyasi va immunologiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari 1-ilovaga muvofiq;

Bolalar onkologiyasi, gematologiyasi va immunologiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining kuzatuv kengashi tarkibi 2-ilovaga muvofiq;

Onkologik va gematologik kasalliklarga chalingan bolalarni sogʻlomlashtirishga koʻmaklashish jamgʻarmasi faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari 3-ilovaga muvofiq;

Bolalar onkologiyasi, gematologiyasi va immunologiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi faoliyatini samarali tashkil etish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar dasturi 4-ilovaga muvofiq;

Bolalar onkologiyasi, gematologiyasi va immunologiyasi xizmatining tashkiliy tuzilmasi 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

14. Iqtisodiyot va moliya vazirligi ushbu qarorni amalga oshirish, shu jumladan, Markaz hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazlarining bolalar gematologiyasi va onkologiyasi boʻlimlarida dunyoning yetakchi klinikalarida qoʻllab kelinayotgan diagnostika va davolashning klinik standartlari, protokollari va tavsiyalarini joriy qilish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash uchun:

2024-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan sogʻliqni saqlash sohasiga ajratilgan mablagʻlar doirasida;

2025-yildan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarini shakllantirishda zarur mablagʻlar ajratilishini nazarda tutsin, 2027-yildan esa ularni Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasiga oʻtkazib berilishini taʼminlasin.

(14-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-maydagi PQ-186-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.05.2025-y., 07/25/186/0458-son)

15. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 6-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.

16. Sogʻliqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

17. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbari O.K. Abduraxmanov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2024-yil 21-may,

PQ-183-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-maydagi PQ-183-son qaroriga 1-ILOVA

Bolalar onkologiyasi, gematologiyasi va immunologiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari

a) onkologik, gematologik, immunologik va orfan (bolalar onkologiyasi, gematologiyasi va immunologiyasi qismida) kasalliklariga (keyingi oʻrinlarda — onkologik kasalliklar) chalingan bolalarga malakali ixtisoslashtirilgan, shu jumladan, yuqori texnologiyali tibbiy yordam koʻrsatishni, shuningdek, ularni tibbiy reabilitatsiya qilishni tashkil etish va takomillashtirish;

b) onkologik kasalliklariga chalingan bolalarni diagnostika qilish, davolash va reabilitatsiya qilishning, shu jumladan, ilgʻor xorijiy va mahalliy tajribalar hamda yetakchi xorijiy va mahalliy tadqiqotlar natijalariga asoslangan yuqori texnologiyali va koʻp mablagʻ talab qiladigan amaliyotlarning zamonaviy protokollari va standartlarini ishlab chiqish hamda Bolalar onkologiyasi, gematologiyasi va immunologiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazida, Bolalar milliy tibbiyot markazining bolalar gematologiyasi va onkologiyasi boʻlimida, shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlardagi bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazlarining bolalar gematologiya va onkologiyasi boʻlimlarida joriy etish;

v) onkologik kasalliklarga chalingan bolalarni davolash va tibbiy reabilitatsiya qilishning yangi usullarini ishlab chiqish va joriy etish;

g) onkologik kasalliklarga chalingan bolalarni bolalar onkologik, gematologik va immunologik kasalliklarini davolash protokollariga muvofiq, zarur dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan bepul taʼminlash;

d) gemopoetik oʻzak hujayralari va suyak koʻmigi hujayralarini transplantatsiya qilishni rivojlantirish;

e) onkologik kasalliklarni diagnostika qilish va davolashning eng yaxshi mahalliy va xorijiy klinik amaliyotlarini oʻrganish va umumlashtirish, ularni tajriba-sinovdan oʻtkazish va tibbiy amaliyotga joriy etish;

j) Bolalar milliy tibbiyot markazining bolalar gematologiyasi va onkologiyasi boʻlimi, shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazlarining bolalar gematologiyasi va onkologiyasi boʻlimlari hamda tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalaridagi bolalar onkologi va gematologi shifokorlarining faoliyatiga uslubiy jihatdan koʻmaklashish;

z) bolalar onkologiyasi, gematologiyasi va immunologiyasi sohasida ilm-fan, texnika va innovatsiyalarni rivojlantirish, ushbu yoʻnalishda ilgʻor fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy tadqiqotlar olib borilishini tashkillashtirish;

i) ilgʻor xorijiy va mahalliy tajriba asosida bolalar onkologiyasi, gematologiyasi va immunologiyasi sohasida mutaxassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;

k) bolalar onkologiyasi, gematologiyasi va immunologiyasi sohasida xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-maydagi PQ-183-son qaroriga2-ILOVA

Bolalar onkologiyasi, gematologiyasi va immunologiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining kuzatuv kengashi

Izoh: Kuzatuv kengashi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimga yangi tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklangan shaxslar kiritiladi.

(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 20-yanvardagi PQ-20-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.01.2026-y., 07/26/20/0072-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-maydagi PQ-183-son qaroriga 3-ILOVA

Onkologik va gematologik kasalliklarga chalingan bolalarni sogʻlomlashtirishga koʻmaklashish jamgʻarmasi faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari

a) onkologik va gematologik, immunologik va orfan (bolalar onkologiyasi, gematologiyasi va immunologiyasi qismida) kasalliklarga (keyingi oʻrinlarda — onkologik kasalliklar) chalingan bolalarni oʻz vaqtida diagnostika, davolash va reabilitatsiya qilishni tashkil etish uchun respublikada va, zarur hollarda, xorijiy davlatlarda tibbiy yordam, shu jumladan yuqori texnologiyali va koʻp mablagʻ talab qiladigan amaliyotlarni oʻtkazish, ijtimoiy va moliyaviy yordam koʻrsatishga koʻmaklashish, ularni bolalar onkologik, gematologik va immunologik kasalliklarini davolash protokollariga muvofiq, zarur dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan bepul taʼminlash;

b) onkologik kasalliklarga chalingan bolalarning taʼlim olishiga koʻmaklashish, shu jumladan maxsus oʻquv adabiyotlari va qurollari bilan taʼminlash;

v) Bolalar onkologiyasi, gematologiyasi va immunologiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazini dori vositalari, tibbiy buyumlar, reaktivlar va reagentlar bilan taʼminlash, uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash (taʼmirlash, jihozlash va boshqalar);

g) bolalar onkologiyasi, gematologiyasi, klinik immunologiya va orfan kasalliklari, ularning reabilitatsiyasi sohasi, laboratoriya yoʻnalishlari mutaxassislarining xorijdagi yetakchi ilmiy va tibbiy markazlarda malakasini oshirish va stajirovka oʻtashiga, internatura, klinik ordinatura, magistratura va doktoranturada (PhD va DSc) oʻqishiga koʻmaklashish;

d) onkologik kasalliklarni davolash bilan shugʻullanuvchi tibbiyot muassasalarining tashkiliy, ilmiy, taʼlim va davolash faoliyatiga yetakchi xorijiy tibbiyot va ilmiy-tadqiqot muassasalaridan ekspertlarni jalb qilish;

e) onkologik kasalliklarni diagnostika qilish va davolash sohasida ilgʻor ilmiy tadqiqotlarni moliyalashtirish;

j) mutaxassislarni oʻqitishning innovatsion usullarini joriy qilish hamda oʻquv seminarlari, konferensiyalar va mahorat darslarini oʻtkazishga koʻmaklashish;

z) Bolalar onkologiyasi, gematologiyasi va immunologiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi faoliyatini moliyaviy va moddiy-texnik jihatdan taʼminlash hamda ularning xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish;

i) onkologik kasalliklarga chalingan bolalarga oʻz vaqtida va sifatli yordam koʻrsatishga qaratilgan boshqa chora-tadbirlarni moliyalashtirish.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-maydagi PQ-183-son qaroriga 4-ILOVA

Bolalar onkologiyasi, gematologiyasi va immunologiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi faoliyatini samarali tashkil etish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar

Izoh: Markaz kuzatuv kengashiga mazkur dasturni amalga oshirish uchun ajratiladigan mablagʻlarni qayta taqsimlash huquqi beriladi.

Sogʻliqni saqlash vazirligiga dasturda belgilangan qurilish-montaj ishlarini toʻxtatish, loyihalarga oʻzgartirish kiritish va tibbiyot muassasalarini jihozlash dasturlariga tuzatishlar kiritish huquqi beriladi.

(4-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-sentabrdagi PF-191-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.09.2026-y., 06/26/191/0937-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-maydagi PQ-183-son qaroriga 5-ILOVA

Bolalar onkologiyasi, gematologiyasi va immunologiyasi xizmatining tashkiliy tuzilmasi

Izoh: Bolalar onkologiyasi, gematologiyasi va immunologiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi kuzatuv kengashiga ushbu tashkiliy tuzilmaga oʻzgartirish kiritish huquqi beriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-maydagi PQ-183-son qaroriga 6-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar

(Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PF-259-sonli Farmoniga asosan 1-bandning oʻz kuchini yoʻqotish sanasi — 2026-yil 1-yanvar — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2025-y., 06/25/259/1224-son)

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-sentabrdagi “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini 2023-yilda sifatli va oʻz vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-300-son qarorining 3-bandi ikkinchi xatboshisidan “Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazi hamda” soʻzlari chiqarib tashlansin.

3. Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 21-dekabrdagi 276-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi davlat muassasalari tibbiyot va farmatsevtika xodimlari mehnatiga haq toʻlash tartibi va shartlari toʻgʻrisidagi nizomning 2-ilovasi I boʻlimi 1.10.-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“1.10. Onkologiya va gematologiya muassasalarining kimyo-terapiya boʻlimlari, onkologiya va gematologiya, suyak koʻmigi oʻzak hujayralarini transplantatsiya qilish, suyak koʻmigi oʻzak hujayralarini transfuziologik aferez qilish boʻlimlari hamda jarrohlik boʻlimlari.

Nomlaridan qatʼi nazar, vrachlar, oʻrta va kichik tibbiyot xodimi lavozimlari”.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.